Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Avgust, 2025   |   13 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:53
Quyosh
05:24
Peshin
12:34
Asr
17:28
Shom
19:37
Xufton
21:01
Bismillah
07 Avgust, 2025, 13 Safar, 1447

Isrofgarchilik barakani ketkizadi

14.05.2018   8036   8 min.
Isrofgarchilik barakani ketkizadi

Alloh taolo insonlarni turli millat va elat shaklida yaratib, ularni Yer yuzini makon tutib, undagi ne’matlardan foydalanib hayot kechirishga buyurdi. Yana bandalariga behisob ne’matlarni ato etib qo‘ydiki, ularni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Alloh taoloning O‘zi bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat etadi:

“Shuningdek, sizlarga barcha so‘ragan narsalaringizdan ato etdi. Agar Allohning ne’mat(lar)ini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. Haqiqatan, inson (o‘ziga) o‘ta zolim va (Rabbiga) juda noshukrdir” (Ibrohim surasi, 34-oyat).

Shu ne’matlar ichida oila atalmish bir ne’mat borki, unda ikki jins egasi, ya’ni erkak va ayolning er-xotin bo‘lib birgalikda yashashlari iroda etilgan. Parvardigor erkaklarni oila ustuni, uning rahbari, ta’minotchisi qilib belgilagan, ayollarga esa ro‘zg‘or tasarrufi, bola tarbiyasi, oila ishlarini yuritish vazifalarini yuklagan. Alloh taolo bu borada shunday marhamat etadi:

Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir. (Ayollar ichida) solihalari – bu (Allohga va eriga) itoatli, g‘oyibga Alloh saqlaganicha himoyatli (ya’ni, erlarining sirlari, mulklari va obro‘larini saqlovchi)lardir (Niso surasi, 34-oyat).

Ammo insonlarga shuncha ne’matlarini ato etib qo‘ygan Alloh taolo ularni bu ne’matlardan oqilona foydalanishga, tejab-tergab ishlatishga, aslo isrofga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi. Bu borada Qur’oni karim bunday ta’lim beradi:

“…Shuningdek, yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay” (A’rof surasi, 31-oyat).

Barcha aqli raso, idrokli kishilarga ma’lum va ma’rufdirkim, har qanday ishda o‘rtahollik, mo‘tadillik va me’yor hamisha ma’qullanib kelingan. Haddan oshishlik, isrofgarchilik, manmanlik va riyokorlik kabi illatlar esa ham aqlan, ham shar’an qoralanib, ulardan hazar qilishga buyurilgan. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

«Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayr-ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang!» (Isro surasi, 26-oyat).

Demak, silai rahm, xayr-ehson va turli sadaqalarni berishda ham me’yordan tashqari xarajat qilish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish Alloh tomonidan ham man’ etilgan.

Isrof dinimizda qattiq qoralangan. Qur’oni karimda isrofning zarari, isrofgarning mazammati haqida bir necha oyati karimalar bor. Alloh taolo marhamat qiladi:

(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang! Aks holda, malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz” (Isro surasi, 29-oyat).

Alloh taolo Qur’onda mo‘minlarning sifatlarini zikr etar ekan, ularning isrofgar ham, xasis ham bo‘lmasliklarini bayon etadi:

“Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir” (Furqon surasi, 67-oyat).

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:Seni ikki xislat – faxrlanish va isrofgarchilik xatoga boshlamasa, xohlaganingni yeb, xohlaganingni ichaver», deganlar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Faxri koinot aytganlaridek: Yenglar, ichinglar, sadaqa qilinglar, ammo isrofgarchilik va faxrga o‘tmanglar»; «Kim hayotda tejamkor bo‘lsa, zinhor qashshoqlikka tushmaydi”. Yana bir hadisda: Isrofgar jannatga kirmaydi”. Yana boshqa bir hadisi sharifda: «Tejamkor odam hech qachon qashshoqlik ko‘rmaydi», deyilgan.

Lekin ming taassuflar bo‘lsinki, bugun aksariyat hollarda isrofdan saqlanishga e’tibor bermaymiz, isrofgarga aylanib qolayotganimizni sezmaymiz. Deyarli ko‘p narsa, u qimmatmi yoki arzon, ahamiyatlimi yoki ahamiyatsiz, nodirmi yoki serob, oldi-ketiga qaramay birvarakayiga isrof qilinishini kuzatish mumkin.

To‘ylar va marosimlardagi isrofgarchiliklarni qarang. Yeyishga yaroqli qancha ne’matlar uvol bo‘lib ketadi. Xalqimiz to‘y, turli munosabatlar bilan o‘tkaziladigan marosimlarni, shodiyonalarni yaxshi ko‘radi. Lekin to‘y marosimlarini me’yorida, ortiqcha dabdaba va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymagan holda o‘tkazishimiz kerak emasmi?! O‘zbekiston musulmonlari idorasining fatvosiga amal qilgan holda ish tutishimiz lozim bo‘ladi. To‘ylarda sarflanadigan ortiqcha mablag‘larni yosh kelin-kuyovlarning kelajak hayotlarida asqatadigan zarur maishiy jihozlarga sarflansa yohud beva bechoralar ko‘p bolali oilalar, yetim-yesirlarga ehson qilinsa ayni savobli ish qilingan bo‘ladi, inshaalloh!

«Isrof» deganda keraksiz narsalarga behudaga pul sarf etish, foydasiz sarf-xarajatlar va harakatlar tushuniladi. Inson tabiatan isrofgarchilikka moyil jonzot sanaladi. Har qadamda molini behuda sarflashi kuzatiladi. Mashaqqat va hamma narsadan tejash evaziga yillab yiqqan molini nom chiqarish maqsadida bir kechada sovurib yuborishi yaxshi amallardan sanalmaydi. Alloh taolo bu haqda marhamat qilib, bunday ta’lim beradi:

“…Isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki, isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukur edi” (Isro surasi, 26-27-oyat).

Isrofning katta-kichigi yo‘q. Nom chiqarish, obro‘ qozonish, boshqalardan ustun yoki puldor ekanini ko‘rsatish, ziyofat va marosimlarni boshqalarnikidan bir necha barobar dabdabali, serchiqim qilish ham maqtanishning yuqori ko‘rinishlaridandir. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida ham, jumladan, bunday deyilgan:

Allohning nozu ne’matlaridan xohlagancha yeb-ichinglar, xayru ehson qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymangizlar!(Imom Ahmad rivoyati).

Hamma ishda me’yor yaxshi, mo‘tadillik yaxshi. Menga boylik berib qo‘yilibdi, deya uni har tomonga sochaverish, ayniqsa, buyurilmagan ishlarga xarjlash savob o‘rniga gunoh eshiklarini ochib yuborishi mumkin. Buning o‘rniga mahalladagi bir ehtiyojmand oilaning kam-ko‘stini qilib berish, o‘qish haqi (kontrakt) pulini to‘lay olmayotgan talabalarga ko‘mak berib yuborish, uylanish uchun mablag‘ topa olmay yurganlarning mushkulini oson qilish, qarzini to‘lay olmayotgan bir muhtojni qo‘llab yuborish mumkin-ku!

Imomi A’zam rahmatullohi alayhning g‘oyat ibratli bir gaplari bor: “Xayru ehsonda isrof bo‘lmaganidek, isrofda ham hech qanday xayr yo‘qdir”. Ulug‘larimizning tavsiyasi bugungi kunimizda har qadamda isrofga yo‘l qo‘ysa-da, yana hayoti nochorligidan shikoyat qilib fig‘oni falakka chiqayotgan ayrim kishilarga ishoratdek tuyuladi.

Isrof deganda faqat mablag‘, boylik yoki mulkni sovurish tushunilmaydi. Qimmatli vaqtni behuda ketkazish, foydali ishlarga sarflamaslik ham isrofdir. Kuch-quvvat va salohiyatni el-yurtga yoki o‘ziga foyda keltirmaydigan narsalarga yo‘llash ham isrofdir. Sog‘liqning qadriga yetmay, tinkani quritadigan yoki salomatlikka xavf soladigan ishlarga mukkadan ketish ham isrofdir. So‘z qadriga yetmay, har qadamda, har sohada so‘z qotish ham isrof qilinmoqda.

Isrofning katta-kichigi bo‘lmaydi. Uning og‘ir gunohlardan ekanini doimo his etaylik. Alloh taolo barchalarimizni O‘zining haq yo‘lidan chekinmaydigan, ne’matlarini isrof qilmaydigan, shukr va tejamkorlik bilan munosabatda bo‘ladigan solih bandalaridan aylasin. Yurtimiz, vatanimiz O‘zbekistonimizni balo-qazolardan, turli ofatlardan o‘z panohingda asrasin Shunday imkoniyatlarga erishishda sababchi bo‘lib kelayotgan din va davlat rahbarlarining ham olib borayotgan xayrli ishlarida Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin. Omin!

 

Farrux Abdullayev,

Yangiyo‘l tumani “Zayd ibn Sobit” jome masjidi imom-xatibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Jannatiylar ko‘chishni istamaslar

06.08.2025   11410   1 min.
Jannatiylar ko‘chishni istamaslar

Bir insonni dunyoda (ko‘p qavatli) uy orzu qilayotganini ko‘rasan.

Agar unga ega bo‘lsa, endi uni hovli-joy orzulayotganini ko‘rasan.

Hovli joyli bo‘lsa, endi uni hashamatli qasrni orzulayotganini ko‘rasan.

Va shu tarz  davom etaveradi. Ya’ni, orzu-havasning cheki yo‘q.


Lekin jannat ahli ...

Jannatda istiqomat qiluvchilar o‘zlari bo‘lib turgan sharoit, holatdan boshqasiga o‘zgarishini istamaslar.

Jannat ahli haqida Allohning ushbu so‘zi bor: Unda mangu qoluvchidirlar va undan ko‘chishni istamaslar (Kahf surasi, 108-oyat).


Allohim bizni jannat ahlidan qilgin!

Izoh: Jannatning darajalari o‘rtasida ulkan tafovut borligiga qaramay, u yerga kirish nasib bo‘lgan har bir inson o‘ziga ato etilgan manzilatga rozi bo‘ladi va boshqa o‘ringa ko‘chishni, o‘zgarishini aslo istamaydi.