Ilm-fan har kuni Qur’onning haqligini ta’kidlaydigan yangidan yangi haqiqatlarni kashf qilmoqda. Ana shunday haqiqatlardan biri borliqdagi barcha narsaning gapirishi, ularning muayyan ovozi borligidir.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
تُسَبِّحُ لَهُ السَّمَاوَاتُ السَّبْعُ وَالأَرْضُ وَمَن فِيهِنَّ وَإِن مِّن شَيْءٍ إِلاَّ يُسَبِّحُ بِحَمْدَهِ وَلَـكِن لاَّ تَفْقَهُونَ تَسْبِيحَهُمْ إِنَّهُ كَانَ حَلِيماً غَفُوراً
“Unga yetti osmonu yer va ulardagi kimsalar tasbeh aytur. Uning hamdi ila tasbeh aytmagan hech bir narsa yo‘q. Lekin ularning tasbehini anglamassizlar. Albatta, u haliym va sermag‘firat zotdir”. (Arab tilida tasbih aytish “Allohni poklab yod etish” ma’nosini anglatadi. Ushbu oyati karima butun borliq, barcha mavjudot Alloh taoloni aybu nuqsondan poklab tasbih aytishini ta’kidlamoqda.) (Isro surasi, 44-oyat).
Bu ulug‘ oyat bizga bir ish haqida xabar bermoqda. Biz u ishni bilmasdik, lekin u mavjud. Biz Allohning Kitobida kelgan barcha narsaga iymon keltirganmiz. Lekin bu Kitobga iymon keltirmaganlarni qanday qoniqtiramiz?
Bu oyat haqida tafakkur qilib ko‘rgan inson barcha maxluqotlar Allohga hamd, tasbeh aytishini anglab yetadi. Inson ham, daraxtlar ham, yulduzlar ham va boshqa narsalar ham tasbeh aytadi. Lekin mening e’tiborimni tortgan narsa shuki, Alloh taolo: “Lekin ularning tasbehini anglamassizlar” dedi. “Lekin ularning tasbehini eshitmaysizlar” demadi. Demak biz maxluqotlarning tasbehini eshitishimiz mumkin, lekin uni tushuna olmaymiz. Tushunish, anglash eshitishdan keyin sodir bo‘ladi.
Boshqacha qilib aytganda, agar biz bir insonga “Sen bizning gapimizni tushunmaysan” desak, bu degani biz uning oldida gapiramiz, ammo o‘sha odam bizning aytgan gapimizni tushunmaydi, fahmlamaydi deganidir.
Alloh taolo yuqoridagi oyatda atrofimizdagi barcha maxluqotlardan chiqadigan tasbeh ovozlarini eshita olishimizga ochiq-oydin ishora qildi. Lekin ular chiqarayotgan ovozning ma’nosini anglolmaymiz.
Bu haqiqatni bugungi zamonaviy ilm ham kashf etdi!
Olimlar “Albatta, ba’zi o‘simliklar o‘zidan inson eshita oladigan darajada tovush tebranishlari chiqaradi” deyishdi. Inson esa 20 gs (soniyasiga 20 marta tebranish) bilan 20000 gs (soniyasiga 20000 marta tebranish) oralig‘idagi tovush tebranishlarini eshita oladi. Lekin ushbu o‘simliklar chiqaradigan tovush juda zaif bo‘lib, uni bir necha ming martalab kuchaytirilgandagina eshitish mumkin bo‘ladi.
Borliqdagi har bir narsa gapiradi va o‘zidan tovush tebranishlarini chiqaradi. O‘simliklar, daraxtlarning muayyan ovozi bo‘lib, ularning o‘zi boshqa ovozlardan ham ta’sirlanadi. Mana shular bugungi zamonaviy botanika fani kashf qilgan haqiqatlardir.
Keyin olimlar tadqiqotlar natijasida ba’zi yulduzlar o‘zidan ovoz chiqarishini sezib qoldilar. Ma’lum bo‘lishicha, Alloh taolo Qur’onda “Toriq” deb nomlagan neytron yulduzlar bolg‘aning ovoziga o‘xshash ovoz chiqarar ekan. Bundan tashqari qora tuynuklar ham ovoz chiqarar ekan. Keyingi vaqtlarda olimlar narsalar chiqarayotgan ovozlarni yozish imkoniga ham ega bo‘ldilar.
Lekin kashf etilgan narsalarning ichida eng ajoyibi shuki, har bir tirik hujayra ham tovush tebranishlari tarqatar ekan. Ochiq-oydin ovoz chiqaradigani bu – yurak hujayralari ekan. Kaliforniya universitetining Kimyo bo‘yicha ustozi doktor “Kompyuter yordamida ko‘rilganda, har bir hujayra muayyan ovoz chiqarar, bir hujayraning ovozi boshqasinikidan farq qilar ekan” degan ilmiy xulosani taqdim etdi!
Hatto tanamizni tashkil etgan hujayralar ichidagi DNK ham o‘ziga xos ovoz chiqarishi kashf etildi. Ko‘rinishidan u ertayu kech tasbeh aytadi va boshqalar aytgan tasbehdan ham ta’sirlanadi.
Men o‘ylaymanki, bandaning Alloh taologa tasbeh aytishi uning DNKsining ishlash nizomiga ta’sir qiladi. DNK esa bizning hayotimiz va kasalliklarimizni idora qiladi. Shuning uchun bizning aytadigan tasbehimiz tuzalishi qiyin bo‘lgan kasalliklardan shifo topishimizga sabab bo‘ladi. Vallohu a’lam.
Delfinlar, suvaraklar, qushlar, asalarilar va boshqa barcha tirik jonzotlar o‘zidan tovush chiqarishi ham ma’lum bo‘ldi.
Olimlar kashf etishdiki, viruslar ham tovush tebranishlari chiqarar ekan.
Bugungi kunda olimlar “Borliqdagi har bir narsa muayyan, o‘ziga xos ovoz chiqaradi” deb hisoblaydilar.
Ular “Albatta, har joyda bir Quvvat bo‘lib, u hamma joyda hukmronlik qiladi, boshqaradi va biz ko‘radigan yoki his etadigan har bir narsaga ta’sir o‘tkazadi” deyishdi.
Ushbu quvvat barcha narsani Yaratuvchisi Alloh taoloning quvvati emasmi?! Nega endi mazkur ovozlar Allohga bo‘yinso‘nib, Uni ulug‘lab, Uning ne’matlariga shukr o‘laroq aytilgan tasbehlar bo‘lmasligi kerak?! Albatta, ular tasbehlardir!
Agar har bir narsa ertayu kech malollanmasdan, charchamasdan Allohga tasbeh aytsa, nega endi biz Unga tasbeh aytishni unutib qo‘yamiz?!
Nega har bir so‘zimiz zikrdan iborat bo‘lmasligi kerak?!
Mavjudotlarning ichida eng kichigi bo‘lgan viruslar ham tasbeh aytib turganda, nega mukarram qilib yaratilgan biz insonlar, mo‘minlar tasbeh aytmasligimiz kerak?!
Shu e’tibordan ham Nabiy sollallohu alayhi vasallam hadislarida “Subhanallohi va bihamdihi” jumlasi Alloh taologa eng mahbub kalima ekanligini aytganlar.
“Uning hamdi ila tasbeh aytmagan hech bir narsa yo‘q. Lekin ularning tasbehini anglamassizlar. Albatta, u haliym va sermag‘firat zotdir” deb marhamat qilgan Zot pokdir!
Alloh taolodan bizni tasbeh aytuvchilardan qilishini so‘raymiz!
Abduddoim Kahelning maqolasidan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ey Abu Hurayra, faroiz (meros) ilmini o‘rganinglar va odamlarga o‘rgatinglar. Chunki u ilmning yarmidir. U eng birinchi unutiladigan ilmdir. Ummatim orasidan eng birinchi ko‘tariladigan ilm ham shudir".
Saidjamol domla MASAYITOV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi ulamosi.