Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

Muhammad alayhissalom – pok va toza nasab sohibi

02.05.2018   11678   5 min.
Muhammad alayhissalom – pok va toza nasab sohibi

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: «Nabiy alayhissalom: «Mening zotu nasabimga johiliyat buzuqliklari aralashmagan. Ota-bobolarimning hammalari aynan Islomdagi nikoh qoidalariga muvofiq holda dunyoga kelishimga sababchi bo‘lishgan», deganlar».

Hishom ibn Muhammad Kalbiy otasidan shunday rivoyat qiladi: «Men Payg‘ambar alayhissalomning onalariga qadar yana juda ko‘p momolarining hayotini o‘rganib chiqishga muvaffaq bo‘ldim. Ularning orasida biror zinokorni ham, johiliyatning yomon odatlari bilan mashg‘ul bo‘lgan biror kimsani ham uchratmadim».

Ali karramallohu vajhahudan keltirilgan rivoyatda Payg‘ambar alayhissalom: «Men nikohdan dunyoga kelganman, zinodan emas. Odam alayhissalomdan boshlab, to ota-onamdan tug‘ilgunimga qadar johiliyat buzuqliklari menga yetmagan», deganlar.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan keltirilgan rivoyatda Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: «Ota-onam hech qachon zinoga yaqinlashmaganlar. Alloh taolo meni pok sulbdan (ya’ni ota-bobolarimning pushti kamaridan) pokiza rahmlariga (ya’ni ona-momolarimning vujudiga) ko‘chirgan. Ular ikki shoxobchaga bo‘lingan, men ularning eng yaxshisidaman».

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Laqod jaa-akum rasulummin anfusikum», ya’ni «Darhaqiqat, sizlarga o‘zlaringizdan (chiqqan) Rasul kelgan»  oyatini qiroat qilib, «anfusikum»ning «fo»sini fathali أَنْفَسِكُمْ (ya’ni «anfasikum») qilib o‘qidilar-da,  «Men ichingizda nasabda, qarindosh-urug‘chilikda hamda aslzodalikda namuna va ibrat olishga eng loyiqrog‘ingizman. Odam alayhissalomdan buyon kelayotgan ota-bobolarim ichida birorta xulqi buzuq bo‘lmagan», deb marhamat qildilar».

Mo‘minlarning onasi Oisha roziyallohu anho Payg‘ambar alayhissalomdan, u zot sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan rivoyat qiladilar: «Yer yuzining mashriqu mag‘ribini ko‘rib chiqdim. Lekin Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan afzalroq kishini hamda Hoshim avlodidan afzalroq ota avlodini ko‘rmadim».

«Sahihul Buxoriy»da Abu Hurayra roziyallohu anhudan naql etilgan rivoyatda Payg‘ambar alayhissalom: «Men Odam alayhissalom zurriyotlarining eng yaxshi naslidan payg‘ambar qilib yuborildim. Bu holat to eng yaqin ota-bobolarimga qadar naslma-nasl davom etib kelgan», deganlar.

«Sahihi Muslim»da Vosila ibn Asqo’ roziyallohu anhu naql qilgan rivoyatda Payg‘ambar alayhissalom: «Alloh taolo Ismoil zurriyotidan Kinonani tanladi. Kinonadan Qurayshni, Qurayshdan Banu Hoshimni, Banu Hoshimdan esa meni tanlab oldi», dedilar.

Abbos roziyallohu anhu keltirgan rivoyatda Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: «Alloh taolo maxluqotlarni yaratib, meni barcha firqa(guruh)lar ichida ham eng yaxshisi, ikki firqa(guruh)ning ham eng yaxshisi qildi. So‘ngra qabilalarni ixtiyor etib, meni eng yaxshi qabilaga mansub etdi. So‘ngra oilani ixtiyor etib, mening ana shu oilalarning eng yaxshisida dunyoga kelishimni taqdir etdi. Men ularning nafsi (ya’ni joni, zoti) jihatidan ham, oila jihatidan ham eng yaxshisiman» .

Ibn Umar roziyallohu anhumo naql qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Alloh taolo maxluqot yaratishni iroda qilib, ular orasidan Odam naslini tanladi. So‘ngra Odam avlodlari orasidan arablarni tanladi. So‘ngra ana shu arablardan meni tanladi. Men shu arablarning yaxshilaridan saralanib kelganman. Kim arablarni yaxshi ko‘rsa, men yaxshi ko‘rganim uchun yaxshi ko‘radi. Kim ularni yomon ko‘rsa, men yomon ko‘rganim uchun yomon ko‘radi».

Shuni yaxshi bilishimiz lozimki, Payg‘ambar alay­his­salomning na aka-uka, na opa-singillari bo‘lgan. U zot yolg‘iz farzand bo‘lganlar. Bu bilan ota-onalari naslining sofligi va yaxshilik xislatlari faqat u zotgagina o‘tishi hamda nasablari ham yolg‘iz o‘zlari bilan cheklanishi ko‘zlangan. Bundan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambarlikka munosib bo‘lishlari va eng yuqori sharafga muvofiq tanlangan nasab bilan xoslanishlari iroda qilingan. Agar siz Payg‘ambar alayhissalomning nasablarini sinchiklab o‘rganib, u zotning naqadar pok nasldan dunyoga kelganlarini bilishga kirishsangiz, oxir-oqibat ulug‘ va olijanob sulolaga mansub ekanlariga ishonch hosil qilasiz. Payg‘ambar alayhissalom arab millatiga mansub bo‘lib, abtohiy,  haramiy,  hoshimiy  va qurayshiydirlar.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamga qisqacha ta’rif beradigan bo‘lsak, u zot arablarning eng yaxshilaridan tanlangan bo‘lib, ularning ichida eng toza naslu nasab egasi, aslzodalikda eng sharaflisi, agar arablarni daraxtga o‘xshatsak, u zot ularning eng gullagani, o‘zagi va ildizi eng baquvvati, agar ustunlarga o‘xshatilsa, eng balandi, arablarning zoti jihatidan eng pokizasi, tili eng fasohatlisi, bayoni eng ravshanrog‘i, agar sharaf tarozisida o‘lchanishi mumkin bo‘lsa, sharafi eng og‘ir keladigani, eng to‘g‘ri yo‘l tutadigani, ota-ona tarafidan eng azizi va eng mukarrami bo‘lganlar.

Shuningdek, u zotning Alloh taolo uchun eng aziz o‘lka bo‘lmish Makkai Mukarramada dunyoga kelishlari ham bejiz emas. Zero, arab sahrosida (o‘sha vaqtda) Makka shahrining nufuziga teng keladigan boshqa o‘lka yo‘q.

Bu xususda buyuk muhaddis Shamsiddin ibn Nosiriddin Dimashqiy naqadar go‘zal so‘zlar aytganlar:

Asramish Alloh taolo Muhammad hurmatidan,

Barcha bobolarini johiliyat illatidan.

Odam Atodan tortib ota-onasigacha

Zinoga yurmadilar Allohning rahmatidan.

G‘iyosiddin Baratov

«Ko‘kaldosh» o‘rta maxsus

Islom bilim yurti o‘qituvchisi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Azzaman” gazetasi: Yangi O‘zbekistonda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda

11.08.2026   23500   2 min.
“Azzaman” gazetasi: Yangi O‘zbekistonda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda

Iroqning “Azzaman” gazetasida “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi: Davlat barpo etishdan Uchinchi Renessans sari” nomli maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib bormoqda.

1991 yilda qo‘lga kiritilgan mustaqillik O‘zbekiston xalqi hayotida tarixiy burilish yasab, milliy davlatchilik asoslarini shakllantirish, iqtisodiy taraqqiyot poydevorini yaratish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash jarayonini boshlab berdi.

2016 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda “Yangi O‘zbekiston” tamoyili asosida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda izchil va muvozanatli rivojlanish yo‘lidan borayotgan davlat sifatida e’tirof etilmoqda.

Muallif O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiyalarni jalb etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va tadbirkorlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratgan.

Maqolada aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatini oshirish, yoshlar hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar haqida ham alohida fikr yuritilgan.

Nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Uchinchi Renessans” g‘oyasi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida baholangan. Unda Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan yurt bugungi kunda ilm-fan, innovatsiya, texnologiya va inson kapitalini rivojlantirish orqali yangi uyg‘onish davrini yaratishga intilayotgani qayd etilgan.

Iroq matbuoti O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rniga ham to‘xtalib, mamlakatda boy ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan. Jumladan, Toshkent shahrida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Movarounnahr allomalarining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini namoyish etuvchi muhim ilmiy-madaniy maskan sifatida qayd etilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari