Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

01.06.2018 y. Zakot molni poklash demakdir

25.05.2018   11775   12 min.
01.06.2018 y. Zakot molni poklash demakdir

بسم الله الرحمن الرحيم

ZAKOT MOLNI POKLASH DЕMAKDIR

Muhtaram jamoat! Zakot – islomning beshta asosiy ustunlaridan uchinchisi bo‘lib, hijratning ikkinchi yili shavvol oyida ramazon ro‘zasi va fitr sadaqasidan so‘ng farz qilingan. Zakot  lug‘atda: poklik, ko‘payish, ziyoda bo‘lish va baraka ma’nolarida keladi. Shar’iy istilohda esa: “Muayyan mollardan belgilangan bir bo‘lagini Alloh taolo belgilab bergan bir toifa musulmon kishilarga mulk qilib berishdir”. Zakot so‘zining ma’nolaridan bevosita ko‘rinib turibdiki, uni bergan kishining mol-u davlatining qolgan qismi faqir va miskinlarning haqqidan pok bo‘ladi. Zakoti berilgan molga baraka kiradi, shuningdek, ko‘payib, o‘sib borib, ziyoda bo‘laveradi. Zakoti ado etilgan mollarni Alloh taolo asraydi. Bu hayot tajribalaridan juda ko‘p marotaba o‘tgan.  Qur’oni Karimning o‘ttiz ikki joyida zakot  berishga buyruq bo‘lib, shundan yigirma sakkiztasi namoz bilan birga zikr qilingan. Shu e’tibordan zakotning martabasi namozning martabasi bilan barobar desak hato qilmaymiz. Holbuki, namoz dinning ustuni deyiladi. Demak, musulmon inson namoz bilan zakotning orasini ajratmaydi. Bu haqda Alloh Taolo Qur’oni karimda shunday degan:

وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ

 (سورة النور/56)

ya’ni: “Namozni to‘kis ado qilinglar, zakotni beringlar va Rasulga itoat qilinglar, shoyadki, rahm qilinsangiz”(Nur surasi, 56-oyat).

Ramazon oyi xayru saxovat va mehr-oqibat oyi bo‘lganligi uchun hamda bu oyda bajariladigan barcha amallarga ajrlar bir necha barobar ko‘paytirib berilishidan umid qilib mo‘min-musulmonlar zakotlarini ushbu oyda berishga odatlanishgan.

Quyidagi oyati karima zakot berish farz ekanligiga dalil hisoblanadi.

خُذْ مِنْ أَمْوَالِهِمْ صَدَقَةً تُطَهِّرُهُمْ وَتُزَكِّيهِمْ بِهَا  ...

(سورة التّوبة/103)

ya’ni: “Mol-mulklaridan ularni u sababli poklashingiz va tozalashingiz uchun sadaqa oling...”. (Tavba surasi, 103-oyat)

Boylar bir qism mollarini kambag‘allarga berishlari farz qilingan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

وَالَّذِينَ فِي أَمْوَالِهِمْ حَقٌّ مَعْلُومٌ لِلسَّائِلِ وَالْمَحْرُومِ

 (سورة المعارج/24-25)

ya’ni: “Ularning mol-mulklarida so‘raguvchi va bechora uchun ma’lum haq bordir” (Ma’orij surasi, 24-25-oyat)

Zakot boy va kambag‘alni bir-biriga yaqinlashtiradi, boy kishi yordam qilish sevinchi bilan yashasa, kambag‘al esa o‘z qalbida boyga nisbatan muhabbat va hurmat hissini tuyadi va xasislik o‘rtadan ko‘tariladi.

Zakoti berilgan mol har qanday balo va ofatlardan saqlanishi haqida Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar:

عَنِ الْحَسَنِ الْبَصْرِي رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ "حَصِّنُوا أَمْوَالَكُمْ بِالزَّكَاةِ وَدَاوُوا مَرْضَاكُمْ بِالصَّدَقَةِ وَأَعِدُّوا لِلْبَلاءِ الدُّعَاءَ"

(رواه الإمام أبو داود)

ya’ni: Mollaringizni zakot (berishlik) bilan saqlangiz. Kasallaringizni sadaqa (berishlik) bilan davolangiz va turli balo-ofatlarga duoni hozirlangiz” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan  rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "إِذَا أَدَيْتَ زَكَاةَ مَالِكَ فَقَدْ قَضَيْتَ مَا عَلَيْكَ"

(رواه الإمام الترمذي)

ya’ni: “Qachon molingni zakotini ado qilsang, albatta, zimmangdagi burchni bajaribsan, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Zakot zimmasiga farz bo‘lgan kimsa uni kechiktirish bilan gunohkor bo‘ladi. Chunki, zakot faqirlarning haqqi bo‘lib, uni bermasdan o‘zida ushlab turish mumkin emasdir. Imom Muhammad rahmatullohi alayh: “Zakotni qasddan bermay kechiktirib yurgan kishining guvohligi qabul qilinmaydi” deganlar.

Shayton zakot beruvchi kishiga go‘yo molini qirqdan birini bersa, moli ozayib ketgandek tuyiltirishi mumkin. Biroq molni faqirga berish bilan mol hargiz kamaymaydi. Balki egasi o‘ylamagan tomonidan Alloh taolo molini ziyoda qiladi. Bunga qo‘yidagi hadis yaqqol dalil hisoblanadi:

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar:

عَنْ أَبِي كَبْشَةَ الْأَنَّمَارِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ سَمِعَ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: "مَا نَقَصَ مَالٌ مِنْ صَدَقَةٍ قَطُّ"

(رواه الإمام الترمذي)

ya’ni: “Mol-mulk sadaqa qilish bilan zinhor kamaymaydi” (Imom Termiziy rivoyati).

Zakotda zakot beruvchiga ham, oluvchiga ham, ular yashab turgan jamiyatga ham ko‘plab dunyoviy va uxroviy foydalar bor. Shuningdek, u tufayli mulkdor tarafning qalbi, poklanib, ruhiy tomondan o‘sib borishi yuzaga keladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Muoz ibn Jabalni Yamanga voliy qilib yuborayotganlarida  shunday deganlar:

فَأعْلِمْهُمْ أنَّ اللهَ قَدِ افْتَرَضَ عَلَيْهِمْ صَدَقَةً تُؤخَذُ مِنْ أغْنِيَائِهِمْ فَتُرَدُّ عَلَى فُقَرَائِهِمْ

(رواه الإمام البخارى)

ya’ni: “Ularga bildirginki, Alloh taolo zimmalariga zakotni farz qilgandir. Zakotni u yerning boylaridan olinib, kambag‘allariga berilur!”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar:

عن أَنَسَ بْنَ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، يَقُولُ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "وَيْلٌ لِلأَغْنِيَاءِ مِنَ الْفُقَرَاءِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ، يَقُولُونَ: رَبَّنَا، ظَلَمُونَا حُقُوقَنَا الَّتِي فُرِضَتْ لَنَا عَلَيْهِمْ، فَيَقُولُ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ: وَعِزَّتِي وَجَلالِي، لَأُدْنِيَنَّكُمْ وَلأُبَاعِدَنَّهُمْ"

(رواه الإمام الطبرني)

ya’ni: “Qiyomat kuni yo‘qsillar sababli boylarning holiga voy! Qambag‘allar shunday deydilar: “Parvardigoro! boy kishilar Sen bizga ajratib bergan haqlarimizni bermasdan zulm qildilar”. Alloh Taolo shunday marhamat qiladi: “Izzatim va jalolim haqqi, sizni o‘zimga yaqinlashtiraman, ularni esa uzoqlashtiraman” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Imom G‘azzoliy rahmatillohu alayh aytadilar:

“Alloh taolo o‘z bandasiga jon ne’matini va mol ne’matini bergandir. Badan ibodatlari jon ne’matining shukridir, moliyaviy ibodatlar esa, mol ne’matining shukridir”.

Zakot berishi vojib bo‘lgan kishi o‘z vaqtida zakotini chiqarib bermasa, moli halokatga uchrashi haqida Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday marhamat qiladilar:

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُا قَالَتْ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: "مَا خَالَطَتِ الْزَكَاةُ مَالًا قَطُّ إِلَّا أَهْلَكَتْهُ"

(رواه الإمام البخاري)

ya’ni: “Qachon bir molga zakot aralashsa, albatta, uni halok qiladi

(Imom Buxoriy rivoyati). Demak,  zakot berish qolgan molning o‘sishiga, ko‘payishiga, eng muhimi, barakali bo‘lishiga va turli balo ofatlardan saqlanishiga sabab bo‘ladi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Alloh taolo bir necha oyatlarida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ham bir qancha hadislarida boyning molida kambag‘alning ulushi borligini bayon qilganlar. Shunday ekan, kim molining zakotini xasislik va och ko‘zlik qilib bermasa, baribir o‘zi bilmagan holda kambag‘alni haqqi uni molidan chiqib ketadi. Demak, kambag‘alni haqqi baribir chiqib ketar ekan, undan ko‘ra zakot vojib bo‘lgan vaqtni o‘zida zakotini bergan kimsa ham zimmasidagi farzni ado qilgan bo‘ladi va zakoti berilgan mollarga va’da qilingan barcha fazilatlarga erishadi.  Dunyo va oxiratdagi yuksak darajalarga erishadi.

Muhtaram jamoat! Mav’izaning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida zakotga tegishli ba’zi masalalar haqida suhbatlashamiz.

O‘MI Fatvo hay’ati tomonidan 2018 yilgi zakot nisobi 16 000 000 (o‘n olti million) so‘m etib belgilandi.

Zakot berish hur, aqliraso, balog‘atga yetgan, musulmon, nisob miqdoricha mablag‘ga ega, nisobga ega bo‘lganiga bir yil to‘lgan shaxslar zimmasiga farz bo‘ladi.

  • zakotning sharti ikkitadir: birinchisi zakot oluvchiga zakotni mulk qilib berish, ikkinchisi esa, zakotni berish yoki ajratish paytida zakot ekanligini niyat qilishdir;
  • 85 gram va undan ortiq tillosi bor kishi zakot berishi farz bo‘ladi;
  • pul yoki tijorat mollarining qiymati nisobga yetsa zakot berishi farz bo‘ladi;
  • bir kishining ozgina tillo, ozgina kumush, ozgina puli bo‘lsa, ularning barchasi qo‘shilganda nisobga yetsa zakot berish farz bo‘ladi;
  • ishlab chiqaruvchi korxonalarda ikki xil mol bo‘ladi. Birinchisi, xomashyolar. Ikkinchisi, tayyor bo‘lgan mahsulotlar. Zakot berish paytida ikkalasining qiymati hisobga olinadi. Lekin, zavod, fabrikalarning asbob-uskunalaridan zakot berilmaydi;
  • zakot farz bo‘lgan vaqtda uni ado etmagan bo‘lsa, necha yil o‘tsa ham zakoti zimmasidan soqit bo‘lmaydi;
  • hozirgi soliqlarni zakot hisoblasa bo‘ladimi? degan savol bilan ko‘p murojaat qilishmoqda. Islom ulamolari soliqlar hech qachon zakot o‘rniga o‘tmasligini ta’kidlashgan;
  • yashab turgan uy-joylari, iste’moldagi kiyimlari, minilib turadigan ulov, oziq-ovqat, pardoz buyumlari (agar tilla, kumushdan yasalmagan bo‘lsa), gavhar, marjon, yoqut, zumrad (agar sotish uchun saqlanmayotgan bo‘lsa) kasb-hunar asboblari kabi narsalardan zakot berilmaydi;
  • garovga qo‘ygan boyligi, madomiki, garovga olgan kishi qo‘lida ekan, undan zakot berish farz emas (Fatovoyi Olamgiriya);
  • qarzini bo‘yniga olmay yurgan qarzdor keyinchalik qarziga iqror bo‘lib ado etsa, haqdorning zimmasiga o‘tgan yillar uchun zakot berish vojib bo‘lmaydi. (Fatovoyi Olamgiriya);
  • qarzdor kishi agar zimmasidagi qarzini bersa, puli nisobdan kamayib qoladigan bo‘lsa, u kishiga zakot farz emas;
  • ijaraga berilgan bino, do‘kon va ulovlardan zakot berilmaydi. Balki, ulardan tushgan mablag‘ nisobga yetsa, zakot beriladi.
  • chorva mollari yarim yildan ko‘proq vaqt davomida yaylovda o‘tlatilsa va nisobga yetsa ulardan ham zakot beriladi. Tuyaning soni 5 ta bo‘lsa nisobga yetgan bo‘lib, undan zakot uchun bitta qo‘y beriladi. Qora molning soni 30 ta bo‘lsa nisobga yetgan bo‘lib, undan zakot uchun bitta bir yoshli buzoq beriladi. Qo‘y va echkining soni 40 ta bo‘lsa nisobga yetgan bo‘lib, undan zakot uchun bitta qo‘y yoki echki beriladi. Tijorat niyatida o‘yda boqilayotgan hayvonlarni soni qancha bo‘lishidan qat’iy nazar ularni puli hisoblanadi. Agar puli nisobga yetsa qirqdan biri zakot uchun beriladi.
  • zakotni kimlarga berib bo‘lmaydi: zakotni nisob miqdoricha moli bo‘lgan boy kishiga, o‘zining ota-onasi, bobo-momosiga, o‘zining o‘g‘il-qizlariga va ularning farzandlariga, er-xotin bir-biriga berish mumkin emas.
  • zakotni gunoh va ma’siyatga, shuningdek musulmonlarga zarar keltiradigan har qanday ishlarga sarflaydigan kimsalarga berilmaydi.
  • kimlarga bergan afzal: ushbu savolga “Fatavoi hindiya” kitobida shunday javob berilgan: “Zakot va fitrni berishda eng afzali avvalo aka-uka, opa-singillar hisoblanadi. So‘ng ularning farzandlari. Ulardan keyin amaki-ammalar, so‘ng ularning farzandlari. Tog‘a-xolalar va ularning farzandlari so‘ng yuqoridagilardan tashqari qarindoshlar. Ulardan keyin qo‘shnilar, kasbdoshlar, keyin hamshaharlar yoki qishloqdoshlar haqlidirlar.
  • “Bahrur roiq” kitobida: “Qarzi bor kishiga zakot berish faqirga zakot berishdan ko‘ra afzaldir”, deyilgan.

Alloh taolo barchamizga ibodatlarni o‘z vaqtida ado qiluvchilardan, zakotni chin dildan beruvchilardan qilsin. Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

13.08.2026   38707   3 min.
Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.

Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.

“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.

Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.

Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.

Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.

Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.

“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.

Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari