Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlarida Julaybib ismli sahoba bo‘lgan. Qorachadan kelgan, bo‘yi past, oddiy kiyimda, uyi yo‘q, yegulikka biror narsa topsa yer, bo‘lmasa ro‘za tutar, to‘shagi yer, yopinchig‘i osmon, yostig‘i esa ikki kovushi edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning masjidlari oldidagi suffada hayot kechirardi.
Bir kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalari bilan o‘tirgan edilar. Julaybib roziyallohu anhu ularning oldidan o‘tib ketayotgan edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Anavi kim bilasizlarmi?» dedilar. Sahobalarning aksari uning hatto ismini ham bilishmadi. Uyi yo‘q, joyi yo‘q odamni kim ham tanirdi. Chunki Julaybibga o‘xshagan odamlar ko‘rinmay qolsa yoki bir joyga ketib qolsa, hech kim qidirmas, bor yo‘qligi bilinmasdi. Oddiy odam edi.
U zotning o‘zlari: «Bu Julaybib», dedilar. Uni chaqirib: «Ey Julaybib, uylanmaysanmi?» dedilar. Julaybib roziyallohu anhu ahvolidan nolimadi, men qiynalib qolganman, deb shikoyat qilmadi. Biroz qarab turdida:
«وَ مَنْ يُزَوِّجُ جُلَيْبِبًا وَلاَ مَالَ وَلاَ جَاهَ فِي الدُّنْيَا»
«Yo Rasululloh! Na moli bor va na mansabi bor Julaybibga kim ham qizini berardi bu dunyoda?» dedi.
Bu holat yana ikki marta takrorlandi. «Ey Julaybib uylanmaysanmi?» deganda, Julaybib yana o‘sha so‘zini takrorladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Falonchi ansoriyning uyiga bor va: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sizlarga salom aytdilar va qizingizni menga turmushga berar ekansizlar, shuni yetkazishimni menga tayinladilar», degin», dedilar. Julaybib roziyallohu anhu payg‘ambarimiz aytganlaridek qildi. Haligi ansoriy sahoba nima deyishga hayron. Qizi ansoriyya ayollarning eng go‘zali, Julaybib esa na moli bor, na chiroyi bor, ko‘rimsiz oddiy qorachadan kelgan, buning ustiga boshpanasi ham yo‘q edi.
Julaybibga qarab: «Qanday qilib qizimni senga beraman, na moling bor va na ishing», dedi. Sahobiyning ayoli ham eriga: «Qizimizni mana shu Julaybibga beramizmi?» dedi va uni ortiga qaytarmoqchi bo‘lishdi. Shunda oqila, soliha, obida qiz:
«كَيْفَ هَذَا! أَوَتَرُدَّانِ رَسُولَ رَسوُلِ اللهِ؟ وَاللهِ إنِّي أجَزْتُ زَوَاجِ»
«Ey Otajon, ey onajon, qanday qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nomlaridan sovchi bo‘lib kelgan kishini qaytarasizlar. Allohga qasamki, men mana shu insonga turmushga chiqaman», deb unga turmushga chiqishga rozi bo‘ldi. To‘y bo‘ldi. Visol kunining birinchi kechasi yaqinlashayotgan paytda jarchi: «Din himoyasi uchun chiqinglar», deb nido qildi. Julaybib Madinadagi eng go‘zal, chiroyli ayolini eng shirin lahzalarda tark qilib askarlar safiga qo‘shilib din va musulmonlar himoyasi uchun ketdi. Jangda musulmonlar g‘alaba qozondi. Lekin yo‘qotishlar bo‘ldi. Ba’zi sahobalar o‘ldi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam jang maydoniga kelib sahobalarni birin-ketin qidira boshladilar. Falonchi o‘libdi, falonchi o‘libdi, deb o‘lgan sahobalarni sanab chiqishdi. Lekin biror kishi Julaybibni tilga olmadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«ألاَ تَفْقِدُ حَبِيبًا؟»
«Habibni ya’ni do‘stni yo‘qotmadingizmi?» dedilar. Sahobalar hayron. Hamma vafot etgan mashhur sahobalarni sanab chiqishgan edi. Ular: «Kim ekan u siz aytayotgan do‘st, ey Allohning Rasulu?» deyishdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«أَفْقِدُ حَبِيبِي جُلَيْبِبًا»
«Men do‘stim Julaybibni qidirayapman», dedilar. Jang maydonidan Julaybibning jasadini qidirib topdilar. Uning boshini muborak tizzalariga qo‘ydilar va:
«أنْتَ مِنِّي و أنَا مِنْكَ، أنْتَ مِنِّي و أنَا مِنْكَ، أنْتَ مِنِّي و أنَا مِنْكَ»
«Sen mendansan va men sandanman! Sen mendansan va men sandanman! Sen mendansan va men sandanman!» dedilar. Bir pas turib boshlarini boshqa tomonga burdilar. «Nima uchun boshimni boshqa tomonga burganimni bilasizlarmi? dedilar. Ular: «Yo‘q», deyishdi. «Allohga qasamki, Julaybibning hurdan bo‘lgan xotinlari bag‘riga bosish uchun talashib kelayotganini ko‘rdim. Va Julaybibning rashki yodimga tushib yuzimni boshqa tomonga burdim», dedilar»[1].
Mana iymonida sodiq, taqvodor Julaybib Alloh nazdida qadrli edi! Garchi o‘zi yashab turgan hududda yon atrofidagi odamlar Julaybib roziyallohu anhuni yaxshi tanimasada, osmondagi farishtalar uning nomini tilga olishar edi.
Alloh barchamizni iymonda sodiq va taqvodor, solih bandalaridan qilsin!
Julaybib hazratlaridan Alloh rozi bo‘lsin!
Mir-arab o‘rta maxsus Islom bilim yurti
mudiri Elov Jobir
[1] «Sahih Muslim», «Musnad Ahmad», «Shu’abul iymon» va «Sahih Ibn Hibbon» kitoblariga qaralsin.
Farzand uchun ota-onaga xizmat qilib, ularning roziligini olishdan ham ulug‘roq saodat yo‘q. Boisi Alloh taolo rizosi ota-ona roziligiga bog‘langan.
Mehribon Robbimiz ota-ona roziligini topish uchun bizlarga uning yo‘llari va vositalarini oson qilib qo‘ygan. Nafaqat hayotliklarida, balki dunyodan ko‘z yumganlaridan keyin ham ularga yaxshilik qilish shulardan biridir.
Shariatimizda ota-ona nafaqat hayotlik chog‘larida, balki ular bu dunyodan o‘tib ketganlaridan keyin ham haqlarini ado etmoqlik farzand zimmasidagi vazifalardan sanaladi. Ana shulardan biri ota-ona yaqinlari va do‘stlariga yaxshilik qilishdir.
Ibn Dinordan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Umarning eshagi va sallasi bo‘lar edi. Bir kuni o‘sha eshagini minib ketayotgan edi, oldidan bir a’robiy o‘tib qoldi. Shunda “Sen falonchining o‘g‘li emasmisan?” dedi. U: “Ha, shunday”, dedi. Ibn Umar unga eshakni berib, “Bunga minib ol”, dedi va sallasini berib: “Buni boshingga o‘rab ol”, dedi.
Sheriklaridan biri unga: “Alloh sizni mag‘firat qilsin! Charchaganda minib turadigan eshagingizni, boshingizga o‘raydigan sallangizni mana shu a’robiyga berdingiz-a?” dedi. Ibn Umar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Yaxshiliklarning eng yaxshisi – kishi otasi ketganidan (vafot etganidan) so‘ng uning yaxshi ko‘rganlariga yaxshilik qilishidir”, deganlarini eshitganman. Uning otasi (otam) Umarning do‘sti edi”, dedi” (Imom Muslim rivoyati).
Abu Usayd Molik ibn Rabi’a So’idiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida edik, Bani Salimalik bir kishi kelib, “Yo Allohning Rasuli, ota-onamning vafotidan keyin ularga qilishim mumkin bo‘lgan yaxshiliklardan biror narsa qoldimi?” dedi. U zot: “Ha. Ularning haqqiga duo qilish, ular uchun istig‘for aytish, ulardan keyin ahdlariga vafo qilish, ular orqaligina bog‘lanadigan silai rahmni bog‘lash va ularning do‘stlarini ikrom qilish”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hadisi sharifda farzand o‘z ota-onasiga qiladigan yaxshilik ularning vafotlaridan keyin ham davom etishi lozimligi bayon qilinmoqda. Ya’ni, farzand ota-onasi haqqiga ularning vafotidan keyin ham mag‘firat so‘rab duo qilib tursa, ular uchun Alloh taologa istig‘for aytishni kanda qilmasa, inshoAlloh ota-onasining savobiga savob qo‘shilib boraveradi, darajasi esa ko‘tariladi. Yana bir muhim jihat shuki, farzandlar ota-onasining yaqinlariga hamisha sila rahm qilishi, ularning hollaridan xabar olib turishlari lozim.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Otangning do‘stligiga rioya qil, shunda Alloh taolo nuringni so‘ndirmaydi”, deganlar.
Demak, ota bilan do‘stlashgan har qanday odamlardan aloqani uzmaslik kerak.
Ilyosxon AHMЕDOV