بسم الله الرحمن الرحيم
RAMAZONI SHARIF MUBORAK!
Muhtaram jamoat! O‘lkamizga oylarning sarvari, o‘n bir oyning sultoni, Allohning muborak Kitobi Qur’oni karim nozil bo‘lgan oy, mohi sharifi Ramazon tashrif buyurdi. Barchamiz ushbu orziqib kutilgan muborak ayyomga eson-omon yetganimiz uchun Alloh taologa beadad hamdu sano va shukronalarimiz bo‘lsin! Bu oy Qur’on, taqvo, baraka, rahmat, mag‘firat, Allohga qurbat hosil qilish, jannatga erishish va do‘zaxdan ozod bo‘lish oyidir. Shu bois butun dunyo musulmonlari bu tabarruk oyni solih amallar va Alloh roziligi yo‘lidagi ibodatlar oyiga aylantirishadi.
Alloh taolo Ramazon oyi ro‘zasi haqida Qur’oni karimning Baqara surasida shunday marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ
(سورة البقرة/183)
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).
Alloh taolo ushbu oyati karimada “Ey, insonlar” deb emas, balki “Ey, imon keltirganlar” deb xitob qildi. Bu shakldagi xitobda ulamolarimiz “Ey, menga imon keltirib, meni yaxshi ko‘rgan bandalarim! Sizlarga ro‘za tutishni farz qildim” degan ma’no borligini aytadilar.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Ramazon oyi haqida shunday deganlar:
قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ فَرِحَ بِدُخُولِ رَمَضَانَ حَرَّمَ اللهُ جَسَدَهُ عَلَى النِّيْرَانِ"
(الجامع الكبير للإِمام السيوطى)
ya’ni: “Kimki Ramazon oyi kelishidan shodlansa, Alloh taolo uning jismini do‘zax o‘tiga harom qiladi”.
Ramazon oyida har bir kishi qalbini poklashi, o‘zaro xusumat va ginalarni yo‘qotish, qo‘ni-qo‘shnilar va qavmu qarindoshlar orasida yordamga muxtojlarga muruvvat ko‘rsatish, qarindoshlarga silai rahm qilish, bemorlarni ziyorat qilish, yetimlar boshini silash, yolg‘iz keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarni (nogironlarni) holidan xabar olish kabi savobli ishlarga shoshilishi va birovning diliga ozor yetkazish, haqqiga tajovuz qilish kabi barcha gunoh ishlardan o‘zini tiyishi lozim bo‘ladi.
Ro‘za va Qur’on qiyomat kuni o‘z sohibini shafoat qiladi. Bu haqda Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا، أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، قَالَ: "الصِّيَامُ وَالْقُرْآنُ يَشْفَعَانِ لِلْعَبْدِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ: يَقُولُ الصِّيَامُ: أَيْ رَبِّ، مَنَعْتُهُ الطَّعَامَ وَالشَّهَوَاتِ بِالنَّهَارِ فَشَفِّعْنِي فِيهِ، وَيَقُولُ الْقُرْآنُ: مَنَعْتُهُ النَّوْمَ بِاللَّيْلِ فَشَفِّعْنِي فِيهِ، قَالَ: فَيُشَفَّعَانِ"
(رَوَاهُ الإِمامُ أَحْمَدُ)
ya’ni: “Ro‘za va Qur’on ikkisi Qiyomat kuni bandani shafoat qiladi: ro‘za: “Ey, Robbim, men buni kunduzlari taom va shahvatlardan to‘sgan edim, uning haqida shafoatimni qabul qil”, deydi. Qur’on: “Men uni kechalari uyqudan to‘sgan edim, uning haqida shafoatimni qabul qil”, deydi. Bas, ikkovi ham shafoati qabul qilinadi” (Imom Ahmad rivoyati).
Imom Nasaiy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar:
عن ابْنِ عَبْدِ الرَّحْمَنِ، عِنْ أَبِيكَ، رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُما قال: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "إِنَّ اللهَ فَرَضَ صِيَامَ رَمَضَانَ وَسَنَنْتُ لَكُمْ قِيَامَهُ فَمَنْ صَامَهُ وَقَامَهُ إِيْمَاناً وَاحْتِسَابًا خَرَجَ مِنْ ذُنُوبِهِ كَيَوْمٍ وَلَدَتْهُ أُمُّهُ"
(رواه الإِمامُ النسائى)
ya’ni: “Alloh taolo Ramazon ro‘zasini farz qildi va men uning qiyomini sizlar uchun sunnat qildim. Kimiki imon va ishonch bilan savob umidida ro‘za tutsa va kechalari qiyomda tursa, onadan tug‘ilgan kunidagidek gunohlardan pok holda chiqadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Ushbu hadisda Ramazondek buyuk fazilatlarga boy oyda faqat ro‘za tutibgina kifoyalanmasdan, balki kechalari qoim bo‘lib, Allohning buyuk va’dalariga sazovor bo‘lishlikka targ‘ib qilinmoqda.
Alhamdulilloh, bugungi kunda diniy sohada bo‘layotgan islohotlar natijasi o‘laroq yurtimizdagi barcha masjidlarda tarovih namozlari o‘qilmoqda. Bu yil bir ming ikki yuz (1200)ga yaqin masjidlarda xatmi qur’onlar o‘tkazilmoqda. Ularda ikki mingga yaqin (2000) Qur’oni karim hofizlari Allohning kalomini boshidan oxirigacha xatm qilmoqdalar. Mo‘min-musulmonlar bu kunlarni qadriga yetib, Alloh taologa shukronalar qilib, ibodatlarini emin-erkin, halovat bilan ado etmoqdalar.
Ro‘za ibodati Jannatdagi Rayyon eshigining kalitidir. Jannatga kirishning o‘zi katta bir saodat. Ammo o‘sha jannatga Parvardigori olamning alohida e’tiboriga sazovor bo‘lib, maxsus tayyorlab qo‘yilgan eshikdan kirish yana bir o‘zgacha baxt va sharafdir. Bu eshikdan esa faqat ro‘zador bo‘lganlar kira oladilar. Bu haqda Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِىَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "إِنَّ فِى الْجَنَّةِ بَابًا يُقَالُ لَهُ الرَّيَّانُ، يَدْخُلُ مِنْهُ الصَّائِمُونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ لاَ يَدْخُلُ مَعَهُمْ أَحَدٌ غَيْرُهُمْ، يُقَالُ: أَيْنَ الصَّائِمُونَ؟ فَيَدْخُلُونَ مِنْهُ فَإِذَا دَخَلَ آخِرُهُمْ أُغْلِقَ فَلَمْ يَدْخُلْ مِنْهُ أَحَدٌ"
(رَوَاهُ الإِمامُ مُسْلِمٌ)
ya’ni: “Jannatda bir eshik bor, u Rayyon deb ataladi. Qiyomat kunida undan faqat ro‘zadorlargina kiradilar, ulardan o‘zga biror kishi ham (o‘sha eshikdan) ular bilan birga kirmaydi. “Ro‘zadorlar qani?” deyiladi. Ular undan (o‘sha eshikdan) kiradilar, ularning oxirgisi kirib bo‘lganda (eshik) berkitiladi. Boshqa hech kim undan kirmaydi” (Imom Muslim rivoyat qilgan).
Iftorliklar ham ijtimoiy aloqalarni kuchaytirishda, musulmonlarning o‘zaro bir-birlari bilan bordi-keldi qilishlarida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois dinimizda bu ishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bu haqda Zayd ibn Xolid roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
عَنْ زَيْدِ بْنِ خَالِدٍ الْجُهَنِيِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : "مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا كَانَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِهِ غَيْرَ أَنَّهُ لا يَنْقُصُ مِنْ أَجْرِ الصَّائِمِ شَيْئًا"
(رواه الإِمامُ الترمذي)
ya’ni: “Kim bir ro‘zadorni iftorlantirsa, unga o‘shaning ajricha ajr beriladi, lekin ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaymaydi” (Imom Termiziy rivoyati).
Ramazon istig‘for oyidir. Ya’ni bu oyda farishtalar ro‘zadorlar uchun Allohdan mag‘firat talab qilishadi. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda «Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
عن أبي هريرة رضي الله عنه أنَّ النبيَّ صلى الله عليه وسلّم قال: "أُعْطِيَتْ أمَّتِي خَمْسَ خِصَالٍ فِي رَمَضَانَ لَمْ تُعْطَهُنَّ أُمَّةٌ مِنَ الْأُمَمِ قَبْلَهَا؛ خُلُوفُ فَمِ الصَّائِمِ أَطْيَبُ عِنْدَ اللهِ مِنْ رِيْحِ الْمِسْكِ، وَتَسْتَغْفِرُ لَهُمْ الْمَلَائِكَةُ حَتَّى يُفْطِرُوا، وَيُزَيِّنُ اللهُ كُلَّ يَوْمٍ جَنَّتَهُ وَيَقُولُ: يُوْشِكُ عِبَادِي الْصَالِحُونَ أَنْ يُلْقُواْ عَنْهُمْ الْمُؤُونَةَ وَالْأَذَى وَيَصِيرُوا إِلَيْكَ، وَتُصَفَّدُ فِيْهِ مَرَدَةُ الشَّيَاطِيْنِ فَلَا يَخْلُصُونَ إِلَى مَا كَانُوا يَخْلُصُونَ إِلَيْهِ فِي غَيْرِهِ، وَيُغْفَرُ لَهُمْ فِي آخِرِ لَيْلَةٍ،"
(رَوَاه الإِمامُ أحمدُ)
ya’ni: “Ummatimga Ramazonda besh xislat berildi, ular oldingi biror ummatga berilmagan: ro‘zadorning og‘zini hidi Allohning nazdida mushkdan xushbo‘ydir; ularga farishtalar mag‘firat talab qilishadi; Alloh har kuni jannatni bezab, solih bandalarim ustilaridan mehnat va aziyatlar uloqtirilib, sening oldingga kelishlariga oz qoldi, deydi; unda bebosh shaytonlar kishanlanadi, natijada ular undan boshqa paytlarda erishadigan narsalariga erisha olmay qolishadi; oxirgi kechada ro‘zadorlar mag‘firat qilinadi” (Imom Ahmad rivoyati).
Mo‘htaram jamoat! Mav’izamizning davomida ro‘zaning ba’zi foydalari haqida so‘hbatlashamiz. Jumladan:
Alloh taolo Ramazon oyini barchalaringizga muborak aylab, bu oydan onadan yangi tug‘ulgandek gunohlardan forig‘ bo‘lib chiqishlarimizni nasib aylasin. Omin!
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida halol sanoati yo‘nalishidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat vakillari “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” xalqaro forumi va ko‘rgazmasini Toshkent shahrida o‘tkazish istiqbollarini muhokama qildilar.
Malayziyaning TWOJ CREATIVE SDN BHD kompaniyasi delegatsiyasi tomonidan taqdim etilgan loyiha halol sanoati ekotizimini rivojlantirish, xalqaro biznes aloqalarini mustahkamlash hamda yangi investitsiya loyihalarini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Rejalashtirilayotgan festival doirasida xalqaro ko‘rgazma, biznes-forum va B2B uchrashuvlari, halol oziq-ovqat, turizm, moliya hamda ishlab chiqarish yo‘nalishlariga bag‘ishlangan maxsus ekspozitsiyalar, investitsiya sessiyalari, madaniy dasturlar va mahsulotlar taqdimotlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu tadbir O‘zbekistonning halol mahsulotlar bozoridagi salohiyatini namoyish etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muzokaralar davomida JAKIM standartlari asosida halol sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, fermer va tadbirkorlar uchun o‘quv-seminarlar hamda malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
Tomonlar festivalni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, biznes hamjamiyati hamda tarmoq uyushmalarini jalb etgan holda qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Mutaxassislarning fikricha, “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi, balki investitsiyalarni jalb etish, halol sanoati infratuzilmasini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim xalqaro maydonga aylanishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati