Qur’oni karimda ko‘p qissa, bitik,
Hikmatga limmo-lim, ummatga yutuq.
Bir ibrat kelmishdir Kahf surasida,
Bani isroillik Muso haqida.
So‘ylab bergaydurman solsangiz quloq,
Hikoya tarzida boshdan to oyoq.
Muso payg‘ambardan xutba chog‘inda
So‘rdilar: «Kim erur bilimli banda?»
O‘ylamay «men» deya berdilar javob,
Buning-chun Allohdan eshitdi itob:
«Ikki dengiz tutash bo‘lgan makonda,
Uchragay sendan-da bilimli banda».
Dedi: «Ey Allohim, qaydan topaman?
Axir bu borada ojiz bandaman».
Dedi: «Bir savatga baliq solasan,
Yo‘qotgan chog‘ingda uni topasan».
Xizmatkor Yusha’ga berdi-yu farmon,
Ikkovlon yo‘l oldi dengizga tomon.
Turdilar, yurdilar, qushdek yeldilar,
Oxiri manzilga yetib keldilar.
Unutib qo‘ydilar savatni aniq,
Dengizga tushdi-yu, yo‘qoldi baliq.
Sal yurgach, och qoldi, holdan ham toldi,
Yonboshlab ozgina mizg‘ib ham oldi.
Xodimga buyurdi: «Tushlikni keltir,
Rosa charchadik-ku, o‘zing ham o‘tir».
Yigit uzrin aytdi: «Kechiring, esiz,
Bunday bo‘lishini bilmabman hargiz.
Unutibman, xarsang uzra qolibdi,
Ajabo, dengizda yo‘l ham solibdi».
Baliq yo‘qolmog‘i Allohdan edi,
Muso ul yigitga jilmayib dedi:
«Qo‘yaver, bo‘lmagin hadeb pushaymon,
Biz istagan narsa shu edi, inon».
Qaytib borib darhol ko‘rdilar anda,
Yashilga burkangan solih bir banda.
Yuzida oy balqir, ko‘zida quyosh,
Tik boqishga yurak berolmas bardosh.
«Senga o‘rgatilgan rushddan o‘rgatgin»,
Deya o‘tirdilar yoniga sekin.
Dedi: «Sening sabring yetmaydi bunga,
Ulamoq kerakdir kunlarni tunga.
G‘ayb ilmi go‘yoki tubi yo‘q ummon,
Undan inju termoq aniq dargumon».
Dedi: «Inshoalloh, sabr etgaymen,
Bu ila murodga aniq yetgaymen».
Dedi: «Unda bitta shartim bor senga,
Neki ko‘rsang, savol bermaysan menga».
Shartga rozi bo‘lib, yurdilar ravon,
Kemaga chiqishdi to‘lamay tovon.
Yarim yo‘lga yetgach, o‘rnidan turdi,
Boltani oldi-yu, burchakka yurdi.
Katta bir taxtani o‘yib tashladi,
Bu amal Musoning ko‘nglin g‘ashladi.
So‘rdiki: «Yo tavba, bu nima odat?
Cho‘kib ketamiz-ku, bu ishing g‘alat!»
Dedi: «Axir menga va’da qilganding,
Sabring yo‘qligini boshdan bilgandim».
Dedi: «Unutibman, kechirgin bir bor,
Do‘stingni jazoga tortmagin zinhor».
Hamroh etmoqlikka zo‘rg‘a ko‘ndirdi,
Ammo bir amali qalbin sindirdi.
Chunki yosh bolani o‘ldirib qo‘ydi,
Muso qotillikni gunohga yo‘ydi.
Dedi: «O‘ldirding-ku, begunoh jonni!
So‘rog‘i qattiqdir to‘kilgan qonning».
Dedi: «Ikkinchi bor va’dangni buzding,
Bu bilan hamrohlik rishtasin uzding».
Dedi: «Bundan keyin bersam gar savol,
Ne chora ko‘rsang ham olmayman malol.
Oxirgi marta ham kechirgin meni,
Va’damda turmasdan qiynadim seni».
Ikkovlon safarda etdilar davom,
Bir shahar ahlidan so‘rdilar taom.
Ularni ziyofat qilmadi hech kim,
Mehmonning hurmatin bilmadi hech kim.
Yurib ketar ekan noumid bo‘lib,
Qorin och, tinka yo‘q, ko‘zga chang to‘lib,
Yiqilay deb turgan devorni ko‘rdi,
Bilakni shimarib, turg‘izib qo‘ydi.
Dedi: «Zolimlarning g‘amini yeding,
Xohlasang, buning-chun haq olar eding».
Dedi: «Ajrashmasak bo‘lmaydi endi,
Senda toqatsizlik uchquni yondi.
Endi aytib beray, eshit birma-bir,
O‘rtamizda boshqa qolmasin hech sir.
Miskinga tegishli kema erdi ul,
Teshmasam bo‘lmasdi, boisidir bul:
Daryoning ortida bir podshoh bo‘lib,
Barcha kemalarni olardi tortib.
Nuqsonli kemani kim ham olardi?
Miskinning kemasi omon qolardi.
Bolani o‘ldirdim, sababi ayon:
Ota-onasiga qilardi tug‘yon.
Chunki alar mo‘min-musulmon erdi,
Bu ishim ularga omonlik berdi.
Uning badaliga solih, mehribon
Farzandlar bermoqni xohladi Rahmon.
Ikki yetimniki edi ul devor,
Alarning otasi o‘tgan taqvodor.
Tagiga xazina joylangan edi,
Birov ko‘rmasin deb loylangan edi.
Yana qanchadir vaqt shunday turar deb,
Voyaga yetishgach, shoyad ko‘rar deb,
Rabbing u devorni tiklatdi menga,
Bu ishning boisi hikmatdir senga.
Bularning barchasi xayrli yo‘ldir,
Neki ko‘rgan bo‘lsang, ta’vili shuldir».
Hadisi sharifda berilgan darak,
O‘sha solih banda Xizrdir beshak.
Iloho, ko‘paysin bilimli banda,
Olimlar izzatda, nodon – sharmanda.
Qur’on qissalari hikmatga bisyor,
Alloh barchamizga bo‘lsin madadkor!
Erkin QUDRATOV,
Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti Hadisi sharif fani mudarrisi
Buxoro viloyatida yangi jome masjidlarini barpo etish va obodonlashtirish ishlari izchil davom etmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov Kogon shahri va Kogon tumanida qurilayotgan ikki masjidda bo‘lib, qurilish ishlarining borishi bilan tanishdi.
Dastlab Kogon tumanidagi “Xo‘ja Ka’bul Axbor Vali” jome masjidining yangi binosida olib borilayotgan qurilish ishlari ko‘zdan kechirildi. Tashrif davomida mas’ullar bilan qurilish jarayoni muhokama qilinib, ishlarni belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirish yuzasidan tegishli tavsiya hamda takliflar berildi.
Loyihaga ko‘ra, yangi masjid xonaqohi va keng hovlisi bilan birgalikda 1000 nafardan ziyod namozxonni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Majmua tarkibida muhtasham gumbaz, zamonaviy tahoratxonalar, ma’muriy binolar, yangi darvoza, avtoturargoh hamda ko‘kalamzorlashtirilgan hududlar barpo etiladi. Shuningdek, masjid hududidagi tarixiy hovuz va qadimiy quduqni restavratsiya qilish ishlari ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shundan so‘ng Kogon shahrida barpo etilayotgan “Hazrati Bilol” jome masjidida ham qurilish ishlarining borishi o‘rganildi. Mas’ullarga qurilish sifatini yanada oshirish, me’moriy yechimlarga alohida e’tibor qaratish va ishlarni o‘z vaqtida yakunlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Loyihaga muvofiq, mazkur masjid sharqona milliy me’moriy uslubda qurilib, 900 nafar namozxonga mo‘ljallanadi. Majmuada kutubxona, omborxona, 20 kishilik tahoratxona, ma’muriy xonalar, baland gumbaz, ikki peshtoqli kirish darvozasi hamda balandligi 33 metr bo‘lgan minora barpo etiladi. Shuningdek, avtoturargoh, hovuz va yashil hududlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Qayd etilganidek, qurilish ishlari masjidlarning hisob raqamlariga tushayotgan mablag‘lar hamda saxovatpesha homiylarning xayriyalari asosida amalga oshirilmoqda.
Yangi masjidlar yurtimizda diniy-ma’rifiy muhitni yanada mustahkamlash, aholiga munosib ibodat sharoitlarini yaratish va milliy me’morchilik an’analarini asrab-avaylashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Alloh taolo ushbu xayrli bunyodkorlik ishlarini barakali qilib, ularning muvaffaqiyatli yakun topishini nasib etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati