Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

Rasululloh: «Men bobom Ibrohimning duosiman…»

02.05.2018   13474   6 min.
Rasululloh: «Men bobom Ibrohimning duosiman…»

Rasululloh: “Men bobom Ibrohimning duosiman, Iso ibn Maryamning bashoratiman va onamning tushiman”, deganlar. Payg‘ambarimizning “Men bobom Ibrohimning duosiman” deganlaridan murod Hazrat Ibrohimning  Ismoil  bilan birga Ka’bani qurayotganlarida: “Ey Rabbimiz, ularga o‘zlaridan bo‘lgan, ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitob va hikmat (Qur’on va hadis)ni o‘rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg‘ambarni yubor! Albatta, Sen O‘zing Aziz va Hakimsan”, deb duo qilganlaridir.

Payg‘ambarimizning “Iso ibn Maryamning bashoratiman” deganlaridan murod Hazrat Isoning: “Ey Isroil avlodi, albatta, men Allohning sizlarga (yuborgan) Payg‘ambariman. (Men) o‘zimdan oldin berilgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keladigan “Ahmad” ismli Payg‘ambar haqida bashorat beruvchiman”, deganlaridir.

Payg‘ambarimizning “onamning tushiman” deganlari esa, “Onam o‘zlaridan nur chiqqanini ko‘rganlar va bu nur tufayli Shom qasrlari yorishib ketgan” mazmunli hadisi sharifga ishoradir.

Ushbu xabarni Imom Buxoriy “At-tarixul kabir” va “At-tarixus sag‘ir”da, Abu Dovud, Ahmad ibn Hanbal, Abu Bakr Bazzor, Abu Ya’lo Muvsiliy va Ibn Rohavayh “Musnad”larida, Ibn Hibbon “As-siqot”da, Dorimiy “Sunan”da, Tabaroniy “Al-mu’jamul kabir”da, Bayhaqiy “Shu’abul imon”, “Daloilun nubuvvah”da, Abu Nuaym “Al-huliya”da, Bag‘aviy “Sharhus sunna”da, Ibn Adiy “Al-komil”da, Imom Tabriziy “Mishkotul masobih”da, Ibn Sa’d “At-tabaqotul kubro”da, Ibn Is'hoq, Ibn Hishom va Ibn Asokirlar “As-siyratun nabaviya” kitob­larida, Abdulloh ibn Muborak va Abu Bakr ibn Mardavayh ham rivoyat qilgan.

Hokim “Al-mustadrak ’alas sahihayn” kitobida bu hadisni: “Imom Muslimning shartiga ko‘ra sahihdir”, degan. Imom Zahabiy “At-talxis”da va Ibn Hajar Asqaloniy “Fathul Boriy”da “Sahih” deyishgan. Shuayb Arnaut “Musnadi Ahmad” va “Sahihi ibn Hibbon” taxrijida: “Sahihun li g‘oyrih”, deydi. Hofiz Nuriddin Haysamiy “Majma’uz zavoid”da va Ahmad ibn Abu Bakr Busoyriy “Ithoful xiyaratil mahara” kitobida: “Isnodi hasan”, deyishgan. Hofiz Zayniddin ibn Abdurahmon ibn Ahmad ibn Rajab Dimashqiy: “Rasululloh  tug‘ilayotganlarida bu muborak nurning chiqishi insoniyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlagan va shirk zulmatini yo‘q qilgan hidoyat nuriga ishoradir”, degan[1].

Alloma Ibn Kasir: “Bu muborak nur chiqib, Shom diyoridagi qasrlarni yoritib yuborgani Islom dinining Shom diyoriga o‘rnashib, mustahkam bo‘lishiga ishora. Shuning uchun ham oxirzamonda Shom diyori Islom dini va musulmonlar uchun mustahkam qal’aga aylanadi. Iso  Shom diyoriga, aniqrog‘i, Damashqning sharqiy oq minorasi joylashgan yerga tushadilar”, degan. 

Omina  onamizning  doyasi

Payg‘ambarimizga muhabbatimiz tufayli atroflarida bo‘lgan har bir kishini bilgimiz, tanigimiz keladi. Xo‘sh, Rasululloh  tug‘ilayotganlarida Omina onamizga kim doyalik qilgan edi?

Ayrim rivoyatlarda Isoning  onalari pokdomon Maryam bilan Musoni  ulg‘aytirgan hazrat Osiyodek mukarrama zotlar hozir bo‘lishgani aytilgan. Ammo “Maryam va Osiyo onalarimiz Rasululloh  tug‘ilayotgan paytda hozir bo‘lganlari” haqidagi rivoyatni imom Suyutiy “Al-xasoisul kubro” kitobida (1/47): “Juda ham munkar”, degan.

Haq gap esa Omina onamizga Shifo  doyalik qilganlaridir. Shifoning onasi Salmo, eri Avf, o‘g‘illari Abdurahmon va Asvad, qizi Otikadir.

Olamlar sarvarining yorug‘ dunyoga tashrifida istiqbollariga chiqqan, bo‘lajak payg‘ambarni ilk kutib olish sharafiga muyassar bo‘lgan Shifo binti Avfni  Alloh taolo keyinchalik ham ko‘p yaxshiliklar ila siyladi. Shifo haq din kelganida uni qabul etdi, istiqomatda sobit bo‘ldi, Rasululloh  hayotlik davrlarida vafot etdi va o‘g‘li Abdurahmonning  jannati ekani bashoratini oldi.

 

Ilohiy  irodaning  ro‘yobi

Rasululloh  dunyoga kelganlaridan so‘ng Omina onamiz qaynotalari Abdulmuttalibga odam jo‘natib, nabirali bo‘lgani xabarini yetkazadi. Abdulmuttalib behad quvonadi, chaqaloqni olib, Ka’baning ichiga kiradi, Allohga duolar qilib, shukronalar aytadi va shu yerda muborak nabirasiga “Muhammad” deb ism qo‘yadi. Qiziq, Abdulmuttalib nimaga asoslanib ota-bobolarining urfida bo‘lmagan bu ismni qo‘ydi?

Bu borada ikki asos bor:

  1. Abdulmuttalib Rasululloh tug‘ilishlaridan bir oz oldin belidan bir uchi osmonda, bir uchi yerda, yana bir uchi sharqda va bir uchi g‘arbda bo‘lgan kumush zanjir chiqqanini tush ko‘radi. Keyin haligi zanjir ulkan bir daraxtga aylanadi. Har bir yaprog‘ida nur bo‘lib, mashriqu mag‘rib aholisi unga osilayotgan va uni tinmay maqtayotgan edi. Tushini ta’birchilarga aytganida, ular zurriyotlari orasida bir farzand dunyoga kelishini, butun mashrig‘u mag‘rib aholisi unga ergashishi, yeru osmon ahli uni maqtashini aytadi. Abdulmuttalib mana shu tushga asoslanib, “Muhammad” deb ism qo‘ygan.
  2. Omina onamiz ham homiladorlik paytida bir tush ko‘radi. Tushida muborak o‘g‘il ko‘rishi bashorat qilinadi va unga “Muhammad” deb ism qo‘yishi buyuriladi. Vaqt-soati kelib, Omina onamiz muborak o‘g‘ilni dunyoga keltirganida, tushini qaynotasiga aytadi. Abdulmuttalib tushlarning bejiz emasligini tushunadi. Darvoqe, Zamzam qudug‘ining qayerga ko‘milgani ham, uni ochish ham Abdulmuttalibga tushida bildirilgan edi.

Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qi­linadi: «Payg‘ambarimiz  tug‘il­ganlarining yettinchi kuni Abdulmuttalib muborak nabirasi nomidan, o‘sha paytdagi arablarning odatiga ko‘ra, qo‘chqor so‘yib, Quraysh ahliga ziyofat beradi. Mehmonlar ziyofat so‘ngida: “Bu nabirang sharofati bilan bizni juda siylading, unga qanday ism qo‘yding?” deb so‘rashadi. U: “Muhammad deb ism qo‘ydim”, deydi. Ular: “Ota-bobolaringda bunaqa ism yo‘q-ku?” deb ajablanishganida, u: “Men bu nabiramning yerda ham, osmonda ham doimo maqtalishini xohladim», deydi”.

Aslida esa, Alloh taolo so‘nggi pay­g‘ambarining ismi “Muhammad” bo‘lishini iroda etgan va bu ilohiy irodaning ro‘yobini Abdulmuttalib bilan Omina onamizga tush orqali ilhom qilib, yuzaga chiqardi. Chunki asl Tavrotda “Muhammad” deb, asl Injilda “Ahmad” deb xabar berilgani ma’lum.

 

Abdul Azim ZIYOVUDDIN,

Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi

 

 

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Banklar va mikromoliya tashkilotlari o‘z faoliyatini islomiy bank faoliyatiga o‘zgartirishi mumkin

11.08.2026   42160   2 min.
Banklar va mikromoliya tashkilotlari o‘z faoliyatini islomiy bank faoliyatiga o‘zgartirishi mumkin

Adliya vazirligi Mikromoliya tashkiloti va bank faoliyatini o‘zgartirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3656-1, 01.08.2026 y.), xabar bermoqda huquqiyaxborot Telegram kanali.

Mazkur idoraviy hujjat "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida" 2026 yil 27 martdagi O‘RQ–1126-son Qonunga muvofiq ayrim kredit tashkilotlari faoliyatini o‘zgartirishning quyidagi tartib-taomillarini belgilaydi:

  • mikromoliya tashkilotini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankiga o‘zgartirish;
  • faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o‘zgartirish;
  • faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankni faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankiga o‘zgartirish;
  • faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankini mikromoliya tashkilotiga o‘zgartirish;
  • bankni faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o‘zgartirish.

Shuningdek, o‘z faoliyatini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o‘zgartirishga faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki haqli.

Mikromoliya bankini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) olish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mikromoliya banki binolarida shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq qulay shart-sharoitlar yaratilganligi bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasi mavjud bo‘lishi kerak.

Tashabbus Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish iqtisodiyotga depozitlar va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar ko‘rinishida taxminan 1 milliard dollar jalb qilishi mumkin. Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, 2035 yilga borib O‘zbekiston ushbu tizim ishga tushirilgandan beri dunyoda islom moliyasining eng tez o‘sishini namoyish etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari