بسم الله الرحمن الرحيم
QABRISTON - OXIRAT MANZILGOHI
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, inson umri tugagach uning dunyodagi so‘ngi manzilgohi qabr hisoblanadi. Qabr o‘z navbatida dafn etilgan inson uchun qiyomat kuni qayta tirilgunigacha yo jannat bog‘laridan bir bog‘cha, yoki do‘zax chohlaridan bir choh bo‘lishi mumkinligi muborak hadislarda aytib o‘tilgan. Qabrning bu ikki holatdan biri bo‘lishi esa insonning hayotlik vaqtida qilgan ishlari va bajargan amallarining yaxshi yoki yomonligiga qarab bo‘ladi. Shuning uchun har bir inson tiriklik vaqtida o‘zi boradigan qabrini jannat bog‘chalaridan biriga aylanishiga sabab bo‘ladigan amallarni qilib yashamog‘i lozim bo‘ladi.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
كُلُّ نَفْسٍ ذَائِقَةُ الْمَوْتِ وَإِنَّمَا تُوَفَّوْنَ أُجُورَكُمْ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فَمَنْ زُحْزِحَ عَنِ النَّارِ وَأُدْخِلَ الْجَنَّةَ فَقَدْ فَازَ وَمَا الْحَيَاةُ الدُّنْيَا إِلَّا مَتَاعُ الْغُرُورِ
(سورة آل عمران/185)
ya’ni: “Har bir jon o‘lim (achchig‘i)ni totuvchidir. Qiyomat kunida, albatta, mukofotlaringiz sizlarga to‘la-to‘kis berilur. Bas, (o‘sha kuni) kim do‘zaxdan uzoqlashtirilib, jannatga kiritilsa, demak, u (katta) yutuqqa ega bo‘libdi. Bu dunyo hayoti esa, faqat g‘urur (aldov) matohidir” (Oli Imron surasi, 185-oyat).
Dinimizda qabristonni ziyorat qilishga targ‘ib qilingan. Zero bunda ziyorat qiluvchi insonlar uchun ko‘plab manfaatlar mavjud. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida shunday deb marhamat qilganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي اللَّهُ عنهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : " زُورُوا الْقُبُورَ فَإِنَّهَا تُذَكِّرُكُمُ الْآخِرَةَ
(رواه الامام ابن ماجة)
ya’ni: “Qabrlarni ziyorat qilinglar, chunki u oxiratni eslatadi” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Demak, dinimizda qabrlarni ziyorat qilishga targ‘ib etilishidan ko‘zlangan maqsad, do‘nyoning o‘tkinchiligi, o‘lim va oxiratning haq ekanligini eslatish, bir kun kelib ziyorat qilayotgan kishi ham shu manzilgohdan o‘z joyini olishi va qilmishlariga yarasha munosabat ko‘rishini eslatishdir.
Qabristonga imkon qadar tahoratli, pok holda kirgan afzal, dabdaba bilan, yasan-tusan qilib kirish makruh, chunki bu joy oxiratni eslash, xoksorlik izhor etish o‘rnidir. Kirishda ushbu hadisda kelgan duo o‘qiladi:
عن بُرَيْدَةَ رضي اللَّهُ عنه، قال: كَانَ النَّبِيُّ صَلّى اللهُ عَلَيْهِ وسَلَّم يُعَلِّمُهُمْ إِذا خَرَجُوا إِلى المَقابِرِ أَنْ يَقُولَ قَائِلُهُم: "السَّلامُ عَلَيكُمْ أَهْلَ الدِّيارِ مِنَ المُؤْمِنِينَ والمُسْلِمِينَ وَإِنَّا إِنْ شَاءَ اللَّهُ بِكُمْ لاَحِقُونَ، نَسْأَلُ اللَّهَ لَنَا وَلَكُمُ العَافِيَةَ"
(رواه الامام مسلم)
ya’ni: Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar: Sahobai kiromlar qabristonga chiqayotgan paytlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam quyidagi duoni o‘rgatar edilar: “Assalomu alaykum ushbu diyordagi mo‘min musulmonlar ahli! Biz ham, inshaalloh, sizlarning ortingizdan borguchimiz. Allohdan bizga ham, sizga ham ofiyat so‘raymiz” (Imom Muslim rivoyati).
Ziyoratchi qabr tepasiga kelganda unga yuzlanib, qiblaga orqa o‘girgan holda qabr egasiga salom beradi va tilovat qiladi.
Hadislarda Ixlos surasini 11 marta o‘qish ham tavsiya etilgan. Imkoniyati bo‘lsa, Fotiha, Oyatul Kursiy va Baqara surasini avvali va oxiridan o‘qisa ham bo‘ladi.
Ziyorat asnosida qabrlarni ustini bosmasdan, belgilangan yo‘laklarda yurishi lozim, chunki qabrni ustini bosib yurish gunoh hisoblanib, hadisda qaytarilgandir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عن عُقبةَ بنِ عامرٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَأَنْ أَمْشِيَ عَلَى جَمْرَةٍ أَوْ سَيْفٍ أَوْ أخْصِفَ نَعْلِيْ بِرِجْلِيْ أَحَبُّ إِلَيَّ مِنْ أَنْ أَمْشِيَ عَلَى قَبْرٍ
(رواه الامام ابن ماجة)
ya’ni: “Biror cho‘g‘ yoki qilich ustida yurishim yohud kovushimni kiyib turgan holatimda yamashim men uchun bir musulmonning qabri ustida yurganimdan yaxshiroqdir” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Qabristonlarga mevali, qimmatbaho va noyob daraxt va o‘simliklarni ekish joiz emas. Zero bu pulni behuda isrof qilish sanaladi. Qolaversa, qimmatbaho va noyob daraxt va o‘simliklar insonlar dam olib xordiq chiqaradigan oromgoh va hiyobonlarga yarashadi. Qabristonlarni oromgoh va saylgohlardek holatga keltirib qo‘yish joiz emas. Aks holda, ziyoratga kelgan insonlarni ko‘zlangan maqsaddan chalg‘itib qo‘yadi. Shu bilan birga qabr ustiga qimmatbaho tosh va marmarlar o‘rnatish, ularga marhumning surati va har xil bitiklarni yozish mumkin emas. Xususan, Qur’oni karim oyatlarini yozish mutlaqo joiz emas. Zero, bu Allohning oyatini tahqirlash sanaladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday ishlardan qaytarganlar:
عَنْ جَابِرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: نَهَى رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنْ يُجَصِّصَ الْقَبْرَ، وَأَنْ يَقْعُدَ عَلَيْهِ، وَأَنْ يَبْنِىَ عَلَيْهِ
(رواه الامام مسلم)
ya’ni: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam qabrlarning gips bilan suvalishidan, ularning ustiga o‘tirishdan va bino qurishdan qaytarganlar” (Imom Muslim rivoyati).
Qabr ustidagi ko‘karib turgan o‘simlik, dov daraxt va maysalarga tegilmaydi, chunki ularning tasbehidan mayyitga manfaat bor. Quriganlarini yig‘ishtirish mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida aytilishicha, o‘simliklarning sharofatidan qabrdagi kishilarga yengillik yetib turadi.
Fiqhiy kitoblarimizda qabr yerdan bir qarich miqdorida ko‘tarilib bir tekisda bo‘lishi aytilgan. Chunki, bu tekislik qabrda shoh ham, gado ham birdek ekanligiga ishoradir. Qabr ustini vaqti-vaqti bilan somon aralashtirilgan loy bilan suvab turishning zarari yo‘q. Qabrni aniqlash maqsadida hozirgi kunda joriy qilingan dafnni ro‘yxatdan o‘tkazish raqami yozilgan maxsus beton ustunchani o‘rnatishning o‘zi kifoya qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam emikdosh birodarlari Usmon ibn Maz’unning bosh tomoniga bir tosh qo‘yib:
عَنِ الْمُطَّلِبِ بْنِ عَبْدِ اللهِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَضَعَ صَخْرَةً عِنْدَ رَأْسِ عُثْمَانَ بْنِ مَظْعُونٍ وَقَالَ: أَتَعَلَّمُ بِهَا قَبْرَ أَخِي وَأَدْفِنُ إِلَيْهِ مَنْ مَاتَ مِنْ أَهْلِي
(رواه الامام أبو داود)
ya’ni: “Bu bilan akamning qabrini belgilayman va vafot etgan yaqinlarimni uning yoniga dafn qilaman”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Qabriston va ziyoratgohlar mas’ul mutasaddilar tomonidan muhofaza qilinishi lozim. Ya’ni, qabriston hududini panjara yoki devor bilan o‘rash, unga kirish uchun alohida yo‘lak ochish va darvoza o‘rnatish, chorva yoki yovvoyi hayvonlarni kirishidan saqlash, ziyoratga kelganlar qabrlarni bosmay o‘tishlari uchun qulay yo‘laklar o‘tkazish, tilovat va duo qilish uchun maxsus o‘rindiqlar o‘rnatish, ziyoratga kelgan kishilarga ziyorat odoblarini eslatib, nojoiz, hurofiy amallarni qilishlaridan qaytarib turish va hokazolar qabriston mas’ullarining vazifasi sanaladi. Demak, qabristonlarning mas’ullari qabriston ziyoratiga oid bo‘lgan dinimiz ta’limotlaridan ham yetarli darajada ma’lumotga ega bo‘lishlari lozim.
Qabr ziyoratining ba’zi odoblari quyidagilardan iborat:
Qabristonda quyidagi ishlarni qilish dinimizga ziddir:
Alloh taolo barchamizga g‘animat umrimizning qadriga yetib, O‘zi rozi bo‘ladigan amallar bilan yashamoqlik baxtini nasib etsin! Omin!
Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.
Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.
Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.
Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.
O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.
Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan.
“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.
Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati – bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.
Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.
Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati