Ramazon hayiti – katta shodiyona, xursandchilik va ko‘tarinki ruhda o‘tadigan muborak bayram. Chunki ushbu kun tutgan ro‘zalarimiz qabul bo‘ladigan, Allohning rahmati va fazli mo‘l-ko‘l yog‘iladigan ajoyib palladir. Shu bois hayitda barchamiz xursandchiligimizni, saxovatimizni va yuksak axloqimizni har qachongidan ko‘ra ko‘paytirishimiz zarur.
Hayit – Alloh taoloning mo‘min bandalariga ziyofat kuni, Qur’oni karimda bunday marhamat etiladi: “Albatta, mana shu (jannat ne’matlari) ulkan yutuqning o‘zidir. Bas, aynan mana shunday yutuq uchun amal qiluvchilar amal qilsinlar!” (Soffot surasi, 60-61-oyatlar).
Ramazon ro‘zasidan olgan tarbiyamizning yana bir jihati shu bo‘ldiki, bu oy bizlarga bir-birimiz bilan yanada ahil, totuv bo‘lib yashashni, bag‘rikeng bo‘lishni, faqat o‘zimiz uchun emas, o‘zgalar uchun ham kamarbasta, fidoyi bo‘lishni o‘rgatdi. Chunki yurtimizda tinchlik va osoyishtalik bardavom bo‘lishida, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yuksalishida bu insoniy fazilatlarning o‘rni beqiyosdir.
Ramazon oyini qanday ixlos, g‘ayrat va sabr bilan o‘tkazgan bo‘lsak, hayit bayramini ham o‘shanday fayzli qilib o‘tkazishimiz kerak bo‘ladi. Hayitdan maqsad, ko‘ngillarga xushnudlik, nafslarga sevinch, jismga rohat bag‘ishlash, do‘stlar, yaqinlar o‘rtasida muhabbat, qarindoshlar, qardoshlar orasida mehr rishtalarini yangilash, kishilarni bir-birlariga yordam va saxovat ko‘rsatishga chorlashdir.
Hayit munosabati bilan qo‘ni-qo‘shnilarga taom ulashib, ularni ziyorat qilinsa, qavmu qarindoshlarning holidan xabar olinsa, xursandchiliklar yanada ziyoda bo‘ladi.
Hayit bayramida xursandchilik qilayotgan musulmon shariatda man qilingan ishlardan tiyilish lozim. Chunki bu kunda qilingan xayrli ishlarning savobi ulug‘ bo‘lganidek, noshar’iy ishlarning ham gunohi kattadir. Go‘yo "hayitda ruxsat" degandek turli noshar’iy o‘yin-kulgularga mashg‘ul bo‘lish yoki aksincha shariat bayram qilib belgilagan kunni azaga aylantirish yaramaydi. Zero hayit kuni ham musulmon kishining boshqa kunlari singari yaxshilik va xayr-baraka kuni bo‘lishi, gunoh va ma’siyatlar sodir etadigan kun bo‘lmasligi kerak.
Hayit bayramida yosh bolalarni xursand qilishga, bu kunning boshqa kunlardan farqli musulmonlarning bayrami ekanini anglatishga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Bunda ularga hayitlik sovg‘alar ulashish, istiroxat bog‘lariga yoki o‘yingohlarga olib borib o‘ynatib kelish maqsadga muvofiq. Shuningdek, hayit bayramining shodliklaridan ehtiyojmand oilalarning farzandlarini ham bahramand qilishga urinish komil musulmonlik belgilaridan biridir. Zero har bir voqea yosh bolaning ongida toshga o‘yilgan naqsh kabi saqlanadi. Bir tanishimiz bunday hikoya qiladi: "Yetmishinchi yillarning boshi... Komfirqa odamlari hayit namozini masjidda o‘qitmaydi. Namozga to‘plangan jamoa nima qilarini bilmay qoladi. Shunda dadam: "Yuringlar, hayit namozini o‘qiydigan joy bor", deydilar. Odamlar dadamga ergashishdi.
...Endigina ko‘cha eshik oldini supurib bo‘lgan onam dadamning erta qaytganidan ajablandi. Dadam shoshilib, qibla tomonga sholcha to‘shadi. Bir zumda hovli odamga to‘ldi. Birov qo‘ynidan joynamoz oldi, birov belbog‘ini yechib yerga soldi. Namoz o‘qildi. Kishilar duo qilib tarqalishdi. Dadam odamlarni kuzatgach, bizga hayitlik berdilar.
Bu voqeadan so‘ng onam ancha vaqtgacha dadamdan xavotirga tushib, sal kech qolsalar, ilhaq bo‘lib, bizni xabar olishga jo‘natardilar. Bu xavotirlarining sababini keyinroq tushundim..."
Alhamdulillah, hozir juma va hayit kunlari emin-erkin ibodat qilib, yaqinlariga hayitliklar ulashayotgan yurtdoshlarimizni ko‘rib, ko‘nglimiz quvnaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va hazrat Umar roziyallohu anhu hayit kuni birga ketishayotgan edi. Madina ko‘chalarida o‘ynab yurgan bolalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan hayitlik so‘rashdi. U zot sollallohu alayhi vasallam:
– Ey Umar, meni bu bolalardan sotib olmaysizmi? – dedilar.
Hazrat Umar roziyallohu anhu yugurib ketdilar va bolalarga go‘sht, bir oz xurmo va mevalar keltirib berdilar. Mamnun bo‘lgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak yuzlariga tabassum yoyildi. ("Tarixul Anbiyo").
Odatda bayramlarda jamiyat axloqi, istak va mayllari, urf-odatlari har qachongidan aniqroq bo‘rtib ko‘rinadi. Shu bois Ramazon oyi davomida bo‘lgani kabi hayit arafasida ham mehr-muhabbat, saxovat, o‘zaro yordam berish, hojatmandlar holidan xabar olish, keksalarni qadrlash va hurmatlarini joyiga qo‘yish, ota-onalarga har qachongidan ko‘ra e’tibor ko‘rsatish, insonlar o‘rtasida mehr-oqibatni yanada kuchaytirish talab etiladi.
Shuning uchun ham Yaratganga shukronalar aytib, buyuk farz amali Ramazon oyi ro‘zasidan so‘ng Allohning tavfiqi bilan diyorimizga kirib kelgan muborak Ramazon hayiti barchamizga shodlik va hurramlik ayyomiga aylansin, deymiz! Bu kun shodu xurramlik ayyomi, qutlug‘ bayram ekan, uning shukrini ado etish, ushbu muborak kunda hammamizga ardoqli ota-onalarimiz, qavmu qarindoshlarimiz, ulug‘larimiz ziyoratiga borib, ularning duolarini olish, betob, ehtiyojmand kishilar holidan xabardor bo‘lish, yordamga muhtoj kishilar kishilarga qo‘ldan kelganicha xayr-saxovat ko‘rsatish, bir-birlarimizni hayit bilan muborakbod etish, eski gina-kuduratlarniunutib, silai rahmni va insoniy munosabatlarni tiklab olish va shu tariqa Alloh taoloning rahmat va mag‘firatiga sazovor bo‘lish har bir musulmonning bayram kunlaridagi eng savobli amallari sanaladi. Bu kunlarni azaga, xafagarchilikka aylantirmaslik kerak. O‘tganlarimizni eslash, ularning ruhlarini shod etib duoyi xayrlar qilishimiz yaxshi amal, lekin bular hayit bayrami shukuhiga ta’sir qilmasligi lozim.
Alloh taolo Ramazon hayitini barchalarimizga muborak qilsin! Bayramning sharofatidan mustaqil Vatanimiz ravnaqi, xalqimizning ahil-inoqligi, birdamligi, hamjihatligi yanada mustahkam bo‘lishini va ikki dunyo saodatini nasib aylasin! Alloh taolo barchamizni imonda, Islomda sobitqadam qilsin, yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligini bardavom, xalqimizni yanada farovon bo‘lishini nasibu ro‘zi aylasin.
Odiljon NARZULLAYEV,
Yangiyo‘l tumani “Jome’” jome masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Iymon va tafakkur
Doktor Zag‘lul Najjor shunday deydi:
“Ramazon oyi kirib kelganda inson o‘z nafsi bilan bir lahza to‘xtab, fikr yuritishi va tafakkur qilishi kerak. Chunki har bir Ramazon – Qur’oni karim bilan yangi sayohatdir. Men odatda bir sura yoki bir nechta oyatni tanlab, uning ma’nolari haqida chuqur o‘ylayman, sirlarini anglashga harakat qilaman.
Bu yil esa mening e’tiborimni bir oyati karima o‘ziga tortdi. U qalbimni larzaga soldi va Yaratgan Zotning buyuk qudratini yanada chuqur his qildirdi. Ushbu oyati karima insonni faqat qarashga emas, balki chuqur tafakkur qilishga chorlaydi.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Axir ular tuyalarga qarab, qanday yaratilganiga boqmaydilarmi – u qanday yaratilgan?” (G‘oshiya surasi, 17–oyat).
Tuya – yer yuzini kezuvchi ajoyib mo‘jizakor hayvonlardan biridir. Keling, uning ba’zi hayratlanarli xususiyatlari haqida mulohaza qilaylik.
Tuya sho‘r suvni ham ichishi mumkin. Ammo shunga qaramay, uning tanasidagi muvozanat buzilmaydi. Chunki uning buyraklari juda mukammal tozalash tizimi kabi ishlaydi: suvni tuzdan ajratib, tanasiga toza holda yetkazadi.
Tuya qattiq tikanlarni ham bemalol iste’mol qila oladi. Bu esa uning og‘zi va hazm tizimi o‘ziga xos tarzda yaratilgani bilan bog‘liq. Shu sababli tikanlar unga zarar yetkazmaydi.
Tuyaning ko‘zlari ham juda ajoyib tarzda yaratilgan. Unda ikki xil qovoq bor: biri oddiy qovoq, ikkinchisi esa shaffof pardaga o‘xshaydi. Qum bo‘roni paytida shu shaffof qovoq yopilib, tuya yo‘lini ko‘rishda davom etadi, ammo ko‘ziga bir dona qum ham kirmaydi.
Uning yana bir ajoyib xususiyati - tanasi haroratini muhitga moslashtira olishidir. Sovuq joyda haroratini ko‘taradi, juda issiq sahroda esa pasaytiradi. Bu darajadagi moslashuv boshqa ayrim jonzotlarda uchramaydi.
Shuning uchun Qur’on karimda: “Ular tuyaga qaramaydilarmi – u qanday yaratilgan?” – deya tafakkurga chaqiriladi.
Bir oz diqqat bilan qaragan inson ushbu maxluqning har bir a’zosida Allohning qudrati namoyon ekanini ko‘radi. Go‘yoki uning har bir hujayrasi: “Bu Allohning yaratishidir”, deb guvohlik berayotgandek.
Olimlar aytadilarki, ushbu oyati karimada Alloh taolo inson e’tiborini tuya yaratilishidagi sirlarga qaratmoqda. Chunki unda tafakkur qilgan inson uchun tavhid (Allohni yagona deb e’tiqod qilish) ga eltuvchi dalillar va ilohiy qudratning belgilarini ko‘rish mumkin.
Haqiqiy ilm ahllari shuni ta’kidlashadi: tuya yaratilishi haqida tafakkur qilgan inson Qur’on karim tabiatiga bekorga ishora qilmaganini anglaydi. U inson aqlini oddiydek ko‘ringan, ammo ajoyib yaratilgan maxluqotlar orqali Alloh taoloning qudratini anglashga chaqirmoqda:
“Ey Robbim, Sen naqadar buyuksan!
Kitobingdagi har bir oyat – nur,
yaratgan har bir maxluqing – dalil,
va har bir tafakkur – iymon eshiklaridan birini ochadi”.
Ilyosxon Ahmedov tarjimasi.