Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Avgust, 2025   |   24 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:08
Quyosh
05:35
Peshin
12:32
Asr
17:17
Shom
19:22
Xufton
20:42
Bismillah
18 Avgust, 2025, 24 Safar, 1447

Urinoterapiya yoxud peshob bilan davolashning hukmi qanday?

09.04.2018   14943   1 min.
Urinoterapiya yoxud peshob bilan davolashning hukmi qanday?

Ayrim ijtimoiy yo‘nalishdagi bosma ommaviy axborot vositalarida berilgan urinoterapiyaga bag‘ishlangan maqolalarda peshobning ko‘p kasalliklarga davo ekani haqida yozilmoqda. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining “So‘ragan edingiz” nomli kitoblarida ushbu masala yuzasidan yuborilgan savolga quyidagicha javob berilgan: 

“Alloh taolo O‘zi harom qilgan narsalarni bandalariga shifo qilmagan. Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam): “Siydikdan saqlaninglar, chunki u qabr azobiga sababchi bo‘ladi”, deganlar. 

O‘zini ko‘rsatish bilan faxrlanadigan, tabiblikni da’vo qiladigan ayrimlarning urinoterapiya orqali davolayman, deb jar solishi yaxshi emas. Holbuki, inson tabiatiga mutlaqo zid, harom narsada qanday davo yoki shifo bo‘lishi mumkin? 

Shamsiddin ibn Javziyaning “Tibbun nabaviy” nomli asari Islom olamida juda mashhur. Shu asarning biron joyida peshob bilan davolash haqida gap yo‘q. Yoki Ibn Sino bobomizning “Tib qonunlari” nomli asari ham bunday “shifo”lardan butkul yiroq. Shuncha pokiza ne’matlar, qanchadan-qancha sof dorivor giyohlar turganida peshob bilan davolash degan so‘zning o‘zi uyat. Alloh taolo barchalarimizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin”.

 

O‘MI Matbuot xizmati

Fiqh
Boshqa maqolalar

Alloh bergan ne’matlari miqdoricha beramiz

15.08.2025   3111   3 min.
Alloh bergan ne’matlari miqdoricha beramiz

Bir ayol Lays ibn Sa’ddan ozroq asal berishini  iltimos qildi. Lays unga bir mesh asal olib kelishlarini buyurdi. Atrofidagilardan biri: “Nima uchun bu ayolga buncha asal beryapsiz? Axir u sizdan ozgina asal so‘radi, xolos”, dedi. Laysning javobi mana shunday bo‘ldi: “U bizdan o‘ziga keragini so‘radi, biz esa unga Alloh taolo bizga bergan ne’matlari miqdoricha beramiz”.

Lays ibn Sa’d har kuni uch yuz oltmish bechoraholga sadaqa ulashmasidan burun birov bilan gaplashmas ekan. Biz-chi, biz?! Har kuni yarimta xurmo bo‘lsa-da, sadaqa qilyap­mizmi?! Agar mol-dunyoingiz yetarli bo‘lsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Mol-dunyo sadaqa sababli kamaymaydi”[1] degan gaplarini esingizdan chiqarmang!

Aliy roziyallohu anhu bir kuni yig‘ladilar. U kishidan: “Yig‘ingizning boisi ne?” – deb so‘rashganida, “Mening oldimga mana yetti kundirki mehmonning qadami yetmadi. Alloh meni xor qilyaptimikan deb xavfsirab qoldim”, degan ekanlar.

Birovga ehson berar ekansiz, chehrangiz ochiq bo‘lsin. Yaxshilik qilayotgan kishingizning qarshisida qovog‘ingizni uymang.

Shoir aytadi:

Faqir dargohiga har dam chehrang ochib bor,
O‘zingni past tutib, kibru havodan qochib bor. 

Bergan narsalaringizni minnat qilishdan saqlaning, yo‘qsa  amallaringiz chippakka chiqadi. Alloh taolo aytadi: «Yaxshi so‘z va kechirish  ortidan ozor keladigan sadaqadan ko‘ra yaxshiroqdir. Alloh behojat va halimdir»[2]. Yana Alloh taolo minnatchilikdan ogohlantirib, shunday deydi: «Ey iymon keltirganlar! Molini odamlar ko‘rsin deb  beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, (bergan) sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang!..”[3].

Bir kishi do‘stining oldiga keldi. Do‘sti unga: “Nima gap, tinchlikmi? Biror ishing bo‘lsa ayt”, dedi. U: “Mening to‘rt yuz dirham qarzim bor, beray desam bir dirham ham pulim yo‘q”, dedi. Do‘sti unga to‘rt yuz dirham berdi-da, ko‘zlarida yosh ila uyiga kirdi. Ayoli: “Axir yig‘lar ekansiz, nimaga  berdingiz?” – dedi. Shunda u: “Xudo haqqi, men bu uchun yig‘layotganim yo‘q. Meni yig‘latgan narsa, nahot yaqin do‘stimning bu holidan bexabar qoldim, axir do‘stim eshigimgacha kelibdi. Shuning xijolatidan yig‘layapman”, debdi.

Yaqinlarimiz, qarindosh-urug‘, do‘stlarimiz holidan xabar olayapmizmi?!

Ularga biror narsa bergudek bo‘lsak, ularning hojatlari miqdoricha berayapmizmi yoki bizga ato qilingan ne’matlar qadarmi?! 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Termiziy rivoyat qilgan.
[2]  Baqara surasi, 263-oyat.
[3]  Baqara surasi, 264-oyat.