Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining bitiruvchi kurs talabalari Dual ta’lim 4+2 dasturi doirasida amaliy mashg‘ulotlarni davom ettirmoqdalar. Ushbu dasturga muvofiq, talabalar o‘z bilim va tajribalarini mustahkamlash maqsadida mahalliy masjidlar va mahallalarda targ‘ibot-tashviqot ishlarida faol ishtirok etmoqdalar.
Targ‘ibot tadbirlarining asosiy maqsadi – jamiyatda islomiy ma’rifatni keng targ‘ib qilish, yoshlarga axloqiy tarbiya berish hamda diniy savodxonlikni oshirishdan iborat. Ushbu tadbirlarda talabalar mahalla ahli bilan uchrashib, ularga diniy va ma’naviy mavzularda suhbatlar olib bordilar, shuningdek, masjidlarda faoliyat yurituvchi imom-xatiblar bilan hamkorlikda amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdilar.
Talabalar ishtirokidagi bu kabi targ‘ibot tadbirlari nafaqat ularning amaliy ko‘nikmalarini oshirish, balki jamiyat bilan bevosita ishlash tajribasini orttirish, islomiy qadriyatlarni keng ommaga yetkazish uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur dastur asosida olib borilayotgan ishlar kelgusida ham davom ettirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u talabalarning ilmiy-amaliy tayyorgarligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati