بسم الله الرحمن الرحيم
ZAKOT MOLNI POKLASH DЕMAKDIR
Muhtaram jamoat! Zakot – islomning beshta asosiy ustunlaridan uchinchisi bo‘lib, hijratning ikkinchi yili shavvol oyida ramazon ro‘zasi va fitr sadaqasidan so‘ng farz qilingan. Zakot lug‘atda: poklik, ko‘payish, ziyoda bo‘lish va baraka ma’nolarida keladi. Shar’iy istilohda esa: “Muayyan mollardan belgilangan bir bo‘lagini Alloh taolo belgilab bergan bir toifa musulmon kishilarga mulk qilib berishdir”. Zakot so‘zining ma’nolaridan bevosita ko‘rinib turibdiki, uni bergan kishining mol-u davlatining qolgan qismi faqir va miskinlarning haqqidan pok bo‘ladi. Zakoti berilgan molga baraka kiradi, shuningdek, ko‘payib, o‘sib borib, ziyoda bo‘laveradi. Zakoti ado etilgan mollarni Alloh taolo asraydi. Bu hayot tajribalaridan juda ko‘p marotaba o‘tgan. Qur’oni Karimning o‘ttiz ikki joyida zakot berishga buyruq bo‘lib, shundan yigirma sakkiztasi namoz bilan birga zikr qilingan. Shu e’tibordan zakotning martabasi namozning martabasi bilan barobar desak hato qilmaymiz. Holbuki, namoz dinning ustuni deyiladi. Demak, musulmon inson namoz bilan zakotning orasini ajratmaydi. Bu haqda Alloh Taolo Qur’oni karimda shunday degan:
وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ
(سورة النور/56)
ya’ni: “Namozni to‘kis ado qilinglar, zakotni beringlar va Rasulga itoat qilinglar, shoyadki, rahm qilinsangiz”(Nur surasi, 56-oyat).
Ramazon oyi xayru saxovat va mehr-oqibat oyi bo‘lganligi uchun hamda bu oyda bajariladigan barcha amallarga ajrlar bir necha barobar ko‘paytirib berilishidan umid qilib mo‘min-musulmonlar zakotlarini ushbu oyda berishga odatlanishgan.
Quyidagi oyati karima zakot berish farz ekanligiga dalil hisoblanadi.
خُذْ مِنْ أَمْوَالِهِمْ صَدَقَةً تُطَهِّرُهُمْ وَتُزَكِّيهِمْ بِهَا ...
(سورة التّوبة/103)
ya’ni: “Mol-mulklaridan ularni u sababli poklashingiz va tozalashingiz uchun sadaqa oling...”. (Tavba surasi, 103-oyat)
Boylar bir qism mollarini kambag‘allarga berishlari farz qilingan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَالَّذِينَ فِي أَمْوَالِهِمْ حَقٌّ مَعْلُومٌ لِلسَّائِلِ وَالْمَحْرُومِ
(سورة المعارج/24-25)
ya’ni: “Ularning mol-mulklarida so‘raguvchi va bechora uchun ma’lum haq bordir” (Ma’orij surasi, 24-25-oyat)
Zakot boy va kambag‘alni bir-biriga yaqinlashtiradi, boy kishi yordam qilish sevinchi bilan yashasa, kambag‘al esa o‘z qalbida boyga nisbatan muhabbat va hurmat hissini tuyadi va xasislik o‘rtadan ko‘tariladi.
Zakoti berilgan mol har qanday balo va ofatlardan saqlanishi haqida Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
عَنِ الْحَسَنِ الْبَصْرِي رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ "حَصِّنُوا أَمْوَالَكُمْ بِالزَّكَاةِ وَدَاوُوا مَرْضَاكُمْ بِالصَّدَقَةِ وَأَعِدُّوا لِلْبَلاءِ الدُّعَاءَ"
(رواه الإمام أبو داود)
ya’ni: “Mollaringizni zakot (berishlik) bilan saqlangiz. Kasallaringizni sadaqa (berishlik) bilan davolangiz va turli balo-ofatlarga duoni hozirlangiz” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "إِذَا أَدَيْتَ زَكَاةَ مَالِكَ فَقَدْ قَضَيْتَ مَا عَلَيْكَ"
(رواه الإمام الترمذي)
ya’ni: “Qachon molingni zakotini ado qilsang, albatta, zimmangdagi burchni bajaribsan”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Zakot zimmasiga farz bo‘lgan kimsa uni kechiktirish bilan gunohkor bo‘ladi. Chunki, zakot faqirlarning haqqi bo‘lib, uni bermasdan o‘zida ushlab turish mumkin emasdir. Imom Muhammad rahmatullohi alayh: “Zakotni qasddan bermay kechiktirib yurgan kishining guvohligi qabul qilinmaydi” deganlar.
Shayton zakot beruvchi kishiga go‘yo molini qirqdan birini bersa, moli ozayib ketgandek tuyiltirishi mumkin. Biroq molni faqirga berish bilan mol hargiz kamaymaydi. Balki egasi o‘ylamagan tomonidan Alloh taolo molini ziyoda qiladi. Bunga qo‘yidagi hadis yaqqol dalil hisoblanadi:
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar:
عَنْ أَبِي كَبْشَةَ الْأَنَّمَارِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ سَمِعَ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: "مَا نَقَصَ مَالٌ مِنْ صَدَقَةٍ قَطُّ"
(رواه الإمام الترمذي)
ya’ni: “Mol-mulk sadaqa qilish bilan zinhor kamaymaydi” (Imom Termiziy rivoyati).
Zakotda zakot beruvchiga ham, oluvchiga ham, ular yashab turgan jamiyatga ham ko‘plab dunyoviy va uxroviy foydalar bor. Shuningdek, u tufayli mulkdor tarafning qalbi, poklanib, ruhiy tomondan o‘sib borishi yuzaga keladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Muoz ibn Jabalni Yamanga voliy qilib yuborayotganlarida shunday deganlar:
فَأعْلِمْهُمْ أنَّ اللهَ قَدِ افْتَرَضَ عَلَيْهِمْ صَدَقَةً تُؤخَذُ مِنْ أغْنِيَائِهِمْ فَتُرَدُّ عَلَى فُقَرَائِهِمْ
(رواه الإمام البخارى)
ya’ni: “Ularga bildirginki, Alloh taolo zimmalariga zakotni farz qilgandir. Zakotni u yerning boylaridan olinib, kambag‘allariga berilur!”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
عن أَنَسَ بْنَ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، يَقُولُ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "وَيْلٌ لِلأَغْنِيَاءِ مِنَ الْفُقَرَاءِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ، يَقُولُونَ: رَبَّنَا، ظَلَمُونَا حُقُوقَنَا الَّتِي فُرِضَتْ لَنَا عَلَيْهِمْ، فَيَقُولُ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ: وَعِزَّتِي وَجَلالِي، لَأُدْنِيَنَّكُمْ وَلأُبَاعِدَنَّهُمْ"
(رواه الإمام الطبرني)
ya’ni: “Qiyomat kuni yo‘qsillar sababli boylarning holiga voy! Qambag‘allar shunday deydilar: “Parvardigoro! boy kishilar Sen bizga ajratib bergan haqlarimizni bermasdan zulm qildilar”. Alloh Taolo shunday marhamat qiladi: “Izzatim va jalolim haqqi, sizni o‘zimga yaqinlashtiraman, ularni esa uzoqlashtiraman” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Imom G‘azzoliy rahmatillohu alayh aytadilar:
“Alloh taolo o‘z bandasiga jon ne’matini va mol ne’matini bergandir. Badan ibodatlari jon ne’matining shukridir, moliyaviy ibodatlar esa, mol ne’matining shukridir”.
Zakot berishi vojib bo‘lgan kishi o‘z vaqtida zakotini chiqarib bermasa, moli halokatga uchrashi haqida Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday marhamat qiladilar:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُا قَالَتْ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: "مَا خَالَطَتِ الْزَكَاةُ مَالًا قَطُّ إِلَّا أَهْلَكَتْهُ"
(رواه الإمام البخاري)
ya’ni: “Qachon bir molga zakot aralashsa, albatta, uni halok qiladi”
(Imom Buxoriy rivoyati). Demak, zakot berish qolgan molning o‘sishiga, ko‘payishiga, eng muhimi, barakali bo‘lishiga va turli balo ofatlardan saqlanishiga sabab bo‘ladi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Alloh taolo bir necha oyatlarida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ham bir qancha hadislarida boyning molida kambag‘alning ulushi borligini bayon qilganlar. Shunday ekan, kim molining zakotini xasislik va och ko‘zlik qilib bermasa, baribir o‘zi bilmagan holda kambag‘alni haqqi uni molidan chiqib ketadi. Demak, kambag‘alni haqqi baribir chiqib ketar ekan, undan ko‘ra zakot vojib bo‘lgan vaqtni o‘zida zakotini bergan kimsa ham zimmasidagi farzni ado qilgan bo‘ladi va zakoti berilgan mollarga va’da qilingan barcha fazilatlarga erishadi. Dunyo va oxiratdagi yuksak darajalarga erishadi.
Muhtaram jamoat! Mav’izaning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida zakotga tegishli ba’zi masalalar haqida suhbatlashamiz.
O‘MI Fatvo hay’ati tomonidan 2018 yilgi zakot nisobi 16 000 000 (o‘n olti million) so‘m etib belgilandi.
Zakot berish hur, aqliraso, balog‘atga yetgan, musulmon, nisob miqdoricha mablag‘ga ega, nisobga ega bo‘lganiga bir yil to‘lgan shaxslar zimmasiga farz bo‘ladi.
Alloh taolo barchamizga ibodatlarni o‘z vaqtida ado qiluvchilardan, zakotni chin dildan beruvchilardan qilsin. Omin!
Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi xorijlik OAVda katta qiziqish uyg‘otgan.
Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va axborot xurujlari avj olgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining mamlakatlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni shakllantirishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.
Maqolada ta’kidlanishicha, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston bu kabi global muhokamalar uchun eng maqbul maydondir.
Qatarning “The Peninsula” gazetasi mas’ul muharriri Muhammad Osmon forumning raqamli axborot asridagi ahamiyatiga to‘xtalib, Imom Buxoriyning hadislarni to‘plash va ularning haqqoniyligini tekshirishdagi qat’iy yondashuvini tilga oldi.
U ushbu metodologiyani manbalarni chuqur o‘rganish va verifikatsiya qilishning o‘chmas namunasi deb atadi va bu tamoyillar feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt mahsulotlari ko‘paygan hozirgi davrda juda ahamiyatli ekanini bildirdi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri O‘tkir Alimov forumning Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratgan. U 50 mamlakatdan 300 ga yaqin OAV vakillarining Toshkentda jamlangani O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Maqolada Toshkentdagi xalqaro mediaforum jurnalistika mas’uliyati, tarixiy tadqiqotlar chuqurligi va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini birlashtirgan holda Islom sivilizatsiyasini yangi, zamonaviy qiyofada dunyoga tanitishga xizmat qilishi bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati