بسم الله الرحمن الرحيم
SAVDODAGI HALOLLIK – BARAKA KALITI
Muhtaram jamoat! Islom dini insonlar o‘rtasidagi munosabatalarda hamisha adolat, insof, halollik bo‘lishini talab etadi va musulmonlarni shunga chaqiradi. Bu munosabatlar orasida savdo-sotiq ham alohida ahamiyatga egadir. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
وَأَحَلَّ اللَّهُ الْبَيْعَ وَحَرَّمَ الرِّبَا
ya’ni: “Alloh savdoni halol, riboni harom qildi” (Baqara surasi, 275 oyat).
Ba’zi kishilar savdoni riboga o‘xshatar edilar, Alloh taolo ularning bu o‘xshatishini rad qilib aytadiki, savdo sotiq haloldir, ribo esa haromdir. Alloh sadaqalarni ko‘paytiradi, riboni yo‘qotadi.
Boshqa oyatda esa:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ إِلَّا أَنْ تَكُونَ تِجَارَةً عَنْ تَرَاضٍ مِنْكُمْ وَلَا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا (سورة النساء:29 آية).
ya’ni: “Ey imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno. Shuningdek, o‘zlaringizni (bir-biringizni nohaq) o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir” (Niso surasi, 29-oyat).
Oyati karimadagi “Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!” degani faqat yeyish emas, balki, molni mutlaq nohaq yo‘llar bilan olishdir.
“nohaq (yo‘llar)”, deganda esa shari’atda mumkin bo‘lmagan ishlar: ribo, qimor, pora, zo‘rlik bilan tortib olish, o‘g‘irlik, xiyonat, zulm va shu kabilar nazarda tutilgan.
Oyatda “O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno.”, deyildi, o‘zaro rozilik asosidagi tijorat bilan mollarni tasarruf qilish mumkin. Chunki musulmon birodari chin ko‘ngildan bermasa, uning molini olib, tasarruf qilib bo‘lmaydi.
Bu o‘rinda rizq sabablari ko‘p bo‘lsada faqat tijorat zikr qilingan. Chunki u eng ko‘p uchraydigan faoliyat turi bo‘lib, boshqa kasblar ham unga bog‘liqdir.
Muhtaram azizlar! Ma’lumki, islom bir narsani harom qilsa, uning muqobiliga halol narsani ham taqdim qilgan. Masalan zinoni harom qildi, nikohni halol qildi. Riboni harom qildi, tijoratni halol qildi. Agar tijoratchi to‘g‘ri yo‘lni tutsa, bu kasb nihoyatda pok va sharafli kasbdir.
Bu haqida habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan ushbu hadis rivoyat qilingan:
عنْ أبي سَعِيدٍ رضي الله عنه عنِ النبيّ صلى الله عليه وسلم قَالَ "التّاجِرُ الصّدُوقُ الأمِينُ، مَعَ النّبِيّينَ والصّدّيِقينَ والشّهَداءِ" (رَوَاهُ الإمام التِّرْمِذِيُّ).
ya’ni: Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy alayhissalom: “Rostgo‘y, omonatdor tijoratchi nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birgadir”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Musulmon kishi mana shunday ulug‘ maqomga erishishi uchun ushbu kasbning shar’iy qoidalariga amal qilishi kerak. Ya’ni, tijorat bilan shug‘ullanayotgan yoki endi ish boshlamoqchi bo‘lgan kishi tijorat ilmini diqqat bilan o‘rganishi kerak. Shuning uchun ham Hazrati Umar roziyallohu anhu tijoratchilardan tijorat ilmini bilishni talab qilardilar.
Islom tijoratchiga foyda olishni muboh qildi. Foydani chegaralab ham qo‘ymadi, faqat tijoratchi, odamlarga zarari tegadigan ishlar: ixtikor (odamlar va hayvonlarga zarar yetkazadigan darajada tovarlarni bosib qo‘yish), narxni juda oshirib yuborish va savdodagi aldov kabi ishlardan saqlanishi kerak.
Gohida savdogar arzimagan pullarga vijdonini sotayotgani, Alloh taoloning nomiga yolg‘on qasam ichayotganini guvohi bo‘lamiz. Bu bilan u o‘z sharafi va dinini yo‘qotadi va quyidagi oyatda zikri kelganlarga o‘xshab qoladi.
أُولَئِكَ الَّذِينَ اشْتَرَوُا الْحَيَاةَ الدُّنْيَا بِالْآَخِرَةِ فَلَا يُخَفَّفُ عَنْهُمُ الْعَذَابُ وَلَا هُمْ يُنْصَرُونَ (سورة البقرة: 86 آية).
ya’ni: “Ular, haqiqatan, oxirat o‘rniga (foniy) dunyo hayotini sotib olgan kimsalardir. Shunday ekan, ularga beriladigan azob-uqubatlar yengillashtirilmas va ularga yordam ham berilmagay” (Baqara surasi,
86-oyat).
Yana savdodagi eng yomon illatlardan biri tarozudan urishdir. Uning gunohi katta ekaniga Qur’oni karimda alohida to‘xtalib o‘tilgani ham yorqin dalolat qiladi.
وَيْلٌ لِلْمُطَفِّفِينَ (1) الَّذِينَ إِذَا اكْتَالُوا عَلَى النَّاسِ يَسْتَوْفُونَ (2) وَإِذَا كَالُوهُمْ أَوْ وَزَنُوهُمْ يُخْسِرُونَ (3) أَلَا يَظُنُّ أُولَئِكَ أَنَّهُمْ مَبْعُوثُونَ (4) لِيَوْمٍ عَظِيمٍ (5) يَوْمَ يَقُومُ النَّاسُ لِرَبِّ الْعَالَمِينَ (6)
(سورة المطففين: الآية 1-6)
ya’ni: “(Savdo-sotiqda o‘lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy! Ular odamlardan (biror narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, ularga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa urib qoladigan kimsalardir. Ular (o‘lgandan keyin) qayta tiriluvchi ekanlarini o‘ylamaydilarmi? Ulug‘ kunda (qiyomatda) – Odamlar (butun) olamlar parvardigori huzurida (hisob-kitob berish uchun) tik turadigan kunda?!” (Mutoffifiyn surasi, 1-6 oyatlar)
Yana bir guruh tijoratchilar bor, ular sifatsiz va zararli, taom, ichimlik va tovarlarni xalqqa taklif qiladilar va zarar, musibat keltiradilar. Ular harom luqma (mol) yeganning borar joyi do‘zax ekanini unutadilar. Zero Rosululloh sollalohu alayhi va sallam:
عَنِ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ رضي الله عنه قَالَ: أَتَانَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِلَى الْبَقِيعِ، فَقَالَ: "يَا مَعْشَرَ التُّجَّارِ" حَتَّى إِذَا اشْرَأَبُّوا، قَالَ: "إِنَّ التُّجَّارَ يُحْشَرُونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فُجَّارًا إِلَّا مَنِ اتَّقَى، وَبَرَّ، وَصَدَقَ "(رواه الإمام الترمذي)
ya’ni: Baro Ibn Ozib roziyallohu anhu aytadilar: Rosululloh sallollohu alayhi va sallam Baqi’ga keldilar, “Ey, tojirlar jamoasi!”, dedilar. Hamma u kishiga qaradi, shunda u zot: “Albatta, tujjorlar qiyomat kunida fojir bo‘lib tiriladilar, faqat kim Allohdan qo‘rqsa, solih amal qilsa (ehson qilsa) va rost so‘zlasa bundan mustasno”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Bu hadisi sharif tijorat sharafli kasb bo‘lish bilan birga o‘ta mas’uliyatli kasb ekanligini bildirib turibdi.
Tijoratda pul muomalasi ko‘p bo‘lganidan, tijoratchilar ichida shari’atimiz man qilgan ribo bilan ish qilish ham uchrab turadi. Alloh taolo ribo to‘g‘risida Oli Imron surasida shunday deydi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا تَأْكُلُوا الرِّبَا أَضْعَافًا مُضَاعَفَةً وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ (سورة آل عمران: 130 آية).
ya’ni: “Ey imon keltirganlar! (Bergan qarzlaringizni) ikki baravar va undan ham ko‘paytirib, ustama shaklida yeb yubormangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Zora (shunda) tole topsangiz” (Oli Imron surasi, 130-oyat).
Bunday riboning eng oddiy ko‘rinishi, bir kishi ikkinchisiga qarz beradi, vaqtida qarzni uza olmasa, unga muddatni uzaytiradi va shu muddat evaziga qo‘shimcha pul oladi. Mana shu ziyoda olingan pul ribo bo‘ladi va ko‘pincha qarz berilgan mablag‘dan bir necha barobar ortib ketadi.
Payg‘ambarimiz salollohu alayhi vasallam ham riboning yomonligidan, agar u keng tarqalsa, kasofati hammaga urishishi haqida qayta – qayta ogohlantirdilar.
عَنْ عَبْدِ الله بْنِ مَسْعُودٍ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: "مَا ظَهَرَ الرَّبَا وَالزِّنَا فِي قَوْمٍ إِلَّا أَحَلَّوْا بِأَنْفُسِهِمْ عِقَابَ اللهِ عَزَّ وَجَلَّ" (رواه الإمام أحمد).
ya’ni: Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar:“Qaysi qavmda ribo va zino zohir (ochiq oydin) bo‘lsa, ular o‘zlariga Alloh azza va jallaning azobini vojib qilib oladilar” (Imom Ahmad rivoyati).
Shuning uchun tijorat ahli halolni mahkam tutishi, haromdan uzoq bo‘lishi, dunyodan keyin oxirat kelishi, u yerda esa, qayerdan topding, qayerga sarflading, degan savol bo‘lishini esdan chiqarmasligi lozim. Qolaversa, harom luqma ibodatlar va duolarning qabul bo‘lmasligiga sabab bo‘ladi.
Tijorat ahli, o‘zlariga Rasululloh sollalohu alayhi va sallamni va sahoba roziyallohu anhumlarni namuna qilib olishlari, ularning ichida tirikligidayoq jannat bashorat qilingan Abdurrohman ibn Avf kabi behisob mol-mulkka ega bo‘lgan tijoratchilar ham bo‘lganligi, lekin tijorat ularni Allohning zikri va ibodatidan to‘smaganligini bilishlari ham zarur.
Muhtaram jamoat! Mav’izamizning davomida tijoratchilarning savdo-sotiq jarayonidagi shariatimiz tomonidan belgilab berilgan odoblari va ko‘rsatmalaridan ba’zilarini eslab o‘tamiz.
- Rostgo‘y bo‘lish; Savdo molini haqiqiy sifati, navi, jinsi, tayyorlangan joyi va sarf-xarajati haqidagi ma’lumotlarda yolg‘on ishlatmaslik darkor.
- kengfe’l va saxovatli bo‘lmoq;
Sotuvchi bahoni pastroq qilishda va o‘lchashda saxovatli bo‘lishga harakat qilishi, o‘z navbatida xaridor ham qattiq shartlarni talab qilib turib olmasligi kerak.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachon sotsa, qachon sotib olsa va qachon haqini talab qilsa bag‘rikeng bo‘lgan odamga Allohning rahmati bo‘lsin”, dedilar”. (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Chunki Savdo paytidagi ichilgan qasam barakaning ketishiga sabab bo‘ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qasam ichish savdo molini o‘tkazuvchi, barakani o‘chiruvchidir”, dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Savdo paytida bo‘ladigan ba’zi kamchiliklarni yuvilishi uchun tijoratchi odam ko‘proq sadaqa qilib turishi lozim.
Qays ibn Fazara roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Ey, savdogarlar jamoasi! Albatta, savdoda behuda narsa va qasam hozir bo‘ladi, bas uni sadaqa ila aralashtiringlar”, dedilar” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyat qilganlar).
Tijoratchi odam savdo shartnomasini va qarz olish yoki berish jarayonini qayd etib borishi lozim. Birovga nasiyaga muomala qilganda va qarz berganda guvohlarni hozir qilishi maqbul ishdir.
Albatta, savdogar o‘z ishidan foyda ko‘rishi lozim. Lekin ustama narx qo‘yishda haddan oshmagani ma’qul. Shariatda sotuvchi molni shunchaga sotsin yoki sotmasin deb tayin qilinmagan. Lekin, odamlarga zulm yetadigan darajada haddan ziyod qimmat qilib sotish ham joiz emas. Shuning uchun urfdagi qiymatdan ortiq bahoga sotmaslik lozim.
Alloh taolo vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shayotgan, iqtisodiy sohada xizmat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizga o‘zi tavfiq, kuch quvvat ato qilsin, qiyomat kunida va’da qilingan ulug‘ ajrlarni nasib qilsin. Omin!
Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?
Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!
Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.
Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.
Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.
Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.
Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.
Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.
Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.
Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.
Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.
Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:
﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾
“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.
Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.
Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:
﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾
“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).
Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.
Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.
“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.
“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi.
“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.
“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.
“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.
“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.
“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:
“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.
“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.
“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».
Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.
Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.
Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.
“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.
Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.
Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.
Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi