بسم الله الرحمن الرحيم
GIYOHVANDLIK - OFAT
Bugungi kunda dunyoda bir qancha global muammolar yuzaga chiqdi. Shulardan biri va eng dahshatlisi giyohvandlikdir. Dinimiz insonning e’tiqodi, joni, ruhi, molini saqlagani kabi uning aqlini ham himoya qiladi. Inson ibodatlarni ado qilishi uchun komil aqlga ega bo‘lishi kerak. Olimlar mast qiluvchi ichimliklar va giyohvand moddalarni ichishni “Ixtiyoriy jinnilik”, deb atashadi. Chunki giyohvand o‘z ixtiyori bilan aqli hushini yo‘qotadi. Giyohvandlik haqida ham muqaddas dinimizda kerakli ko‘rsatmalar berilgan.
Alloh taolo Qur’oni karimda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni butun bashariyatga O‘zi tarafidan elchi qilib yuborishining qator sabablaridan biri sifatida toza pok narsalarning halolligi va nopok, zararli narsalarning haromligini ummatlariga bildirish ekanini shunday bayon etadi:
... يَأْمُرُهُمْ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَاهُمْ عَنِ الْمُنْكَرِ وَيُحِلُّ لَهُمُ الطَّيِّبَاتِ وَيُحَرِّمُ عَلَيْهِمُ الْخَبَائِثَ ...
(سورة الآعراف/157)
ya’ni: “... U (payg‘ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi...” (A’rof surasi, 157- oyat).
Dinimiz halol qilib berilgan narsa pokdir. Pokiza rizq topish uchun harakat qilish esa ibodat darajasidadir. Agar buning aksi, bo‘lsa o‘sha narsa harom va uning iste’mol qilgan kishilar gunohkor bo‘ladi. Darhaqiqat, insonga zarar keltiruvchi narsalardan ayniqsa eng ulug‘ ne’mat sanalmish aqlni ketkazuvchi, badanni bo‘shashtiruvchi va susaytiruvchi narsa dinimizda harom qilingan. Shuningdek, u inson sog‘lig‘ini ketishiga yoki uning halokatiga sabab bo‘luvchi vositalardan saqlanish unga foydadir. Hadisi sharifda shunday deyiladi:
عن أم سلمة رضي الله عنها قالت: " نَهَى رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ عَنْ كُلِّ مُسْكِرٍ )وَمُفْتِرٍ(
(رواه الإمام ابو داود والإمام حاكم)
ya’ni: Ummu salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam har qanday mast qiluvchi, badanni bo‘shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste’mol qilishdan qaytardilar” (Imom Abu Dovud va Imom Hokim rivoyati).
Bu hadis bilan iste’mol qilganda tanani bo‘shashtiruvchi va aqlni ketkazuvchi har qanday narsa harom bo‘ladi. Huddi shu hadisda zikr qilingan bo‘shashtiruvchilik sifati ajnabiy tillarda narkotik deb nomlangan giyohvandlik moddalarining vasfidir. Boshqa bir hadisda:
عَن ابْن عمرَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهما أَن رَسُول الله صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ:
" كُلُّ مُسْكِرٍ خَمْرٌ، وَكُلُّ مُسْكِرٍ حَرَامٌ" )أخرجه الإمام مُسلم .(
ya’ni: Ibn Umar roziyallohu anhumadan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Har bir mast qiluvchi narsa xamrdir va har qanday mast qiluvchi haromdir” (Imom Muslim rivoyati).
Bu hadis bilan ham giyohvandlikning har qanday ko‘rinishi harom hisoblanadi. Shunga ko‘ra mast qiluvchi ichimliklarning hukmi, zararlari, oqibatlari haqidagi barcha oyat va hadislar ham giyohvand moddalarga tegishlidir. Giyohvandlik kishini sekin sekin (gohida esa tezda) o‘limga olib keladi. Bu narsalarni iste’mol qilish bilan o‘z joniga o‘zi qasd qilgan bo‘ladi. Bu esa gunohi kabiradir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilarki:
عن ثابتِ بن الضَحَّاكِ اَنَّ رَسولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قال: لَعْنُ المُؤْمِنِ كَقَتْلِهِ وَمَنْ قَتَلَ نَفْسَهُ بِشَيْءٍ فِي الدُّنْيَا عُذِّبَ بِهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ (رواه الإمام الدارامي).
ya’ni: Sobit ibn Zahhok roziyallohu anhu rivoyat qiladi, Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Mo‘minni la’natlash uni o‘ldirishga o‘xshaydi. Dunyoda kim o‘zini biror narsa bilan o‘ldirsa, qiyomatda o‘sha narsa bilan azoblanadi” (Imom Doramiy rivoyati).
Alloh taolo bandalariga mehribon bo‘lgani uchun ham ularga zararli bo‘lgan narsalarni man qilgan. Banda ushbu chegaradan tajovuz qilsa hamda man qilingan narsalardan saqlanmasa, o‘ziga va boshqalarga zarar yetkazadi. Bu esa islomga zid amaldir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhu rivoyat qiladilar:
عن أبي سعيدِ الخُدْرِي رضي الله عنه أنَّ رسولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قالَ: "لاَ ضَرَرَ وَ لاَ ضِرَارَ"
( رواه الإمام إبن ماجه).
ya’ni: “O‘ziga ham boshqalarga ham zarar yetkazish yo‘qdir” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Giyohvandlikning zararlari esa behisobdir. Giyohvandlik yetkazadigan zararlar inson jismini qanchalik xarob, barbod qilsa, xuddi shundek shaxs va jamiyatning mol-mulkiga va boyligiga ham mislsiz zarar yetkazadi. U tinch-totuv oilalarni buzib, bolalarni yetim qiladi, qashshoqlik, muhtojlikda yashashga majbur etadi. Oxir oqibat kasallik, qamoqxona yoki o‘lim bilan yakunlanadi. Holbuki, hech kim Alloh taolodan o‘ziga ato etilgan mol dunyosini isrof qilishga haqqi yo‘q. Uning noo‘rin yerlarga ishlatishidan va behuda bo‘lishidan saqlash har birimizning vazifamizdir.
Alloh taolo Baqara surasining 195- oyatida shunday marhamat qiladi:
...وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ ...
ya’ni: “...O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!...”.
Eng achinarlisi shundaki, bu illatga giriftor bo‘lgan kimsalar, topgan pulini harom ichimlik va giyohvand moddalarni sotib olish uchun hecham ayamaydilar. Bor molu dunyosini, mashinasini, uyini, hatto kiyimini ham sotib yuborishlik darajasiga yetadi. Isrofgarchilikning bundan yomonroq ko‘rinishi bo‘lmasa kerak. Bu haqda Alloh taolo shunday degan:
إِنَّ الْمُبَذِّرِينَ كَانُوا إِخْوَانَ الشَّيَاطِينِ وَكَانَ الشَّيْطَانُ لِرَبِّهِ كَفُورًا
ya’ni: “Shubhasiz isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa Parvardigoriga o‘ta noshukr edi” - deyiladi (Isro surasi, 27-oyat).
Ushbu oyatga ko‘ra, mablag‘larini mana shunday noo‘rin joylarga sarflayotganlarni shaytonning birodari deyish mumkin. Chunki ularga shaytondan boshqa hech kim do‘st bo‘lmaydi. Shuning uchun ham, bu masalada barchamiz o‘ta hushyor bo‘lmog‘imiz lozim.
Payg‘ambarimiz (sav)dan Abu Sa’id al Xudriy roziyallohu anhu rivoyat qiladilar:
عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه قال : سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول : "مَنْ رَأَى مِنْكُمْ مُنْكَرًا فَلْيُغَيِّرْهُ بِيَدِهِ فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِلِسَانِهِ فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِقَلْبِهِ وَ ذَالِكَ أَضْعَفُ الْإيْمَانِ" (رواه الإمام المسلم).
ya’ni: “Sizlardan kim yomon, munkar ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar unga ham qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin, tili bilan ham monelik qila olmasa, unda qalbi bilan qaytarsin, ana o‘sha iymonning zaifligidir”. (Imom Muslim rivoyati)
Demak, ushbu hadisi sharifga binoan, giyohvandlikka qarshi kurash hammamizning burchimizdir. Bu qabih ishni bilgach, o‘zini oilasini, yaqinlarini butun insoniyatni va kelajak avlodlarni o‘ylagan har bir kishi giyohvandlikka qarshi kurashda faol bo‘lishi zarur. Mahallalar va qishloqlarda shu yo‘l bilan tez boy bo‘lib qolishni istagan, qanchadan-qancha kishilarni umriga zomin bo‘layotgan kishilarga befarq qarab turish mumkin emas. Giyohvandlik ofatidan xalqimizni va kelajak avlodni xalos etish va ularni moddiy hamda ma’naviy barkamollik sari yo‘naltirishdek umumbashariy xayrli ishlarimizda Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin. Omin!
Muhtaram jamoat! Mav’izamizning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida sutra haqidagi ba’zi masalalar haqida suhbatlashamiz.
“Sutra” deganda namozxonning oldidan biror narsa o‘tmasligi uchun qo‘yilgan to‘siq tushuniladi.
عَنْ أَبِي جُهَيْمٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَوْ يَعْلَمُ الْمَارُّ بَيْنَ يَدَيِ الْمُصَلِّي مَاذَا عَلَيْهِ لَكَانَ أَنْ يَقِفَ أَرْبَعِينَ خَيْرًا لَهُ مِنْ أَنْ يَمُرَّ بَيْنَ يَدَيْهِ. قَالَ أَبُو النَّضْرِ: لَا أَدْرِي قَالَ أَرْبَعِينَ يَوْمًا أَوْ شَهْرًا أَوْ سَنَةً
(رواه الإمام البُخَارِيُّ والإمام مُسْلِمٌ).
ya’ni: Abu Juhaym roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Agar namozxonning oldidan o‘tuvchi kishi o‘ziga nima (gunoh) bo‘lishini bilganida edi, (namozxonning) oldidan o‘tishdan ko‘ra qirq (yil, oy, kun) to‘xtab turishga rozi bo‘lar edi”, dedilar”. Abu Nazr (hadisni Busrdan rivoyat qilgan roviy:) “Qirq kun” dedimi, yoki “oy”, yo “yil”mi, bilolmadim”, degan” (Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyat qilishgan).
Devor, ustun, nayza, aso, boshqa biror narsa sutra bo‘lishi mumkin. Maqsad, namozxonning oldidan biror narsa o‘tib, ko‘nglini buzmasin, xususan, shayton vasvasa qilmasin.
عَنْ طَلْحَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا وَضَعَ أَحَدُكُمْ بَيْنَ يَدَيْهِ ِثْلَ مُؤْخِرَةِ الرَّحْلِ فَلْيُصَلِّ، وَلَا يُبَالِ مَنْ مَرَّ وَرَاءَ ذَلِكَ (رَوَاهُ الإمام مُسْلِمٌ وَالإمام التِّرْمِذِيُّ).
ya’ni: Talha roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachonki biringiz oldiga egar suyanchig‘ichalik narsani qo‘ysa, uning ortidan kim o‘tganiga e’tibor bermasdan namozni o‘qiyversin”, dedilar” (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilishgan).
Namozxonning oldidan biror narsaning o‘tish ehtimoli bo‘lmasa yoki namoz o‘qilayotgan joy yo‘l bo‘lmasa, sutra qo‘ymay namoz o‘qisa ham bo‘ladi.
Agar sutra bo‘lmasa yoki o‘tuvchi namozxon bilan sutrasining orasidan o‘tsa, (namozxon uni) tasbeh yoki ishora bilan qaytaradi.
Bu qaytarish namozxonning “Subhanalloh!” deb tasbeh aytishi yoki ishora qilishi bilan bo‘ladi. Ayol kishilar esa o‘ng qo‘lini chap qo‘liga urib, qarsak kabi ovoz chiqarish ila qaytaradilar.
Sutraning eniga chegara belgilanmagan, ammo bo‘yi, ya’ni balandligi eng kami bir ziro (gaz) bo‘lishi kerak. Bir gazning uzunligi turlicha belgilab kelinadi. Ba’zilar 46,2 sm, desalar, boshqalar 70 sm deb ta’kidlaydilar. Demak, ehtiyot uchun 70 sm va undan ham uzunroq bo‘lgani ma’qul. Oyoq bilan sutraning oralig‘i namozxon bemalol sajda qila oladigan miqdorda bo‘lishi lozim.
Sutraning samarasi:
- Namazxonning oldidan o‘tuvchi kimsaning gunohkor bo‘lishini oldi olinadi.
- Namozxonning fikri namozdan chalg‘imasligi uchun yordam.
- Namozxonning oldidan o‘tishga zarurati bor kishini mushkullikka tushirmaslik.
Alloh taolo barchamizga O‘zi buyurganidek namoz o‘qish baxtini muyassar aylasin! Omin.
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV