Xuzayfa roziyallohu anhu aytadilar: «Bir kuni kechasi Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan namoz o‘qidim. U kishi Baqarani boshladilar va o‘qib tugatdilar. So‘ngra Oli Imronni boshladilar va uni ham o‘qidilar. Keyin Niso surasini oxirigacha o‘qidilar. Ushbu suralarni birin-ketin shoshmay tilovat qildilar. Agar tasbeh zikr qilingan oyatdan o‘tsalar, tasbeh aytar, agar duo oyatidan o‘tsalar, duo qilar, agar panoh so‘rash oyatidan o‘tsalar, (barcha yomonliklardan Allohning) panoh berishini so‘rar edilar» (Imom Muslim rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: «Agar Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Sabbihisma robbikal a’la…» (A’lo surasi)ni o‘qisalar, uning ketidan: «Subhana robbiyal a’la», deb aytardilar» (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati).
Agar Qur’on o‘quvchi mo‘minlarga ilohiy xitob bo‘lgan «Ey iymon keltirganlar…» oyatidan o‘tsa, o‘sha yerda to‘xtab, Allohning amriga quloq tutadi. Ba’zilar ushbu xitobdan so‘ng: «Labbayka Rabbiy va sa’dayka» (Ey Rabbim, men sening toatingdaman va amringga muntazirman) deb aytar, so‘ngra Alloh nimaga buyurib, qanday amallardan qaytarishini tafakkur qilar va qalban tasdiqlab, o‘z hayotlarida bunga og‘ishmay amal qilar edilar. Kishi shunday qilsa, Qur’onni to‘liq tartil qilgan bo‘ladi. Agar o‘qiyotgan oyatlarning ma’nolarini bilmay qolsa, uni biladiganlardan so‘rab oladi. Toki Allohning kalomini to‘g‘ri tushunib, unga chiroyli amal qilsin.
Agar o‘qilayotgan oyatda Alloh taolo o‘tgan qavmlarning qissalaridan xabar berayotgan bo‘lsa, ulardan o‘ziga ibrat olsin. Alloh ularga qanday hukm qilganini bilib, azobga giriftor bo‘lgan kofir – noshukr qavmlarning yo‘lidan saqlansin. Doimo Allohga shukr qilib, Uning toatida bo‘lsin. Agar o‘qilayotgan oyatda va’id (qo‘rqitish-ogohlantirish) kelgan bo‘lsa, qalbiga nazar solsin. Agar nahiy qilinayotgan biror illat topilsa, undan voz kechsin. Agar rajo (umidbaxsh) oyatlarni tilovat qilsa, Allohning rahmatidan noumid bo‘lmasin. Xavf oyatidan o‘tganda Alloh osiy bandalarni azoblashini fikr qilsin, toki uning qalbidagi xavf va rajo bir-biriga mutanosib bo‘lsin. Xuddi mana shu komil iymon belgisidir. Agar pand-nasihatlardan iborat bo‘lgan oyatlarni o‘qisa, ulardan o‘ziga o‘git olib, amal qilishga harakat qilsin. Agar yuqorida zikr qilinganlarni bajarsa, Qur’on odobi va haqlarini ado etgan bo‘ladi.
"Qur’oni karim fazilati va odoblari" kitobidan
Muhammadsharif RUSTAMOV,
Marhamat tumanidagi “Ibrohim Xalilulloh” masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Hadisda “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, deyilganini o‘qidim. Hadisdagi ushbu kenglikdan murod nima?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Haqiqatda, hadisi shariflarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kimki Ashuro kunida ahli ayoliga kenglik qilsa, Alloh unga yil davomida kenglik qiladi", deb marhamat qilganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ulamolar mazkur hadislardagi kenglikni yeb ichish, kiyim-kechak va boshqa narsalarda kenglik qilishni iroda qilingan deganlar. Ya’ni odamlar shu kuni oila a’zolariga xuddi bayramlardagi kabi, balki undan ham yaxshiroq mo‘l-ko‘lchilik qilib bersalar, Alloh taolo ularga yil davomida kengchilik qiladi, deb tushunish mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi