Bugungi kunda ilmu ziyo tarqatish, xalqimizni, xususan, beg‘ubor yoshlarimizni kitob o‘qishga qiziqtirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Uzoq qishloqdagi yoshlarning ham mutolaaga bo‘lgan muhabbatini ziyoda qilish, ularga buning uchun sharoit yaratish maqsadida butun boshli kutubxona barpo etish esa naqadar go‘zal amal. Shunday maskanlardan biri kuni kecha Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi Varganza qishlog‘ida tashkil etildi.
Kitob tumanidagi “Vahdat” masjidi imomi Ne’matulloh Muxtorov va uning akasi Rahmatulloh Muxtorovlar o‘zlari istiqomat qiladigan qishloq aholisi uchun kutubxona sovg‘a qildilar.
Ushbu kutubxona zamonaviy axborot vositalari va internet tarmog‘iga ulangani uning imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Bu singari ezgu ishlar yoshlarning ilmini oshirishi, bo‘sh vaqtidan unumli foydalanishiga qulay sharoit yaratadi.





O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan vohamiz aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayrli ishlar davom etmoqda.
Bugun, O‘MI Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov boshchiliklarida homiylar jalb etilgan holda mahalla hududidagi xonadonlarga tashrif buyurib, xonadon ahillari bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sovg‘a-salomlar va xayr-ehson qutilari tarqatildi.
Bunday xayrli tashabbuslar xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lib, ehtiyojmand oilalarga ma’naviy dalda va ko‘mak berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizda fayzu baraka bardavom bo‘lsin!
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati