O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Usmonxon Alimov bilan suhbat
– Hurmatli muftiy hazratlari, mamlakatimizda barcha sohalar qatori ta’lim-tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda ham jiddiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi» nomli nutqi va «O‘zbekistondagi islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida aynan yoshlarimiz ma’naviyati, odob-axloqi, ta’lim-tarbiyasiga alohida urg‘u berilgani bejiz emas. Shu haqda fikr-mulohazalaringizni bildirsangiz.
– Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsinki, farovonlik, tinchlik-xotirjamlik hukm surgan mamlakatda taraqqiyot eshigi keng ochiladi. Buning uchun Yaratganga har qancha shukurlar aytsak ham kam. Har bir mamlakat o‘z yoshlariga suyanadi, ma’naviyati sog‘lom va toza bo‘lishi uchun qayg‘uradi, ularning hayoti va ma’naviyatiga daxldor nuqsonlarni bartaraf etish choralarini ko‘radi. Yoshlar o‘sib-ulg‘ayib, o‘zlaridan oldingilarning ishlarini davom ettiradi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov: «Yoshlarimizga bugunning o‘zida alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Ular nafaqat ishonchimiz va kelajagimiz, yoshlar – bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchidir. Ya’ni ertangi kun kutganimizdek bo‘lishi uchun bugunning o‘zida yoshlar tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratishimiz zarur», degan edi. Yurtimizda hatto yillar «Onalar va bolalar yili» (2005 yil), «Yoshlar yili» (2008 yil) va «Barkamol avlod yili» (2010 yil) deb atalib, davlat dasturlari qabul qilinib, shu asosda ibratli ishlar amalga oshirildi. Shundan ham bilamizki, mamlakatimizda yoshlar masalalariga davlat miqyosida doimo katta e’tibor berilgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning har bir qaror va farmonida mamlakatimizning ma’naviy va ijtimoiy hayotida erishilgan yutuqlar qatorida kamchiliklar ham ochiq aytilmoqda va ularni tuzatishga butun ommaning e’tibori jalb etilmoqda. Chunki har qanday illat o‘z vaqtida muolaja qilinmas ekan, uzoq vaqt undan ko‘z yumib yashalgani bilan o‘z-o‘zidan tuzalib qolmaydi. Prezidentimizning islohotlar hayotiy zarurat ekanini kuyunchaklik bilan bot-bot takrorlashlari va bu borada g‘ayrat bilan amalga oshirayotgan ishlari tez orada o‘z natijasini berishiga ishonaman. Chunki samimiy tanqid va ochiq-oshkoralikning foydasi ko‘p. Islohotlar oqimida eng muhim ishlardan biri yoshlar ma’naviyati, odob-axloqi va tarbiyasi masalasidir. Yanayam aniqroq aytsak, bu hayot-mamot masalasidir.
– Ma’naviyati yuksak xalqni yengib bo‘lmaydi. Ayniqsa, yosh avlodning imon-e’tiqodi, bilim va tafakkuri, dunyoqarashi va tanlagan yo‘li kelajagimizni belgilab beradi. «O‘zbekistondagi islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorda «jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yosh avlodni gumanistik g‘oyalar, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalash»ga alohida e’tibor qaratildi. Ba’zi yoshlarimizda ayni shu tuyg‘u yetishmayotganini teran anglashimiz kerak. Bu xususda fikr-mulohazalaringiz?
— Qur’oni karimda o‘tmishda yer yuzida fisq-fasod ishlarni ko‘paytirib, axloqi buzilgan, oqibatda halokatga mahkum etilgan qavmlar haqida so‘z boradi. Bunday tubanlikning tub ildizi o‘z-o‘zidan ma’naviy inqirozga borib taqalishini aslo unutmaslik kerak.
Ma’naviy sog‘lom va kamolotga erishgan xalqlar qadimdan ulug‘lik shohsupasini egallagan, ularni yengish yoki ular bilan tenglashish oson bo‘lmagan. Hozir ham shunday. Ma’naviy inqirozga uchragan xalqning obro‘-e’tibori bo‘lmaydi, uning qadriyat va urf-odatlariga past nazar bilan qaraladi. O‘tgan asrda shunday baloga mubtalo bo‘lganimiz sir emas. Shuning uchun yoshlarimizda milliy iftixor ruhini uyg‘otish va ularni aynan shu ruhda tarbiyalash yanada muhim ma’no kasb etmoqda. Bizning xalqimiz uzoq asrlar davomida islom dini va ta’limotidan quvvat olib, o‘z ma’naviyatini boyitdi, islomiy ta’limot asosida yashadi. Bu bilan kam bo‘lmadik, ma’naviyati yuksak va e’tiqodi mustahkam xalqqa aylandik. Bu borada erishgan yutuqlarimizga jahon ahli tan berib kelgan. Shu bois yoshlarimizga islom dini va ta’limotini to‘g‘ri yetkazishimiz kerak. Shunda ularda o‘z-o‘zidan milliy iftixor tuyg‘ulari uyg‘onadi, o‘zlariga ishonch paydo bo‘ladi, turli buzg‘unchi firqalarning da’vatlari noxolis va haqiqatdan yiroq ekanini tushunib yetadi. Qalbi pok, bilimli yoshlarni aldash, gumrohlikka boshlash mumkinmi? Men bunday bo‘lishiga ishonmayman.
– Inson tarbiyasi juda murakkab va og‘ir jarayon. Bashariyat yaralibdiki, insonlarni hidoyatga – to‘g‘ri yo‘lga boshlash, qalblarni isloh qilish va ruhiyatni poklash muammosi mavjud. Ayniqsa, bola tarbiyasi unga ona tanlashdan boshlanadi, deydi donishmandlar. Shu ma’noda bu borada javobgarlik va mas’uliyat birinchi navbatda ota-onaga tushadi. Sizning «Oilada farzand tarbiyasi» («Movarounnahr» nashriyoti, 2017.) kitobingizda: «Farzandlarimizga shunday tarbiya beraylikki, ular o‘z ota-bobolariga, o‘z tarixi, vatani, ona tiliga, millat ulug‘lariga muqaddas islom dini an’analariga sodiq bo‘lib qolishsin. Kitoblarda o‘rganilgan ma’rifiy ilm qatorida oilada olingan hayot ilmi ham ularga suv va havodek zarur» degan gapingizdagi «hayot ilmi» bugungi kunda yoshlarga juda kerak. Qolaversa, maktab, litsey va kollejlarni ta’lim maskani bo‘lishdan tashqari tarbiya maskani deb aytish mumkin. Prezidentimiz 15 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarlari, din arboblari, «Nuroniy» va «Mahalla» jamg‘armalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati (hozirgi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi) faollari, hokimliklar, huquq-tartibot idoralari vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, islomiy ta’lim muassasalari mutasaddilari va talabalari, jamoatchilik vakillari ishtirok etgan «Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi» mavzusidagi anjumanda «Yurtimizda yashayotgan, oilasini, farzandlarining ertangi kunini o‘ylaydigan hech bir inson, din arboblari, jamoatchilik vakillari bu hayot-mamot masalasidan chetda turmasligi kerak» degan krni aytdi.
– Insonga har doim jumboq xilqat, sirli, mukammal mavjudot sifatida qaralgan. Ne-ne donishmand va faylasuflar insoniy fe’l-atvorni o‘zgartirish juda murakkabligini tan olganlar. Insonga o‘z vaqtida to‘g‘ri tarbiya berilmasa, bundan yomoni bo‘lmasa kerak. Ammo bunday tarbiya muayyan muddat bilan chegaralanmaydi. Tarbiya uzoq vaqt davom etadigan jarayon ekanini hech qachon esdan chiqarmaslik kerak. Abu Asvad Duvaliy degan zot bolalariga: «Sizlarga yoshligingizda ham, katta bo‘lganingizda ham, hatto tug‘ilmasingizdan oldin bir yaxshilik qilganman», — dedi. Bolalari «Tug‘ilmasimizdan oldin qanday yaxshilik qildingiz?» deb hayron bo‘lishsa, otasi «Sizlarga yaxshi onani tanladim» degan ekan. Xalqimiz «Yetti pushtini surishtirib uylan» deb bekorga aytmagan. Yaxshi va soliha onadan odobli va tarbiyali bolalar dunyoga keladi. Bola soliha ona bag‘rida mehr ko‘rib voyaga yetsa, ibratli inson bo‘lib ulg‘ayadi. Imom Termiziy rivoyatida payg‘ambarimiz alayhissalom «Hech bir ota o‘z farzandiga go‘zal odobdan ham afzalroq hadya bera olmaydi» degan. Biron yegulik yoki ko‘ylak olib berilsa, farzand qanchalik xursand bo‘ladi. Ammo o‘z vaqtida odob va tarbiya olgan farzand bir umr ota-onasidan minnatdor bo‘ladi. Ota-ona ham farzandiga shunday hadya berganidan hech qachon afsuslanmaydi. Bunday hadyaning boshqa hadyalardan afzalligi shunda. Manbalarda kelishicha, farzand ota-onaga berilgan omonat, tengi yo‘q gavharga o‘xshatilgan. Agar farzand yaxshi odob va tarbiya olsa, ota-onasi bu dunyo va oxiratda katta ajr-savob egasiga aylanadi. Agar yomon tarbiya olsa, uning jazosiga ham ikki dunyoda sherik bo‘lishadi. Farzandga omonat va gavhar deb qaralgani uchun u ehtiyot qilinadi. Biroq bolaning omonat va gavharligi ko‘pchilikni qiziqtirsa ham, odobi va tarbiyasiga yetarlicha e’tibor berilmaydi. Chunki hali aqli to‘lib ulgurmagan bola atrof-muhit ta’siriga tez beriladi. Shu bois ota-onalar bolaning yurish-turishi, ovqatlanishi, boshqalar bilan muomalasi uchun ham javobgardir. Agar farzand borasidagi shar’iy haqlar o‘z vaqtida ado etilsa, ota-ona zimmasidan javobgarlik soqit bo‘ladi. Bunday shar’iy haqlar mo‘tabar manbalarda to‘liq va batafsil bayon etib berilgan.
To‘g‘ri, bizda ota-onalarga tarbiya ishida o‘quv dargohlari va mahalla yordamga keladi. Mana shu tarbiya tizimi yaxshi ishlasa, bizda betarbiya bolaning o‘zi qolmasa kerak deb o‘ylayman.
Keng qamrovli tarbiyani bola o‘z hayoti davomida asta-sekin o‘zlashtirib borsa, kelajakda yaxshi samara beradi. Buni faqatgina kitoblardan emas, shu bilan birga hayotning o‘zidan olingan ilm – hayot ilmi desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Hikoya qilishlaricha, Ardasher Bobak yurtini adolat bilan ziynatlagan. Bir kuni u o‘g‘lining nihoyatda ko‘rkam kiyinib olganini ko‘rib: «Ey o‘g‘lim, kishi shunday libos kiysinki, bunday libos hech bir xazinada bo‘lmasin», debdi. O‘g‘li: «Ey otajon, u qanday libos, nimadan tikiladi?», deb so‘rabdi. Otasi: «U shunday liboski, matosi yaxshi xulq va yaxshi ishdir, ipi esa murosa va sabrdan bo‘ladi», deb javob beribdi.
– Imon-e’tiqod masalasi tarbiyada muhim o‘rin tutadi. Imonli, tafakkurli va pok kishida yot g‘oyalar ta’siriga qarshi immunitet o‘z-o‘zidan shakllanadi. Asrlar davomida islom dini va ta’limoti ruhida yashab kelgan xalqimiz sho‘ro davrida undan mahrum qilindi. Buning ta’siri hozirga qadar seziladi. Maktab, litsey va kollejlarda yoshlarimizga dinimiz mohiyati va ta’limotidan kengroq tushuncha berish vaqti yetmadimikan?
– Bu gaplarga to‘la qo‘shilaman. Imon-e’tiqod ta’lim-tarbiyada katta vazifani bajaradi. Allohning o‘zi tavfiq bermasa, imon-e’tiqodi buzuq yoki aynigan kishini tarbiyalab ham, xulqini tuzatib ham bo‘lmaydi. Islom dini kelgandan keyin ma’lum vaqt o‘tishi bilan turli firqa va oqimlar paydo bo‘ldi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: “Yahudiylar yetmish bir yoki yetmish ikki firqaga bo‘lindilar, nasorolar yetmish yoki yetmish ikki firqaga bo‘lindilar, mening ummatim esa yetmish uch firqaga bo‘linadi”, dedilar». Demak, sog‘lom aqida va pok e’tiqod bilan yashash va qalbni toza holda bu dunyodan olib o‘tish oson ish emas.
Shuning uchun bola bu kabi dardi bedavo kasalga chalinmasdan uning oldi olinsa, muolaja qilinsa, bunday bolani hamma yaxshi ko‘radi. Ota-onasi uni alqaydi. E’tiqodi noto‘g‘ri shakllangan yoshlarni fikri sayoz, g‘o‘r, jizzaki, bu dunyoning har bir ishidan hikmat emas, ko‘proq illat qidiradigan toifaga kiritsa bo‘ladi. Ulamolar qalb islohi va e’tiqod to‘g‘ri bo‘lishi uchun ilm, hikmat va ma’rifat kerak deganlar. Juda to‘g‘ri fikr. Ilm va hikmat bo‘lsa-yu, ma’rifat bo‘lmasa, bunday islohdan foyda yo‘q. Ma’rifat deganda u zotlar Alloh taoloni tanishni nazarda tutganlar. Demak, yoshlarimiz ilm va hikmat orqali Alloh taoloni, o‘zlarining kimligi va qanday ishlarga qodirligini ham anglab yetishlari aniq. Bu jarayond kamtarlik va tavoze xislati ham shakllanib, ularga katta foyda keltiradi. Allohni tanish katta ilmdir. Yosh bola turli savollar berib boshni og‘ritadigan paytidan boshlab Allohni tanitish, harom-halolni bildirish, birovning haqiga xiyonat qilish mumkin emasligi, or-nomus, hayo, uyat va andisha kabi xislatlarni shakllantirib borish kerak. Bolalar tarbiyasida yaxshi xulqli, odobli va hayoli bo‘lish katta ahamiyat kasb etadi. Islom dinida xulq va odobga imon bilan bir xil qaraladi. Har qanday zamonda olijanob, odobli, halim va shirinso‘z kishilar jamiyat ko‘rki bo‘lib kelgan.
Farzand dunyoga kelgandan keyin unga qilinajak ishlar shariatimizda to‘liq aytib qo‘yilgan. Bular «Oilada farzand tarbiyasi» kitobida baholi qudrat keltirib o‘tilgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy va boshqa allomalarimizning kitoblarida ham yoshlar tarbiyasiga jiddiy qaralgan. U zotlar inson tarbiyasi deganda dastlab nafsni tanish, nafs riyozati va islohini tushunganlar. Nafsni isloh qilib, uni illatlardan forig‘ qilgan inson har ikki dunyoda baxt-iqbol qozonishini bildirganlar. Aytib o‘tganingizdek, bolalar tarbiyasida muhimligini e’tiborda tutgan holda maktab, litsey va kollejlarda boshlang‘ich diniy ta’lim va odoblar dastur sifatida kiritilsa, yoshlarning to‘g‘ri tarbiya olishida katta foyda berardi. Ma’naviy yetuk va barkamol bola hech qanday yot g‘oyaning ta’siriga tushmaydi.
– «Movarounnahr» nashriyotida chop etilgan «Internetdagi tahdidlardan himoya» kitobida internet orqali amalga oshirilayotgan tahdidlar, «ommaviy madaniyat» niqobidagi madaniyatsizlikning salbiy oqibatlari fosh etilib, hamma ko‘ngilsizliklar ta’lim-tarbiyada loqaydlikka yo‘l qo‘yish oqibatida kelib chiqishi to‘g‘ri ta’kidlangan. Darhaqiqat, bugun ota-onalar o‘z uylarida o‘zlari bilan dasturxon boshida o‘tirgan bolasining yonida kimlar bor-u, ongida nimalar bor ekanligini sezmay qolishi hech gapmas. Uyidagi farzandi bilan allaqanday ko‘rinmas odamlar ham yonma-yon o‘tirgan bo‘lishi mumkin. Faqat ular ko‘rinmay ishlarini bitiradilar. Yovuz niyatli kimsalar internet orqali, nafaqat uyingizga, balki bolangizning ongiga sizdan oldinroq kirib ketishga harakat qiladi. Bunday makkor sharpalar ehtiyotsiz har bir uyda uchrashi mumkin. Bu kabi illatlarga qarshi turishda diniy ta’limning ahamiyati haqidagi tavsiyalaringizni aytib o‘tsangiz.
– Yoshlar tarbiyasida bugungi kashfiyotlarning ijobiy tarafi bo‘lganidek, salbiy tomoni ham borligini aslo unutib bo‘lmaydi. Zamonaviy ixtirolar yoshlarning ta’lim olishi, bilimlarni tez o‘zlashtirishi, jahonda yuz berayotgan yangiliklardan vaqtida xabardor bo‘lishida yordamchidir. Bu xabar va ma’lumotlar to‘g‘ri va haqiqatga yaqin bo‘lsa albatta. Lekin chet ellardan ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan xabarlarning yarmidan ko‘pi yolg‘on-yashiq, buzg‘unchi xabarlardir. Shuning uchun ularni aql torozisiga solib, qay biri to‘g‘ri, qay birida biron egri maqsad yashiringaniga e’tibor berish kerak.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyatida Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Oxirzamonda dajjollar (firibgarlar), yolg‘onchilar bo‘ladi. Ular sizlar ham, ota-bobolaringiz ham eshitmagan gaplarni gapiradilar. Bas, sizlar ulardan o‘zlaringizni uzoq qilinglar va o‘zlaringizdan ham ularni uzoq qilinglar. Sizlarni adashtirib va aldab, fitnaga solib qo‘ymasin», — degan (Imom Muslim rivoyati). Afsuski, hozirgi vaqtda internet orqali oqib kelayotgan insonni yo‘ldan ozdiruvchi yolg‘on-yashiqlar yo‘liga to‘siq qo‘yishning iloji yo‘q. Bunday buzg‘unchi ta’sirlar har bir xonadonning chaqirilmagan «mehmoni» bo‘lib uyiga kirib boradi. Yosh va hali oq-qorani ajrata olmagan yoshlar internetga ruju qo‘yish oqibatida bilib-bilmasdan turli yot oqim va firqalar tarqatayotgan g‘oya va qarashlarning qurboniga aylanmoqda. Shuning uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «O‘z bolangni o‘zing asra» degan shiori bugungi kunda juda zarur deb hisoblayman. Abdurauf Fitrat «Kim badaxloq bolalarni tarbiya etsa, insoniyatga katta dushmanlik qilgan bo‘ladi» degan. Har kim bu to‘g‘rida «Internetdagi tahdidlardan himoya» kitobidan o‘ziga kerakli ma’lumotlarni olishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan behayo filmlar, vileolavhalar, buzg‘unchi g‘oyalar yoshlar ma’naviyatini ko‘tarishga xizmat qiladimi?
Lekin g‘o‘r yoshlarga shahvoniyatni qo‘zg‘aydigan lavha va tasvirlar foydalidek ko‘rinadi va bola qaysidir ma’noda lazzat va zavq olgani uchun ularning ta’siriga berilib ketadi. Abdurauf Fitrat aytganidek, insoniyatga bundan boshqa dushmanning keragi bo‘lmay qoladi. Buni «ommaviy madaniyat», «olomoncha madaniyat» deb atashmoqda. Ammo undan ko‘zlangan maqsad – odamzotni asrlar davomida avaylab-himoya qilib kelgan umuminsoniy qadriyat va odob-axloq mezonlaridan uzoqlashtirish va ularga nisbatan nafrat o‘yg‘otish. Chunki bundan kimlardir foyda ko‘radi yoki foyda ko‘rishni mo‘ljallab turgan bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: «Yer yuzida buzg‘unchilik qilib yuradigan kimsalar ham borki, ular uchun (Allohdan) la’nat bo‘lur va ular uchun noxush diyor (jahannam) bordir» (Ra’d surasi, 25-oyat). Bizning ularga shundan boshqa javobimiz yo‘q. Shunday ekan, insoniyat kelajagi va taqdirini belgilaydigan yoshlar ma’naviyati, tarbiyasi, odob-axloqi va hayotini izdan chiqarishga qaratilgan har qanday buzg‘unchi g‘oya va qarashlardan bolalarimizni o‘zimiz himoya qilaylik. Har bir bolaga javobgarlikni ota-onasi, ta’lim dargohi va mahalla to‘g‘ri his etsa, ahil va hamkor bo‘lsa, yoshlarimiz ko‘zlarni quvontiradigan ulug‘ ishlarni amalga oshiradilar, davlatimiz yanada qudratli bo‘lib, jamiyatimiz gullab-yashnaydi.
— Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur!
Bobomurod Erali suhbatlashdi.
“Ma’naviy hayot” jurnalidan olindi.
O‘MI Matbuot xizmati
#Vakilliklar faoliyatidan
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining 14 ta hududiy vakilligi faoliyat yuritadi. Ular tasarrufida jami 2161 ta masjid bo‘lib, 3000 dan ziyod imom-xatib va imom noibi xizmat qiladi. Ushbu ruknimizda hududiy vakillar bilan turkum suhbatlarni reja qilganmiz. Shu maqsadda Qashqadaryo viloyatida bo‘ldik.
Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi, “Imom Buxoriy” ordeni sohibi, Ulamolar kengashi a’zosi Rahmatullo domla USMONOV bilan suhbat
– Assalomu alaykum, domla. Suhbatimizni Siz viloyat bosh imom-xatibi sifatida ish boshlagan davrlardan boshlasak. Dastlab vakillik faoliyatini tahlil qilib, qanday og‘riqli nuqtalar, tezkorlik bilan hal etilishi kerak bo‘lgan muammolarni ko‘rgan edingiz va bugungi kunda ular qanchalik hal etilgan?..
– Va alaykum assalom va rohmatulloh. Bundan rosa 14 yil oldin – 2012 yilning iyul oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakili hamda viloyat bosh imom-xatibi sifatida faoliyat boshlaganman. O‘shanda vakillikning faoliyatini atroflicha tahlil qilib, tizimli yondashuvni talab etadigan qator vazifalarni belgilab olganmiz.
Xususan, masjidlar faoliyatini yagona tartib va talablar asosida tashkil etish, imom-xatiblar va diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirish, ijro intizomi va hisobdorlikni kuchaytirish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘lom diniy-ma’rifiy muhitni mustahkamlash, joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada samarali yo‘lga qo‘yish kabilarga alohida e’tibor qaratdik.
Bugunga kelib vakillikda 22 nafar salohiyatli, o‘z ishining mutaxassisi bo‘lgan xodim ishlamoqda. Zamonaviy moddiy-texnik ba’zamiz bor. Viloyatdagi 187 ta masjid faol ishlab turibdi.
Masjidlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, hujjatlar yuritilishini takomillashtirish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash sifatini oshirish, shuningdek, vakillik tizimida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish, vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish va nazorat qilish maqsadida tegishli bo‘limlarni tashkil etish zarurati ham bor edi.
O‘tgan yillar davomida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha aniq rejalar asosida tizimli ishlar amalga oshirildi. Natijada viloyat vakilligi hamda masjidlar faoliyati yanada takomillashtirildi. Vakillik tuzilmasida tegishli shtat birliklari joriy etilib, sohaning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar ishga qabul qilindi. Bu esa faoliyatni samarali tashkil etish, vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish hamda joylardagi ishlarni sifatli yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.
Imom-xatiblar uchun muntazam malaka oshirish va o‘quv-seminarlar yo‘lga qo‘yildi, aholi bilan ochiq muloqotlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘lami sezilarli darajada kengaydi. Yiliga «Jaholatga qarshi ma’rifat» g‘oyasini keng targ‘ib etish, ekstremizm, terrorizm, missionerlik va yot g‘oyalarga qarshi kurashish, huquqbuzarlik, jinoyatchilik, giyohvandlik, o‘z joniga qasd qilish, erta turmush va ajrimlarning oldini olish, yoshlar, mehnat migrantlari va harbiy xizmatchilar bilan manzilli ishlash, sog‘lom turmush tarzi, oila mustahkamligi, ma’naviy qadriyatlar, ijtimoiy tarmoqlardagi virtual tahdidlardan himoya, atrof-muhitni asrash hamda mahallada tinchlik va hamjihatlikni ta’minlashga qaratilgan 35 mingdan ortiq keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshiriladi.
O‘sha davrda imom-xatib va diniy soha xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish zarurati bor edi. Amalga oshirilgan islohotlar natijasida hamda muftiy hazratlarining tashabbuslari va bevosita boshchiliklari bilan masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va imom-noiblari oylik ish haqi bilan ta’minlandi. Bu esa ularning ijtimoiy barqarorligini mustahkamlash, o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan va mas’uliyat bilan ado etishi uchun muhim omil bo‘lmoqda.
Ta’kidlash joizki, muhtaram Yurtboshimiz tomonidan berilayotgan imkoniyatlar natijasida viloyatimizda haj ziyorati uchun ajratiladigan kvotalar yildan-yilga oshib, fuqarolarning muqaddas ziyorat amalini ado etish imkoniyatlari kengayib bormoqda. Xususan, 2012 yilda viloyatdan bor-yo‘g‘i 150 nafar fuqaro haj ziyoratini amalga oshirgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich yiliga 800 nafardan oshdi. Bu esa sohada amalga oshirilgan tashkiliy ishlar va ziyoratchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati anchayin oshganini ko‘rsatadi.
– Viloyatdagi 180 dan ortiq jome masjidlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ayniqsa, tarixiy va me’moriy ahamiyatga ega bo‘lgan qadimiy masjidlarni asl qiyofasini saqlagan holda ta’mirlash ishlarida vakillik mahalliy aholi va homiylar bilan aloqalarni qanday muvofiqlashtirmoqda?
– Viloyatdagi jome masjidlar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning obodligi va faoliyati uchun munosib sharoit yaratish masalasi doimo e’tibor markazimizda bo‘lib kelmoqda. Bu borada ishlar tizimli, shaffof va jamoatchilik bilan hamkorlik asosida tashkil etilgan. Ayniqsa, tarixiy va me’moriy ahamiyatga ega bo‘lgan qadimiy masjidlarni ta’mirlashda ularning asl qiyofasi, milliy me’moriy uslubi va tarixiy qimmatini saqlashga alohida ahamiyat qaratiladi. Bunday obyektlarda har qanday ish tegishli mutaxassislar tavsiyalari va belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi.
Masjidlarni obodonlashtirish va ta’mirlash ishlarida mahalliy aholi, saxovatpesha homiylar va jamoatchilikning ishtiroki muhim o‘rin tutadi. Vakillik tomonidan ushbu jarayonlar muvofiqlashtirilib, homiylik tashabbuslarining maqsadli va samarali yo‘naltirilishi ta’minlanmoqda.
Faoliyatimni boshlagan paytimda viloyatimizda 182 ta jome masjid faoliyat yuritar edi. Aytib o‘tilganidek, bugungi kunda ularning soni 187 taga yetdi. O‘tgan 14 yil davomida 58 ta masjid zamon talablariga mos ravishda qayta bunyod etildi, 100 dan ortiq masjidda esa keng ko‘lamli ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Misol uchun, 2026 yilning birinchi yarim yilligida 2 ta – Chiroqchi tumanidagi "Abu Bakr Siddiq" hamda Kitob tumanidagi "Shayx Sobir" masjidlari qayta qurilib, muborak Ramazon oyida masjidning yangi binosi namozxonlarga topshirildi.
Shuningdek, namozxonlar uchun munosib va qulay sharoitlar yaratish maqsadida 70 dan ortiq tahoratxonalar to‘liq qayta qurilib, zamonaviy talablar asosida foydalanishga topshirildi.
– Keyingi yillarda vakillik tomonidan imom-xatiblar va ularning noiblari malakasini oshirish, ularning nafaqat diniy, balki dunyoviy, siyosiy-ijtimoiy bilimlarini zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha qanday tizimli dasturlar va o‘quv seminarlari tashkil etildi?
– Imom-xatiblar va ularning noiblari malakasini oshirish, ularning zamon talablariga mos bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish Qashqadaryo vakilligi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan tashkil etilayotgan malaka oshirish kurslari, o‘quv-seminarlar va qayta tayyorlash mashg‘ulotlarida imom-xatiblar va ularning noiblari muntazam ishtirok etib kelmoqda. Hozirgi kunga qadar viloyatdagi 187 nafar imom-xatib hamda 91 nafar imom noiblar O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida hamda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida malaka va ko‘nikmalarini oshirishdi.
Ayniqsa, imom-xatiblarning oliy diniy ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2012 yilda viloyatdagi imom-xatiblarning atigi 16 nafari oliy ma’lumotga ega bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi 14 yil davomida bu ko‘rsatkich keskin oshib, bugungi kunda imom-xatiblarning oliy ma’lumotlilari 90 nafardan oshdi. Hozir ham oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 20 nafar imom-xatib Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida modul tizimi asosida tahsil olib, o‘z bilim va salohiyatini oshirmoqda. Bu ishlar izchil davom ettirilib, yaqin istiqbolda 100 foiz oliy diniy ma’lumotli mutaxassislar sifatida shakllantirish maqsad qilingan. Zero, bugungi kunda imom-xatiblar nafaqat diniy ilm sohibi, balki keng dunyoqarashga ega, jamiyat bilan samarali muloqot qila oladigan, zamonaviy jarayonlarni to‘g‘ri anglaydigan ma’naviy-ma’rifiy yetakchi bo‘lishi zamon talabidir.
– Viloyatdagi Qur’oni karim va tajvid kurslari faoliyati haqida ham aytib o‘tsangiz...
– Qur’oni karim va tajvid kurslari faoliyati aholi orasida diniy bilimlarni faqat belgilangan tartib va malakali mutaxassislar orqali olish madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bu esa o‘z navbatida norasmiy diniy ta’lim maskanlari faoliyatining oldini olish, diniy savodxonlikni oshirish va sog‘lom ma’rifiy muhitni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Viloyat vakilligi hamda Kitob tumanidagi "Xoja Buxoriy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi qoshida faoliyat yuritayotgan Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari orqali har yili jami 1560 nafar tinglovchi Qur’on tilovati va tajvid qoidalari bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. Bu esa aholi diniy savodxonligini oshirish, yosh avlodni ilmiy-ma’rifiy ruhda tarbiyalash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Ayol-qizlar orasida diniy-ma’rifiy ishlarni yuritadigan otinoyilar faoliyatini tartibga solish, ularning diniy tushunchalarini o‘stirish, xotin-qizlar orasida yot g‘oyalar tarqalishining oldini olish borasida vakillik qanday natijalarni ko‘rsata oldi?
– Ayol-qizlar o‘rtasida diniy-ma’rifiy faoliyat olib borayotgan otinoyilarning ishini yagona tizim asosida tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan. Ilgari bu yo‘nalishda muayyan tajriba mavjud bo‘lgan bo‘lsa-da, faoliyatni muvofiqlashtirish, ilmiy salohiyatni muntazam oshirish va nazorat qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish zarurati bor edi.
Shu maqsadda har bir otinoyining bilim darajasi, faoliyat yo‘nalishi va mas’uliyat doirasi qayta ko‘rib chiqildi. Hozirgi kunda vohada faoliyat yuritayotgan jami 284 nafar otinoyining malakasini oshirish maqsadida tizimli o‘quv-seminarlar, suhbatlar va davra yig‘inlari yo‘lga qo‘yildi. Taҗribali ulamolar va mutaxassislar ishtirokida aqida, fiqh, tafsir, hadis, milliy qadriyatlar, oila mustahkamligi hamda zamonaviy axborot makonida uchrayotgan mafkuraviy tahdidlarga qarshi ma’rifiy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ular faoliyati monitoring qilinib, aholi bilan ishlash samaradorligi doimiy tahlil qilib borilmoqda.
Bugungi kunda bu ishlar o‘zining amaliy natijasini bermoqda. Otinoyilar mahallalarda xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, ularning murojaatlarini o‘rganish, diniy savodxonlikni oshirish va sog‘lom ma’naviy-ma’rifiy muhitni shakllantirishda faol ishtirok etmoqda. Ayniqsa, erta nikoh va ajrimlarning hamda yot g‘oyalar va turli buzg‘unchi qarashlar ular munosib hissa qo‘shmoqda.
– Darvoqe, oilaviy ajrimlar, o‘z joniga qasd qilish yoki jinoyatchilik kabi og‘ir ijtimoiy muammolar eng ko‘p kuzatiladigan mahallalar bilan ishlashda imomlarning mas’uliyati va hisobdorligi qanday bo‘lmoqda?
– Vakillik tomonidan imom-xatiblarning mahalla faollari, xotin-qizlar va yoshlar bilan manzilli ishlash mas’uliyati yanada kuchaytirilgan. Ayniqsa, oilaviy ajrimlarning oldini olish, notinch oilalar bilan ishlash, yoshlarni turli salbiy ta’sirlardan asrash va jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Har oy tumanlarda sayyor yig‘ilishlar o‘tkazilib, joylardagi mavjud holatlar, dolzarb muammolar va ularning yechimlari muhokama qilib borilmoqda. Mazkur yig‘ilishlarda imom-xatiblarning mas’uliyati, mahallalar bilan hamkorligi va amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi tahlil qilinadi. Xususan, o‘tgan yil yakuni bo‘yicha viloyat miqyosida imom-xatiblar tomonidan mahallalarda mingdan ortiq oila bilan manzilli ishlar olib borildi. Ular bilan o‘tkazilgan suhbatlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va tushuntirish ishlari natijasida bir qator oilaviy nizolarning oldi olinib, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirishga erishildi.
Muhimi, imom-xatiblar ishi faqat o‘tkazilgan tadbirlar soni bilan emas, balki insonlar taqdiriga ijobiy ta’sir ko‘rsata olgan amaliy natijalari bilan baholanmoqda. Shuning uchun imomlarimiz mahallada xalq bilan yaqin muloqot qiladigan, oila, jamiyat barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shadigan ma’naviy-ma’rifiy rahnamo sifatida o‘z mas’uliyatini chuqur anglab, faoliyat olib bormoqda.
– Ijtimoiy tarmoqlarda da’vat ishlarini olib borish, nasafziyo.uz sayti va ijtimoiy sahifalarni yuritishda vakillik qoshida maxsus media guruh yoki zamonaviy kadrlar jamoasi shakllantirilganmi?
– Bugungi axborot asrida internet makonidagi diniy-ma’rifiy faoliyat muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu bois, vakillik tomonidan zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, ijtimoiy tarmoqlarda aholi, ayniqsa, yoshlar bilan muloqotni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada vakillikda zamonaviy talablarga javob beradigan media xonasi tashkil etilib, zarur zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy kontentlarni tayyorlash, tahrir qilish va keng jamoatchilikka yetkazish yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi malakali kadrlar jalb qilingan.
Mazkur tizim orqali o‘n bir yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan nasafziyo.uz veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar muntazam yuritilmoqda. Shuningdek, 2017 yilda tashkil etilgan Telegram kanali bugungi kunda keng auditoriyaga ega bo‘lib, aholiga tezkor va ishonchli diniy-ma’rifiy axborotlarni yetkazishda muhim axborot maydoniga aylangan.
Shuningdek, bugungi kunda viloyatimizdagi har bir masjidning Telegram, YouTube, Facebook va Instagram sahifalari hamda guruhlari faoliyat yuritib, ularning umumiy a’zolari soni 310 ming nafardan ziyodni tashkil etadi. Jumladan, birgina nasafziyo telegram kanalining 120 mingdan ortiq a’zosi bor. Shuningdek, Ular orqali aholiga dolzarb ma’naviy-ma’rifiy materiallar, diniy-ma’rifiy tavsiyalar, masjid faoliyatiga oid yangiliklar hamda e’lonlar muntazam yetkazib borilmoqda.
Albatta, raqamli makon doimiy ravishda yangilanib borayotgani sababli bu yo‘nalishdagi ishlar ham uzluksiz takomillashtirilmoqda. Asosiy maqsad — zamonaviy media imkoniyatlaridan foydalangan holda xalqimizga, ayniqsa, yosh avlodga sifatli, ishonchli va ta’sirchan diniy-ma’rifiy axborotlarni yetkazib berishda davomli izlanishdamiz.
– Vakillikning «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat filiali bilan birgalikda kam ta’minlangan oilalar, yetimlar va nogironligi bor shaxslarga yordam berish borasidagi faoliyati so‘nggi yillarda qanchalik shaffoflashdi va xayriya tadbirlari ko‘lami voha miqyosida qanchalik kengaydi?
– «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat filiali bilan hamkorlikda aholiga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va xayrli tashabbuslarni amalga oshirish faoliyatimizning ajralmas qismi hisoblanadi.
Yordamga muhtoj oilalar, yetimlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning holati o‘rganilib, ularga zarur ko‘maklar o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda. Jumladan, Ramazon oyi va Qurbon hayiti arafasida davlatimiz rahbari tomonidan ajratilgan mablag‘lar belgilangan tartib asosida ehtiyojmand oilalar, yetimlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga yetkazib berildi. Bu xayrli ishlar xalqimizga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Amalga oshirilayotgan har bir xayrli tashabbus manzillilik, ochiqlik va adolat tamoyillari asosida tashkil etilib, vohamizda xayriya ishlarining ko‘lami va samaradorligi yildan-yilga ortib bormoqda. Yaqinda ko‘makka muhtoj bir oilaga uy qurib berigani ham so‘zimizning bir dalilidir.
– Bu zamindan yetishib chiqqan ulug‘ zotlarning boy ilmiy merosi, qadamjolari tarixini xalqaro va respublika miqyosida targ‘ib qilish borasidagi ishlarga ham to‘xtalib o‘tsangiz...
– Bu vohadan yetishib chiqqan Abu Muin an-Nasafiy, Abu Bakr al-Kosoniy, Abu Hafs Nasafiy, Abu Hafs Keshiy, Abu Shakur as-Solimiy, Pazdaviy kabi ko‘plab allomalarning ilmiy merosi nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami ma’naviy xazinasining ajralmas qismidir.
Vakillik faoliyati davomida ushbu boy ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish, targ‘ib qilish va keng jamoatchilikka yetkazishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, allomalarimiz hayoti va ilmiy faoliyati, ular bilan bog‘liq tarixiy maskanlar va qadamjolarni o‘rganish, ularning ma’naviy ahamiyatini yoritish borasida ilmiy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va targ‘ibot ishlari amalga oshirib kelinmoqda.
Alloh taolo din ravnaqi, yurt tinchligi yo‘lida xizmat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizni ikki dunyoda mukofotlasin!
O‘MI Matbuot va media bo‘limi mutaxassisi
Abdulatif ABDULLAYEV suhbatlashdi.