Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Iyun, 2026   |   3 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:03
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:45
Bismillah
18 Iyun, 2026, 3 Muharram, 1448

Ka’bai muazzama ichkarisida tug‘ilgan yagona inson

08.05.2018   10271   3 min.
Ka’bai muazzama ichkarisida tug‘ilgan yagona inson

Mo‘minlar onasi Xadicha binti Xuvaylidning  jiyani Hakim ibn Hizom ibn Xuvaylid Ka’bai muazzama ichkarisida tug‘ilgan yagona insondir. 

* * *

Hakim ibn Hizom obro‘li, badavlat oilada oqil, yaxshi xulqli bo‘lib ulg‘aydi. Qavmi uni hurmat qilib, rifodat (johiliya davrida muhtoj hojilarga ovqat ulashuvchi) mansabini berishgan edi.

Hakim ibn Hizom Muhammad Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bilan payg‘ambarlik kelmasidan oldin qalin do‘st edi. Besh yosh katta bo‘lsa ham olamlar Sarvari uni o‘zlariga yaqin tutar, do‘stligiga do‘stlik, muhabbatiga muhabbat bilan javob qilardilar.

Rasululloh sollalohu alayhi vasallam Hakimning ammasi Xadicha binti Xuvaylidga (roziyallohu anho) uylanganlaridan keyin o‘rtalaridagi aloqa qarindoshlik bilan yanada mustahkam bo‘ldi.

* * *

Payg‘ambar sollalohu alayhi vasallam Hakimdek esli-hushli, aql-farosatli odamning ishlaridan hayron bo‘lardilar. U va u kabi bir necha kishilarning tez kunda Islomni qabul qilishiga umid bog‘lardilar.

Makka fathidan bir kun oldin Rasululloh sollalohu alayhi vasallam  sahobalarga:

– Makkada to‘rt kishi bor, ularning musulmon bo‘lmay, mushrikligicha qolib ketishi aqlga sig‘maydi, – dedilar.

Sahobalar:

– Ular kimlar, yo ey Allohning Rasuli? – deb so‘rashdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

– Attob ibn Usayd, Jubayr ibn Mut’im, Hakim ibn Hizom va Suhayl ibn Amr, – deb javob berdilar.

Allohning fazli bilan barchasi Islomni qabul qildi.

* * *

Rasululloh sollalohu alayhi vasallam Makka fath etilganidan so‘ng ham Hakim ibn Hizomga hurmat ko‘rsatdilar va jarchilarga bunday deyishni buyurdilar:

“Kim sherigi bo‘lmagan Allohdan boshqa iloh yo‘q, Muhammad Uning quli va elchisidir, deb guvohlik keltirsa, moliyu joni omonda.

Kim Ka’baga kirib, qurolini topshirsa, moliyu joni omonda.

Kim uyiga kirib, eshigini berkitib olsa, moliyu joni omonda.

Kim Abu Sufyonning uyiga kirsa, moliyu joni omonda.

Kim Hakim ibn Hizomning uyiga kirsa, moliyu joni omonda...”

Hakimning uyi Makkaning quyi, Abu Sufyonniki esa yuqori qismida edi.

* * *

Hunayn g‘azotidan so‘ng Hakim ibn Hizom Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning huzuriga borib, o‘ljadan ulush so‘radi. Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam  so‘raganini berdilar. Yana so‘radi. Sarvari olam yana ulush ajratdilar. So‘ray-so‘ray Hakimning ulushi yuzta tuyaga yetdi. Shunda Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam:

– Ey Hakim, dunyo shirin va maftunkor. Kim undan qanoat bilan foydalansa, barakaga erishadi. Ochko‘zlik bilan harakat qilgan, undan mahrum bo‘ladi. Tepadagi qo‘l pastdagisidan yaxshiroqdir, – dedilar.

Buni eshitgan Hakim:

– Yo Rasululloh, Buyuk Zotga qasam, endi hech kimdan hech narsa so‘ramayman, – dedi va umrining oxirigacha shu so‘zida turdi.

Abu Bakr roziyallohu anhu davrida bir necha  marta xazinadan ulushini olishga chaqirishdi, ammo u hech narsa qabul qilmadi.

 “Hidoyat” jurnalidan

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

YANGI HIJRIY YIL MUBORAK BO‘LSIN!

16.06.2026   3285   1 min.
YANGI HIJRIY YIL MUBORAK BO‘LSIN!

 

Muharram oyining 1-kuni — 2026 yil 16 iyun, seshanba kuniga to‘g‘ri kelmoqda.



Muharram — hijriy taqvimning birinchi oyi bo‘lib, Qur’oni karimda zikr qilingan to‘rt ulug‘ va hurmatli oylardan biridir.
 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yangi chiqqan oyni ko‘rganlarida shunday duo qilardilar:
اللَّهُمَّ أَهِلَّهُ عَلَيْنَا بِالْيُمْنِ وَالْإِيمَانِ وَالسَّلَامَةِ وَالْإِسْلَامِ رَبِّي وَرَبُّكَ اللهُ

O‘qilishi:
«Allohumma ahillahu alayna bil-yumni val-iymani, vas-salaamati val-Islami, Robbiy va Robbukalloh».

Ma’nosi:
«Ey Allohim! Bu oyni bizlarga baraka va imon, salomatlik va Islom oyi qilgin! Ey hilol, mening ham, sening ham Robbing Allohdir!»



Yangi 1448-hijriy yilda Alloh taolo xonadonlarimizga tinchlik va baraka, qalblarimizga mustahkam iymon bersin va hayotimizda bizni solih amallarga muvaffaq aylasin!

1448 hijriy yil — muborak bo‘lsin!

#hijriy_1448_yil #yangi_oy_e’loni #yangi_hijriy_yil

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari