بسم الله الرحمن الرحيم
Islom mo‘tadil din
Muhtaram jamoat! Islom dinini Alloh taolo odamlarga mashaqqat tug‘dirmaydigan oson va yengil qilib nozil qilgandir. Zero, Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarida islom yengil din ekani, unda qiyinchilik yo‘q ekanligi atroflicha yoritilgan.
Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:
لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا
ya’ni: “Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi”, (Baqara surasi, 286-oyat).
Dinimizdagi barcha ibodatlar bandalarning toqat va qodirliklariga qarab buyuriladi. Masalan, ro‘za ibodatini olsak, bir kishi xastaligi kuchayishi yoki sog‘ayishining kechikishidan qo‘rqsa, safarda yurgan kishi ro‘za tutishga qiynalsa, homilador yoki emizikli ayol go‘dagiga ziyon yetishidan xavotirda bo‘lsa, bunday kishilar o‘sha vaqtda ro‘za tutmasliklariga ijozat berilgan. Ular ro‘za tutishga mone bo‘lgan sabablar ketganidan so‘ng, qoldirgan kunlarining qazosini tutib beradilar. Tabarruk yoshdagi otaxon va onaxonlar umuman ro‘za tuta olmasalar har kungi ro‘za uchun bir miskin taomi miqdorida fidya beradilar. Dinimizda mana shunday tarzda bandalarning imkoniyatlariga qarab ularga sharoit yaratib berilgan.
Yana boshqa bir oyatda esa:
يُرِيدُ اللَّهُ بِكُمُ الْيُسْرَ وَلَا يُرِيدُ بِكُمُ الْعُسْرَ
ya’ni: “Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi”, (Baqara surasi, 185-oyat).
وَمَا جَعَلَ عَلَيْكُمْ فِي الدِّينِ مِنْ حَرَجٍ
ya’ni: “Alloh taolo dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi”, (Haj surasi, 78-oyat).
Yana bir misol, tahorat uchun suv topa olmagan kishi yoki xasta kishining tayammum bilan namoz o‘qishi, og‘ir xasta kishilarga imo-ishora bilan ibodat qilishning joizligi, safardagi kishining to‘rt rakatli farz namozlarni qasr qilishi kabi yengillik va ruxsatlar shular jumlasidandir.
Alloh taolo musulmon ummatining sifati haqida Qur’oni karimning Baqara surasida shunday marhamat qiladi:
وَكَذَلِكَ جَعَلْنَاكُمْ أُمَّةً وَسَطًا لِتَكُونُوا شُهَدَاءَ عَلَى النَّاسِ وَيَكُونَ الرَّسُولُ عَلَيْكُمْ شَهِيدًا
ya’ni: “Ana shunday qilib, odamlar ustidan guvoh bo‘lishingiz va Rasul ustingizdan guvoh bo‘lishi uchun o‘rta ummat qildik”, (Baqara surasi, 143-oyat).
Islom ummati haqiqatda o‘rta – mo‘tadil ummatdir. Boshqa ba’zi ummatlarga o‘xshab, biror nohaq tarafga og‘ib ketmaydi. Yoki boshqasiga o‘xshab faqat moddiy narsalargagina suyanmaydi. Balki, inson o‘z tabiatidagi xususiyatiga qarab ham ruhiy, ham moddiy jihatga o‘rtacha, adolatli, mo‘tadil va eng afzal munosabatda bo‘ladi.
Ushbu ma’nolar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflarida ham o‘z ifodasini topgan.
عن أَبي هريرةَ رضي الله عنه عن النَّبيّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "إنَّ الدِّينَ يُسْرٌ، وَلَنْ يُشَادَّ الدِّينَ أَحَدٌ إلا غَلَبَهُ، فَسَدِّدُوا وَقَارِبُوا وَأبْشِرُوا، وَاسْتَعِينُوا بِالغَدْوَةِ وَالرَّوْحَةِ وَشَيءٍ مِنَ الدُّلْجَةِ" (رواه البخاري).
ya’ni: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta din osondir. Kimki unda chuqur ketsa, dinga mag‘lub bo‘ladi. Shunday ekan dinda to‘g‘ri bo‘linglar va yaqinlashib yuringlar. Yaxshilik bilan suyuntiring. Sahar chog‘ida, tushdan keyin va kechaning bir qismida (ibodat qilib) foydalaning”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Anas roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عن أَنَسٍ رضي الله عنه عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم، قَالَ: يَسِّرُوا وَلاَ تعَسِّرُوا، وَبَشِّرُوا وَلاَ تُنَفِّرُوا (متفق عليه).
ya’ni: “Osonlashtiring, qiyinlashtirmang! Qiziqtiring, bezdirmang!”, (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati)
Muhtaram jamoat! Sog‘lom fikrli inson yaxshi anglaydiki, Islom dini ta’limotida mo‘tadillik g‘oyasi yotadi va unga ergashish insoniyatni hech qachon zalolatga boshlamaydi. Zero, mo‘tadillik bu – haddan oshish yoki sustkashlikka yo‘l qo‘yish, qattiq olish yoki o‘ta bo‘sh qo‘yib yuborish o‘rtasida bo‘lib, mana shu muvozanatni saqlagan kishi to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir a’robiy Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib shunday deydi:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه أَنَّ أَعْرَابِيا جَاءَ إِلَى رَسُولُ اللّهِ صلى الله عليه وسلم فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللّهِ دُلَّنِي عَلَى عَمَلٍ إِذا عَمِلْتُهُ دَخَلْتُ الْجنَّةَ. قَالَ: «تَعْبُدُ اللّهَ لاَ تُشْرِكُ بِهِ شَيْئًا، وَتُقِيمُ الصَّلاَةَ الْمَكْتُوبَةَ. وَتُؤَدِّي الزَّكَاةَ الْمَفْرُوضَةَ. وَتَصُومُ رَمَضَانَ». قَالَ: وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لاَ أَزِيدُ عَلَى هٰذَا شَيْئا أَبدا، وَلاَ أَنْقُصُ مِنْهُ. فَلَمَّا وَلَّى، قَالَ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم: "مَنْ سَرَّهُ أَنْ يَنْظُرَ إِلَى رَجُلٍ مِنْ أَهْلِ الجنَّةِ، فَلْيَنْظُرْ إِلَى هٰذَا"
(مُتّفَقٌ عَلَيْهِ)
ya’ni: “Meni bir amalga yo‘llangki, uni qilsam jannatga kiray”. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Allohga ibodat qilasan, Unga biron sherik qilmaysan, farz namozlarni o‘qiysan, farz qilingan zakotni o‘taysan, Ramazon ro‘zasini tutasan” dedilar. U: “Jonim Qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, bundan ziyoda ham qilmayman, kamaytirmayman ham” dedi. U qayrilib ketgach, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Kim jannat ahlidan bo‘lgan kishiga boqishni istasa mana bunga boqsin”, – dedilar (Muttafaqun alayh).
Muhtaram jamoat! Mav’izamizning davomida ro‘zani buzuvchi ba’zi omillar haqida suhbatlashamiz.
Quyidagi amallar ro‘zani buzadi hamda qazo va kafforat vojib bo‘ladi:
Ro‘zani qasddan buzishning kafforati quyidagilardan iborat:
Quyidagi amallar ro‘zani buzadi va faqat qazosini tutish vojib bo‘ladi:
Alloh taolo barcha amallarimizni O‘zining shariatiga muvofiq holda bajarishimizni nasib aylasin. Omin!
Marg‘ilon shahrida jahon tamadduni va islom ilm-faniga beqiyos hissa qo‘shgan mutafakkirlardan biri — Imom Burhoniddin Marg‘iloniy nomi bilan bog‘liq yangi ilmiy-ma’rifiy turizm markazi barpo etilmoqda. “Navro‘z” mahallasi hududida tashkil etilayotgan mazkur majmua nafaqat yurtimiz, balki xalqaro miqyosda ham ahamiyatga molik loyihalardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Bosh reja asosida qurilayotgan markazda Burhoniddin Marg‘oniy ilmiy-tadqiqot markazi, zamonaviy shaklda tashkillashtiriladigan muzey, milliy uslubda barpo etiladigan “Otabek va Kumush” uyi, sun’iy ko‘l, maqom teatri, gastronomiya va xizmat ko‘rsatish markazlari, savdo do‘konlari, mehmonxonalar hamda bozor infratuzilmasi nazarda tutilgan.
Mazkur qurilishlar kelajakda Marg‘ilon shahrining tarixiy, ilmiy va turizm salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Bu joy, shubhasiz, ziyorat va ilmiy tadqiqot maqsadida keluvchilar uchun ham jozibador maskanga aylanadi.
Shu kunlarda mazkur hududda qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Bugungi kunda ilmiy-tadqiqot markazi binosi bilan bir qatorda boshqa muhim inshootlarning ham qurilishi boshlangan.
Marg‘ilon shahrida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar shahar bosh imom-xatibi Abdulfattoh domla Olimov boshchiligida majmua bilan yaqindan tanishish maqsadida obyektga bordilar.
Tashrif chog‘ida imom-xatiblar bu yerdagi qurilish ishlarining holati bilan tanishdilar, loyihalarning mazmun-mohiyati yuzasidan mas’ullardan ma’lumotlar olishdi.
Mazkur majmua nafaqat Marg‘ilon, balki Farg‘ona vodiysi hamda butun mamlakatimiz uchun muhim madaniy-ma’rifiy maskan bo‘lib, u kelajakda yoshlar tarbiyasi, diniy soha xodimlarining salohiyatini oshirish, milliy o‘zlikni anglash va qadriyatlarni asrash yo‘lida xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati