Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Iyun, 2025   |   5 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:53
Peshin
12:27
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:45
Bismillah
30 Iyun, 2025, 5 Muharram, 1447

18.05.2018 y. Ramazoni sharif muborak!

11.05.2018   6620   11 min.
18.05.2018 y. Ramazoni sharif muborak!

بسم الله الرحمن الرحيم

RAMAZONI SHARIF MUBORAK!

Muhtaram jamoat! O‘lkamizga oylarning sarvari, o‘n bir oyning sultoni, Allohning muborak Kitobi Qur’oni karim nozil bo‘lgan oy, mohi sharifi Ramazon tashrif buyurdi. Barchamiz ushbu orziqib kutilgan muborak ayyomga eson-omon yetganimiz uchun Alloh taologa beadad hamdu sano va shukronalarimiz bo‘lsin! Bu oy Qur’on, taqvo, baraka, rahmat, mag‘firat, Allohga qurbat hosil qilish, jannatga erishish va do‘zaxdan ozod bo‘lish oyidir. Shu bois butun dunyo musulmonlari bu tabarruk oyni solih amallar va Alloh roziligi yo‘lidagi ibodatlar oyiga aylantirishadi.

Alloh taolo Ramazon oyi ro‘zasi haqida Qur’oni karimning Baqara surasida shunday marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ  

(سورة البقرة/183)

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).

Alloh taolo ushbu oyati karimada “Ey, insonlar” deb emas, balki “Ey, imon keltirganlar” deb xitob qildi. Bu shakldagi xitobda ulamolarimiz “Ey, menga imon keltirib, meni yaxshi ko‘rgan bandalarim! Sizlarga ro‘za tutishni farz qildim” degan ma’no borligini aytadilar. 

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Ramazon oyi haqida shunday deganlar:

قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ فَرِحَ بِدُخُولِ رَمَضَانَ حَرَّمَ اللهُ جَسَدَهُ عَلَى النِّيْرَانِ"

(الجامع الكبير للإِمام السيوطى)

ya’ni: “Kimki Ramazon oyi kelishidan shodlansa, Alloh taolo uning jismini do‘zax  o‘tiga harom qiladi”.

Ramazon oyida har bir kishi qalbini poklashi, o‘zaro xusumat va ginalarni yo‘qotish, qo‘ni-qo‘shnilar va qavmu qarindoshlar orasida yordamga muxtojlarga muruvvat ko‘rsatish, qarindoshlarga silai rahm qilish, bemorlarni ziyorat qilish, yetimlar boshini silash, yolg‘iz keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarni (nogironlarni) holidan xabar olish kabi savobli ishlarga shoshilishi va  birovning diliga ozor yetkazish, haqqiga tajovuz qilish kabi barcha gunoh ishlardan o‘zini tiyishi lozim bo‘ladi.

Ro‘za va Qur’on qiyomat kuni o‘z sohibini shafoat qiladi. Bu haqda Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا، أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، قَالَ: "الصِّيَامُ وَالْقُرْآنُ يَشْفَعَانِ لِلْعَبْدِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ: يَقُولُ الصِّيَامُ: أَيْ رَبِّ، مَنَعْتُهُ الطَّعَامَ وَالشَّهَوَاتِ بِالنَّهَارِ فَشَفِّعْنِي فِيهِ، وَيَقُولُ الْقُرْآنُ: مَنَعْتُهُ النَّوْمَ بِاللَّيْلِ فَشَفِّعْنِي فِيهِ، قَالَ: فَيُشَفَّعَانِ"

(رَوَاهُ الإِمامُ أَحْمَدُ)

ya’ni: “Ro‘za va Qur’on ikkisi Qiyomat kuni bandani shafoat qiladi: ro‘za: “Ey, Robbim, men buni kunduzlari taom va shahvatlardan to‘sgan edim, uning haqida shafoatimni qabul qil”, deydi. Qur’on: “Men uni kechalari uyqudan to‘sgan edim, uning haqida shafoatimni qabul qil”, deydi. Bas, ikkovi ham shafoati qabul qilinadi” (Imom Ahmad rivoyati).

Imom Nasaiy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar:

عن ابْنِ عَبْدِ الرَّحْمَنِ، عِنْ أَبِيكَ، رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُما قال: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "إِنَّ اللهَ فَرَضَ صِيَامَ رَمَضَانَ وَسَنَنْتُ لَكُمْ قِيَامَهُ فَمَنْ صَامَهُ وَقَامَهُ إِيْمَاناً وَاحْتِسَابًا خَرَجَ مِنْ ذُنُوبِهِ كَيَوْمٍ وَلَدَتْهُ أُمُّهُ"

(رواه الإِمامُ النسائى)

ya’ni: Alloh taolo Ramazon ro‘zasini farz qildi va men uning qiyomini sizlar uchun sunnat qildim. Kimiki imon va ishonch bilan savob umidida ro‘za tutsa va kechalari qiyomda tursa, onadan tug‘ilgan kunidagidek gunohlardan pok holda chiqadi” (Imom Nasoiy rivoyati).

Ushbu hadisda Ramazondek buyuk fazilatlarga boy oyda faqat ro‘za tutibgina kifoyalanmasdan, balki kechalari qoim bo‘lib, Allohning buyuk va’dalariga sazovor bo‘lishlikka targ‘ib qilinmoqda.

Alhamdulilloh, bugungi kunda diniy sohada bo‘layotgan islohotlar natijasi o‘laroq yurtimizdagi barcha masjidlarda tarovih namozlari o‘qilmoqda. Bu yil bir ming ikki yuz (1200)ga yaqin masjidlarda xatmi qur’onlar o‘tkazilmoqda. Ularda ikki mingga yaqin (2000) Qur’oni karim hofizlari Allohning kalomini boshidan oxirigacha xatm qilmoqdalar. Mo‘min-musulmonlar bu kunlarni qadriga yetib, Alloh taologa shukronalar qilib, ibodatlarini emin-erkin, halovat bilan ado etmoqdalar.

Ro‘za ibodati Jannatdagi  Rayyon eshigining kalitidir. Jannatga kirishning o‘zi katta bir saodat. Ammo o‘sha jannatga Parvardigori olamning alohida e’tiboriga sazovor bo‘lib, maxsus tayyorlab qo‘yilgan eshikdan kirish yana bir o‘zgacha baxt va sharafdir. Bu eshikdan esa faqat ro‘zador bo‘lganlar kira oladilar. Bu haqda Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِىَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "إِنَّ فِى الْجَنَّةِ بَابًا يُقَالُ لَهُ الرَّيَّانُ، يَدْخُلُ مِنْهُ الصَّائِمُونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ لاَ يَدْخُلُ مَعَهُمْ أَحَدٌ غَيْرُهُمْ، يُقَالُ: أَيْنَ الصَّائِمُونَ؟ فَيَدْخُلُونَ مِنْهُ فَإِذَا دَخَلَ آخِرُهُمْ أُغْلِقَ فَلَمْ يَدْخُلْ مِنْهُ أَحَدٌ"

(رَوَاهُ الإِمامُ مُسْلِمٌ)

ya’ni: “Jannatda bir eshik bor, u Rayyon deb ataladi. Qiyomat kunida undan faqat ro‘zadorlargina kiradilar, ulardan o‘zga biror kishi ham (o‘sha eshikdan) ular bilan birga kirmaydi. “Ro‘zadorlar qani?” deyiladi. Ular undan (o‘sha eshikdan) kiradilar, ularning oxirgisi kirib bo‘lganda (eshik) berkitiladi. Boshqa hech kim undan kirmaydi” (Imom Muslim rivoyat qilgan).

Iftorliklar ham ijtimoiy aloqalarni kuchaytirishda, musulmonlarning o‘zaro bir-birlari bilan bordi-keldi qilishlarida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois dinimizda bu ishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bu haqda Zayd ibn Xolid roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

عَنْ زَيْدِ بْنِ خَالِدٍ الْجُهَنِيِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : "مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا كَانَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِهِ غَيْرَ أَنَّهُ لا يَنْقُصُ مِنْ أَجْرِ الصَّائِمِ شَيْئًا"

(رواه الإِمامُ الترمذي)

ya’ni: “Kim bir ro‘zadorni iftorlantirsa, unga o‘shaning ajricha ajr beriladi, lekin ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaymaydi” (Imom Termiziy rivoyati).

 Ramazon istig‘for oyidir. Ya’ni bu oyda farishtalar ro‘zadorlar uchun Allohdan mag‘firat talab qilishadi. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda «Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

عن أبي هريرة رضي الله عنه أنَّ النبيَّ صلى الله عليه وسلّم قال: "أُعْطِيَتْ أمَّتِي خَمْسَ خِصَالٍ فِي رَمَضَانَ لَمْ تُعْطَهُنَّ أُمَّةٌ مِنَ الْأُمَمِ قَبْلَهَا؛ خُلُوفُ فَمِ الصَّائِمِ أَطْيَبُ عِنْدَ اللهِ مِنْ رِيْحِ الْمِسْكِ، وَتَسْتَغْفِرُ لَهُمْ الْمَلَائِكَةُ حَتَّى يُفْطِرُوا، وَيُزَيِّنُ اللهُ كُلَّ يَوْمٍ جَنَّتَهُ وَيَقُولُ: يُوْشِكُ عِبَادِي الْصَالِحُونَ أَنْ يُلْقُواْ عَنْهُمْ الْمُؤُونَةَ وَالْأَذَى وَيَصِيرُوا إِلَيْكَ، وَتُصَفَّدُ فِيْهِ مَرَدَةُ الشَّيَاطِيْنِ فَلَا يَخْلُصُونَ إِلَى مَا كَانُوا يَخْلُصُونَ إِلَيْهِ فِي غَيْرِهِ، وَيُغْفَرُ لَهُمْ فِي آخِرِ لَيْلَةٍ،"

 (رَوَاه الإِمامُ أحمدُ)

ya’ni: “Ummatimga Ramazonda besh xislat berildi, ular oldingi biror ummatga berilmagan: ro‘zadorning og‘zini hidi Allohning nazdida mushkdan xushbo‘ydir; ularga farishtalar mag‘firat talab qilishadi; Alloh har kuni jannatni bezab, solih bandalarim ustilaridan mehnat va aziyatlar uloqtirilib, sening oldingga kelishlariga oz qoldi, deydi; unda bebosh shaytonlar kishanlanadi, natijada ular undan boshqa paytlarda erishadigan narsalariga erisha olmay qolishadi; oxirgi kechada ro‘zadorlar mag‘firat qilinadi” (Imom Ahmad rivoyati).

Mo‘htaram jamoat! Mav’izamizning davomida ro‘zaning ba’zi foydalari haqida so‘hbatlashamiz. Jumladan:

  • Ro‘za tutgan kishining taqvodorligi oshadi. Alloh taolo Baqara surasinig 183-oyatida shunday dedi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz”, deb marhamat qiladi.
  • Ro‘zador shaytonga qarshi kurashadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Safiyya roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda: “Shayton insonning qon tomirida yuradi. Ochlik bilan uning yo‘llarini toraytiringlar”, deganlar.
  • Ro‘za inson shahvatini sindiradi. Hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Ey yigitlar jamoasi, sizlardan kim uylanishga qodir bo‘lsa uylansin. Zero u ko‘zni to‘suvchiroq va farjni saqlovchiroq. Kim unga qodir bo‘lmasa ro‘za tutsin. Chunki ro‘za uning uchun bichilishdir”, dedilar.()
  • Ro‘zadorning qalbi poklanadi. Ro‘za tutgan inson kun davomida Alloh taoloning nazoratida turganini his qilib yashaydi. Doimiy ravishda Allohni his etib turish kishi qalbini musaffo qiladi.
  • Ro‘za tutgan kishilarning gunohlari mag‘firat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim iymon bilan, savob umidida Ramazon ro‘zasini tutsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, deganlar. (Muttafaqun alayh).
  • Ro‘za tutgan kishi farishtalarning sifatiga kiradi. Ma’lumki, yemaslik, ichmaslik va jinsiy yaqinlik qilmay, doimo toatda bo‘lish farishtalarga xos sifatlardir.
  • Ro‘zadorning sabr-bardoshi ortadi. O‘z ixtiyori ila o‘ttiz kun ko‘ngil xohlagan narsalardan o‘zini tiygan kishi keragicha sabr-bardoshga ega bo‘ladi.
  • Ro‘za rahm-shafqat sifatini shakllantiradi va mustahkamlaydi. Ro‘za tuttan kishi o‘z ixtyori ila och qolib, chanqab, turli ko‘ngil xohishlaridan, lazzatli narsalardan vaqtincha mahrum bo‘lish bilan birga, muhtojlikdan och qolib, chanqab, dunyo lazzatlaridan bebahra beva-bechora, kambag‘al fuqarolarga nisbatan rahm-shafqatli bo‘ladi.
  • Ro‘za sog‘likni tiklaydi. Ro‘za nafaqat sog‘likni saqlash uchun, balki bemorliklarni davolash uchun ham o‘ta zarurligi ilmiy isbotini topgan davo usulidir. Hozirgi kunda keng tarqalgan bemorliklarning ko‘plarini musulmon bo‘lmagan yurtlarning tibbiyot mutaxassislari ixtiyoriy ochlik yo‘li bilan davolamoqdalar. Mazkur ilmiy tadqiqotlar natijasida ro‘za hozirgi eng ko‘p tarqalgan dardlarga davo ekani, kishi doim sog‘ yuray desa, har yili 28-30 kun ixtiyoriy och qolishi zarurligi ta’kidlangan. Ro‘zaga oid ushbu haqiqatlar bundan 14 asr avval Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning: “Ro‘za tutinglar, salomat bo‘lasizlar (Imom Tabaroniy rivoyati), deb aytgan hadisi shariflarining ilmiy tasdig‘idir.

Alloh taolo Ramazon oyini barchalaringizga muborak aylab, bu oydan onadan yangi tug‘ulgandek gunohlardan forig‘ bo‘lib chiqishlarimizni nasib aylasin. Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+)

30.06.2025   24   1 min.
Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+)

Bugun, 30 iyun kuni Xorazm Ma’mun akademiyasida "Najmiddin Kubro ma’naviy-ma’rifiy merosi va uning zamonaviy tadqiqi" mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.


Mazkur anjuman Davlatimiz rahbarining Najmiddin Kubro tavalludining 880 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida ilgari surgan tashabbusi doirasida ulug‘ ajdodimizning ilmiy va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, bu merosni zamonaviy tadqiqot metodlari asosida tahlil qilish hamda uning umuminsoniy va milliy qadriyatlar tizimidagi o‘rnini belgilash maqsadida tashkil etildi.


Anjuman doirasida Najmiddin Kubroning tasavvufiy va ma’rifiy g‘oyalari, ularning zamonaviy ma’naviy-axloqiy muammolarni hal etishdagi o‘rni, allomaning hayoti va faoliyatiga oid tarixiy manbalar, asarlarining bugungi kundagi ilmiy va amaliy ahamiyati, kubroviylik ta’limotining tarixi va bugungi holati, shuningdek, ushbu ta’limotning keyingi tasavvuf maktablariga ta’siri keng muhokama etildi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+) Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+) Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+) Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+) Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+) Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+) Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+) Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+)
O'zbekiston yangiliklari