Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Sentabr, 2025   |   8 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:00
Quyosh
06:19
Peshin
12:18
Asr
16:21
Shom
18:11
Xufton
19:22
Bismillah
30 Sentabr, 2025, 8 Rabi`us soni, 1447

O‘zbekistondan Rossiyaga boruvchi migrantlar uchun patent olish yanada soddalashtirildi

27.04.2018   5024   2 min.
O‘zbekistondan Rossiyaga boruvchi migrantlar uchun patent olish yanada soddalashtirildi
Foto: kommersant.uz

Bundan avval mehnat migrantlari rus tili bo‘yicha imtihonni va sug‘urta to‘lovlarini bevosita Rossiyada amalga oshirish kerak bo‘lgan. Endi bularni hammasini O‘zbekistonda amalga oshirish mumkin.

O‘zbekiston Rossiyada mehnat migrantlariga patent rasmiylashtirish jarayonida kerakli bo‘lgan rus tili bo‘yicha sertifikat olish va sug‘urta to‘lovi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha masalalarni hal qilindi.

“Biz bu bosqichda patent olishda kerak bo‘lgan rus tili bo‘yicha sertifikatni olish muammosini hal qilishga erishdik. Hozir bu jarayon ishga tushirilib, biz bu sertifikatlarni o‘zimiz bera olamiz. Shuningdek, biz Rossiyaga kelish va patent olish uchun zarur bo‘lgan sug‘urta masalasini ham hal qildik”, — deb ta’kidladi Sputnik tahririyatiga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakili.

Hozirgi vaqtda yana bir muhim masala — O‘zbekistonda berilgan tibbiy hujjatlarni Rossiyada amal qilishini ta’minlash masalasini hal qilish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

“Buning uchun Rossiya tomonidan bildirilgan bir nechta talablarni bajarish kerak. Bu oddiy jarayon emas. Agar O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi buni amalga oshira olsa, o‘ylaymanki, yaqin vaqtlarda bu masalani ham hal qila olamiz”, — dedi suhbatdosh.

Bundan tashqari, respublika bo‘ylab mehnat migrantlari uchun rus, ingliz, nemis, koreys tillarini o‘rganish hamda kerakli bo‘lgan kasblar (svarkachi, quruvchi) bo‘yicha bepul o‘quv kurslar ochilmoqda.

Agentlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda bu o‘quv kurslar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifadagilar uchun bepul tashkil qilingan. Shuningdek, bu yerda rag‘batlantirish tizimi ham bor, agar ikki oylik o‘quv kursi yakunida o‘quvchi yaxshi natijalarni ko‘rsatsa, u uchinchi oyga ham qoladi.
 

Boshqa maqolalar

O‘zini nazorat etish

25.09.2025   3945   5 min.
O‘zini nazorat etish

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Haqiqatda nafsni tarbiyalash va tozalashdagi eng aniq yo‘l uning o‘z egasiga nima deyayotgani va uni nimalarga buyurayotganini muhosaba (hisob-kitob) qilib, nazoratga olishdadir. Agar o‘z-o‘zini nazorat etish qobiliyatiga ega ishonchli vakilingiz bo‘lsa, uni kuzatib, tekshirib yurmaysiz. Mabodo o‘zini o‘zi nazorat qilolmaydigan bo‘lsa, u holda uni tekshirib, nazorat qilib turishingiz tabiiy hol. Xuddi shu gapni sizning Alloh uchun bajarayotgan amallaringiz haqida ham aytish mumkin. Shunday ekan, u yoki bu ishni bajarayotganingizda Alloh buni mendan so‘ramaydi, degan fikrdan yiroq bo‘ling.

O‘zini nazorat etish usuli Allohni tanish maqomiga yetgan buyuklar an’anasidir.

Zamonalarida yetti abdolning[1] birlari bo‘lgan shayx Makinuddiyn al-Asmar marhamat qiladilar:

“Yo‘limning boshlanishida (tariqatga yangi kirgan paytimda) men tikuvchi bo‘lib ishlardim. Shunda men kun bo‘yi aytgan so‘zlarimni sanay boshladim. Har kuni kech kirganida tekshirib, ko‘p gapirib qo‘ymaganligimga ishonch hosil qilar edim. Yaxshi so‘zlarim uchun Allohga hamdu sano aytardim. Qolganlari uchun istig‘for aytib, tavba-tazarru qilardim”.

Shu odatlarida buyuk taqvodorlar darajasiga yetishgunlariga qadar davom etgan ekanlar.

Abu Xafs al-Haddod an-Nishopuriy quddisa sirruhu deydilar:

“Inson nafsi boshdan oxir, butunlay qorong‘ulikdir. Bu nafsning qandili uning siridir. Bu qandilning yog‘dusi Allohning qo‘llab quvvatlashi – tavfiqidir”.

Olim “Bu nafsning qandili uning siridir” deganida Alloh bilan banda o‘rtasidagi sirni nazarda tutadi. Chin ixlos va samimiyat manbayi bo‘lgan bu sir tufayli banda hech bir ish o‘z-o‘zidan ro‘y bermayotganini, balki qudrat sohibi Allohning irodasi bilan sodir bo‘layotganini anglab yetadi va iqror bo‘ladi. Natijada u yaxshilik qilishga yoki yomonlikni tark etishga o‘zining vujudida biror bir kuch-qudrat yo‘qligini anglab yetadi. Shundan so‘nggina banda Alloh yordami bilan o‘z nafsining yomonliklaridan forig‘ bo‘ladi[2].

Shuning uchun shayxlar marhamat etadilar:

“Kimda sir bo‘lmasa gunohda qattiq turaveradi”.

Tarbiyat va to‘g‘irlash maqsadida nasihat hamda eslatish yo‘li bilan o‘z nafsini uyg‘otish bandaning o‘z-o‘zini nazorat etishini muvofiqlashtiruvchi eng haqqoniy omildir. Shu sabab taqvodorlardan biri o‘z nafsiga murojaat etib shunday degan ekan:

“Ey nafsim! Nechun o‘tgan qavmlarning holiga e’tibor etmaysan, ular qanday va qanchalar uylar, hovlilar qurdilar, so‘ng bularning barchasini qoldirib, bu olamni tark etdilar! Yaratgan ularning yeru binolarini dushmanlariga qoldirmadimi?! Axir ko‘rmayapsanmi, odamlar to‘playdilaru yeyishga ulgurmaydilar, quradilaru yashashga fursatlari qolmaydi, yetib bo‘lmaydigan orzu-havaslar qiladilar! Ey mening nafsim, ishlaring ko‘p g‘alati! Nechun sen bu ochiq-oydin dalillarni ko‘rmaysan?! Ey mening nafsim! Balki sen jamiyatdagi yuksak ahvolingdan boshing aylanib, mast bo‘lib qolgandirsan va shuning uchun bu hollarga tushunmayotgandirsan?!

Axir anglab yetmayapsanmi, shuhratparastlikdan murod faqat odamlar e’tiborini qozonish, ular ko‘nglini moyil qilishdan iboratdir. Hatto barcha odamlar qoshingda itoatkorona egilib, ta’zimda tursalar-da, biror ellik yil o‘tgach, bu dunyoda sen ham o‘sha ta’zimchilar ham qolmaydi-ku?! Shunday vaqt keladiki, hatto seni eslab ham qo‘yishmaydi. Ey nafs! Nahotki mangulikni qandaydir muvaqqat yo‘q bo‘lib ketguvchi ellik yilga almashtirsang?! Ey nafs, uyalmaysanmi?! Tashqi ko‘rinishingni odamlar uchun bezaysan, pinhon gunohlar qilib, Yaratganga qarshi borasan!.. Hayf senga!.. Uvol!.. Nahot senga qarab turganlar ichida hamadan yoqimsizi sen uchun Alloh bo‘lsa?![3] Holingga voy seni, ey nafs! O‘zingni kim deb o‘ylayapsan?! Ey koshki odamlardan senga keladigan va yetadigan barcha musibat va baxtsizliklar faqat badxulqliging tufayli ekanini bilsang edi!..

G‘alati hol, sen dunyo boyligining ko‘payishi bilan quvonasan, ammo senga ajratilgan kunlar tobora kamayib borayotganidan qayg‘urmaysan ham! Mo‘l-ko‘lliging yanada ortib, farovonliging o‘sib borayotganidan ne nafki agar hayoting, umring yanada qisqarib ketayotgan bo‘lsa?!”

 

Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.


[1] Abdollik — avliyolikning yuqori darajalaridan biri bo‘lib, abdollar shu darajaga yetgan avliyolardir va hamma zamonda ular yetti nafarni tashkil etadilar — Tahririyat.
[2] Ya’ni qul gunohkorligi, zaif-ojizligiga Alloh qoshida iqror bo‘lib, Egasidan pinhoniy yordam so‘raganida Yaratgan uni nafsining zulmidan – xudbinligidan himoya etadi. Barchasi mana shu sirga – qul ojizligidan Xojasiga iqror bo‘lganida Allohdan keladigan yordamga asoslangan.
[3] Ya’ni sen odamlar qaraydigan narsalaringni tartibga keltirasan, Alloh nazar soladigan ko‘nglingni – ichki dunyoingni, ma’naviy olamingni esa qarovsiz, gunoh kirlari, iflosliklari bilan qoldirasan – Muharrir.