Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

Fiqhda lug‘atga oid birinchi kitobni bilasizmi?

26.05.2018   17051   4 min.
Fiqhda lug‘atga oid birinchi kitobni bilasizmi?

Barchamizga ma’lumki, qadim Movarounnahr diyoridan Islom tamadduni uchun o‘zlarining beqiyos hissalarini qo‘shgan yetuk va mo‘tabar allomalar yetishib chiqqan. Misol tariqasida imom Buxoriy, imom Termiziy, imom Moturidiy va imom Zamaxshariy va boshqalarni esga olamiz. Islom olamida  turli ilmlarga oid bitilgan asarlarda Buxoro, Xorazm, Samarqand, Balx va Nasaf kabi joy nomlariga duch kelamiz. Bu diyorlarda ilm maktablari rivojlangan bo‘lib, o‘zining hosilini butun dunyoga mashhur qilgan. Misol uchun, Buxoro imom Buxoriy bilan, Xorazm imom Zamaxshariy bilan, Samarqand  imom Moturidiy bilan, Balx  imom Termiziy bilan, Nasaf esa  nasafiylar bilan tanilgan. Birgina Nasaf (hozirgi Qarshi) diyorida yuzlab allomalar yashab, turli ilmlarda ijod qilganlar. Ulardan biri Imom Abu Hafs Umar Nasafiy hazratlaridir.

       Imom Abu Hafs Nasafiynig to‘liq ismlari Najmiddin Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Muhammad ibn Luqmon bo‘lib, kunyasi Abu Hafsdir. Imom Nasafiy tug‘ilgan yillari hijriy 461 (milodiy 1068) bo‘lib, Nasafda tavallud topgan. U kishi yuksak hifz bilan tanilgan imomlardan biri bo‘lib, fozil imom, mutakallim, mufassir, muhaddis, faqih, hofiz, adib va nahvshunos bo‘lganlar. Islom ilmlarining barchasida mohir bo‘lib, shu ilmlarda ijod qilgan, kitoblar tasnif etgan. Ustozlari ko‘p bo‘lib, shulardan biri Sadrul islom Abul Yusr Muhammad Bazdaviydir. Undan fiqhni ta’lim olgan. Kalom ilmini mashhur mutakallim imom Abu Muin Nasafiydan ta’lim olgan. Shogirdlari ham ko‘p bo‘lib, mashhurlari: o‘g‘li Abu Lays Ahmad Nasafiy va “Hidoya” sohibi imom Burhoniddin Marg‘inoniydir.

       Imom Abu Hafs Najmiddin Nasafiy o‘zidan islom merosiga ko‘plab qimmatli va mo‘tabar asarlar qoldirgan bo‘lib, bu asarlar turli fanlarga bag‘ishlangan. Shulardan biri “Tilbatut talaba” asaridir. Bu kitob fiqh ilmiga bag‘ishlangan bo‘lib, to‘liq nomi “Tilbatut talaba fil istilahatil fiqhiya ’ala alfazil kutubil hanafiya”dir. Ya’ni, “Hanafiy fiqhi kitoblarida kelgan fiqhiy istilohlar borasida talabalarning izlaganlari” degan ma’noni anglatadi.

       “Tilbatut talaba” asari fiqhda lug‘atga oid birinchi kitob bo‘lib, zamonaviy til bilan aytganda ensiklopedik kitobdir. Muallif unda hanafiy ulamolari o‘z asarlarida qo‘llagan lafzlar va so‘zlarning ma’nolarini to‘plagan. Asarda muallif faqat hanafiy fiqhiga doir istilohlarni keltirib, boshqa mazhablarga murojaat qilmagan. Bu haqda olim asarning tahorat bobida shunday deydi: “Bu kitobni tasnif etishdan maqsadim - hanafiy mashoyixlarimiz o‘z kitoblarida keltirgan lafzlarni sharhlashdir”.

       Asarda imom Nasafiy ilm toliblarining bilishi qiyin bo‘lgan fiqhiy ta’riflarni ifoda etishga harakat qiladi. Birinchi, har bir lafzning lug‘aviy ma’nosini keltirib, izidan fiqhiy istilohiy ma’nosini keltiradi. So‘ngra o‘sha lafzga tegishli Qur’on oyatlari va hadisi sharifdan shohidlarni keltiradi.

       Muallif asarni fiqh boblari tarzida yoritadi. Misol uchun, tahorat bobidan boshlab, istihlof va tazkiya bobida tugatadi. Har bir bobga tegishli istilohlarni mavzuga bo‘lmasdan to‘g‘ri keltiradi. Masalan, tahorat kitobini “tahur” (طهور) bahsi bilan boshlab, undan keyin “istinjo” bahsiga o‘tadi.Chunki, istinjo mavzusi fiqhiy kitoblarda tahorat bobining so‘ngida keladi.  Bundan bilinadiki, muallif bu borada tartibga e’tibor bermagan.        Imom Nasafiy asarni tasnif qilishda ba’zi fiqh va lug‘atga doir kitoblar, tafsir va hadis kitoblaridan foydalanadi va ularning nomlarini ochiq zikr qiladi. Bazilarining nomlarini  esa zikr qilmaydi.

       Imom Nasafiy asarning muqaddimasida kitobning yozilishi sababini keltirib, shunday deydi: “Bir jamoa ahli ilm mendan fiqh lug‘atidag‘i begona lafzlarni tushunmagan va mashoyixlarimiz kitoblarida zikr qilingan arab lafzlarini bilishda mohir bo‘lmaganlar uchun mushkil istilohlarni sharhlashni so‘rashdi. Allohdan yordam so‘rab, bu kitobni jamladim”.

       Xulosa o‘rinda shuni aytamizki, bu kitob ilm toliblari foydalanadigan nodir kitoblardan biridir. Kelgusida bu kitob borasida ilmiy ish va tadqiqotlar olib borilib, ona tilimizga tarjima qilinadi,  degan umiddamiz.

Manbalar asosida

Toshkent islom instituti

talabasi

Xalilulloh YUSUF

tayyorladi

Fiqh
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

YUNЕSKO bilan O‘zbekiston mahalla tizimi tajribasini xalqaro darajada targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi

14.08.2026   10994   1 min.
YUNЕSKO bilan O‘zbekiston mahalla tizimi tajribasini xalqaro darajada targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi

O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.

YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.

YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.

Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari