Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2025   |   25 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:36
Peshin
12:32
Asr
17:16
Shom
19:20
Xufton
20:40
Bismillah
19 Avgust, 2025, 25 Safar, 1447

“Al-mabsut” – fiqh qomusi

08.04.2018   11428   5 min.
“Al-mabsut” –  fiqh  qomusi

Islom tarixida “Al-Mabsut” nomli asarlar ko‘p yozilgan. Masalan, Abu Yusuf (vafoti hijriy 182 y.), Muhammad ibn Hasan (vafoti hijriy 189 y.)[1], Abu Lays Samarqandiy (vafoti hijriy 375 y.), Abu Shujo’ (vafoti besh yuz yil oldin), Nosiriddin Samarqandiy (vafoti hijriy 556 y.), Shamsulaimma Halvoniy (vafoti hijriy 448 y.), Xoharzoda[2] (vafoti hijriy 483 y.), Abulyusr Pazdaviy (vafoti hijriy 493 y.), Faxrulislom Pazdaviy (vafoti hijriy 482 y.) kabi olimlarning hanafiy mazhabiga oid shu nomdagi asarlari bor. Shuningdek, shofi’iy, molikiy mazhabidagi olimlar Abu Osim Ibodiy (vafoti hijriy 485 y.), Abu Hafs Shofi’iy (vafoti hijriy 243 y.), Abu Bakr Bayhaqiy (vafoti hijriy 458 y.), Ibn Arafa Tunisiy ham (vafoti hijriy 803 y.) “Al-Mabsut” bitgani aytiladi. Muhammad Samarqandiyning qiroat ilmlariga, Abu Abdulloh Buxoriyning hadisshunoslikka, Abu Alo Roziy hamda Nosiriddin Samarqandiyning tilshunoslikka doir “Al-Mabsut”lari ham ma’lum[3]. Shunday bo‘lsa-da, “Al-Mabsut” deyilganida birinchi navbatda Movarounnahrda yashab, ijod etgan (XI asr) zabardast faqih Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Saraxsiyning shu nomdagi asari nazarda tutilgan. Saraxsiy ko‘p o‘rinlarda “Sohibul Mabsut” deb keltiriladi[4].

Saraxsiyning bu asariga mashhur olim Abu Fazl Muhammad ibn Ahmad Marvaziyning (vafoti hijriy 334 y.) “Kofiy” kitobi asos bo‘lgan. Olim bunday yozadi: “Men yashagan zamonda ilmlar tolibi bir necha sabablar bilan fiqhdan uzoqlashishlariga guvoh bo‘ldim. Shu bois “Muxtasar”ga sharh yozib, har bir masalani yoritishda kerakli ma’nodan ortiqcha narsani qo‘shmaslikni, har bir bobda ishonchli bo‘lgan ma’lumotlar bilan cheklanishni maqsadga muvofiq topdim”[5]. Demak, Saraxsiy ushbu asarida o‘zigacha fiqh masalalariga mansub kitoblarning asosiy mazmunini jamlashga harakat qilgan va Islom huquqshunosligining deyarli barcha sohalarini qamrab olgan.

Saraxsiy rostgo‘yligi, adolatparvarligi sababli dushmanlarining tuhmatiga uchrab, zindonband etiladi. Ammo hech bir to‘siq uning chuqur tafakkuri va o‘tkir zehniga pand berolmaydi. Asarning kirish qismida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, muallif uni zindonda yozgan. “Al-Mabsut”ni yozish jarayonida Saraxsiy yodida qolgan ma’lumotlarga asoslangani uning xotirasi juda kuchli bo‘lganidan dalolat beradi[6].

Olim hukmlarni Qur’oni karim, hadisi sharif, osor, qiyos hamda istehson asosida dalillaydi. Ixtilofli masalalarda mashhur ulamolarning fikrlarini solishtirib, tahlil qiladi. Jumladan, Abu Hanifa, Imom Molik, Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasan, Imom Shofi’iy, Hasan ibn Ziyodning turli fikrlarini keltirib, ularning mohiyatini tushuntirishga harakat qiladi.

Bu asar ko‘p nusxalarda ko‘chirilgan va keng tarqalgan. O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida kitobning bir necha qo‘lyozma nusxalari saqlanadi. Jumladan, 3183, 3114, 5957, 5880, 5981, 2706, 6762 raqamlari ostida kitobning turli qismlariga doir qo‘lyozmalar mavjud. Ularning ichida 3114 raqam ostida saqlanayotgan nusxa asarning beshinchi bobi bo‘lib, 344 betdan iborat. Qo‘lyozmada ko‘rsatilishicha, u O‘zganda 1705 yili ko‘chirilgan. Asarning yana bir nusxasi Qohiradagi arab qo‘lyozmalari institutida 152 raqami ostida saqlanadi. Makkadagi Haram kutubxonasida ham 154 raqami bilan saqlanayotgan bir nusxasi bor.

Saraxsiyning “Al-Mabsut” kitobi fiqh bo‘yicha eng muhim kitoblardan sanalib, Islom huquqshunosligiga xos ko‘plab masalalar va ularning yechimlari yuzasidan bahs yuritadi. Barcha musulmon mamlakatlarida keng qo‘llanilgan ushbu asar hanafiy mazhabimizning eng qimmatli manbalaridan biridir.

 

Abdumalik TO‘YCHIBOYEV,

Toshkent Islom universiteti tadqiqotchisi

 

 

[1] Muhammad ibn Hasandan turli yo‘llar bilan Mabsut rivoyat qilingan va ularning eng mashhuri Abu Sulaymon Juzjoniynikidir. Mua’lumotlarga ko‘ra, Muhammad ibn Hasanning Mabsutiga imom Shofi’iy ham katta baho berib, uni yod olgan.

 

[2] Uning ikkita Mabsut yozgani va ularning biri 15 jilddan iborat bo‘lgani aytiladi.

 

[3] Hoji Xalifa. “Kashfuz zunun ’an asomil kutub val funun”. Ikkinchi juz. Bayrut: “Ihyo’ut turosil arabiy”, 1581 – 1583-betlar.

 

[4] Qori Ali ibn Sulton Muhammad. “Al-asmor al-janiyya fi asmo’il hanfiyya”. Betna: “Xudobaxsh”, 2002. 268-b.

 

[5] Saraxsiy Muhammad ibn Ahmad. “Mabsut (طﻮﺴﺒﻤﻟا). Birinchi juz. – Bayrut, “Dor al-ma’rifa”, 1989. 4-b.

 

[6] Suduniy, Zayniddin Qosim ibn Qutlubg‘o. Tarjimayi hollar toji (ﻢﺟاﺮﺘﻟا جﺎﺗ). – Bayrut: Dor ul‑qalam, 1992. –  234 - b.

 

Fiqh
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Soxta “tariqat”larning nooʻrin iddaolari

15.08.2025   3744   16 min.
Soxta “tariqat”larning nooʻrin iddaolari

Zarafshon vohasi tarixida tariqatdan saboq berishni daʼvo qiluvchilar, soxta tariqatchilar ham uchraydi. Soxta tariqatchilar deganda, tasavvufning faqat tashqi jihatlariga, marosim va turli zikr majlislariga asosiy eʼtiborni qaratib, uning falsafiy-irfoniy xususiyatlaridan bexabar faoliyat yuritayotgan, muayyan bir kishini pir sanab, uning etagidan tutuvchi, jamiyatning boshqa aʼzolaridan chetlashib, pir xizmatini hayotdagi eng asosiy maqsad, deb biluvchi johil kishilar yoki jamoalar, guruhlar tushuniladi. Ular faoliyatida tasavvuf taʼlimotida, shariat ahkomlaridan kelib chiqib, qabul qilingan tartib-qoidalardan chetga chiqish holatlari ham kuzatilmoqda. Buning sabablaridan biri, ulardagi mutaassiblik gʻoyalarigina emas, tasavvuf tarixi, maqsadi va vazifalari toʻgʻrisida ilmiy asoslangan, misol va faktlar bilan isbotlangan tushuntirish ishlari yetarli emasligidadir. Baʼzi zamonaviy tariqat vakillari oʻz tariqatlaridagi ayrim harakatlari bilan kishilar eʼtiroziga sabab boʻlmoqda. Ular ming yillar oldin shakllanib, muqaddas deb ulugʻlangan diniy ahkomlarning ildizlarini toʻla-toʻkis tushunmaydigan kishilar ongini zaharlamoqda.

Tariqatga kirgan kishiga ilmning shart emasligi va hatto ilmni tark qilish afzalligi toʻgʻrisidagi masala ham, ayni paytda, dolzarb.

Soxta shayxlar johil, ilmsiz sufiylar va botil tariqatlar tasavvufda qattiq tanqid ostiga olinadi. Ilm talab qilishni rad etuvchi “tariqatchilar” quyidagilarni dalil qilib keltiradi: “Avvalo, ilmning mohiyati ibodatga vosita boʻlishdir. U orqali inson Robbini taniydi va unga bandalik qilishga harakat qiladi. Modomiki, inson Allohga ibodat qilish yoʻliga oʻtgan ekan, unga ilmning keragi yoʻq” [12]. Tariqatchilar faoliyatida ham islomga mutanosib kelmaydigan baʼzi bidʼat va xurofotlar borki, ularni ilmiy asosda bartaraf etish zarur.

XVII asrda Ahmad Sirhindiy aynan shunday masalalarni isloh qilish maqsadida “Maktubot” [5] asarini yozgan. Asarda tasavvufning mohiyatini sodda iboralar bilan sharhlab, yot qarashlarga ishonchli hujjat va dalillar bilan raddiya bergan. Uning maktublari oʻz davridan koʻra koʻproq kelajakka xitob [4] qilgan. Ular oʻz davridan koʻra kelajakka atalgan maktublardir.

Soʻfi Ollohyorning “Sabotul ojizin” asari aqida, fiqh, tafsir, hadis, tarix, siyrat va adab ilmlarini oʻzida jamlagan moʻtabar manbadir. Unda islom asoslarini oʻrgatuvchi eng muhim fan boʻlgan aqidaga oid masalalar turkiy tilda sharhlangan. Asarda Alloh taoloning maʼrifati, tavhidi, sifatlari, imon, farishtalar, qabr azobi, qiyomat, umrning foniyligi haqida soʻz yuritiladi. Shuningdek, avliyolar karomati, piri komillar, rizo va sabr, tama, dunyo hiylalaridan qochish, kibr, tavakkul, darveshlik, muloyimlik, ezgulik, haqirlik, sadoqat kabi inson kamolotini belgilovchi fazilatlar va holatlar sodda til va taʼsirchan ruhda bayon etilgan. Shuningdek, oʻsha davrdagi oʻn toʻrtta bidʼat taʼlimot jiddiy tanqid qilinib, ularning muddaolari oʻrinsiz ekani ochib berilgan.

Soʻfi Ollohyor – ravshaniya, abbosiya, hubbiya, malohid, avliyoiya, hululiya, huriya, voqifiya, mutakosila, ilhomiya va iddaoiya kabi “soxta tariqat”lar va ularning notoʻgʻri “iddao”lariga munosib raddiya bergan.

Jumladan, hurufiylar ikki guruhga boʻlingan: avboshiylar va ravshaniylar. Ravshaniya – hurufiylardan ajralib chiqqan boʻlib, jahriy zikr bilan shugʻullangan. “Jazba ahlimiz” deb, devona qalandar boʻlib, shaharma-shahar, qishloqma-qishloq yurgan. Oqshomlari jam boʻlib, turli musiqa asboblari – nay, qoʻbiz kabilarni chalib, hikmatlar aytgan. Yigʻilgan xotinlar va yosh yigitlar joʻr boʻlib ashula aytgan [7]. Albatta, bu shariat va tariqat qoidalariga mutlaq toʻgʻri kelmaydi. Bu davrda avboshiylar koʻpayib ketgani taʼkidlangan.

Abbosiya – fahsh va giyohvandlikka mubtalo boʻlgan. Hubbiyalar esa Allohni qattiq sevsa, shariat ahkomi soqit boʻlishini aytishgan.

Soʻfi Ollohyor bunday deydi:

“Yaqin bilgilki, baʼzi nomusulmon,

Demish: “Vaqtiki qurbat topsa inson,

Koʻtarur Haq shariat hukmin andin”,

Boʻlur yuzi qaro mundogʻ degandin.

Bu botil soʻz erur qavli malohid,

Shariatga erur ul firqa johid”.

Bularni tanqid qilib yuzi qaro boʻlgani, bu botil soʻz ekanini taʼkidlab, malohidlarning bu iddaolari shariatga zidligini tushuntirib, keskin raddiya beradi. Asrlar davomida shakllangan islomiy dunyoqarashning buzilishi va nosogʻlom muhitning vujudga kelishiga sabab boʻladigan bu taʼlimotlarga ergashmaslikka chaqiradi. Takabbur boʻlmaslik, qiyomatda nasabdan soʻralmasligi, “qoracha” “xoja”dan yoki “muallim” “sayyid”dan yuqori turishi mumkinligi tushuntirilgan. Bu illatlarga birgalikda kurashish [7] zarurligi taʼkidlangan.

Jaloliddin Rumiy bunday deydi:

Nist dunyo nuqrahu farzandi zan,

Chist dunyo? Az Xudo gʻofil budan.

Yaʼni sen boylikni ham, ayol va farzandni ham dunyo deb bilma, ulardan yuz ham burma! Seni nima gʻaflatda tutsa, nima haqiqatdan uzoqlashtirsa ana shuni dunyo deb bilgil. Insonning oilasi  va yaqinlariga doimo mehr-oqibat bilan munosabatda boʻlishi chin insoniylik namunasidir.

Yuqorida nomlari zikr qilingan bir qancha botil tariqatlar paydo boʻldi va ularning barchasi ahli sunna val jamoa eʼtiqodi boʻyicha keskin tanqid ostiga olindi. Notoʻgʻri boʻlganligi bois ularning aksariyati tarix sahnasidan tushib qoldi.

Muayyan tariqat piri shariatdan bexabar boʻlsa, uning ortidan ergashganlar undan-da savodsiz boʻlsa, bu holat nima bilan yakun topishini tasavvur qilish mumkin. Ular atrofga jaholat tarqaladi va xalq maʼnaviyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Mana shu kabi “soxta tariqat”chilarning “soxta” daʼvolari jamiyat orasida goh-gohida toʻlqinlanib turadi. Jumladan, “Pirga qoʻl bergan kishining qazo namozlari soqit boʻlishi”, “Puxta ilm olishlik shart emasligi”, “Chap qoʻl bilan sindirilgan nonni yemaslik”, “Pir tahorat qilgan suv muqaddasligi” kabi bir qator nosharʼiy iddaolari aholining turli tushunmovchiliklariga sabab boʻlmoqda.

Paygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallammuborak hadislaridan birida bunday deydilar: “Ummatimning eng yaxshisi oxirat ishi deb dunyo ishini, dunyo ishi deb oxirat ishini qoldirmaydiganlaridir”, dedilar.

Alloh taolo rohiblik, yaʼni tarkidunyochilik yoʻq ekanligi xabarini quyidagi oyatda marhamat qilgan: “Rohiblikni oʻzlari chiqarib oldilar. Biz buni ularga farz qilmagan edik, faqat oʻzlari Allohning roziligini tilab qildilar, lekin haqiqiy rioyasini qila olmadilar. Bas, ulardan iymon keltirganlariga ajrlarini berdik, lekin ularning koʻpi fosiqdurlar” (Hadid surasi, 27-oyat).

Muhammad sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflaridan birida bunday marhamat qiladilar: “Islomda rohib (tarkidunyochi)lik yoʻq” [8:11].

Koʻrinib turibdiki, ayrim tariqatchilarning qilayotgan amallari shariat asoslariga ham, tariqat anʼanalariga ham toʻgʻri kelmaydi. Bundan tashqari, oddiygina insoniy mantiq mezoniga ham mos emas.

Tasavvuf asosi – Qurʼoni karim va sunnati mutahharo ustida bunyod etilgan. Tasavvuf qoidasi: “Har bir diniy fikriy yondashuv ilmiydir”. Tasavvuf  har tomonlama qalbni soflash, tozalash, taftish qilish, tushunish va muloqot qilishni talab qiladi. Uning ichki qoidalari shariat fiqhiga asoslangan boʻlib, shariat kabi islohot va tadrij jarayonini ham qabul qiladi.

Yassaviya tariqati peshvolari “Men jin va insni faqat Oʻzimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Vaz-zoriyot surasi, 56) oyatidan maʼrifatni tushunishadi. Maʼrifatdan taʼbir esa ibodatga ishora boʻlib, maʼrifat ibodatsiz hosil boʻlmasligi [6] aytilgan.

Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatini har bir ishda moʻtadil boʻlgan, adolatli ummat ekanligini taʼriflab:

“Shuningdek (yaʼni haq yoʻlga hidoyat qilganimiz kabi), sizlarni boshqa odamlar ustida guvoh boʻlishingiz va paygʻambar sizlarning ustingizda guvoh boʻlishi uchun oʻrta (adolatli) bir millat qildik” [10] deydi.

Yaʼni bu ummat oʻz aqidasida, amal va hukmlarida moʻtadil boʻlgan ummatdir. Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatlarini oʻz kalomi sharifida alohida ulugʻlab, ularni haq yoʻl sari hidoyat qildi va amallarida moʻtadil ummat qildik, deb taʼrifladi. Chunki dinda chuqur ketish hamda dinning qatʼiy boʻlmagan ahkomlarida mutaassibona amalda boʻlish toʻgʻri yoʻldan adashish va halokatning omilidir. Ularga shayton amallarini chiroyli koʻrsatib qoʻyganligi sababli turli bidʼat, xurofot va hatto shirk amallar sodir boʻladi.

Shubha yoʻqki, tariqat peshvolari sababli bu din ahkomlari, shariat odoblarini alohida eʼtirof etish lozim. Biroq oʻzini tariqat sohibi, yoxud dinning asl jonkuyari sifatida koʻrsatib, shariat ilmidan bexabar holda tariqatda peshvolikni daʼvo qilayotgan, Alloh va paygʻambarining buyrugʻi bir chetda qolib, dinda boʻlmagan, toqatdan tashqari amallarni  targʻib qilayotgan kimsalarning “tariqat” nomi bilan ish yuritayotgani ham koʻz yumib boʻlmas holatdir.

Aslida shariat ahkomlarini joriy qilish yoki biror ibodatni farz qilish Alloh taologa va Uning izni bilan paygʻambarlariga xosdir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam dinda, eʼtiqodda qay darajada boʻlish lozimligini  koʻrsatib: “Ishlarning yaxshisi – uning oʻrtachasidir”, dedilar. Paygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday deb turganlarida, oʻziga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatishni soʻrab kelgan muridga toqatidan tashqari vazifalarni yuklash, tarkidunyochilikni targʻib qilib, ibodatlarga mukkasidan ketishga buyurish sunnati mutahharoga zid yoʻldir.  Holbuki, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz dunyosini deb oxiratini, oxiratini deb dunyosini tark qilmaganlaringiz hamda insonlarga yuk boʻlmaganlaringizdir” [2], deganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu muborak hadislari bilan musulmon kishini qanday umrguzaronlik qilishini belgilab berganlaridan keyin ham tarkidunyochilikka targʻib qilib, “pirsiz yashashni dinsizlik” deb daʼvo qilayotganlar shariatning  qaysi daliliga suyanmoqda?

Darhaqiqat, islom dini navqiron, bagʻrikeng dindir. Allohning dargohida shoh ham, gado ham, faqiru dunyodor ham, gunohsizu gunohkor ham, olimu johil ham, sogʻlomu bemor ham najot izlab, oʻz ehtiyojini  topish ilinjida ibodatga yuzlanadi. Islom esa ularning barchasining toqatidagi dindir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Dinni boshqalarga yengil qilib tushuntiringlar, ogʻirlashtirmanglar. Hamda dindagi yaxshilik bashoratlarini yetkazinglar, ularni nafratlantirib qoʻymanglar” [1], deb marhamat qilganlar va bu dinni barcha bilan barobar baham koʻrish lozimligini uqtiradilar.

Baʼzan ayrim masjidlarda jamoadagi tariqat daʼvosidagi ayrim odamlarning oʻz imomlari ustidan shikoyat qilishlarini eshitib hayron qolamiz yoki ayrim namozxon birodarlarning boshqalarga “bosh kiyiming yoʻq, boʻyningda galstuk bor ekan, sening ibodating unaqa ekan, masjidga kelma”, “meni yonimda namoz oʻqima”, “sening ibodating ibodat emas”, degan soʻzlarni aytib, dil ogʻritganlarini yoxud tasavvuf daʼvosidagi ayrim kimsalarning boshqalar qoʻlidan, hatto onasi, xotini qoʻlidan taom yemasligi-yu oʻz tariqatida boʻlmaganlarni  “kofir” deb aytishlari kishining hayratini yanada oshiradi.

Oʻzlarini tariqatga mansubligini daʼvo qilayotgan ayrim kimsalar mutaassiblikning shu qadar chuqur nuqtasiga yetganki, hatto bosh kiyimsiz namoz oʻqiydiganlarni, tariqatda boʻlmaganlarni kofir deyish darajasiga borib yetgan [9].

Dinda mutaassibona yoʻl tutib, faqat musulmon birodarini ayblaydigan, oʻziga maʼqul boʻlmagan ishi sabab uni kofirga chiqaradigan bunday kimsalarning masjidga kelishidan, islom arkonlarini bajarish, ibodat qilishdan maqsadi nima? Jamoada bir-biriga nisbatan nafrat uygʻotishmi? Yoki oʻzini din sohasida bilimdon, taqvodor qilib koʻrsatishmi? Yoki kimnidir ayblab, jamoada fisqu fasod qoʻzgʻashmi? Avvalo, ibodatdan maqsad Alloh taoloning roziligini topish, oxirat saodatiga erishish ekan, demak, bunday kimsalar, birinchi navbatda, oʻz niyatlarini, maqsadlarini toʻgʻrilab olishi kerak.

Inson maʼrifatli boʻlishi, oʻzini anglash, oʻrganish uchun avvalo nafsini boshqara olishi, bor kuch-quvvatini ilohiy ishq yoʻlida sarflashi, butun vujudini idora etib, uni ruhiy kamolot uchun safarbar qilishi kerakligi taʼkidlanadi. Yerdan yaxshi hosil olish uchun uni barcha begona oʻtlardan tozalab, keyin urugʻ sepilgani kabi botinni poklab, soʻng zikr urugʻini sepish kerakligi tushuntiriladi. Shuningdek, inson maʼrifatli boʻlishda nafsga qarshi sabr fazilatini oʻziga singdirishi kerak. Bu jarayonda halol luqma va hushyorlikka alohida eʼtibor berib, qoʻl mehnati bilan hayot kechirishni kundalik odatga aylantirish lozimligi uqtirilgan.

Avvalo tariqatlarda murid-murshidlik muayyan tartib-qoidalar asosida yuzaga kelib, qatʼiy shariatga tayangan va tariqat odoblarini oʻzida mujassam etgan hamda murshidning koʻrsatmalariga rioya etish sharti bilan tariqatga murshidlik qilish huquqi pir-murshidlar tomonidan berilgan. Tariqat murshidi shariat qonun-qoidalarini yaxshi bilishi va tariqat silsilasi sahih boʻlgan ustozlar zanjiriga ulanishi asosiy shartlardan sanaladi. Tarixda tariqat masnadiga oʻtirgan murshidlarga oʻz ustozlari tomonidan tasdiqlangan ijozatnomalar berilgan. Ushbu hujjat murshid, qozi yoki zamona ulamolari muhri bilan tasdiqlangan.

Tariqat, yuqorida taʼkidlab oʻtilgandek, ahdi qatʼiy, taqvosi mustahkam ulugʻlar yoʻli. Yuqoridagi tanqidlar esa sof tariqatning asl sohiblariga emas, yosh yigit-qizlarni ilm-maʼrifatdan toʻsib, farz va sunnat ibodatlardan tashqari yana bir qancha vazifalarni yuklab tashlaydigan, qoʻshtirnoq ichidagi tariqatning soxta “pirlari”ga tegishli. Sof tariqat va uning asl mohiyati hamda maqsadi alohida bir ulkan mavzu. Bu mavzuda soʻzni muxtasar qilsak, chunki kishi imonning nimaligini taʼriflash uchun avvalo imonga kirmogʻi lozim boʻlganidek, tariqat haqida xolis soʻz yuritish uchun tasavvufdan yetarli darajada boxabar boʻlish lozim. Bu boradagi tavsiyalar, tariqat istaganlar shariat ilmini mukammal egallagan, ustozlik maqomidagi ulugʻlarga murojaat qilsalar maqsadga muvofiq boʻladi.

 FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR ROʻYXATI

  1. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sahihi Buxoriy. – T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. 2008. 1-juz. – B. 23, 2-juz. – B 392.

  2. Ali ibn Hisomiddin al-Hindiy. “Kanzu-l-aʼmol”. – Bayrut: “Muassasatur risola” nashriyoti, 1989. 3-juz. – B. 428.

  3. Al-Kutubu as-sitta. Imom Buxoriy. Sahihul Buxoriy. – Riyoz: Dorus salom, 2000. –B. 8. 69-hadis.

  4. Görmez, “Açılış Konuşmaları I”, Uluslararası İmâm-ı Rabbânî Sempozyumu Tebliğleri, – Istanbul: Hüdâyî Vakfı, 2018. – S. 10.

  5. Muhammad Masrur Ahmad, Jovid Iqbol Mazhariy, Iqbol Ahmad Axtar Qodiriy. Jahoni Imom Rabboniy mujaddidi alfi soniy shayx Ahmad Sirhindiy // Sohibzoda Sojid ar-Rahmon. Imomi Rabboniy ki taʼlimoti tasavvuf. T. 2. – Karachi: Imomi Rabboniy fondi, 2005. – B. 501.

  6. Muhammad Olim shayx Azizon. Lamahot. – B. 245.

  7. Sirojiddinov Sh. Soʻfi Ollohyor ilohiyoti (I qism). – T.: Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasi nashriyoti, 2001. – B. 19.

  8. Shamsiddin Abu Bakr Muhammad ibn Abu Sahl Saraxsiy. Mabsut. – Bayrut: Dorul fikr, 2000. 4-jild. – B. 353.

  9. Ehson Ilho Zahir. Al-Barilaviyyatu – aqoid va tarix Lohur – Pokiston: “Idoratu tarjimoni al-sunna”, 2008. – B. 55, 69, 135.

  10. Qurʼoni karim maʼnolarining tarjimasi. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. – T.: Sharq, 2004. Baqara surasi.143-oyat.

  11. Husayn ibn Masʼud al-Bagʻaviy. Sharhus sunnat. – Bayrut: Maktabatul islomiya, 1983. 2-jild. – B. 371.

  12. Yuldashxodjayev X. Tariqatchilikning zamonaviy koʻrinishlari. – Toshkent: TIU, 2010. – B. 17.

MEXROJIDDIN AMONOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi  katta ilmiy xodimi,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Манба: https://www.bukhari.uz/?p=44486&lang=oz

MAQOLA