Bugungi kunda ilmu ziyo tarqatish, xalqimizni, xususan, beg‘ubor yoshlarimizni kitob o‘qishga qiziqtirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Uzoq qishloqdagi yoshlarning ham mutolaaga bo‘lgan muhabbatini ziyoda qilish, ularga buning uchun sharoit yaratish maqsadida butun boshli kutubxona barpo etish esa naqadar go‘zal amal. Shunday maskanlardan biri kuni kecha Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi Varganza qishlog‘ida tashkil etildi.
Kitob tumanidagi “Vahdat” masjidi imomi Ne’matulloh Muxtorov va uning akasi Rahmatulloh Muxtorovlar o‘zlari istiqomat qiladigan qishloq aholisi uchun kutubxona sovg‘a qildilar.
Ushbu kutubxona zamonaviy axborot vositalari va internet tarmog‘iga ulangani uning imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Bu singari ezgu ishlar yoshlarning ilmini oshirishi, bo‘sh vaqtidan unumli foydalanishiga qulay sharoit yaratadi.





O‘MI Matbuot xizmati
Navoiy viloyati hududida joylashgan qadimgi Hazora qishlog‘idagi me’moriy yodgorlik – Deggaron masjidi VII–IX asrlarda qurilgan bino o‘rniga XI asrda bunyod etilgan.
Bu Navoiy viloyatida topilgan masjidlardan eng qadimgisi. Keyinchalik, masjid, sopol qozon yasovchilar mahallasi guzarida joylashgani uchun «Deggaron masjidi» deb nomlangan. O‘rta asrlarda Hazora o‘rtacha shahar sifatida mashhur edi. Yonida esa bir kanal qazilgani eski arab manbalarida zikr etilgan. Shahar Buxoro vohasining «Ulkan cho‘l» bilan chegarasida qo‘riqlash funksiyalarini bajargan va «Kampir duvol» deb atalmish eski fortifikatsiya tizimiga kirgan.
Masjidning tashqi ko‘rinishi kub shaklida, usti gumbazlar bilan yopilgan, xona ichida pishiq g‘ishtdan to‘rt g‘o‘la (ustun) ishlangan. Qolgan devori xom g‘ishtdan tiklanib, yuzasi pishiq g‘isht bilan qoplangan. To‘rt rukn – ustun (diametri 128 sm) xonaqoh ichini devorsiz to‘qqiz qismga ajratgan. Markaziy qismi nisbatan yirikroq gumbaz bilan yopilgan. Boshqa qismlarga – bir tomonidan devorga, qarshi tomonidan ustunga tayantirib, yana sakkizta kichik gumbaz ishlangan. XX asrda masjidning janubiy va sharqiy devorlariga taqab sinchkor ayvon qurilgan. Ayvon ustunida binoning 1910 yili qayta qurilgani qayd etilgan. Keyinchalik ayvonlari vayron bo‘lgan.
Deggaron masjidi – islomiyat davrining Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan qadimiy sajdagohi sifatida me’moriy o‘ziga xosligi va sodda salobati bilan diqqatga sazovor.
Oyina.uz