Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

15.06.2018 y. Ramazon hayitingiz muborak bo‘lsin!

12.06.2018   9000   14 min.
15.06.2018 y. Ramazon hayitingiz muborak bo‘lsin!

بسم الله الرحمن الرحيم

RAMAZON HAYITINGIZ MUBORAK BO‘LSIN! 

Muhtaram namozxonlar! Jannatmakon o‘lkamizning mo‘min-musulmonlari oylarning sayyidi bo‘lgan Ramazon oyini nihoyatda ko‘tarinki ruhda, kechalarini toat-ibodat, kunduzlarini ro‘zador holda fayzu futuh bilan o‘tkazishdi. Bu oyni solih amallar va Alloh roziligi yo‘lidagi ibodatlar oyiga aylantirishdi. Alhamdulillah, Alloh taolo va’da qilgan buyuk mukofotni qabul qilish kuni "Iydi-Fitr", ya’ni Ramazon hayiti kabi ulkan shodiyona kunda turibmiz.

   Ramazon hayitini dunyodagi millionlab musulmonlar qatori yurtimiz mo‘min-musulmonlari ham katta shodiyona va xursandchilik bilan o‘tkazadigan muborak ayyomdir. Chunki ushbu kun tutgan ro‘zalarimiz qabul etiladigan, Allohning rahmati va fazli yer yuziga mo‘l-ko‘l yog‘iladigan, Allohga qullik va itoatda qalblarimiz zavqlanadigan ajoyib vaqtdir. Shu bois Islomning shiori bo‘lgan ikki bayramda, Ramazon hayiti va Qurbon bayramida xursandchiligimizni, saxovatimizni va yuksak odob-axloqimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq izhor qilishimiz kerak.

Alloh taolo O‘zining muborak Kalomida shunday marhamat qilgan:

قُلْ بِفَضْلِ اللَّهِ وَبِرَحْمَتِهِ فَبِذَلِكَ فَلْيَفْرَحُوا هُوَ خَيْرٌ مِمَّا يَجْمَعُونَ  (سورة يونس/ 58)

 ya’ni: “Ayting: Allohning fazli va rahmati bilan, bas, (albatta), shular sababli (mo‘minlar) shodlansinlar! U to‘plagan narsa (boylik)laridan yaxshiroqdir” (Yunus surasi, 58-oyat).

عَنْ أنَسِ بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه قَالَ: قَدِمَ رَسَولُ اللهِ صَلَّى الله عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  الْمَدِيْنَةَ وَلَهُمْ يَوْمَانِ يَلْعَبونَ فِيْهِمَا فَقَالَ: مَا هَذَانِ اليَوْمَانِ؟ قَالُوا: كُنَّا نَلْعَبُ فِيْهِمَا فِى الجَاهِلِيَّةِ، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: إِنَّ اللهَ قَدْ أَبْدَلَكُمْ بِهِمَا خَيْرًا مِنْهِمَا يَوْمَ الأَضْحَى وَيَوْمَ الفِطْرِ

(رَوَاهُ الإمام أَحْمَدُ وَالإمام أَبُو دَاوُدَ).

ya’ni:  Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida madinaliklarning ko‘ngilochar ikki kunlari bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bu qanday kunlar?” deb so‘radilar. Ular: “Johiliyatda bu kunlari ko‘ngillarimizni xush qilardik”, deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo bu ikki kunni ulardan ham yaxshi qurbonlik va fitr kunlariga almashtirdi”, dedilar” (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyatlari).

         Yana shuni ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, o‘tgan hayit bilan bugungi hayitimiz o‘rtasida, Alloh taoloning marhamati bilan, yurtimizda barchamizni xursand qiladigan katta o‘zgarishlar bo‘ldi, buning uchun Parvardigorimizga tinimsiz hamdu sano aytamiz. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda:

                    وَإِذْ تَأَذَّنَ رَبُّكُمْ لَئِنْ شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ وَلَئِنْ كَفَرْتُمْ إِنَّ عَذَابِي لَشَدِيدٌ

ya’ni: “Yana Rabbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir, deb marhamat qiladi (Ibrohim surasi, 7-oyat).

Bizga berilayotgan yaxshiliklarga imkonimiz boricha yaxshilik, solih amallar bilan javob qaytarmog‘imiz lozim bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sallolohu alayhi va sallam ham bu ma’noni ta’kidlab, aytadilar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضْيَ الله عَنْهُ عَنْ النَّبِيِ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "مَنْ لمْ يشْكُر النَّاسَ لَمْ يشْكُر الله" (رَوَاهُ الإمام التِّرْمِذِيُّ)

ya’ni: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi Payg‘ambarimiz sallolohu alayhi va sallam aytadilar: “Odamlarga tashakkur qilmagan, Allohga ham shukr qilmaydi” (Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Alloh taolo O‘z kudrati va irodasi ila insondek aziz va mukarram zotga yer yuzini obod etishdek muhim vazifani topshirib, unga barcha narsani bo‘ysindirdi. Inson yaxshilik va yomonlikka bo‘lgan munosabati bilan imtihondan o‘ta bilsa, imtihon yakuniga muvofik, yaxshi va yomon natijalarga sazovor bo‘ladi. Alloh taolo aytadi:

وَنَبْلُوكُمْ بِالشَّرِّ وَالْخَيْرِ فِتْنَةً وَإِلَيْنَا تُرْجَعُونَ 

ya’ni: “...Biz sizlarni yomonlik bilan ham, yaxshilik bilan ham sinab, imtihon qilurmiz. (Keyin) Bizning huzurimizgagina qaytarilursiz” (Anbiyo surasi, 35-oyat).

Jannatdan quvilganidan beri shayton (alayhi la’na) inson zotiga qarshi ayovsiz kurash olib borishi haqida Qur’oni karimda shunday deyiladi:

قَالَ فَبِمَا أَغْوَيْتَنِي لَأَقْعُدَنَّ لَهُمْ صِرَاطَكَ الْمُسْتَقِيمَ   ثُمَّ لَآَتِيَنَّهُمْ مِنْ بَيْنِ أَيْدِيهِمْ وَمِنْ خَلْفِهِمْ وَعَنْ أَيْمَانِهِمْ وَعَنْ شَمَائِلِهِمْ وَلَا تَجِدُ أَكْثَرَهُمْ شَاكِرِينَ 

ya’ni: “U (alamidan) dedi: “Qasamyod etamanki, meni yanglishtirganing tufayli Sening Tug‘ri yuling (Islom dini) uzra ular (odamlarni chalg‘itish) uchun o‘tiraman. Sungra ularga oldilaridan, ortlaridan, ung tomonlari dan va so‘l tomonlaridan (chalg‘itish uchun) kelaman. (Natijada) ularning aksariyatini shukr qiluvchi holda topmaysan” (A’rof surasi, 16-17 oyatlari).

Bu kurashda shaytoni la’in nafsi bad istagi va mayli bilan ittifokda birlashib oladi va u Qiyomat kuni bu ittifoqdan yuz o‘giradi. Bu haqida Alloh taolo aytadi:

 وَقَالَ الشَّيْطَانُ لَمَّا قُضِيَ الْأَمْرُ إِنَّ اللَّهَ وَعَدَكُمْ وَعْدَ الْحَقِّ وَوَعَدْتُكُمْ فَأَخْلَفْتُكُمْ وَمَا كَانَ لِي عَلَيْكُمْ مِنْ سُلْطَانٍ إِلَّا أَنْ دَعَوْتُكُمْ فَاسْتَجَبْتُمْ لِي فَلَا تَلُومُونِي وَلُومُوا أَنْفُسَكُمْ مَا أَنَا بِمُصْرِخِكُمْ وَمَا أَنْتُمْ بِمُصْرِخِيَّ إِنِّي كَفَرْتُ بِمَا أَشْرَكْتُمُونِ مِنْ قَبْلُ

إِنَّ الظَّالِمِينَ لَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ 

 ya’ni: “Qachonki, ish bitgach (ya’ni jannat ahli jannatga, do‘zaxilar do‘zaxga hukm qilingach), shayton deydi: Alloh sizlarga haq va’da qilgan edi. Men ham va’da berib, sizlarni aldagan edim. (Lekin) men uchun sizlarning ustingizdan hech qanday hukmronlik yo‘q edi, illo men sizlarni (kufr yo‘liga) chorladim. Sizlar menga ijobat etdingiz. Endi meni emas, o‘zlaringizni malomat qilingiz. Men sizlarga yordam bera olmayman, sizlar ham menga yordam beruvchi emassiz. Sizlar ilgari meni (Allohga) sherik qilganingizni inkor qilurman. Albatta, zolimlar (kofirlar) uchun (oxiratda) alamli azob bordir” (Ibrohim surasi, 22-oyat).

Shayton bilan inson o‘rtasidagi bu kurashda ro‘za muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, inson zoti nasli davom etishida unga hayotiy zarur bo‘lgan — taom va suv hamda inson jinsi davom etishida muhim bo‘lgan jinsiy hoxish kurash maydonidir. Bularning har birida o‘ziga yarasha kuch va quvvat mavjud. Agar u mayl-istak qarshisida sobit tursa va nafsining ig‘volariga uchmasa, albatta, imtihondan o‘tadi va Parvardigori huzurida ulug‘ darajaga ega bo‘ladi.

Hayit kunlari musulmonlarning aziz bayrami bo‘lgani uchun u kunda shodu-hurramlik, xursandchilik qiladigan, keksalarni, ota-ona, qarindoshlarni ziyorat qiladigan, bemorlar holidan xabar olinadigan hamda zakot va xayr ehson qilinadigan kundir.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad jamiyatda bir qadar tenglik paydo qilish, boy va faqir o‘rtasida iliq munosabatlarni vujudga keltirish, Islom dinining naqadar insonparvar, mehr-muruvvatga targ‘ib qiluvchi din ekanini namoyish qilish, qolaversa, zakot beruvchining molini poklab, uni talofatdan asrash va yana ham ko‘payishiga zamin tayyorlashdir.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : مَنْ نَفَّسَ عَنْ مُؤْمِنٍ كُرْبَةً مِنْ كُرَبِ الدُّنْيَا نَفَّسَ اللَّهُ عَنْهُ كُرْبَةً مِنْ كُرَبِ يَوْمِ الْقِيَامَةِ ، وَمَنْ يَسَّرَ عَلَى مُعْسِرٍ يَسَّرَ اللَّهُ عَلَيْهِ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ ، وَمَنْ سَتَرَ مُسْلِمًا سَتَرَهُ اللَّهُ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ ، وَاللَّهُ فِي عَوْنِ الْعَبْدِ مَا كَانَ الْعَبْدُ فِي عَوْنِ أَخِيهِ

(رواه الإمام مسلم)

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo‘minning dunyo qayg‘ularidan birini ketkazsa, Alloh uning qiyomat kunidagi qayg‘ularidan birini ketkazadi. Kim dunyoda bir qiynalgan (birodari)ning og‘irini yengil qilsa, Alloh taolo uning qiyomatdagi og‘irini yengil qiladi. Kim bir musulmonni aybini berkitsa, Alloh taolo uni dunyo va oxiratda satr qiladi.  Qaysi bir banda birodarining yordamida bo‘lsa, Alloh taolo ham uning yordamida bo‘ladi”,- deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Hayit kunlari duolar qabul qilinadigan kundir. Bu kunda ko‘p joylarda odamlar urf qilib, to‘p-to‘p bo‘lib qabristonga, azador xonadonlarga borish hollari ham uchrab turmoqda. Bu ish shar’an durust emas. Mana bunday noshar’iy amallardan qaytaylik, o‘zimizni ortiqcha bid’at amallardan saqlaylik. Buning o‘rniga tinchlik, xotirjamlik sharofati ila Allohning bergan ne’matlariga shukr qilib, erta tongdan masjidga chiqsak, bomdod namozi va hayit namozini jamoat bilan ado etib, ko‘pchilik bilan qo‘llarimizni duoga ochsak, qalbimizdagi istaklarimizni, yurtimiz tinchligi va farovonligini Alloh taolodan so‘rasak, inshaalloh, el-yurtimiz, xonadonlarimiz uchun fayzu futuh va barakotlar yog‘ilajak.

Shuningdek, musulmonlar o‘zaro g‘oyaviy kurashlar kechayotgan hozirgi paytda aholini, ayniqsa, yoshlarni ogohlikka chaqirib, muqaddas dinimiz sofligini asrashda Alloh taoloning

وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا

“Allohning “arqoni”ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang...” (Oli Imron surasi, 103-oyat) degang oyati karimasiga muvofiq ish tutsak maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Istiqlol sharofati bilan har yili davlatimiz rahbari tomonidan maxsus qaror qabul qilinib, Ramazon va Qurbon hayitlari dam olish kunlari deb e’lon qilinadi. Barcha yurtdoshlarimiz bu ikki kunni ko‘tarinki bayram ruhida keng nishonlab kelmoqdalar.

Muhtaram jamoat! Xanafiy mazhabi buyicha hayit namozi vojib hisoblanadi. Hayit namoziga kelishdan oldin taom yeyish, misvok va g‘usl qilish, xushbo‘y atir sepish, eng yaxshi kiyimlarni kiyish va namoz vaqtigacha sadaqai fitrni berish sunnat amallardandir. Masjidga kelgandan so‘ng bomdod namozi ado etiladi. Bomdod namozidan keyin masjidga kelganlar esa to hayit namozi o‘qilguniga qadar, nafl namozi o‘qimaydilar.

Ma’lumki, Shavvol oyi hijriy sananing uninchi oyi hisoblanadi. Bu oyda sog‘ligi va imkoni bo‘lgan kishi nafl ruzasini tutsa, Alloh taolo u bandaga ko‘p ajru mukofotlarni berishini va’da qilgan. Haq taolo bunday marhamat qiladi:

مَن جَاءَ بِالْحَسَنَةِ فَلَهُ عَشْرُ أَمْثَالِهَا

ya’ni: “Kim (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)...” (An’om surasi, 160-oyat).

عَنْ أَبِي أَيُّوبَ الْأَنْصَارِيِّ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "مَنْ صَامَ رَمَضَانَ ثُمَّ أَتْبَعَهُ سِتًّا مِنْ شَوَّالٍ كَانَ كَصِيَامِ الدَّهْرِ" (أخرجه الإمام أحمد والإمام مسلم).

ya’ni: Abu Ayyub al-Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan shavvol oyidan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi” deganlar (Imom Ahmad va Imom Muslim rivoyati).

عن ابن عمر رضي الله عنهما قال : قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: من صام رمضان واتبعه ستاً من شوال خرج من ذنوبه كيوم ولدته أمه )رواه الإمام الطبراني(.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimki Ramazon ruzasini tutib, ortidan Shavvol oyida olti kun ro‘za tutsa, xuddi onadan tug‘ilgandek gunohlardan forig‘ bo‘ladi”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyat qilgan).

Shuni ham aytib o‘tish joizki, agar bir kishi Ramazon ro‘zasidan ayrim kunlarni tutolmagan bo‘lsa, avval uning qazosini o‘taydi, keyin naflga kirishadi. Zero, farzlar mukammal bo‘lmasdan, nafl ibodatlarini qilish maqbul emasdir.

Alloh taolo barchalarimizga Ramazon hayitini muborak qilsin! Bu kunni bayram qilib, savobli amallarni ko‘plab qilishni Yaratganning o‘zi nasib aylasin! Yurtimiz tinchligini bardavom qilib, xotirjamlikda ibodat qilib borishni barchalarimizga nasib etsin! Omin.


2018 yil Ramazon hayiti kuni va namozining vaqti

Muhtaram imom-domla! O‘zbekiston musulmonlari idorasi joriy 2018 yil Ramazon hayiti (iydul fitr)ning birinchi kuni 15 iyun (shavvol oyi 1 kuni) juma kuniga to‘g‘ri kelishi to‘g‘risidagi qarorini qabul qildi.

Shunga ko‘ra, masalan 2018 yil 15 iyun juma kuni Ramazon hayiti namozi Toshkent vaqti bilan 5:10 da, boshqa joylarda namoz vaqtidagi tafovutni inobatga olib, quyosh chiqqandan so‘ng 15-20 daqiqalardan keyin o‘qiladi.

Alloh taolo Ramazon hayiti namozini barchamizdan qabul aylab, bu kunning sharofati bilan yurtimizni fayzu barakotga to‘ldirsin! Omin!

 

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

13.08.2026   50380   3 min.
Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.

Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.

“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.

Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.

Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.

Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.

Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.

“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.

Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari