Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Oktabr, 2025   |   13 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:06
Quyosh
06:24
Peshin
12:16
Asr
16:13
Shom
18:02
Xufton
19:14
Bismillah
05 Oktabr, 2025, 13 Rabi`us soni, 1447

O‘zbekistondan Rossiyaga boruvchi migrantlar uchun patent olish yanada soddalashtirildi

27.04.2018   5142   2 min.
O‘zbekistondan Rossiyaga boruvchi migrantlar uchun patent olish yanada soddalashtirildi
Foto: kommersant.uz

Bundan avval mehnat migrantlari rus tili bo‘yicha imtihonni va sug‘urta to‘lovlarini bevosita Rossiyada amalga oshirish kerak bo‘lgan. Endi bularni hammasini O‘zbekistonda amalga oshirish mumkin.

O‘zbekiston Rossiyada mehnat migrantlariga patent rasmiylashtirish jarayonida kerakli bo‘lgan rus tili bo‘yicha sertifikat olish va sug‘urta to‘lovi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha masalalarni hal qilindi.

“Biz bu bosqichda patent olishda kerak bo‘lgan rus tili bo‘yicha sertifikatni olish muammosini hal qilishga erishdik. Hozir bu jarayon ishga tushirilib, biz bu sertifikatlarni o‘zimiz bera olamiz. Shuningdek, biz Rossiyaga kelish va patent olish uchun zarur bo‘lgan sug‘urta masalasini ham hal qildik”, — deb ta’kidladi Sputnik tahririyatiga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakili.

Hozirgi vaqtda yana bir muhim masala — O‘zbekistonda berilgan tibbiy hujjatlarni Rossiyada amal qilishini ta’minlash masalasini hal qilish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

“Buning uchun Rossiya tomonidan bildirilgan bir nechta talablarni bajarish kerak. Bu oddiy jarayon emas. Agar O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi buni amalga oshira olsa, o‘ylaymanki, yaqin vaqtlarda bu masalani ham hal qila olamiz”, — dedi suhbatdosh.

Bundan tashqari, respublika bo‘ylab mehnat migrantlari uchun rus, ingliz, nemis, koreys tillarini o‘rganish hamda kerakli bo‘lgan kasblar (svarkachi, quruvchi) bo‘yicha bepul o‘quv kurslar ochilmoqda.

Agentlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda bu o‘quv kurslar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifadagilar uchun bepul tashkil qilingan. Shuningdek, bu yerda rag‘batlantirish tizimi ham bor, agar ikki oylik o‘quv kursi yakunida o‘quvchi yaxshi natijalarni ko‘rsatsa, u uchinchi oyga ham qoladi.
 

Boshqa maqolalar

Nafsingni qoldir-da, Menga kel...

26.09.2025   10584   4 min.
Nafsingni qoldir-da, Menga kel...

O‘z xohish-istaklariga qattiq berilish va Allohga itoat etishdan bosh tortish – nafsning egizak sifatlaridir va barcha muvaffaqiyatlar yo‘lini to‘suvchidir. Aynan shuning uchun ham buzg‘unchi nafs jazolanishlikka loyiqdir. Ya’ni gunohga undovchi nafsni sindirish uchun unga qarshi kurashish, buning uchun nafsni barcha manfurligi, qabohati va razolatini o‘ziga ko‘rsatgan holda kamsitish yo‘li bilan jazolash lozim. G‘azab olovida  alangalanayotgan nafsga qarshi turishning eng yaxshi yo‘li bu uni chiroyli axloq bilan jilovlab, yumshoqlik va beozorlik bilan so‘ndirishdan iboratdir.

Taqvo sohibi Zununi Misriy quddisa sirruhu marhamat qiladilar:

“Insondagi axloqiy fasod va tubanlashuvning sababi oltitadir:

Birinchisi – oxirati uchun bajaradigan amallarda niyatning zaifligi;
Ikkinchisi – vujudning hirsu shahvatlar tutquniga aylanishi;
Uchinchisi – o‘lim yaqinligiga qaramay, uzundan uzoq orzu havaslar girdobida g‘arq bo‘lish.
To‘rtinchisi – odamlar rizoligini Alloh rizoligidan afzal ko‘rishi.
Beshinchisi – Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini tark etib, havoyi nafsiga ergashishi.
Oltinchisi – o‘zining gunohlarini oqlash uchun o‘tgan solihlarning ozgina kamchiliklarini dastak qilishi, ularning ko‘p yaxshi, o‘rnakli amallariga esa ergashmasligi[1]”.

Ulug‘ shayxlarning ishonchli, mo‘tabar kitoblarida nafsga qarshi kurashning ko‘plab usul va yo‘llari mavjudligi aytilgan. Allohning roziligiga erishmoqchi bo‘lganlar doimo yodlarida tutishlari uchun ulardan ba’zlarini keltirib o‘tamiz.


Xudoni tanigan azizlardan birlari aytgan ekanlar:

“Biz tasavvufni qandaydir so‘z va iboralardan emas, balki ochlik, dunyo lazzatlaridan voz kechish, yomon odatlarni tark etish, Allohning buyurganlarini bajarib, qaytarganlaridan qaytish bilan topdik”.


Boshqa bir donishmanddan so‘rabdilar:

– Nafsni jilovlamoq uchun unga qanday mone’lik qilish zarur?

U zot javob beribdilar:

– Ochlik va tashnalik bilan kishanla, shon-shuhratga, ulug‘likka bo‘lgan intilishlarini va xohishlarini so‘ndirib kamsit, boy kishilarga xos bo‘lgan odatu sifatlardan uni mahrum et.


Abu Yazid quddisa sirruhudan naql etadilar:

Tushimda Allohni ko‘rdim va Undan so‘radim:

Ey yaratgan Egam, menga O‘zingga eltadigan yo‘lini ko‘rsat!

Alloh taolo marhamat qildi:

– Nafsingni qoldir-da, Menga kel.


Shayxlardan birlari shunday debdilar:

“Bizning yo‘limiz (tariqat) uchta qoidaga asoslangan: faqat och qolganda yeyish, beiloj bo‘lgandagina uxlash va eng zarur paytdagina so‘zlash!”.


Pirlardan yana birlari muridiga shunday nasihat qilibdi:

– Musibat uch sababga ko‘ra keladi: badxulqlik, yomon odatlardan qaytmaslik va yomon do‘stlikdan.

Talaba so‘rabdi:

– Badxulqlik nedir?

Pir javob beribdi:

– Harom yemoq.

Shogird so‘rabdi:

– Odatlardan qaytmaslik deganda nimani tushunamiz?

Pir javob beribdi:

– Bu ko‘z va quloqni tiymaslik — haromga qarash, g‘iybatga o‘ch bo‘lishlik.

Murid yana so‘rabdi:

– Yomon do‘stlik degani nimadir?

Bunga pirning javobi shunday bo‘libdi:

– Ko‘ngilda paydo bo‘lgan nafsoniy istakka darhol ergashishlik.


Taniqli ilohiyatchilardan biri bunday deydi:

“Bizning vazifamiz bizga yomon munosabatda bo‘lganlardan qasos olish emas, aksincha, kamtarinlik va oddiylik bilan ulardan uzr so‘rashdir. Kimgadir tuyilgan nafrat tuyg‘ularidan ko‘ngilni poklash uchun o‘sha odamga muruvvat ko‘rsatish kerak emasmi?!”

Shunday qilib, kimki nafsini ulug‘lasa, din uning uchun qadrsizdir. Va aksincha, kim dinini qadrlasa, nafs uning uchun manfurdir (nafratlangandir).

Oddiy odamlar o‘z xatti-harakatlarini tuzatishlikka intiladilar, mumtoz zotlar esa o‘zlarining ruhoniy dunyolari va ichki ahvolarini yaxshilashga e’tibor qaratadilar.

Allohga ibodat qilishda ochlikka chidash va tungi bedorliklarga bardosh berishlik u qadar qiyin ish emas. Ammo kishining o‘z fe’l-xuyini bo‘lmag‘ur odatlardan tozalashligi xususida gapiradigan bo‘lsak, bu o‘ta og‘ir va mushkul ishdir.


Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.


[1] Masalan, hazrati Ali va Muoviya roziyallohu anhumning o‘rtalaridagi ixtiloflarni noto‘g‘ri talqin qilishib,  ularning maqtovga sazovor go‘zal xislatlaridan ko‘z yumadilar. Muharrir.