“Ujb” so‘zi lug‘atda “kekkayish”, “takabburlik” va “faxrlanish” ma’nolarini anglatadi. Ulamolar insonda vujudga keladigan ujb sifatini turlicha ta’riflashgan.
Rog‘ib Asfahoniy: Ujb – inson o‘zini o‘zi haqli bo‘lmagan darajaga haqliman deb o‘ylashidir, degan.
G‘azzoliy rahmatullohu alayh: Ujb – ne’matni haqiqiy ne’mat beruvchiga nisbat berishni unitib, uni o‘zida katta sanab unga suyanib qolishdir, degan.
Ibn Abdussalom: Inson o‘ziga berilgan ne’mat yoki yaxshi amalni Allohdan ekanini unitishi va bularni o‘z nafsidan deb xursand bo‘lishi ujbdir, degan.
Alloh taolo mutloq suymaydigan kibr ham ayni mana shu ujb, ya’ni o‘zidan-o‘zi faxrlanish ortidan yuzaga keladi. Shu sababdan ham Alloh taolo Qur’oni karim oyatlarida va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarda ujbni yomonlab zikr qilgan. Alloh taolo Hunayn g‘azoti kunida musulmonlarning mag‘lubiyatga ujb sabab bo‘lganini eslatib shunday deydi:
“...Hunayn kunida (son jihatdan) ko‘pligingiz sizlarni mag‘rurlantirgan edi, ammo (bu) sizlardan biror narsani daf qila olmadi[1]”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Uch narsa halok qiluvchidir: itoat qilinadigan baxillik, ergashiladigan havoi-nafs va kishi o‘z nafsi bilan faxrlanishi[2]” – dedilar.
Boshqa bir o‘rinda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ujbni katta gunohlardan biri ekanini aytib shunday deganlar: “Agar sizlar biror gunoh qilmaydigan bo‘lganlaringizda, men sizlarga bundanda kattarog‘idan qo‘rqqan bo‘lar edim. U ujbdir[3]”.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu: “Halokat ikkita narsada: Ujb va Allohning rahmatidan umidni uzishda”, degan. Ma’lumki, baxt-saodatga talab qilish bilan erishiladi. Umidni uzgan odam talab qilmaydi. O‘zidan o‘zi faxrlangan odam maqsadga erishib bo‘ldim deb o‘ylaydi va harakat qilmaydi. Shuning uchun ham ibn Mas’ud roziyallohu anhu bu ikki sifatni halokat sababchilari sifatida aytgan.
Ali roziyallohu anhu: “O‘zidan o‘zi faxrlanish to‘g‘rilikni ziddi va aqllarning ofatidir”, deb bejiz aytmagan.
Sheroziy rahmatullohu alayh aytadi: “Bilginki, ujb eng yomon sifatdir. U fazilatlarni tortib olib, pastkashlik keltiradi. Nafratni keltirib chiqarib, yaxshiliklarni yo‘q qiladi. Yomonliklarni oshkor qilib, halokatga olib boradi”.
Ulamolar ujbni sakkizta qismi mavjud ekanini aytishib, bularning oldini olish yo‘llarini ham ta’kidlab o‘tishgan.
Birinchisi, inson o‘zining xilqatining go‘zalligiga qarab faxrlanadi. Buni Allohning ne’mati ekanini va bir lahzada yo‘q bo‘lib qolishini unutadi. Buning oldini olish uchun birinchi nimadan yaratilganu, oqibatda yana nimaga qaytishini mulohaza qilsin.
Ikkinchisi, o‘ziga berilgan kuch-quvvat bo‘lib, unga shukr keltirishni unutib, ushbu kuch-quvvatni ato etgan zotga suyanishni tark qilib qo‘yadi. Buning oldini olish uchun haqiqiy kuch-quvvat egasi Alloh ekanini e’tirof etib shukr keltirsin. O‘zidagi kuch-quvvat tortib olinib, eng zaif bandaga aylanib qolishini unutmasin.
Uchinchisi, aql bo‘lib, uni chiroyli sanab bunday aql faqat menda bor deb o‘ylab qoladi. Buning oldini olish uchun, avvalo Allohga qayta-qayta shukr keltirsin. Bu ne’mat boshqalarga berilmagandek, o‘zidan ham olib qo‘yilishi mumkin ekanini o‘ylab ko‘rsin. Aql sababli qanchalab ilmga ega bo‘lmasin, baribir oz ekanini unitmasin.
To‘rtinchisi, ulug‘ nasabga ega bo‘lish bo‘lib, u bilan faxrlanishi va shu sababli men ko‘plab odamlardan afzalman deb qolishi. Buning oldini olish uchun, nasab biror savob keltirmasligi yoki biror azobni daf qilmasligini bilsin. Alloh huzurida eng hurmatli inson taqvodor insondir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qizlari Fotima va ammalari Sofiya roziyallohu anhumolarga “Men sizlarga Allohdan biror narsani behojat qila olmasman” deganlar. Buning oldini olish uchun, nasab bilan faxrlanish bu boshqaning kamoli bilan o‘zini aziz tutish ekanini bilsin. So‘ng yana, yaqin (tirik) otasi nutfadan paydo bo‘lganini va uzoq (vafot etgan) bobosi tuproqqa aylanib bo‘lganini ham bilib qo‘ysin.
Beshinchisi, zolim hukmdorlarga o‘zini nisbatini berib, ular bilan faxrlanishi. G‘azzoliy rahmatullohu alayh aytadi: Bu nihoyatda nodonlik bo‘lib, buning oldini olish uchun, zolimlar Allohning huzurida xorlanib g‘azabga duchor bo‘lishlarini o‘ylab ko‘rsin.
Oltinchisi, farzandlari, qarindoshlari va o‘ziga tobe’ kishilarning ko‘pligiga ishonib, Allohga suyanishni va Unga tavakkul qilishni unutib qo‘yishi. Buning oldini olish uchun, haqiqiy ko‘mak beruvchi zot Alloh ekanini aniq bilsin. Albatta, ularning ko‘pligi o‘lim vaqtida biror foyda bermasligini tushunsin.
Yettinchisi, mol-dunyoning ko‘pligi bo‘lib, unga suyanib qolishi. Alloh taolo buning misolini ikki bog‘ egasini xabarini berish bilan keltirgan: “Yana uning boyligi ham bor edi. Bas, u birodariga murojaat qilib: “Mening boyligim senikidan ko‘proq va odamlarim kuchliroq” - dedi[4]”. Buning oldini olish uchun, mol-dunyoni fitna ekanini va uning ofatga uchraydigan sabablari bir qanchaligini bilsin.
Sakkizinchisi, xato fikrga ega bo‘lib qolib, buni ne’mat deb o‘ylab qolishi. Aslida esa, bu azobdir. Alloh taolo bu haqda shunday degan:
“Axir, (qilgan) yomon ishi o‘ziga chiroyli ko‘rsatilib, uni go‘zal (ish) deb o‘ylagan kimsa (hidoyat topgan zot kabi bo‘larmidi)?![5]”. Buning oldini olish boshqalaridan qattiqroq bo‘ladi. Chunki xato fikr egasi, o‘zining xatosi sababli nodondir. Buning oldini olish uchun, o‘zining fikriga suyanib aldanib qolmasligi kerak. O‘zining fikrini Qur’on yoki hadis yoki sog‘lom aqliy dalil quvvatlasa shunda fikriga qarab ish qilsin.
Shuni ham alohida ta’kidlab aytish kerakki, ko‘pincha insonda ujbning paydo bo‘lishiga atrofdagi maddohlarning maqtovlari va olqishlari ham sabab bo‘ladi. Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bir kishi boshqa bir kishini maqtadi. Shunda Payg‘ambarimiz: Holingga voy bo‘lsin, birodaringni bo‘ynini sindirding, deb bir necha marotaba takrorladilar. So‘ng: Sizlardan biringiz boshqani chorasiz maqtashga to‘g‘ri kelib qolsa “Men uni shunday deb o‘ylayman. Allohning O‘zi kifoyadir. Men Allohga hech kimni poklamayman” – desin, dedilar.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: Maqtash so‘yishdir, degan.
Shu sababdan oqil inson atrofidagi maddohlarning olqishlariga emas, balki qalbi sof do‘stlarning maslahatlariga quloq solishi lozim. Zero mana shunday do‘stlargina yaxshilik va ayblarga ko‘zgu bo‘ladilar. Inson o‘zicha yaxshi deb o‘ylab e’tiborsiz qoldirgan yomonliklaridan ogoh etadilar.
Anas ibn Molik rozyaiyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min mo‘minning ko‘zgusidir. Agar unda biror aybni ko‘rsa, tuzatadi[6]” – deganlar.
Umar roziyallohu anhu: Ayblarimni ko‘rsatib qo‘ygan insonni Alloh rahm qilsin, der edi.
Movardiy rahmatullohu alayh aytadi: “Kibr va ujb insondagi fazilatlarni tortib olib, razil-yomon sifatlarni keltiradi. Kibr va ujb egasi nasihatchining nasihatiga va odob beruvchining ta’limiga quloq solmay qo‘yadi. Chunki kibr inson biror darajaga erishganda va ujb esa inson biror fazilatga ega bo‘lganda yuzaga kelib qoladi. Shunda mutakabbir o‘zini ta’lim beruvchining martabasidan yuqori qo‘yadi. Ujb egasi esa o‘z fazlini odob beruvchinikidan ortiq sanaydi”.
Shunday ekan, ujb insonga ko‘plab zararlar keltiradi. Ujbning oqibati kibrga olib borishining o‘zi uning oftiga kifoya qiladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, shaytonning Allohga osiy bo‘lishiga kibri sabab bo‘lgani barchamizga ma’lum. Imom G‘azzoliy rahmatullohu alayh ujbning zararli oqibatlaridan ogohlantirib aytadi: Ujb gunohlarni unutib ularga beparvo bo‘lib qolishga sabab bo‘ladi. Ujb sohibi qilayotgan ibodatlarini va amallarini katta sanab faxrlanib qoladi. Ushbu ibodatlarni qilayotganidan Allohga minnat qilishgacha boradi. O‘z ibodatlaridan ujbga tushgani sari buning yomon oqibatlarini ham unutib boradi. Kim amallarini yomon oqibat bilan yakun topishiga e’tibor qilmasa qilayotgan harakatlari zoye bo‘lib qolaveradi. Ujb egasi o‘z nafsi va fikri bilan aldanib qolib, Allohning makri va azobidan xotirjam bo‘lib qoladi. U o‘z nafsini maqtab biror ayb va kamchiliklardan xoli deb biladi. Natijada boshqalar bilan maslahatlashish yoki biror bilmagan narsasini so‘rashni o‘ziga or bilib, o‘z fikri bilan kifoyalanib qoladi. Eng yomoni o‘zining xato fikrini to‘g‘ri deb bilib, o‘zidan shunday fikr chiqqanidan xursand bo‘lib o‘sha fikrida qat’iy turib olishidir. Goho bu narsa uni halokatiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa uning bu xato fikri din ishlariga tegishli fikr bo‘lsa. Shuning uchun ham ujb halokatga olib boruvchi illatlardan biri sifatida sanalgan. Ujb egasining men maqsadga erishib bo‘ldim deb amal qilishdan to‘xtab qolishi, ujbning eng katta oftlaridan biridir. Bu esa shubhasiz ochiq oydin halokatdan boshqa narsa emas.
Darhaqiqat, bugungi kunimizda ozgina ilm o‘qib yoki eshitib, lekin uqimay o‘zini “olim”man deb yurgan yoshlarimiz borligi xech kimga sir emas. Ular o‘zlaridagi ana shu ozgina ilm bilan kifoyalanib va shundan xursand bo‘lib hamda bo‘ldi maqsadga erishdim deb, yurishlariga nafslariga o‘rnashib qolgan ujb sababdir ehtimol. O‘zlarini qo‘llariga kitob olib bir qator o‘qishga sabrlari yetmasdan turib, o‘nlab mujalladli kitoblar yozgan mujtahid ulamolarga til tekkizishlari achinarli holatdir. Ilm va salohiyati yetmagan holda oyat va hadislarning zohiriy ma’nolaridan o‘zlarining xato fikrlariga asoslanib hukm olmoqchi bo‘ladilar. Mustahkam ilm va asosli dalilga suyanmasdan turib oyat va hadislardan to‘g‘ridan to‘g‘ri hukm olib bo‘lmaydi, degan ulamolarning nasihatiga quloq solishni o‘zlariga ep ko‘rmaydilar. Natijada o‘zlarini ham boshqalarni ham adshishiga sabab bo‘lib qoladilar.
Ushbu xatolarni tuzatish uchun ilm o‘qiylik, nafsimizni zikr, tilovati Qur’on, salovatlar ila sayqallab ujb va kibr kabi illatlardan soflaylik. Mujtahid ulamolar va ularning mo‘tabar asarlarini hurmatini o‘z o‘rniga qo‘yaylik. Eng muhimi, “Kim men olimman desa, u johildir” degan nasihatni unutmaylik!
Manbalar asosida
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Farhod JO‘RAYEV
tayyorladi
[1] Tavba surasi 25-oyat.
[2] Bazzor rivoyati.
[3] Bazzor Anasa roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.
[4] Kahf surasi 34-oyat.
[5] Fotir surasi 8-oyat.
[6] Imom Abu Dovud rivoyati.
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi