Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Avgust, 2026   |   4 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:06
Quyosh
05:34
Peshin
12:27
Asr
17:18
Shom
19:24
Xufton
20:47
Bismillah
17 Avgust, 2026, 4 Rabi`ul avval, 1448

Xoja Is'hoq Vali asarlarida bag‘rikenglik g‘oyasi

05.05.2018   5213   11 min.
Xoja Is'hoq Vali asarlarida bag‘rikenglik g‘oyasi

Islom dini tarixida naqshbandiya tariqati alohida o‘rin egallaydi. Bu tariqat islomning ma’rifiy yo‘nalishini rivojlantirishda yetakchilik qilgan va o‘zining insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalari bilan bugungi kunda ham dunyo jamoatchiligini hayratga solmoqda.

Naqshbandiya tariqatining xojagon talqinidagi yo‘lini takomillash-tirish bilan butun Markaziy Osiyo, Movarounnahr va Xurosonda mashhur bo‘lgan mutafakkir Sayyid Ahmad ibn Mavlono Jaloliddin Xojagi Kosoniy – Maxdumi A’zamning to‘rtinchi xotini Bibi Ruhiya(Bibichai Qashg‘ariy)[1]dan tug‘ilgan o‘g‘li Xoja Is'hoq Vali haqida gap borganda tadqiqotchilar uni favqulodiy qobiliyatlar sohibi, Naqshbandiya tariqatining izchil himoyachisi, islom dini taraqqiyotiga, islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga benazir hissa qo‘shgan yirik jamoat va siyosiy arbob sifatida tilga olishadi.

Bu mutafakkirning vafot etgan vaqti manbalarda aniq ko‘rsatiladi melodiy 1599 yil. Ammo ba’zi manbalarda Xoja Isxoq Vali 69 yoshida vafot etgan deb ko‘rsatilsa[2],  ayrim manbalarda esa 94 yil umr ko‘rgan[3] deb qayd etiladi. (Bu raqam Xoja Is'hoq Valining shogirdlari bo‘lgan Muhammad Avaz Samarqandiy va Shoh Muhammad Payraviy tomonidan 1603 yili yozilgan “Ziyou-l-qulub” va 1599 yilda yozilgan “Jalisu-l-Mushtoqin” nomli asarlarda ham qayd etilgan). Mutafakkirning yoshi haqidagi bu ikki xil manbalarni mantiqan solishtirib ko‘rsak, birinchi manbaning xatoligi ko‘zga tashlanadi, chunki, Maxdumi A’zam 1461yil tug‘ilgan bo‘lib, Xoja Isxoq Vali tug‘ilgan paytda qariyib yetmish yoshga yetgan bo‘ladi. 70 yoshli kishining farzand ko‘rishi mantiqan to‘g‘ri kelmaydi. Shuningdek, ko‘pgina manbalarda Xoja Isxoq Valining ko‘p yil umr ko‘rganligi, Sharqiy Turkistonda juda keksayib qolgan paytlari ham naqshbandiya tariqatining targ‘ibotchisi, yalovbardori bo‘lib xalqni ilmu-ma’rifatga chorlab yurganligi haqidagi ma’lumotlar ham uchraydi. Bu fikrlar, ikkinchi manbaning to‘g‘riligiga dalil bo‘lib kelishi mumkin. Shunga va mutafakkirning bevosita zamondoshlari bo‘lgan mualliflarning yozgan manbalariga asoslansak, Xoja Is'hoq Vali 94 yoshda vafot etgan degan fikr haqiqat bo‘lib chiqadi. Bundan Xoja Is'hoqning tug‘ilgan yili 1599 – 94 = 1505 yil kelib chiqadi.

Xoja Is'hoq Vali xotirasi o‘tkir, ko‘p tillarni biluvchi, kuchli ruhiy ta’sir quvvatiga ega inson edi.

Xoja Is'hoq bir necha bor Sharqiy Turkistonga boradi. Shuningdek, uning Tibet, Hindiston, Turkiya, Eron, Arabiston, Misr va Xitoyning ko‘pgina shaharlarida bo‘lganligi, islomning bag‘rikenglik g‘oyalariga tayanib, turli din vakillarining o‘zaro bir-birini to‘g‘ri tushunishi muhimligini ta’kid-laganligi, buddistlar, konfussiyachilar bilan muloqatlar olib borganligi haqida ko‘plab manbalarda hikoya qilinadi. Hatto uning Konfutsiy hikmatlarini ham turkiy va forsiy tillarga tarjima qilganligi haqidagi ma’lumotlar mavjud. Xoja Is'hoq Vali o‘z ona tilidan tashqari fors, arab, hind, xitoy va uyg‘ur tillarini ham yaxshi bilgan, hindlar va xitoyliklar bilan tarjimonsiz muloqat qilishga uringan. Har safar suhbatdoshlari uni yaxshi tushunganligini ta’kidlashar edi. Xoja Is'hoq o‘z otasi Maxdumi A’zam izidan borib, diniy va milliy kamsitishlarga yo‘l qo‘ymagan. Manbalarning shohidlik berishicha, uning muxlislari orasida budparastlar va yahudiylar ham bo‘lgan. Ko‘pgina budparast va dinsiz faqirlar musulmonchilik udumlarini qabul qilishgan[4].

Xoja Is'hoq Vali otasi Maxdumi A’zamning “Din va muqaddas kitoblar inson uchun, uni odob-ahloqda kamolga yetkazish uchun berilgandir. Inson din uchun emas din inson uchun yaratilgandir” – degan o‘gitlariga qat’iy amal qilgan holda, naqshbandiya arkonlariga sadoqatli pir-murshid sifatida yurtda tinchlik va osoyishtalikni, dinlar orasida bag‘rikenglikni saqlashga vijdonan xizmat qilgan.

U turli din vakillari orasida muloqatlar olib borgan, hindular, tibetliklar, olovparastlar, budparastlar va hatto konfussiyachilar bilan ham muloqatda bo‘lib, ularning diniy qarashlaridagi umuminsoniy g‘oyalarni o‘rganish lozim deb hisoblaydi. Konfutsiyning hikmatlari inson kamolatida muhim rol o‘ynashini ta’kidlaydi va konfutsiya ta’limoti dindan ko‘ra katta ilm va falsafa ekanligini qayd etgan.

Xoja Is'hoq Vali yoshligidan kuchli mantiq egasi bo‘lgan, dastlab mantiqni o‘z otasi Maxdumi A’zamdan, so‘ngra ustozlaridan, Mavlono Lutfulloh Chustiydan[5] o‘rgangan. U o‘z hayotida ko‘pgina chigal masalalarni mantiqiy salohiyatiga tayanib yecha olar edi. Kunlardan birida Xoja Hoshimxoja Xoja Is'hoqga murojaat qilib, “al-viloyatu afzalu minan-nubuvvati” (Valiylik maqomi nabiylik maqomidan afzal turur) naqlining ma’nosini yechib berishni iltimos qiladi. Shunda mutafakkir o‘zining mantiqiy salohiyatiga tayanib, Rasulillohga hali nabiylik sifati kelmagan paytda ham valiylik sifatiga ega bo‘lganlar, bu valiylik undan ilgari o‘tgan naybiylar sifatidan ancha afzal edi, shu ma’nada “Valiylik maqomiga afzallik berurlar”[6], - deb javob berganlar. Boshqa bir safar Qashqar sultonlari xonadonida meros taqsimlash mojorasi bo‘lib, uni yechish vazifasi Xoja Is'hoq Vali zimmasiga tushadi. Merosxo‘rlar ikki kishi – aka va uka edi. Xoja bobokalonlarining o‘gitlariga rioya etgan holda aka-ukani o‘z huzuriga chorlaydi. Aka va uka merosni taqsimlashda qozikalon qo‘llagan usuldan norozi edilar. Xoja Is'hoq aka va ukaga murojaat qilib: birodarlar, kelinglar biringiz mulkni bo‘luvchi (taqsimlovchi) bo‘ling, ikkinchingiz esa tanlovchi (bo‘lingan mulkdan xoxlagan qismini tanlab oluvchi) bo‘ling. Bo‘luvchi adolatli bo‘lsa, tanlashdan qolgan qismi ham uni qanoatlan-tiradi, agar bo‘luvchi adolatsiz bo‘lsa, tanlangandan qolgan qismi unga tegib, o‘z qilmishi uchun o‘zi jazolanadi. Bu juda kuchli mantiqiy yechim edi.

Xo‘ja Is'hoq Vali turli din vakillari o‘rtasida bir-birini tushunish va o‘zaro murosa bo‘lishini xoxlar edi. Shu tufayli u hukmronlik kilgan viloyatlarda turli din va konfessiya vakillari o‘zaro ahil, tinch va osoyishta turmush kechirar, turli millatlar va elatlararo o‘zaro ittifoqchilik hukm surgan. Bunday yondashuv uning otasi Maxdumi A’zamning ta’limotida mavjud edi. Maxdumi A’zam xalq turli millat va elat vakillaridan tashkil topgan bo‘ladi, dindorlar esa turli dinlarga va mazhablarga e’tiqod qilishadi, turlicha urf-odat va an’analarga rioya etishadi. Ularning qay biri haq va qay biri nohaq ekanligiga hukm chiqarish huquqi biz bandalarga berilmagan, unga yaratguvchining o‘zi baho beradi. Shunday ekan, dinlar orasida, millatlar orasida o‘zaro ahillikni asrash hukmdorlarning asosiy vazifasidir. O‘zga millat vakillarini va o‘zga din qavmlarini kamsitmaslik lozim deb ta’kidlar edi. Shu tufayli Maxdumi A’zamning jamoaviy ma’ruzalariga turli din vakillari muntazam qatnashishgan va ular “bu musulmonning ma’ruzalarida haqiqat ruhi ufurib turadi, biz o‘z ruhoniylarimizdan ola olmagan ma’naviy ozuqani uning ma’ruzalaridan olamiz” – deb baralla aytishardi.

Xoja Is'hoq ta’limoti diniy bag‘rikenglikni, ma’rifatparvarlik va insonparvarlikni targ‘ib etuvchi, inson qadr-qimmatini hamma narsadan ustun qo‘yuvchi ta’limotdir. Mutafakkir o‘z ta’limotini Movarounnahrda, Xurosonda Eronda, Sharqiy Turkiston, Hindiston va Xitoyda faol targ‘ib etgan. Uning ko‘plab shogirdlari – ustozining diniy bag‘rikenglik va insoniy mehr-muruvvat g‘oyalarini rivojlantirishni davom ettirishgan.

Ayrim manbalarda Xoja Is'hoq Valini Sharqiy Turkistonda 16-17 asrlarda avj olgan “oqtog‘lilar” va “qoratog‘lilar” o‘rtasidagi g‘oyaviy kurashning boshida turgan deb ayblashadi[7]. Aslida bu Xoja Is'hoq Valiga nisbatan adolatsiz ayblovdir. Xoja Is'hoq Vali akasi Muhammad Amin –Xojai Kalonni nihoyatda hurmat qilgan, doimo uning maslahatlariga rioya qilib, akasining duosini olishga intilib yurgan. Akasining Sharqiy Turkistonning ayrim hududlarida sultonlik qilishiga ham madad bergan. Fikrimizni Sayyid Nazar Xoja Xo‘qandiyning “Manoqibi Xoja Is'hoq Valiy” asarida Xoja Is'hoqning Xojai Kalonni naqadar hurmat va e’tibor bilan kutib olganligi haqidagi fikri bilan dalillash mumkin[8]. Bu ikki avlod o‘rtasidagi ziddiyat keyinchalik shu ziddiyatdan manfaatdor bo‘lgan hukmdorlarning toj-taxt talashish maqsadida ularning mojarosiga aralashishlari tufayli avj olgan. Xoja Is'hoq Vali otasi sayyidlar avlodidan, onasining kelib chiqishi mug‘ul xonlariga (aniqrog‘i Sotuq Bug‘roxonga) borib tutashganligi tufayli ham diniy, ham dunyoviy hokimiyatga da’vogarlik qilish huquqiga ega edi, Xojai Kalon – Muhammad Amin avlodlari esa faqatgina diniy hokimiyatga da’vogarlik qila olardi. Turli mamlakatlarning sulton va xonlari bu farqdan o‘zlarining manfaatlari yo‘lida ustalik bilan foydalanishga intilishgan. Bunday mojoralarning boshlanib ketishi mumkinligini oldindan sezgan Xoja Is'hoq ularning oldini olishga intilgan.

Xoja Is'hoq Vali ham diniy va milliy bag‘rikenglik borasida o‘z ajdodlari o‘gitlariga sodiq qolgan. Xoja Is'hoq Vali islom dinidagi bag‘rikenglik mohiyatini ko‘rsatishda Rasulillohning ibratli hayotidan misollar keltirar. Ayniqsa, Muhammad alahissalom bilan yahudiy qo‘shnisi orasidagi voqea, usti ochiq namozgohdagi badaviy arab o‘rtasidagi voqea, Rasullohning nasroniy mahalladoshiga ko‘rsatgan marhamati kabi hadislardan diniy bag‘rikenglikni asoslashda samarali foydalanardi.

Uning ma’rifiy ta’limotiga ko‘ra, din o‘z mohiyatiga ko‘ra ikki jihatga ega. Ular toat-ibodat va ma’rifiy jihatlar. Bu jihatlar bir-biri bilan uzviy bog‘langandir. Zohidlar dinning faqat toat-ibodat jihatiga, obidlar esa ma’rifiy jihatiga urg‘u beradilar. Har bir musulmon dinning bu ikki jihatini uyg‘unlikda olib borishi, dinning ham ibodat, ham ma’rifat jihatlarini uzviy bog‘lay olishi lozim. Dinni faqat toat-ibodatdan iborat deb biluvchilar muttassiblikka yo‘l ochadi, faqat ma’rifatni mutlaqlashtiruvchilar esa mo‘tazilitlar safiga qo‘shilib qolishi mumkin, deb ogohlantiradi.

Bu ta’limot bugungi kunda ham jiddiy amaliy ahamiyatga egadir. Chunki islom faqat ibodatgina emas, u ayni paytda ilm-ma’rifat, madaniyat, falsafadir. Movarounnahrlik buyuk allomalar islomni yaxlit madaniyat sifatida gumanistik falsafa sifatida rivojlantirishdi. Buning oqibatida islom insoniyatga ratsionalistik va irratsionalistik g‘oyalarni birlashtiruvchi yangicha falsafani, yangicha tafakkurni in’om qildi. 

 

Baxtiyor TURAYEV

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot direktori o‘rinbosari,

falsafa fanlari doktori, professor

 

[1] Shajarai Xoja Is'hoqi Valiy (quddise sirruhu) // Said Nazar Xoja Xo‘qandiy. Qalblarning ziyosi. T.:Navro‘z, 2014. B. 152.

[2] Xaji Nurxaji. Kratkaya  istoriya  Yarkendskogo xanstva Saidiya. (Na uygurskom yazike). – Urumchi, 1993. S.250-252.

[3] Qulmatov Sh., Berdimurodov A. Samarqand yodgorliklari. T.:Navro‘z, 2017. B.150.

[4] Said Nazar Xoja Xo‘qandiy. Qalblarning ziyosi. T.:Navro‘z, 2014. B.105.

[5] Mavlono Lutfulloh Chustiy (vaf.1572 y.)– Maxdumi A’zamning muridi, Xoja Is'hoq Valining piri-murshidi, ustozi

[6] Said Nazar Xoja Xo‘qandiy. Qalblarning ziyosi. T.:Navro‘z, 2014. B.46.

[7] Narinbayev A.I. Reaksionnaya rol sufizma v Vostochnom Turkestane. PDF created with FinePrint pdfFactoryPro trial version  http://www.pdffactory.com B.206.

[8] Said Nazar Xoja Xo‘qandiy. Qalblarning ziyosi. T.:Navro‘z, 2014. B.33

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

14.08.2026   25968   3 min.
Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

Marg‘ilon – Farg‘ona vodiysining eng qadimiy va o‘ziga xos shaharlaridan biri. Uning tarixini faqat me’moriy obidalar, qadimiy ko‘chalar yoki mashhur hunarmandchilik an’analari bilangina emas, balki asrlar davomida xalq e’zozida bo‘lib kelayotgan ziyoratgohlarsiz ham tasavvur etib bo‘lmaydi, xabar bermoqda O‘zA.

Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.

Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.

Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.

Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.

Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.

Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.

Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari