Muhammad Amin ibn Umar ibn Obidin Dimashqiy (1783-1836) rahimahulloh fatvo chiqarish qonun-qoidalaridan iborat hanafiylarning asosiy kitobi “Uqudu rasmil muftiy” asarida quyidagi umumiy qoida va tamoyillarni bayon qiladi.
Ibn Obidin rahimahulloh aytadi: “Amal qilish yoki birovga fatvo berish uchun faqatgina mazhab olimlari quvvatli, deb hisoblagan qavlga ergashish vojibdir. O'zi amal qilishi uchun ham va birovga fatvo berishi uchun ham kuchsiz qavlga ergashish mumkin emas”.
Qosim Qutlubug'oning “Shifa al-ilal” nomli risolada quyidagi so'zlarni keltiradi: “Kuchsiz qavlga tayanib hukm chiqarish yoki fatvo berish – johillik va ijmoga zid”.
Birinchi holatimizdan kelib chiqib, ya'ni o'zimiz istagan qavlga ergasha olmas ekanmiz, u holda mazhabda amal qilinadigan qavlni kim ajratib beradi, degan savol paydo bo'ladi. Albatta, bu vazifa faqatgina ijtihodning ma'lum darajasiga etgan olimlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin, xolos.
Ibn Obidin rahimahulloh: “Bilginki, munosib kishilar tomonidan kuchli deb hisoblangan narsaga ergashish vojibdir”.
Ibn Obidin rahimahulloh faqihlarning etti tabaqasi haqida Ibn Kamol Poshoning taqsimotini keltiradi. Bunday tabaqalanish hamda Ibn Kamol Posho qaysi olimni qaysi tabaqaga kiritgani keyingi davr olimlari, jumladan, Laknaviy, Marjoniy va Kavsariy kabilar tomonidan tanqidga uchragan. Tanqidning asosi ba'zi tabaqani bir-biridan ajratish mumkin emasligi, shuningdek, faqihlar o'zlari munosib bo'lgan o'rindan quyiroqqa qo'yilgani bilan bog'liq.
Ibn Obidin rahimahulloh aytadi: “Bizning zamonamizda muftiy-mujtahidlar yo'q, faqatgina sof muqallidlar qolgan, xolos”. U oxirgi mazhab mujtahidlari orasida Kamol ibn Humom (vafoti hijriy 861 yil) va Qosim Qutlubug'o (vafoti hijriy 879 yil)ni ham zikr qiladi. Ibn Nujaymni esa sof muqallidlar qatoriga qo'shadi. Agar Ibn Nujaymning tarjihi oldingi tarjih sohiblarining qarashlariga muvofiq kelmasa, uning tarjihi hech qanday kuchga ega emas.
Ibn Obidin rahimahulloh Ibn Nujaym rahimahullohning quyidagi so'zlarini keltiradi: “Muftiy mujtahidlar ochiq bayon qilib ketgan matnni to'g'ridan-to'g'ri keltirish orqali javob berishi vojibdir”.
Mansurjon BOBOYeV,
Navoiy viloyati “Mirxalil Maydon ota” jome masjidi imom-xatibi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayol kishi uyida eriga iqtido qilib namoz o‘qisa bo‘ladimi? Agar joiz bo‘lsa, ayol qayerda turadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, ayollar uyda erlari yoki boshqa erkak mahramlariga iqtido qilgan holda jamoat bo‘lib namoz o‘qishlari joiz bo‘ladi. Bu borada alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh bunday zikr qiladilar:
“Agar imom bilan bir ayol namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, uning orqasida turadi. Chunki ayolni erkak bilan bir safda yonma-yon turishi erkakning namozini buzadi. Agar imomdan tashqari bir erkak va bir ayol bo‘lsa, erkak imomning o‘ng tomoniga va ayol esa, orqasida turadi. Agar imomdan tashqari ikki erkak va bitta ayol bo‘lsa, ikki erkak imomning orqasida va bitta ayol ularning orqasida turadi. Agar erkaklar va ayollar hamda yosh o‘g‘il va qiz bolalar jamoat bo‘lib namoz o‘qimoqchi bo‘lsalar, u holda imomning orqasida dastlab balog‘atga yetgan erkaklar turadi. So‘ng balog‘atga yetmagan yosh o‘g‘il bolalar, so‘ng balog‘atga yetgan ayollar, so‘ng yosh qizlar turadilar” (“Badoyeus-sanoye’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi