Imom Abu Abdulloh Ahmad ibn Muhammad ibn Hanbalning onasi Markaziy Osiyoning Marv shahridan bo‘lib, otasi Saraxsdan ekani manbalarda qayd etilgan. U 164/780-yil Bag‘dod shahrida tug‘ilgan va 241/855-yilda shu yerda vafot etgan va “Bobi harb” nomli qabristonga dafn etilgan.
Ibn Hanbal yashagan Bag‘dod shahri ilm-fan rivoj topish barobarida turli-tuman e’tiqodiy qarashlar markazi hisoblanib, uning ilmiy jihatdan kamol topishi uchun zamin yaratdi.
U 183/799-yilgacha Bag‘dodda tahsil olgandan keyin ilmini oshirish maqsadida Kufa, Basra, Makka, Madina, Yaman, Shom va Jazoirga safar qiladi. Yana Bag‘dodga qaytib, Imom Shofe’iyning dars halqasida o‘tirib, 195/811-yilgacha fiqh, usulul-fiqhdan ta’lim olgan. Imom Ahmad umrining aksar qismini hadis to‘plashga bag‘ishladi. Mashhur muhaddislar, jumladan, Hushaym, Sufyon ibn Uyayna, Ibrohim ibn Sa’d, Jarir ibn Abdulhamid, Yahyo al-Qatton, Vaki’, Abdurahmon ibn al-Hudo va boshqa ustozlardan saboq oldi.
Imom Ahmad ilk marta fiqh ilmini ham rivoyat, ham diroyat asosida o‘rganish uchun Abu Hanifaning shogirdi va suhbatdoshi, Abbosiylar buyuk davlatining qozil-quzoti Imom Abu Yusufdan ta’lim oldi. Lekin undan ko‘proq fiqhni emas, balki hadisni o‘rganishga qiziqardi. Uning o‘zi “men hadis yozib olgan birinchi kishi Abu Yusuf edi”, degan.
U xulafoi roshidin fiqhi, sahobalar va tobein fiqhi, shuningdek, Imom Shofe’iyning fiqhiy uslubini o‘zlashtirdi. Ahmad ibn Hanbal o‘z davrida "imomul-muhaddisin” (muhaddislar imomi) sifatida tan olinib, uning “Al-Musnad” kitobini tasnif qilish orqali nihoyatda katta ishga qo‘l urganligi o‘z davrida yuksak baholandi.
Ahmad ibn Hanbal mo‘tazila aqidasiga qarshi bo‘lib, Qur’onni yaratilgan deb emas, balki qadim deb e’tiqod qildi. Shu sababli u xalifa tomonidan ta’qib ostiga olinib, ikki yil-u to‘rt oy hibsda saqlandi, tahqirga uchradi va 220/835- yili saroyda qamchi bilan savalandi.
Ahmad ibn Hanbal hadisshunoslik bo‘yicha katta shuhrat qozondi. Bir guruh mashhur muhaddislar, jumladan, Imom Muhammad ibn Ismoil Buxoriy, Muslim ibn Hajjoj undan ilm olib, hadis rivoyat qilganlar.
Ahmad ibn Hanbal o‘ziga xos fiqhiy qarashlari bilan boshqa mazhab tarafdorlaridan ajralib turardi. Uning e’tiqodiy qarashiga binoan imon qalb bilan tasdiqlash, til bilan iqror bo‘lish va badan a’zolari bilan amal qilishdir. Amal imonning juz’i bo‘lgani uchun u ko‘payib-ozayadi.
Gunohi kabiralarga qo‘l urgan kishi haqidagi mo‘tazila qarashlariga qarshi turib, bunday gunohni qilgan kishi mo‘min emas, degan fikrni rad qiladi.
Ahmad ibn Hanbal o‘ziga xos uslubga tayangan holda Hanbaliy mazhabiga asos soldi va uni rivojlantirishda Makkada Ibn Abbos tufayli yuzaga kelgan ilk huquqiy maktabdan foydalandi. U o‘z mazhabida Qur’on, Sunnat, sahobalarning so‘zlari va ijmosiga asosiy e’tiborni qaratib, qat’iy zarurat sezmagan holatlardan tashqari qiyosdan foydalanmaydi. Barcha hadislarni, hatto xabari vohid va sahobalar qavlini qiyosdan ustun qo‘yadi.
Hanbaliy mazhabi tarqalgan mintaqalarda ra’y va qiyosga katta e’tibor qaratilmagani sababli, odamlarning manfaatini nazarda tutgan holda barcha huquqiy muammolarga yechim topa olmadi va boshqa mazhablar kabi ommalashmadi.
Imom Ahmad o‘zidan oldingi mazhablar haqida shunday fikr bildiradi:
“Kimki dinda taqlid yo‘q desa, u Alloh va Rasululloh (s.a.v.) nazdida fosiq bo‘libdi. Ahli sunnadagi mazhab egalari biz foydalanayotgan ilmni bizga yetkazishgan. Bu ulardan hadislarni olib, sunnatni o‘rgandik. Ular ishonchli, ergashishga arziydigan odamlarning imomlaridir. Ular sizlardan oldin bo‘lishgan, shunday ekan, ularning yo‘lidan yurib o‘rganinglar va o‘rgatinglar ".
18 asr o‘rtalarida Muhammad ibn Abdulvahhob (1115/1703- 1201/1787) mazkur mazhabning qattiqqo‘llik tamoyillaridan foydalanib, vahhobiylik ekstremistik oqimiga asos soldi.
Mazkur to‘rt mazhabdan tashqari, mujtahid ulamolardan bir qanchasi mustaqil mazhab ta’sis etish harakatida bo‘lganlar, lekin ularning asarlari to‘liq tahrirdan chiqmaganligi va barcha ijtihodiy fatvolari mukammal toplanmaganligi bois mustaqil mazhab muassislari sifatida e’tirof etilmay qolganlar. Lekin ularning ayrim fiqhiy masalalar bo‘yicha bildirgan fikr-mulohaza va fatvolari ayrim islom manbalarida keltirilgan. Shunday mujtahidlardan Hasan Basriy, Mujohid, Ato ibn Abu Raboh, Ibrohim Naxaiy, Imom Buxoriy, Omir ash-Sha’biy, Avzoiy, Abu Sulaymon az-Zohiriy, Abu Jafar at-Tabariy va boshqalarni misol qilib keltirish mumkin.
Manbalar asosida tayyorlandi.
Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti
2-kurs talabasi Abdurashidov Muhammadnur
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taniqli ulamo Abduqahhor G‘afforov (Shoshiy)ning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Ma’lumot o‘rnida Abduqahhor Shoshiy 1939 yili Toshkent shahridagi "Hazrati Imom" dahasida tug‘ilganlar. 1956-1960 yillari Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, 1965-1969 yillari Misrdagi “Al-Azhar” dorilfununida o‘qiganlar. So‘ng O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi xalqaro bo‘limi mudiri, “Mir Arab” madrasasi direktori, Toshkent Islom oliy ma’hadi rektori vazifalarida ishlaganlar. “Islom aqidasi”, “Islom arkonlari”, “Qur’oniy hikoyalar” kabi o‘nlab kitoblar muallifi va tarjimonlari sanaladi.
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi