14 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida “O‘zbekiston – diniy ma’rifat va qadriyatlar yurti” mavzusida din sohasida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, ilmiy maktablar rahbar xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda mamlakatimizda diniy sohada olib borilayotgan islohotlar hamda diniy ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar yuzasidan ma’lumotlar berildi. So‘zga chiqqan notiqlar bugungi kunda xalqimizning imon-e’tiqodini mustahkamlash, diniy savodxonligini oshirish, Islom ta’limotini keng targ‘ib etish, yoshlarni dinu diyonatli qilib tarbiyalash va jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish yo‘lida olib borilayotgan ishlar haqida fikr bildirdilar.
Matbuot anjumani haqida keyinroq batafsil ma’lumot beramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qashqadaryo viloyati vakilligi tashabbusi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining qalamiga mansub “Fiqh va aqidaga oid ixtilofli masalalar yechimi” kitobi asosida imom-xatiblar o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy zakovat musobaqasi tashkil etildi. Tadbirda shahar va tumanlarda xizmat qilayotgan diniy soha vakillari ishtirok etdi.
Musobaqaning asosiy maqsadi — mazkur kitob orqali imom-xatiblar bilimlarini boyitish, fiqh va aqida sohasida uchraydigan ixtilofli masalalarga aniq va mantiqiy yechim topish ko‘nikmasini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Musobaqada 5 ta guruhdan iborat 30 nafar imom-xatiblar ishtirok etishdi. Ishtirokchilar kitobda bayon etilgan fiqhiy masalalar, aqidaviy qoidalar, ulamolar fikri va ularning dalillari asosida tayyorlangan mukammal sharh talab etuvchi savollarga javob berish bilan baholandilar.
Bellashuv juda qizg‘in ruhda o‘tdi. Yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rgan jamoalar o‘rtasida tortishuvli bahslar, dalillar keltirish va ilmiy mulohazalar bilan boyigan baholash jarayoni barcha ishtirokchilar uchun katta tajriba bo‘ldi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra g‘olib va faol ishtirokchilar diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tadbir mas’ullarining qayd etishicha, bunday ilmiy musobaqalar imom-xatiblarning bilim va mahoratini oshirish, jamoat orasidagi e’tiqodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati