Zakoti beriladigan molga qo‘yiladigan shartlardan biri bandalar tarafidan talab qilinadigan qarzdan ortiq bo‘lishidir.
“Bandalar tarafidan talab qilinadigan qarz bo‘lmaslik” deganda – qarzlar ikki qismga bo‘linadi: Alloh taolo tomonidan talab qilingan qarzlar; bandalar tomonidan talab qilinadigan qarzlar;
Bir kishining zimmasida nazr, kafforat, sadaqai fitr, tamattu’ hajining qurbonliklari, qurbon hayitining qurbonligi kabi qarzi bor bo‘lsa va zakot nisobiga yetadigan mablag‘i ham bo‘lsa, avval zakotini ado qiladi, chunki bu qarzlar bandaning haqqi emas, Allohdan talab qilinadigan qarzlardir. Zakot farz bo‘lishi uchun mol egasining nisobini kamaytirib yuboradigan darajada qarzi bo‘lmasligi kerak. Bir odamning qo‘lida nisobga yetadigan moli bor. Shu bilan birga, boshqa odamlardan qarzi ham bor. Agar qarzni berganidan keyin ham qolgan moli nisob miqdorida bo‘lsa, zakot beradi. Ammo qarzni berganda o‘ziga mol qolmaydigan yoki moli nisob miqdoridan kamayib qoladigan bo‘lsa, zakot berish farz bo‘lmaydi. Chunki odamlardan qarzi bor odam boy hisoblanmaydi.
Qarz borasida mazhab ulamolari turlicha bayon qilishgan:
Hanafiylar: “Qarz uch qismga bo‘linadi: Birinchi qismi – bandalarga xos qarz. Ikkinchi qismi – Alloh taologa xos qarz. Uchinchi qismi – Bandalar tomonidan talab qilinmagan qarz.
Qarzni bandalar tomonidan talab qiluvchisi (yig‘ib oluvchi) bo‘ladi. Huddi o‘tgan yilda berilmagan zakot qarzi kabi. Zohiriy (ko‘rinib turuvchi) mollarni, ya’ni chorva mollari va yerdan chiqqan narsalarni o‘sha paytda talab qiluvchi boshliq bo‘lgan. Yoki oltin va kumushga o‘xshash tijorat mollari kabi botiniy mollarni talab qiluvchi boshliq yordamchisi bo‘lgan. Boshliq yordamchilari zakotni idora qiluvchilardir. Chunki boshliq Usmon roziyallohu anhu zamonlarigacha zakotni yig‘ib olar edi. Bas, u zot roziyallohu anhu botiniy mollarda zakot berishni o‘z egalariga topshirganlar. Uchinchi qismi – uni bandalar tomonidan talab qiluvchisi bo‘lmagan nazr, kafforat, fitr sadaqasi va hajning nafaqasi kabi Alloh taologa xos bo‘lgan qarzlardir. Zakotni farz bo‘lishini man qiladigan qarzlar avvalgi ikki qism qarzlaridir. Agar bir kishi zakot nisobiga ega bo‘lib, so‘ng o‘sha nisob bir yil aylansa, o‘sha yili undan zakot chiqarmay, boshqa yilga o‘tib ketsa, ikkinchi yili unga zakot farz bo‘lmaydi. Chunki o‘sha qarz ana shu yilning nisobidan kamaytiradigan, o‘tgan yilgi zakotning qarzi edi. Shuningdek, molga ega bo‘lsa va uning zimmasida boshqa shaxsga qarzi bo‘lib, qarz – oldi-sotdi pul yo naqd pul yoki o‘lchov mollari bo‘ladimi yoxud hayvonlarmi yoki bulardan boshqa qarzlar bo‘ladimi, ularning orasida hech qanday farq yo‘q. Mazkur qarzlarning barcha navlari zakot farz bo‘lishligini man qiladi. Illo, ziroat va mevalarning zakoti – ushr va xiroj bundan mustasno. Ammo uchinchi qismi zakot farz bo‘lishligini man qiladi”, deganlar.
Molikiylar: “Bir kishini nisobini kamaytirib yuboradigan darajada qarzi bo‘lsa, yashash joyiga o‘xshash zaruriyatda unga ehtiyoji tushmaydigan narsalardan boshqa zakot mollaridan o‘zida qolgan nisob to‘liq bo‘lmay qolsa, o‘zidagi molda zakot farz bo‘lmaydi. Bu shart oltin va kumush zakotlariga tegishlidir. Ma’dan oltin yoki kumush rudasidan bo‘lmagani uchundir. Ammo chorva va ekinlarda zakot farz bo‘ladi”, deganlar.
Shofe’iylar: “Molning qarzdan forig‘ bo‘lishligi shart qilinmaydi. Bas, kimning zimmasida qarzi bo‘lsa, unga zakot farz bo‘laveradi. Agar ana shu qarz nisobni kamaytirib yubormasa”, deganlar.
Hanbaliylar: “Zimmasidagi qarzni berganda o‘ziga mol qolmaydigan yoki nisob miqdoridan kamayib qoladigan kishiga zakot farz bo‘lmaydi. Garchi qarz zakoti beriladigan molning jinsidan boshqa bo‘lsa ham. Agar qarz xiroj yoki o‘rib yig‘ilgan yo yer ijarasi yoxud haydalgan yer bo‘lsa ham (zakot farz bo‘lmaydi). Qarz naqd pullar, tijorat mollarining qiymati yoki ma’dan kabi botiniy mollarda, mevalar, donlar va chorva mollari kabi zohiriy mollarda zakot farz bo‘lishligini man qiladi. Bir odamning nisobga yetgan moli bor. Shu bilan birga, qarzi ham bor. Avval qarziga yetadigan miqdori undan chiqariladi. Agar qarzni berganidan keyin ham qolgan moli nisob miqdorida bo‘lsa, zakot beradi”, deganlar.
“Al-Fiqhu alal-Mazohibil-arba’a” kitobi asosida
Yangiyo‘l tumani “Imomi A’zam” jome masjidi
imom noibi Nuriddin Akromov tayyorladi
Hindiston Respublikasi Mudofaa vazirligi kotibiyati boshlig‘i, general Dinesh Kumar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Markaz bilan tanishuv davomida mehmon, ayniqsa, Usmon Mus'hafini ko‘rib chuqur taassurot olganini ta’kidlab, uni bu yerdagi eng noyob va unutilmas yodgorliklardan biri, deya e’tirof etdi.
Tashrif chog‘ida general Dinesh Kumar muzeyning boy ekspozitsiyalari bilan batafsil tanishdi. U islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyasi, Islom sivilizatsiyasining taraqqiyot bosqichlari, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga bag‘ishlangan galereyalar, buyuk allomalarning hayoti va ilmiy merosi, nodir qo‘lyozmalar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalarni katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirdi.
Mehmon ekspozitsiyalar tarixiy merosni zamonaviy muzeyshunoslik yechimlari orqali jonli va ta’sirchan tarzda namoyon etayotganini yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, har bir galereya o‘zaro uzviy bog‘langan bo‘lib, tashrif buyuruvchilarga O‘zbekiston va butun mintaqa sivilizatsiyasi tarixini yaxlit holda anglash imkonini beradi.
General Dinesh Kumar bunday dedi:
➖ Bu haqiqatan ham hayratlanarli maskan. Delegatsiyam bilan birgalikda bu yerga kelib, katta taassurotlar oldik. Markazning me’moriy qiyofasi, ekspozitsiyalarning yuksak saviyada tashkil etilgani hamda islomgacha bo‘lgan davrdan tortib bugungi kungacha bo‘lgan tarixning izchil va ta’sirchan tarzda yoritilgani meni chuqur hayratga soldi. Ayniqsa, zamonaviy texnologiyalar yordamida tarixni jonlantirish usuli tahsinga sazovor. Bu yerda har bir ekspozitsiya o‘tmishni nafaqat ko‘rish, balki uni chuqur his qilish imkonini ham beradi.
Bizga namoyish etilgan Usmon Mus'hafi so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan darajada noyob meros ekan. Bu men uchun eng ta’sirli eksponat bo‘ldi va uni umrim davomida eslab yuraman.
O‘zbekistonga keladigan har bir sayyoh ushbu maskanni albatta ko‘rishi kerak. Biz Hindistonga qaytgach, do‘stlarimiz va hamkasblarimizga ham bu yerga tashrif buyurishni tavsiya qilamiz.
Tashrif yakunida general Dinesh Kumar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatning ko‘p asrlik tarixiy va ma’naviy merosini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘un holda namoyon etayotgan, xalqaro ahamiyatga ega ilmiy-ma’rifiy maskan ekanini alohida ta’kidladi.
iccu.uz