Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5416-son Farmoni bo‘yicha «Vaqf» xayriya jamoat fondi tashkil etildi. Fond 10 may kuni Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Keling, bugun ushbu fond yuzasidan fikr almashsak. Fondning vazifasi nima, qanday qilib moliyalashtiriladi, xalq uchun qanday manfaatli tomonlari bor kabi savollarga soha vakili sifatida javob berishga harakat qilaman.
Vaqf o‘zi nima?
«Vaqf» so‘zi lug‘atlarda «tutib turish», «to‘xtatish» ma’nolarida keladi. Vaqfning shar’iy ta’rifi borasida turli fikrlar bildirilgan. «Vaqf - narsani Alloh mulki hisobida saqlashdir». Ya’ni, vaqf qilingan narsa vaqf qiluvchining mulkidan chiqadi va Alloh mulkiga aylanadi. Vaqf qilingan narsadan keladigan foyda vaqf qiluvchi uni vaqf etishda tayinlagan jihatga (masalan, talabalar, musofirlar, kambag‘allar kabi) sarf qilinadi va savobi vaqf qiluvchiga abadiy bo‘ladi. Vaqf qilingan narsa sotilmaydi, hadya qilinmaydi, meros bo‘lmaydi.
Fondning asosiy mulki vaqfdan kelgan mablag‘larmi?
Fondning mablag‘lari 3 qismga bo‘linadi. Ya’ni 1. Xayriya bo‘limi; 2. Vaqf bo‘limi; 3; Zakot, ushr, fitr va fidya bo‘limi. Bilishimiz kerak-ki, hozirgi kunda 3 ta bo‘limning ham alohida-alohida hisob raqami mavjud. Deylik, bir kishi zakot uchun fondga mablag‘ o‘tkazsa, o‘tkazilgan mablag‘ zakot bo‘limiga tushadi. Shu bilan birgalikda shariatda aytilgan o‘rinlarga sarf qilinishi aytilmoqda. Umumiy qilib aytganda fond faqatgina vaqf mulkidan iborat emas.
Fondning asosiy vazifalari nimalardan iborat?
Fondga kelib tushgan mablag‘lar masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash kabi bir qator ishlar uchun sarflanadi.
Fondga mablag‘lar qay tartibda yig‘iladi?
Bilamizki, yuqorida zikr qilingan xayriya turlarining hech biri majburiy soliq to‘lovlariga kirmaydi. Balki har bir musulmon kishi zimmasiga farz bo‘lgan yoki sahovat qilish o‘rinlarida ushbu mablag‘larni fondga o‘tkazib berishlari mumkin. Hozirgi vaqtda fond xayriya mablag‘larni odamlar qiyinchiliksiz o‘tkazishlari uchun elektron to‘lov tizimlariga ulanmoqda. Shulardan biri Payme to‘lov tizimidir. Avvalroq fondning Payme tizimiga ulangani xabar berildi. Bu degani siz plastik karta orqali istasangiz zakot, vaqf yoki xayriya mablag‘larini fondga o‘tkazishingiz mumkin.
Nima qilsak, fond rivojlanadi?
Biz qiladigan faqatgina bir ish qoldi, u ham bo‘lsa fondga ishonish va moliyaviy ibodatlarimizni fond orqali amalga oshirish. Fond notijorat tashkilot. Bu degani fondga kelib tushgan har qanday mablag‘ faqatgina xayriya qilinadi. Shuni unutmaslik kerak-ki, Prezident Farmonida fondni o‘ta shaffof bo‘lishligi ta’kidlangan. Demak sizning mablag‘ingiz shariatda ko‘rsatilgan o‘z o‘rniga yetkazilishi fond tomonidan kafolatlanadi.
Xulosa qilib aytganda fondni rivojlanishi uchun hissa qo‘shaylik. Bir vaqtlar xayol qilish qiyin bo‘lgan ishlar bugun qo‘limizda turibdi. Hissa qo‘shishimiz bu moliyaviy ibodatlarimizni fond orqali amalga oshirishimizdir.
Temurbek ADHAMOV,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti talabasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
#Ajdodlar_merosini_o‘rganamiz
Buyuk mutafakkir va faqih Burhoniddin Marg‘inoniyning yetuk shogirdi, hanafiy olim Imom Zarnujiy rahimahullohning "Ta’limul muta’allimi toriqot ta’allumi" kitobi asosida ilm olishning foydalari, odoblari, inson va jamiyat taraqqiyotida ilm-fanning o‘rni haqida so‘z boradi.
Sakkiz asrdan beri ilm ahli, talabalar va ziyolilar orasida keng foydalanib kelinayotgan mazkur asar haqida Alloma Laknaviy rahimahulloh haqida "Ko‘p foydalarga ega, nafis, manfaatli kitob", deya ta’rif bergan.
Abduvohid domla Ahmadaliyev
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi mutaxassisi