Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

15.06.2018 y. Savdodagi halollik – baraka kaliti

10.06.2018   7493   11 min.
15.06.2018 y. Savdodagi halollik – baraka kaliti

 

بسم الله الرحمن الرحيم

SAVDODAGI HALOLLIK – BARAKA KALITI

Muhtaram jamoat! Islom dini insonlar o‘rtasidagi munosabatalarda hamisha adolat, insof, halollik bo‘lishini talab etadi va musulmonlarni shunga chaqiradi. Bu munosabatlar orasida savdo-sotiq ham alohida ahamiyatga egadir. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday  marhamat  qilgan:

وَأَحَلَّ اللَّهُ الْبَيْعَ وَحَرَّمَ الرِّبَا

ya’ni: “Alloh savdoni  halol, riboni harom  qildi” (Baqara surasi, 275 oyat).

Ba’zi kishilar savdoni riboga o‘xshatar edilar, Alloh taolo ularning bu o‘xshatishini rad qilib aytadiki, savdo sotiq haloldir, ribo esa haromdir. Alloh sadaqalarni ko‘paytiradi, riboni yo‘qotadi.

 Boshqa oyatda esa:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ إِلَّا أَنْ تَكُونَ تِجَارَةً عَنْ تَرَاضٍ مِنْكُمْ وَلَا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا (سورة النساء:29 آية).

ya’ni: “Ey imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno. Shuningdek, o‘zlaringizni (bir-biringizni nohaq) o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir” (Niso surasi, 29-oyat).

Oyati karimadagi “Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!” degani faqat yeyish emas, balki, molni mutlaq nohaq yo‘llar bilan olishdir.

“nohaq (yo‘llar)”, deganda esa shari’atda mumkin bo‘lmagan ishlar: ribo, qimor, pora, zo‘rlik bilan tortib olish, o‘g‘irlik, xiyonat, zulm va shu kabilar nazarda tutilgan.

Oyatda “O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno.”, deyildi, o‘zaro rozilik asosidagi tijorat bilan mollarni tasarruf qilish mumkin. Chunki musulmon birodari chin ko‘ngildan bermasa, uning molini olib, tasarruf qilib bo‘lmaydi.

Bu o‘rinda rizq sabablari ko‘p bo‘lsada faqat tijorat zikr qilingan. Chunki u eng ko‘p uchraydigan faoliyat turi bo‘lib, boshqa kasblar ham unga bog‘liqdir.

Muhtaram azizlar! Ma’lumki, islom bir narsani harom qilsa, uning muqobiliga halol narsani ham taqdim qilgan. Masalan zinoni harom qildi, nikohni halol qildi. Riboni harom qildi, tijoratni halol qildi. Agar tijoratchi to‘g‘ri yo‘lni tutsa, bu kasb nihoyatda pok va sharafli kasbdir.

Bu haqida habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan ushbu hadis rivoyat qilingan:

عنْ أبي سَعِيدٍ رضي الله عنه عنِ النبيّ صلى الله عليه وسلم قَالَ "التّاجِرُ الصّدُوقُ الأمِينُ، مَعَ النّبِيّينَ والصّدّيِقينَ والشّهَداءِ" (رَوَاهُ الإمام التِّرْمِذِيُّ).

ya’ni: Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy alayhissalom: Rostgo‘y, omonatdor tijoratchi nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birgadir”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyat qilgan). 

Musulmon kishi mana shunday ulug‘ maqomga erishishi uchun ushbu kasbning shar’iy qoidalariga amal qilishi kerak. Ya’ni, tijorat bilan shug‘ullanayotgan yoki endi ish boshlamoqchi bo‘lgan kishi tijorat ilmini diqqat bilan o‘rganishi kerak. Shuning uchun ham Hazrati Umar roziyallohu anhu tijoratchilardan tijorat ilmini bilishni talab qilardilar.

Islom tijoratchiga foyda olishni muboh qildi. Foydani chegaralab ham qo‘ymadi, faqat tijoratchi, odamlarga zarari tegadigan ishlar: ixtikor (odamlar va hayvonlarga zarar yetkazadigan darajada tovarlarni bosib qo‘yish), narxni juda oshirib yuborish va savdodagi aldov kabi ishlardan saqlanishi kerak. 

Gohida savdogar arzimagan pullarga vijdonini sotayotgani, Alloh taoloning nomiga yolg‘on qasam ichayotganini guvohi bo‘lamiz. Bu bilan u o‘z sharafi va dinini yo‘qotadi va quyidagi oyatda zikri kelganlarga o‘xshab qoladi.

أُولَئِكَ الَّذِينَ اشْتَرَوُا الْحَيَاةَ الدُّنْيَا بِالْآَخِرَةِ فَلَا يُخَفَّفُ عَنْهُمُ الْعَذَابُ وَلَا هُمْ يُنْصَرُونَ (سورة البقرة: 86  آية).

ya’ni: “Ular, haqiqatan, oxirat o‘rniga (foniy) dunyo hayotini sotib olgan kimsalardir. Shunday ekan, ularga beriladigan azob-uqubatlar yengillashtirilmas va ularga yordam ham berilmagay (Baqara surasi,

86-oyat).

Yana savdodagi eng yomon illatlardan biri tarozudan urishdir. Uning gunohi katta ekaniga Qur’oni karimda alohida to‘xtalib o‘tilgani ham  yorqin dalolat qiladi.

وَيْلٌ لِلْمُطَفِّفِينَ (1) الَّذِينَ إِذَا اكْتَالُوا عَلَى النَّاسِ يَسْتَوْفُونَ (2) وَإِذَا كَالُوهُمْ أَوْ وَزَنُوهُمْ يُخْسِرُونَ (3) أَلَا يَظُنُّ أُولَئِكَ أَنَّهُمْ مَبْعُوثُونَ (4) لِيَوْمٍ عَظِيمٍ (5) يَوْمَ يَقُومُ النَّاسُ لِرَبِّ الْعَالَمِينَ (6)

(سورة المطففين: الآية 1-6)

ya’ni: (Savdo-sotiqda o‘lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy! Ular odamlardan (biror narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, ularga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa urib qoladigan kimsalardir. Ular (o‘lgandan keyin) qayta tiriluvchi ekanlarini o‘ylamaydilarmi? Ulug‘ kunda (qiyomatda) – Odamlar (butun) olamlar parvardigori huzurida  (hisob-kitob berish uchun) tik turadigan kunda?!” (Mutoffifiyn surasi, 1-6 oyatlar)

Yana bir guruh tijoratchilar bor, ular sifatsiz va zararli, taom, ichimlik va tovarlarni xalqqa taklif qiladilar va zarar, musibat keltiradilar. Ular harom luqma (mol) yeganning borar joyi do‘zax ekanini unutadilar. Zero Rosululloh sollalohu alayhi va sallam:

عَنِ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ رضي الله عنه قَالَ: أَتَانَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِلَى الْبَقِيعِ، فَقَالَ: "يَا مَعْشَرَ التُّجَّارِ" حَتَّى إِذَا اشْرَأَبُّوا، قَالَ: "إِنَّ التُّجَّارَ يُحْشَرُونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فُجَّارًا إِلَّا مَنِ اتَّقَى، وَبَرَّ، وَصَدَقَ "(رواه الإمام الترمذي)

ya’ni: Baro Ibn Ozib roziyallohu anhu aytadilar: Rosululloh sallollohu alayhi va sallam Baqi’ga keldilar, “Ey, tojirlar jamoasi!”, dedilar. Hamma u kishiga qaradi, shunda u zot: “Albatta, tujjorlar qiyomat kunida fojir bo‘lib tiriladilar, faqat kim Allohdan qo‘rqsa, solih amal qilsa (ehson qilsa) va rost so‘zlasa bundan mustasno”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Bu hadisi sharif tijorat sharafli kasb bo‘lish bilan birga o‘ta mas’uliyatli kasb ekanligini bildirib turibdi.

Tijoratda pul muomalasi ko‘p bo‘lganidan, tijoratchilar ichida shari’atimiz man qilgan ribo bilan ish qilish ham uchrab turadi. Alloh taolo ribo to‘g‘risida Oli Imron surasida shunday deydi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا تَأْكُلُوا الرِّبَا أَضْعَافًا مُضَاعَفَةً وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ (سورة آل عمران: 130 آية).

ya’ni: “Ey imon keltirganlar! (Bergan qarzlaringizni) ikki baravar va undan ham ko‘paytirib, ustama shaklida yeb yubormangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Zora (shunda) tole topsangiz” (Oli Imron surasi, 130-oyat).

Bunday riboning eng oddiy ko‘rinishi, bir kishi ikkinchisiga qarz beradi, vaqtida qarzni uza olmasa, unga muddatni uzaytiradi va shu muddat evaziga qo‘shimcha pul oladi. Mana shu ziyoda olingan pul ribo bo‘ladi va ko‘pincha qarz berilgan mablag‘dan bir necha barobar ortib ketadi.

Payg‘ambarimiz salollohu alayhi vasallam ham riboning yomonligidan, agar u keng tarqalsa, kasofati hammaga urishishi haqida qayta – qayta ogohlantirdilar.

عَنْ عَبْدِ الله بْنِ مَسْعُودٍ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: "مَا ظَهَرَ الرَّبَا وَالزِّنَا فِي قَوْمٍ إِلَّا أَحَلَّوْا بِأَنْفُسِهِمْ عِقَابَ اللهِ  عَزَّ وَجَلَّ" (رواه الإمام أحمد).

ya’ni: Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar:“Qaysi qavmda ribo va zino zohir (ochiq oydin) bo‘lsa, ular o‘zlariga Alloh azza va jallaning azobini vojib qilib oladilar” (Imom Ahmad rivoyati).

 Shuning uchun tijorat ahli halolni mahkam tutishi, haromdan uzoq bo‘lishi, dunyodan keyin oxirat kelishi, u yerda esa, qayerdan topding, qayerga sarflading, degan savol bo‘lishini esdan chiqarmasligi lozim. Qolaversa, harom luqma ibodatlar va duolarning qabul bo‘lmasligiga sabab bo‘ladi.

Tijorat ahli, o‘zlariga Rasululloh sollalohu alayhi va sallamni va sahoba roziyallohu anhumlarni namuna qilib olishlari, ularning ichida tirikligidayoq jannat bashorat qilingan Abdurrohman ibn Avf kabi behisob mol-mulkka ega bo‘lgan tijoratchilar ham bo‘lganligi, lekin tijorat ularni Allohning zikri va ibodatidan to‘smaganligini bilishlari ham zarur.

Muhtaram jamoat! Mav’izamizning davomida tijoratchilarning savdo-sotiq jarayonidagi shariatimiz tomonidan belgilab berilgan odoblari va ko‘rsatmalaridan ba’zilarini eslab o‘tamiz.

- Rostgo‘y bo‘lish; Savdo molini haqiqiy sifati, navi, jinsi, tayyorlangan joyi va sarf-xarajati haqidagi ma’lumotlarda yolg‘on ishlatmaslik darkor.

kengfe’l va saxovatli bo‘lmoq;

Sotuvchi bahoni pastroq qilishda va o‘lchashda saxovatli bo‘lishga harakat qilishi, o‘z navbatida xaridor ham qattiq shartlarni talab qilib turib olmasligi kerak.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Qachon sotsa, qachon sotib olsa va qachon haqini talab qilsa bag‘rikeng bo‘lgan odamga Allohning rahmati bo‘lsin”, dedilar”. (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyat qilgan).

  • Savdoga qasamni aralashtirmaslik;

Chunki Savdo paytidagi ichilgan qasam barakaning ketishiga sabab bo‘ladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Qasam ichish savdo molini o‘tkazuvchi, barakani o‘chiruvchidir, dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

  • Sadaqani ko‘p qilish.

Savdo paytida bo‘ladigan ba’zi kamchiliklarni yuvilishi uchun tijoratchi odam ko‘proq sadaqa qilib turishi lozim.

Qays ibn Fazara roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ey, savdogarlar jamoasi! Albatta, savdoda behuda narsa va qasam hozir bo‘ladi, bas uni sadaqa ila aralashtiringlar, dedilar” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyat qilganlar).

  • Moliyaviy muomalalarni va qarzni yozib borish va guvoh keltirish.

Tijoratchi odam savdo shartnomasini va qarz olish yoki berish jarayonini qayd etib borishi lozim. Birovga nasiyaga muomala qilganda va qarz berganda guvohlarni hozir qilishi maqbul ishdir.

  • Foyda olishda haddan oshmaslik.

Albatta, savdogar  o‘z ishidan foyda ko‘rishi lozim. Lekin ustama narx qo‘yishda haddan oshmagani ma’qul. Shariatda sotuvchi molni shunchaga sotsin yoki sotmasin deb tayin qilinmagan. Lekin, odamlarga zulm yetadigan darajada haddan ziyod qimmat qilib sotish ham joiz emas. Shuning uchun urfdagi qiymatdan ortiq bahoga sotmaslik lozim.

Alloh taolo vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shayotgan, iqtisodiy sohada xizmat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizga o‘zi tavfiq, kuch quvvat ato qilsin, qiyomat kunida va’da qilingan ulug‘ ajrlarni nasib qilsin. Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

12.08.2026   33046   3 min.
“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.

Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.

Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.

Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.

O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.

Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan. 

“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.

 Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati –  bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.

Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.

Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari