Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati javob beradi.
Savol: Assalom alaykum! Agar banda kufr so‘zni aytsa kofir yoki murtad bo‘ladimi? Dindan chiqqan bo‘ladimi? Keyin tavba qilsa, qabul bo‘lmaydimi? Ularning tavbalari qabul qilinmaydi deb eshitganman. Shirk kechirilmaydi deb eshitganman. Faqat Alloh kechirishini umid qilish kerak deyishadi. Yuqoridagi gunoh ham shu qatordami. Qur’onda aniq kechirilmaydi deyilganku. Shirkdan tashqari qolgan hamma gunohlar g‘ar-g‘ara kelmagunicha kechiriladi deyilganku. Nega Alloh aniq kechirmayman deganda umid qilish kerak deysizlar. Umrining oxirigacha tavba qilib, ibodatda, yaxshi amallar bilan o‘tqazsayu, qabul bo‘lmasachi. Gaplarim uchun uzr so‘rayman. Menda umid qolmadi. Lekin Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. hadislarida «Qalbida zarracha iymoni bor kishi Jannatga kiradi» deb marhamat qilganlarku. Qilgan gunohi uchun do‘zahda jazolanib keyin kechiriladi deyilganku. Bu hadis yuqoridagi gunohlarni qilgan bandalarga tegishli emasmi. Domlalar ma’ruzalarda juda qattiq gapirishadi. Bunday gunohlarni qilgan bandalar endi nima qilsa qilaversin. Rahmat
Javob: Va alaykum assalom. Agar tavba qilsa Alloh taolo tavbalarni qabul qilguvchi zot, albatta qabul bo‘ladi. Shirkdan boshqa gunohlar tavbasiz ham kechiriladi. Shirk gunohi esa tavbasiz kechirilmaydi. Siz hargiz noumid bo‘lmang.
Savol: Assalomu alaykum ustozlar Namoz o‘qiydigan joyda katta oyna turgan bo‘lsa odamni o‘zini aksi ko‘rinib turgan holatda namoz o‘qiyversa bo‘ladimi?
Javob: Va alayum assalom. Boshqa joyda o‘qish kerak.
Savol: Assalamu alaykum! Ota-ona qiz farzandini turmushga uzatganidan keyin undan moliyaviy yordam yoki hadyalar kutishi joizmi va qiz farzandning ota oldidagi burchlari va farzlarini aytib bersangiz iltimos?!!!
Javob: Va alaykum assalom! Qizini turmushga uzatgach, agar ota-ona kambag‘al, muhtoj bo‘lib, qiz o‘zining shaxsiy (eriniki bo‘lmagan) mulki bo‘lsa va ota-onaning boshqa o‘g‘il farzandi bo‘lmasa yoki o‘g‘il farzandi ham faqir bo‘lsa, albatta, qiz ota-onasiga moddiy yordam berib, ta’minlashi kerak. Aks holda gunohkor bo‘ladi. Agar ota-ona muhtoj bo‘lmasa, qizidan hech qanday moddiy yordam kutmasligi kerak. Hadya bu ixtiyoriy narsa, kutadimi, kutmaydimi, qiz xohlasa qiladi, bo‘lmasa yo‘q. Lekin imkoni bor o‘g‘il-qizlar ota-ona va yaqinlariga hadya ulashib turishlari katta savobli ishdir. Moddiy yordamga muhtoj bo‘lmagan ota-onani qiz farzandlari ham turmush o‘rtog‘i ruxsati bilan ko‘p kuttirmagan holda bir hafta-ikki haftada bir ziyorat qilib turishi kerak. Albatta, bu erini uyi bilan ota-onasining uyi oraliq masofasi yaqin kishilarga oid gap. Uzoq bo‘lsa, sharoitga qarab, telefon orqali tez-tez hol so‘rab, imkon topishi bilan kelib ziyorat qilib turishi kerak. Sizga bu mavzuda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Yaxshilik va silai rahm” nomli kitobini o‘qib olishni tavsiya qilamiz.
Barcha javoblarga o‘tish tugmasi.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV