Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: «Nabiy alayhissalom: «Mening zotu nasabimga johiliyat buzuqliklari aralashmagan. Ota-bobolarimning hammalari aynan Islomdagi nikoh qoidalariga muvofiq holda dunyoga kelishimga sababchi bo‘lishgan», deganlar».
Hishom ibn Muhammad Kalbiy otasidan shunday rivoyat qiladi: «Men Payg‘ambar alayhissalomning onalariga qadar yana juda ko‘p momolarining hayotini o‘rganib chiqishga muvaffaq bo‘ldim. Ularning orasida biror zinokorni ham, johiliyatning yomon odatlari bilan mashg‘ul bo‘lgan biror kimsani ham uchratmadim».
Ali karramallohu vajhahudan keltirilgan rivoyatda Payg‘ambar alayhissalom: «Men nikohdan dunyoga kelganman, zinodan emas. Odam alayhissalomdan boshlab, to ota-onamdan tug‘ilgunimga qadar johiliyat buzuqliklari menga yetmagan», deganlar.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan keltirilgan rivoyatda Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: «Ota-onam hech qachon zinoga yaqinlashmaganlar. Alloh taolo meni pok sulbdan (ya’ni ota-bobolarimning pushti kamaridan) pokiza rahmlariga (ya’ni ona-momolarimning vujudiga) ko‘chirgan. Ular ikki shoxobchaga bo‘lingan, men ularning eng yaxshisidaman».
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Laqod jaa-akum rasulummin anfusikum», ya’ni «Darhaqiqat, sizlarga o‘zlaringizdan (chiqqan) Rasul kelgan» oyatini qiroat qilib, «anfusikum»ning «fo»sini fathali أَنْفَسِكُمْ (ya’ni «anfasikum») qilib o‘qidilar-da, «Men ichingizda nasabda, qarindosh-urug‘chilikda hamda aslzodalikda namuna va ibrat olishga eng loyiqrog‘ingizman. Odam alayhissalomdan buyon kelayotgan ota-bobolarim ichida birorta xulqi buzuq bo‘lmagan», deb marhamat qildilar».
Mo‘minlarning onasi Oisha roziyallohu anho Payg‘ambar alayhissalomdan, u zot sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan rivoyat qiladilar: «Yer yuzining mashriqu mag‘ribini ko‘rib chiqdim. Lekin Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan afzalroq kishini hamda Hoshim avlodidan afzalroq ota avlodini ko‘rmadim».
«Sahihul Buxoriy»da Abu Hurayra roziyallohu anhudan naql etilgan rivoyatda Payg‘ambar alayhissalom: «Men Odam alayhissalom zurriyotlarining eng yaxshi naslidan payg‘ambar qilib yuborildim. Bu holat to eng yaqin ota-bobolarimga qadar naslma-nasl davom etib kelgan», deganlar.
«Sahihi Muslim»da Vosila ibn Asqo’ roziyallohu anhu naql qilgan rivoyatda Payg‘ambar alayhissalom: «Alloh taolo Ismoil zurriyotidan Kinonani tanladi. Kinonadan Qurayshni, Qurayshdan Banu Hoshimni, Banu Hoshimdan esa meni tanlab oldi», dedilar.
Abbos roziyallohu anhu keltirgan rivoyatda Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: «Alloh taolo maxluqotlarni yaratib, meni barcha firqa(guruh)lar ichida ham eng yaxshisi, ikki firqa(guruh)ning ham eng yaxshisi qildi. So‘ngra qabilalarni ixtiyor etib, meni eng yaxshi qabilaga mansub etdi. So‘ngra oilani ixtiyor etib, mening ana shu oilalarning eng yaxshisida dunyoga kelishimni taqdir etdi. Men ularning nafsi (ya’ni joni, zoti) jihatidan ham, oila jihatidan ham eng yaxshisiman» .
Ibn Umar roziyallohu anhumo naql qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Alloh taolo maxluqot yaratishni iroda qilib, ular orasidan Odam naslini tanladi. So‘ngra Odam avlodlari orasidan arablarni tanladi. So‘ngra ana shu arablardan meni tanladi. Men shu arablarning yaxshilaridan saralanib kelganman. Kim arablarni yaxshi ko‘rsa, men yaxshi ko‘rganim uchun yaxshi ko‘radi. Kim ularni yomon ko‘rsa, men yomon ko‘rganim uchun yomon ko‘radi».
Shuni yaxshi bilishimiz lozimki, Payg‘ambar alayhissalomning na aka-uka, na opa-singillari bo‘lgan. U zot yolg‘iz farzand bo‘lganlar. Bu bilan ota-onalari naslining sofligi va yaxshilik xislatlari faqat u zotgagina o‘tishi hamda nasablari ham yolg‘iz o‘zlari bilan cheklanishi ko‘zlangan. Bundan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambarlikka munosib bo‘lishlari va eng yuqori sharafga muvofiq tanlangan nasab bilan xoslanishlari iroda qilingan. Agar siz Payg‘ambar alayhissalomning nasablarini sinchiklab o‘rganib, u zotning naqadar pok nasldan dunyoga kelganlarini bilishga kirishsangiz, oxir-oqibat ulug‘ va olijanob sulolaga mansub ekanlariga ishonch hosil qilasiz. Payg‘ambar alayhissalom arab millatiga mansub bo‘lib, abtohiy, haramiy, hoshimiy va qurayshiydirlar.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamga qisqacha ta’rif beradigan bo‘lsak, u zot arablarning eng yaxshilaridan tanlangan bo‘lib, ularning ichida eng toza naslu nasab egasi, aslzodalikda eng sharaflisi, agar arablarni daraxtga o‘xshatsak, u zot ularning eng gullagani, o‘zagi va ildizi eng baquvvati, agar ustunlarga o‘xshatilsa, eng balandi, arablarning zoti jihatidan eng pokizasi, tili eng fasohatlisi, bayoni eng ravshanrog‘i, agar sharaf tarozisida o‘lchanishi mumkin bo‘lsa, sharafi eng og‘ir keladigani, eng to‘g‘ri yo‘l tutadigani, ota-ona tarafidan eng azizi va eng mukarrami bo‘lganlar.
Shuningdek, u zotning Alloh taolo uchun eng aziz o‘lka bo‘lmish Makkai Mukarramada dunyoga kelishlari ham bejiz emas. Zero, arab sahrosida (o‘sha vaqtda) Makka shahrining nufuziga teng keladigan boshqa o‘lka yo‘q.
Bu xususda buyuk muhaddis Shamsiddin ibn Nosiriddin Dimashqiy naqadar go‘zal so‘zlar aytganlar:
Asramish Alloh taolo Muhammad hurmatidan,
Barcha bobolarini johiliyat illatidan.
Odam Atodan tortib ota-onasigacha
Zinoga yurmadilar Allohning rahmatidan.
G‘iyosiddin Baratov
«Ko‘kaldosh» o‘rta maxsus
Islom bilim yurti o‘qituvchisi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati