«Nega nafsingga bo‘lursan tobe,
Nega umringni qilursan zoye?!».
Zahiriddin Muhammad Bobur
Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar vositasida dunyoning istalgan burchagidagi tanishimiz bilan bemalol gaplasha olish imkoniga egamiz. Kerakli ma’lumotlarni esa bir zumda internetdan topamiz. Bugun qayerga elektr energiyasi yetib borgan bo‘lsa, o‘sha joyda internet bor.
Ilm izlayotgan, yangilikka chanqoq izlanuvchan yoshlarimiz uchun internet – ulkan imkoniyatlar eshigi.
Ammo ijtimoiy tarmoqlardan barcha yoshlar, hatto yoshi kattalar ham to‘g‘ri foydalanyaptimi? Afsuski, ha deya olmaymiz. Tanganing ikkinchi tomoni ham bo‘lganidek, ayrim yoshlar “o‘rgimchak to‘ri”ga o‘ralashib, aldanib qolayotir. Bu aldovlar nafaqat farzandlarimizni, balki oson yo‘l bilan mo‘may daromad topishni istayotgan erkagu ayol – barchani o‘z domiga tortayotgani achinarli holdir.
To‘kis, bekamu ko‘st yashashni orzu qilmaydigan inson bo‘lmasa kerak. Lekin bu yo‘lning o‘ziga yarasha mashshaqqatlari, qiyinchiliklari bor. Mo‘may pul topaman deb insoniylikni unutib qo‘yayotganlar shuni bilisharmikin?!
Gap nima haqda borayotganini anglagandirsiz. XXI asrda transmilliy jinoyatlar safiga qo‘shilgan odam savdosi avj olib, eng serdaromad manbaga aylandi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 3 millionga yaqin kishi odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik “daromad” miqdori 7 milliard AQSH dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayollar va yosh bolalardir. Har yili dunyo bo‘yicha 600-800 ming nafar ayol va bolalar aldov yo‘li bilan xorijiy mamlakatlarga olib chiqilib sotib yuborilmoqda.
Dinimiz birovni qul qilib sotish u yoqda tursin, hatto birovning hisobiga kun ko‘rishni qattiq qoralaydi. “Qul haqi”, degan so‘z vijdoni bor, imoni but har qanday insonni aql bilan ish tutishga chorlaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar. Alloh taolo hadisi qudsiyda: «Men qiyomat kuni uch kishining xusumatchisi bo‘laman: Men bilan ahdlashib, ahdida turmagan; ozod insonni sotib pulini yegan; odam ishlatib, haqini bermagan inson», deya marhamat qilgan.
Hadisi qudsiyda aytilayotgan kishilar sirasiga odam savdosi bilan shug‘ullanayotganlar ham kiradi.
Xizmat taqozosi bilan tumanimizdagi mahallalarda aholi bilan uchrashamiz, ular bilan muloqotlar qilamiz. Bundan bir necha yillar avval ayrim xonadonlarga kirsak, oila boshliqlari farzandlari chet elga ishlash uchun ketganini, oradan bir yilga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hanuz pul jo‘natmayotganini aytishardi.
Ta’kidlash joizki, bugun odamlarning huquqiy madaniyati o‘sgan. Ular ayrim “uddaburonlar”ning gapiga kirib, “chuv” tushib qolishmayapti. Lekin baribir ehtiyotkorlik zarur.
Hozirgi kunda ogoh, hushyor va sezgir bo‘lib yashashni davrning o‘zi taqozo qilmoqda. Nima ish qilmoqchi bo‘lsak, huquqshunoslar bilan maslahatlashib, chuqur o‘ylashimiz, tafakkur qilishimiz zarur. Zero, Hasan Basriy aytganidek: «Fikr – yaxshilik va yomonlikni ko‘rsatuvchi oynadir».
Birovning majburiy mehnati evaziga pul topib, yaxshi yashashga harakat qilayotganlar ham qonun oldida, ham Alloh oldida javob berishlarini unutmasinlar.
Davlatimizning qonunlari va qonunosti hujjatlarida belgilangan me’yorlarga rioya qilmay, birovlarning gapiga kirib, yurtimizda tadbirkorlarga imkoniyatlar yaratilayotgan, imtiyozlar berilayotgan bir paytda chet elga “baxt” izlab ketayotganlarning ayrimlari baxtsizlik botqog‘iga cho‘kib borayotganlardir.
Mirodil MIRJALILOV,
Qibray tumani bosh imom-xatibi
O‘MI Matbuot xizmati
Shu yil 13 iyun kuni “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurtida “Xatmona – 2025” bitiruv tadbiri o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Diniy idora rais o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ta’lim bo‘limi xodimi Elyor Alimqulov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, faxriy ustozlar, ota-onalar va boshqa mehmonlar ishtirok etdi.
Dastlab tadbirni “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri Ma’murjon Erkayev kirish so‘zi bilan ochish barobarida bitiruvchilarning 4 yil davomida erishgan yutuqlari haqida ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov o‘z nutqida “Islomda ta’limning mohiyati” va “Yurtimizda ta’lim-tarbiyaga oid amalga oshirilayotgan islohotlar" mavzusida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tabrigini o‘qib eshittirdi.
So‘ngra O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov bitiruvchilar, ularning ustoz va yaqinlarini tabrikladi.
Mazkur tadbirda jami 250 nafarga yaqin mehmon qatnashdi. Tadbir so‘ngida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning tasarrufidagi “Vaqf” hayriya jamoat fondi tarafidan 11 nafar bilim yurti mudarrisi taqdirlandi. “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom yurti tarafidan esa 21 nafar talabaga yil sarhisobi bo‘yicha maqtov yorliqlari topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida 2024-2025 o‘quv yilida “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom yurtini jami 72 nafar bitiruvchi tamomladi. Shuningdek, ta’lim muassasasida 16 iyundan boshlab ikki hafta mobaynida yakuniy imtihonlar o‘tkaziladi.
Tadbiri yakunida Homidjon domla Ishmatbekov yurtimiz rivoji va xalqimiz ravnaqini tilab xayrli duolar qilib berdi.
Saidazimxon SAIDAKRAMOV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudarrisi