بسم الله الرحمن الرحيم
Silai rahmni uzmang!
Alloh taolo biz bandalariga shu qadar mehribonki, O‘zining roziligini ibodat bilan topishimiz bilan bir qatorda, o‘zaro insonlar o‘rtasidagi muomalalarni chiroyli va xolis qilish bilan ham topish imkoniyatini bergan.
Silai rahm – qarindoshlik rishtalarini bog‘lash bo‘lib, u insoniy muomalalarning eng afzalidir. Uning aksi bo‘lgan qarindoshlik rishtalarini uzish esa, qotiur-rahm bo‘lib, u eng og‘ir gunohlardan hisoblanadi.
Alloh taolo bandalarini qarindoshlik rishtalarini bog‘lash va mustahkamlashga buyurib, Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
يَسْـَٔلُونَكَ مَاذَا يُنفِقُونَ ۖ قُلْ مَآ أَنفَقْتُم مِّنْ خَيْرٍۢ فَلِلْوَٰلِدَيْنِ وَٱلْأَقْرَبِينَ وَٱلْيَتَٰمَىٰ وَٱلْمَسَٰكِينِ وَٱبْنِ ٱلسَّبِيلِ ۗ وَمَا تَفْعَلُواْ مِنْ خَيْرٍۢ فَإِنَّ ٱللَّهَ بِهِۦ عَلِيمٌ
“Sizdan (ey, Muhammad!) qanday ehson qilishni so‘raydilar. Ayting: “Nimaniki xayr-ehson qilsangiz, ota-ona, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qilingiz! Alloh har qanday qilgan ehsonlaringizni bilib turuvchidir” (Baqara surasi 215-oyat).
Qarindoshlik rishtalarini bog‘lashga bo‘lgan e’tibor nafaqat bizni dinimizda, balki bizdan oldingi dinlarda ham bo‘lgandir. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَإِذْ أَخَذْنَا مِيثَاقَ بَنِي إِسْرَائِيلَ لَا تَعْبُدُونَ إِلَّا اللَّهَ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَذِي الْقُرْبَىٰ وَالْيَتَامَىٰ وَالْمَسَاكِينِ وَقُولُوا لِلنَّاسِ حُسْنًا وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآتُوا الزَّكَاةَ ثُمَّ تَوَلَّيْتُمْ إِلَّا قَلِيلًا مِّنكُمْ وَأَنتُم مُّعْرِضُونَ
ya’ni: “Eslang, (Biz) Isroil avlodidan: “Faqat Allohgagina sig‘inasiz, ota-ona, qarindosh, yetim va miskinlarga yaxshilik qilasiz, odamlarga shirinso‘z bo‘ling, namozni barkamol o‘qing, zakot bering”, - deb ahd olgan edik. Keyin (siz, ey, Isroil avlodi,) ozchilik qismingizdan boshqangiz ushbu ahddan yuz o‘girdingiz” (Baqara surasi, 83-oyat).
Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy alayhissalom Madinaga kelib, ilk xutbalarining birida: “Ey, insonlar! Salomni orangizda yoyinglar, taom ulashinglar, silai rahm qilinglar va insonlar uxlayotgan vaqtda kechasi bedor bo‘lib namoz o‘qinglar ana shunda jannatga salomat kirasizlar”, deya marhamat qilganlar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Qarindoshlik rishtalarini mustahkamlashga harakat qilish insonni rizqini keng va umrini uzun bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Silai rahm qiladigan inson bu dunyoda ko‘p yaxshiliklarga ega bo‘lish bilan birga oxiratda ulug‘ ajru mukofotlar sohibiga aylanadi.
Shu bilan birga qarindoshlik rishtalarini uzish eng og‘ir gunohlardan va yomon fe’llardan hisoblanib, toshbag‘irlik va hissiyotsizlik deb baholanadi.
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُما عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "لَيْسَ الْوَاصِلُ بِالْمُكَافِئِ وَلَكِنْ الْوَاصِلُ الَّذِي إِذَا قَطَعَتْ رَحِمُهُ وَصَلَهَا"
(رواه البخاري)
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Haqiqiy silai rahm qiluvchi kishi qarindoshlari tarafidan unga qilingan aloqaga javob tariqasida (bordi-keldi) aloqa qilayotgan odam emas, balki ular tarafidan aloqa uzilgan paytda ularga aloqani bog‘lagan odamdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, bir-birimizga qanchalik yaxshilik va rahm-shafqat qilsak, Allohning rahmati bizlarga shunchalar yaqin bo‘laveradi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ "مَنْ سَرَّهُ أَنْ يُبْسَطَ لَهُ فِي رِزْقِهِ وَأَنْ يُنْسَأَ لَهُ فِي أَثَرِهِ فَلْيَصِلْ رَحِمَهُ"
(رواه البخاري)
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deganlarini eshitganman: “Kim rizqi mo‘l-ko‘l qilinishini va umri uzaytirilishini istasa, silai rahm (qarindoshlari bilan aloqa) qilsin!” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, silai rahm qilishlik bilan insonning umri ziyoda, moli ko‘p, rizqi keng bo‘ladi, ajali orqaga suriladi, o‘z ahli va qarindoshlarining muhabbatiga sazovor bo‘ladi.
Silai rahm deganda yaqinlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lish, ularning xursandchiliklari bilan quvonish, musibatlariga hamdard bo‘lish, muhtoj bo‘lsalar ularga yordam berish, ularni doimo ziyorat qilib turish, ko‘ngillarini olish, dillarini og‘ritishdan saqlanish, ulardan biror yomonlik yetsa ham kek saqlamay kechirib yuborish, qalbida ularga nisbatan hasad va adovat saqlamasdan o‘rtada muhabbat paydo qilish yo‘lida bor kuch va g‘ayratini sarf qilish kabi fazilatlarni o‘z ichiga oladi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ تَعَالَى عَنْهُ أَنْ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "مَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ فَلْيَصِلْ رَحِمَهُ"
(رواه البخاري ومسلم)
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, silai rahm qilsin”, deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
bugungi kunda tirikchilik, nafaqayi ro‘zg‘or ilinjida chet ellarda yillar davomida qolib ketib, ota-ona va farzandlarining holidan xabar olmay, hatto butunlay aloqani uzub yuborgan yurtdoshlarimiz ham yo‘q emas. fuqaholarimiz er o‘z turmush o‘rtog‘ini to‘rt oydan ortiq muddatga qarovsiz tashlab ketishi mumkin emasligini aytganlar. Siylai rahm eng avvalo kishining o‘z oila a’zolaridan boshlanadi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ummatlarini silai rahmga chaqirib, o‘z yaqinlaridan aloqalarini uzganlarni oxiratda og‘ir azob-qiynoqlar kutayotgani haqida ogohlantirganlar.
عن أبي بكر رضي الله عنه أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال: « مَا مِنْ ذَنْبٍ أجْدَر أنْ يُعَجِّلَ اللهُ لِصَاحِبِهِ بِالْعُقُوبَةِ فِي الدُّنْيَا مَعَ مَا يُدَّخَرُ لَهُ فِي الآخِرَةِ مِنَ البَغْيِ وَقَطِيْعَةِ الرَّحْمِ»
رواه أبو داود والترمذي وابن ماجه
Abu Bakr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: “Qarindoshlik aloqasini uzish va zulmdan ko‘ra egasiga tez uqubat yetkazadigan va qolgani oxiratga saqlab qo‘yiladigan gunoh yo‘q”, deganlar” (Abu Dovud, Termiziy va ibn Moja rivoyat qilgan).
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda boshqa bir hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Silai rahm qilmagan odam jannatga kirmaydi”, deganlar.
Xulosa qilib aytganda, silai rahm mo‘minlarga xos sifat bo‘lib, har bir mo‘min-musulmon bunga e’tibor berishi muhimdir. Xususan, Allohning rahmat va mag‘firati jo‘shib turgan muborak Ramazon kunlarida mehr-oqibatlarimizni bir-birlarimizdan darig‘ tutmasak, bu oyning shukuhiga hamoxang amal qilgan bo‘lamiz. Ana shunda qarindoshlar orasidagi silai rahmni mustahkamlab, Alloh va uning Rasuli sevgan bandalar qatoriga qo‘shilamiz, inshaalloh.
Alloh taolo barchalarimizni rushdu hidoyatidan adashtirmasin. Qarindoshlar orasidagi silai rahmning mustahkam bo‘lishini nasibu ro‘zi qilsin. O‘zining roziligiga olib boradigan amallarda barchalarimizni bardavom qilsin! Yurtimizning tinchligi va farovonligini ziyoda aylasin! Omin.
fitr sadaqasi
Kishi ro‘za tutar ekan, gohida bilib bilmay turli gaplar og‘zidan chiqib ketishi, ba’zi noqulay amallarni qilib qo‘yishi mumkin. Ana shu g‘ashliklarni yuvib yuborish uchun fitr sadaqasi joriy bo‘lgan.
Fitr sadaqasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi so‘zlari ila sobit bo‘lgandir:
عَنْ عَبْدِ الله بْنِ ثَعْلَبَةَ عَن أبِيْهِ أنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "أَدُّوا عَنْ كُلِّ حُرٍّ وَعَبْدٍ صَغِيرٍ أَوْ كَبِيرٍ نِصْفَ صَاعٍ مِنْ بُرٍّ أَوْ صَاعًا مِنْ تَمْرٍ أَوْ صَاعًا مِنْ شَعِيرٍ" (أخْرَجَهُ الدَّارَقُطْنِي وَأحْمَد)
ya’ni: Abdulloh ibn Sa’laba otasidan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Har bir balog‘atga yetgan-yetmagan hur va qulning tarafidan bug‘doydan yarim so’ (≈2kg) yoki xurmo va arpadan bir so’ fitr sadaqasini ado qilinglar” (Imom Doraqutniy va Imom Ahmad rivoyati).
Fitr sadaqasini faqirlarga berish hikmatlaridan biri, ular ham hayit kunini bayram kayfiyatida, xursandchilik bilan, ko‘ngillari tusagan ba’zi taomlarni tanovul qilib o‘zkazishlari uchun ko‘makdir.
Hanafiy mazhabimiz bo‘yicha musulmon kishi o‘zining turar joyidan, kiyimidan, uy jihozlaridan, minib turgan ulovidan, ish qurollari va dastgohlaridan tashqari zakot nisobi miqdoriga yetadigan mulkka ega bo‘lsa, unga fitr sadaqasi vojib bo‘ladi.
Boshqahcha qilib aytganda fitr sadaqasi zaruriy ehtiyojtaridan ortiqcha nisob miqdoridagi mulkka ega bo‘lgan musulmonga vojibdir. Mazkur nisob miqdoridagi mulkning ko‘payuvchi bo‘lishi yoki oradan bir yil o‘tgan bo‘lishi shart emas.
Fitr sadaqasining vojib bo‘lish vaqti hayit kuni tong otish paytidir. Shuning uchun, hayit kechasi tug‘ilgan chaqaloqdan ham fitr sadaqa berish vojib bo‘ladi. Homila va hayit kunidan oldin vafot etganlar uchun fitr sadaqasi vojib bo‘lmaydi.
Fitr sadaqasini hayit kunidan avval yoki keyin berish joizdir. Hayit namoziga chiqmasdan avval berish mustahabdir. U bug‘doydan yarim so’ ya’ni taqriban 2 kg berilishi lozim. Har yilgi fitr sadaqasining miqdori viloyat, shahar va tumanlarimizning bozorlaridagi 2 kilogramm bug‘doy narxidan kelib chiqqan holda, belgilanadi. (Masalan, 2018 yilda Toshkent shahar bozorlarida 1 kilogramm bug‘doyning narxi o‘rtacha 2500 (ikki yarim ming) so‘m bo‘lsa, demak 2 kilogramm bug‘doy narxi 5000 (besh ming) so‘m bo‘ladi).
Zakot va fitr sadaqasi miskinninng haqqi bo‘lib, ularga mulk qilib berilishi kerak. Agar bularni masjid yoki bolalar uyining ta’mirlash ishlariga ishlatiladigan bo‘lsa, zakot va fitr sadaqasi ado bo‘lmaydi. U joydagi mutasaddilar tushgan zakot va fitr sadaqasini faqir, miskinlarga, yetim bolalarning ehtiyojlariga sarf qilsalar joiz bo‘ladi. Fitr sadaqasini zakot bersa bo‘ladigan kishilarga beriladi.
X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.
Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.
Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.
Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.
Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.
Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.
Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.
Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati