Zakot islomning besh rukunlaridan biri va u farz amallaridandir. Zakot fitr sadaqasi va ramazon ro‘zasi farz bo‘lgandan keyin hijratning ikkinchi yili shavvol oyida Madinada farz qilindi. Lekin zakot ijmoga ko‘ra payg‘ambarlarga farz qilinmadi. Chunki zakot nopoklash ehtimoli bor kimsani poklashdir. Payg‘ambarlar esa undan pokdirlar. Ularning qo‘llarida biror narsa bo‘lmagan va ular Alloh yo‘liga chaqiruvchilardir. Shuningdek, ular meros ham qoldirmaydilar.
Zakot – Qur’oni Karimning sakson ikki o‘rnida namoz bilan birga zikr qilingan. Bu esa, ularning o‘zaro oralaridagi aloqa naqadar mukammal ekanligiga dalolat qiladi.
Zakot Alloh taoloning kitobi, payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari va ummatning ijmosi ila farzdir.
Qur’ondan dalil shuki, Alloh taolo;
وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآتُوا الزَّكَاةَ وَارْكَعُوا مَعَ الرَّاكِعِينَ
“Namozni to‘kis ado qiling, zakot bering va ruku’ qiluvchilar bilan ruku’ qiling” degan (Baqara surasi 43oyat).
Boshqa bir oyatda Alloh taolo:
“Ularning (topgan) mol-mulklarida so‘raguvchi va (mol-davlatdan) mahrum kishilar uchun ma’lum haq (ya’ni, zakot) bo‘lgan zotlardir” degan (Ma’orij surasi 24-25-oyat)
Sunnatdan dalil esa:
Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Islom besh narsa ustiga bino qilingan. Allohdan o‘zga iloh yo‘qligi va Muhammad alayhissalom Allohning bandasi va elchisi ekanligiga guvohlik bermoq, namoz o‘qimoq, zakot bermoq, haj qilmoq va Ramazon ro‘zasini tutmoq», deb aytdilar. Muttafaqun alayh.
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ ، قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم لِمُعَاذِ بْنِ جَبَلٍ حِينَ بَعَثَهُ إِلَى الْيَمَنِ : إِنَّكَ سَتَأْتِي قَوْمًا هُمْ أَهْلُ كِتَابٍ ، فَإِذَا جِئْتَهُمْ فَأَخْبِرْهُمْ أَنَّ اللَّهَ قَدْ فَرَضَ عَلَيْهِمْ صَدَقَةً تُؤْخَذُ مِنْ أَغْنِيَائِهِمْ فَتُرَدُّ عَلَى فُقَرَائِهِمْ ( مُتَّفق عَلَيْه) ِ
Ibn Abbos roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Mu’oz ibn Jabalni Yamanga yuborayotib, unga shunday deganlar: “Albatta, sen ahli kitob qavmining oldiga borasan. Alloh ularga boylaridan olinib, faqirlarga qaytariladigan sadaqani farz qilganini xabar qil”, dedilar”[4]. Muttafaqun alayh.
وَعَنْ أَبِي أُمَامَةَ ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: » صَلُّوا خَمْسَكُمْ ، وَصُومُوا شَهْرَكُمْ ، وَأَدُّوا زَكَاةَ أَمْوَالِكُمْ ، وأطِيعُوا ذا أمْركُمْ تَدْخُلُوا جَنَّةَ رَبِّكُمْ » . رواه أحمد والترمذي
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasalamni hajjatul vado’da shunday: “Allohga taqvo qilinglar, besh (mahal) namozingizni o‘qinglar, ramazon oyining ro‘zasini tuting, mollaringizni zakotini ado qilinglar va ish egalaringizga itoat qilinglar Robbingizning jannatiga kirasizlar” deganlar[5] (Ahmad va Termiziy rivoyati).
Musulmonlar jamiki asrlarda va o‘lkalarda zakotning farzligiga ijmo qilishgan, ya’ni bir ovozdan “zakot farz”, deb aytishgan.
Sahobai kiromlar zakotni bermagan, uni man qilganlarga qarshi ittifoqlik ila urush qilganlar. Kim zakotning farzligini inkor qilsa, kofir bo‘ladi. U uch marta tavba qilishga chaqiriladi. Tavba qilsa qildi, bo‘lmasa murtad sifatida o‘limga hukum qilinadi.
Islomga yangi kirgani tufayli yoki chet joylarda johil bo‘lib o‘sganligi uchun zakotning farzligini inkor qilgan odamga tushuntiriladi, o‘rgatiladi, darhol “kofir” deb hukum qilinmaydi.
Nuriddin AKROMOV
tayyorladi
O‘MI Matbuot xizmati
Shu yil 13–14 mart kunlari yurtimizda "Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki" shiori ostida muborak Ramazon hayitini munosib kutib olish, mahallalar va muqaddas qadamjolarni obodonlashtirish maqsadida o‘tkazilgan umumxalq xariya hashari diniy soha xodimlari va mo‘min-musulmonlarimizni ezgulik yo‘lida yanada jipslashtirdi.
Mazkur xayrli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi qariyb 2150 ta masjid, 270 ta ziyoratgoh va 4500 ta qabriston hududlarida keng ko‘lamli tozalik ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Hashar doirasida million kvadrat metrdan ortiq maydon chiqindilardan tozalanib, 35 000 tup ko‘chat ekildi hamda 88 000 dona daraxt oqlanib, shakl berildi.
Bayram oldidan nafaqat masjid va ziyoratgohlar, balki insonlar qalbiga ham quvonch ulashildi: imom-xatiblar boshchiligidagi 85 mingdan ziyod hasharchilar tomonidan 750 dan ortiq kam ta’minlangan oilalarning uy-joylari ta’mirlab berildi.
Shuningdek, 4100 nafardan ziyod ehtiyojmand oilalar, nogiron va yolg‘iz qariyalar holidan xabar olinib, ularga jami 1 mlrd 465 mln so‘m miqdorida moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bunday olijanob ishlar xalqimiz orasida mehr-oqibat va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlab, Ramazon hayiti shukuhini xonadonlarga olib kirdi.
Masjidlarda namozxonlar va ziyoratchilar uchun barcha qulay shart-sharoitlar hozirlanib, xonaqoh va tahoratxonalar bayram namoziga shay holga keltirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati