2026 yil 20 noyabr kuni dunyoning turli mamlakatlaridan taniqli olimlar va ulamolar qadimiy Termiz shahrida jam bo‘lishadi.
Termiz shahrida joylashgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida buyuk vatandoshimiz, hadis va tasavvuf ilmining yirik namoyandasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan "Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati" mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Mazkur nufuzli konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 24 iyuldagi qarori ijrosi doirasida tashkil etilmoqda.
Konferensiyada yurtimiz va xorijiy mamlakatlardan taniqli islomshunos olimlar, ulamolar, soha mutaxassislari Hakim Termiziyning islom sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rni, boy ilmiy-ma’naviy merosi va uning zamonaviy jamiyat hayotidagi ahamiyatiga oid ma’ruzalar bilan qatnashadilar.
Shuningdek, tadbir doirasida noyob qo‘lyozmalar, ilmiy nashrlar va zamonaviy tadqiqotlar ko‘rgazmasi hamda muqaddas qadamjolarga ziyoratlar tashkil etiladi.
Konferensiya ishi mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, telekanallar, gazeta va jurnallar hamda internet nashrlari orqali keng yoritib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
.