Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyul, 2026   |   9 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:04
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:53
Xufton
21:23
Bismillah
23 Iyul, 2026, 9 Safar, 1448

Uyingizda kimlar bor: dajjolmi yo farishta?..

06.04.2018   6033   17 min.
Uyingizda kimlar bor: dajjolmi yo farishta?..

 O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

Usmonxon Alimov bilan suhbat 

 – Hurmatli muftiy hazratlari, mamlakatimizda barcha sohalar qatori ta’lim-tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda ham jiddiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi» nomli nutqi va «O‘zbekistondagi islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida aynan yoshlarimiz ma’naviyati, odob-axloqi, ta’lim-tarbiyasiga alohida urg‘u berilgani bejiz emas. Shu haqda fikr-mulohazalaringizni bildirsangiz.

Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsinki, farovonlik, tinchlik-xotirjamlik hukm surgan mamlakatda taraqqiyot eshigi keng ochiladi. Buning uchun Yaratganga har qancha shukurlar aytsak ham kam. Har bir mamlakat o‘z yoshlariga suyanadi, ma’naviyati sog‘lom va toza bo‘lishi uchun qayg‘uradi, ularning hayoti va ma’naviyatiga daxldor nuqsonlarni bartaraf etish choralarini ko‘radi. Yoshlar o‘sib-ulg‘ayib, o‘zlaridan oldingilarning ishlarini davom ettiradi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov: «Yoshlarimizga bugunning o‘zida alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Ular nafaqat ishonchimiz va kelajagimiz, yoshlar – bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchidir. Ya’ni ertangi kun kutganimizdek bo‘lishi uchun bugunning o‘zida yoshlar tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratishimiz zarur», degan edi. Yurtimizda hatto yillar «Onalar va bolalar yili» (2005 yil), «Yoshlar yili» (2008 yil) va «Barkamol avlod yili» (2010 yil) deb atalib, davlat dasturlari qabul qilinib, shu asosda ibratli ishlar amalga oshirildi. Shundan ham bilamizki, mamlakatimizda yoshlar masalalariga davlat miqyosida doimo katta e’tibor berilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning har bir qaror va farmonida mamlakatimizning ma’naviy va ijtimoiy hayotida erishilgan yutuqlar qatorida kamchiliklar ham ochiq aytilmoqda va ularni tuzatishga butun ommaning e’tibori jalb etilmoqda. Chunki har qanday illat o‘z vaqtida muolaja qilinmas ekan, uzoq vaqt undan ko‘z yumib yashalgani bilan o‘z-o‘zidan tuzalib qolmaydi. Prezidentimizning islohotlar hayotiy zarurat ekanini kuyunchaklik bilan bot-bot takrorlashlari va bu borada g‘ayrat bilan amalga oshirayotgan ishlari tez orada o‘z natijasini berishiga ishonaman. Chunki samimiy tanqid va ochiq-oshkoralikning foydasi ko‘p. Islohotlar oqimida eng muhim ishlardan biri yoshlar ma’naviyati, odob-axloqi va tarbiyasi masalasidir. Yanayam aniqroq aytsak, bu hayot-mamot masalasidir.

Ma’naviyati yuksak xalqni yengib bo‘lmaydi. Ayniqsa, yosh avlodning imon-e’tiqodi, bilim va tafakkuri, dunyoqarashi va tanlagan yo‘li kelajagimizni belgilab beradi. «O‘zbekistondagi islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorda «jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yosh avlodni gumanistik g‘oyalar, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalash»ga alohida e’tibor qaratildi. Ba’zi yoshlarimizda ayni shu tuyg‘u yetishmayotganini teran anglashimiz kerak. Bu xususda fikr-mulohazalaringiz?

Qur’oni karimda o‘tmishda yer yuzida fisq-fasod ishlarni ko‘paytirib, axloqi buzilgan, oqibatda halokatga mahkum etilgan qavmlar haqida so‘z boradi. Bunday tubanlikning tub ildizi o‘z-o‘zidan ma’naviy inqirozga borib taqalishini aslo unutmaslik kerak.

Ma’naviy sog‘lom va kamolotga erishgan xalqlar qadimdan ulug‘lik shohsupasini egallagan, ularni yengish yoki ular bilan tenglashish oson bo‘lmagan. Hozir ham shunday. Ma’naviy inqirozga uchragan xalqning obro‘-e’tibori bo‘lmaydi, uning qadriyat va urf-odatlariga past nazar bilan qaraladi. O‘tgan asrda shunday baloga mubtalo bo‘lganimiz sir emas. Shuning uchun yoshlarimizda milliy iftixor ruhini uyg‘otish va ularni aynan shu ruhda tarbiyalash yanada muhim ma’no kasb etmoqda. Bizning xalqimiz uzoq asrlar davomida islom dini va ta’limotidan quvvat olib, o‘z ma’naviyatini boyitdi, islomiy ta’limot asosida yashadi. Bu bilan kam bo‘lmadik, ma’naviyati yuksak va e’tiqodi mustahkam xalqqa aylandik. Bu borada erishgan yutuqlarimizga jahon ahli tan berib kelgan. Shu bois yoshlarimizga islom dini va ta’limotini to‘g‘ri yetkazishimiz kerak. Shunda ularda o‘z-o‘zidan milliy iftixor tuyg‘ulari uyg‘onadi, o‘zlariga ishonch paydo bo‘ladi, turli buzg‘unchi firqalarning da’vatlari noxolis va haqiqatdan yiroq ekanini tushunib yetadi. Qalbi pok, bilimli yoshlarni aldash, gumrohlikka boshlash mumkinmi? Men bunday bo‘lishiga ishonmayman.

Inson tarbiyasi juda murakkab va og‘ir jarayon. Bashariyat yaralibdiki, insonlarni hidoyatga – to‘g‘ri yo‘lga boshlash, qalblarni isloh qilish va ruhiyatni poklash muammosi mavjud. Ayniqsa, bola tarbiyasi unga ona tanlashdan boshlanadi, deydi donishmandlar. Shu ma’noda bu borada javobgarlik va mas’uliyat birinchi navbatda ota-onaga tushadi. Sizning «Oilada farzand tarbiyasi» («Movarounnahr» nashriyoti, 2017.) kitobingizda: «Farzandlarimizga shunday tarbiya beraylikki, ular o‘z ota-bobolariga, o‘z tarixi, vatani, ona tiliga, millat ulug‘lariga muqaddas islom dini an’analariga sodiq bo‘lib qolishsin. Kitoblarda o‘rganilgan ma’rifiy ilm qatorida oilada olingan hayot ilmi ham ularga suv va havodek zarur» degan gapingizdagi «hayot ilmi» bugungi kunda yoshlarga juda kerak. Qolaversa, maktab, litsey va kollejlarni ta’lim maskani bo‘lishdan tashqari tarbiya maskani deb aytish mumkin. Prezidentimiz 15 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarlari, din arboblari, «Nuroniy» va «Mahalla» jamg‘armalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati (hozirgi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi) faollari, hokimliklar, huquq-tartibot idoralari vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, islomiy ta’lim muassasalari mutasaddilari va talabalari, jamoatchilik vakillari ishtirok etgan «Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi» mavzusidagi anjumanda «Yurtimizda yashayotgan, oilasini, farzandlarining ertangi kunini o‘ylaydigan hech bir inson, din arboblari, jamoatchilik vakillari bu hayot-mamot masalasidan chetda turmasligi kerak» degan krni aytdi.

Insonga har doim jumboq xilqat, sirli, mukammal mavjudot sifatida qaralgan. Ne-ne donishmand va faylasuflar insoniy fe’l-atvorni o‘zgartirish juda murakkabligini tan olganlar. Insonga o‘z vaqtida to‘g‘ri tarbiya berilmasa, bundan yomoni bo‘lmasa kerak. Ammo bunday tarbiya muayyan muddat bilan chegaralanmaydi. Tarbiya uzoq vaqt davom etadigan jarayon ekanini hech qachon esdan chiqarmaslik kerak. Abu Asvad Duvaliy degan zot bolalariga: «Sizlarga yoshligingizda ham, katta bo‘lganingizda ham, hatto tug‘ilmasingizdan oldin bir yaxshilik qilganman», — dedi. Bolalari «Tug‘ilmasimizdan oldin qanday yaxshilik qildingiz?» deb hayron bo‘lishsa, otasi «Sizlarga yaxshi onani tanladim» degan ekan. Xalqimiz «Yetti pushtini surishtirib uylan» deb bekorga aytmagan. Yaxshi va soliha onadan odobli va tarbiyali bolalar dunyoga keladi. Bola soliha ona bag‘rida mehr ko‘rib voyaga yetsa, ibratli inson bo‘lib ulg‘ayadi. Imom Termiziy rivoyatida payg‘ambarimiz alayhissalom «Hech bir ota o‘z farzandiga go‘zal odobdan ham afzalroq hadya bera olmaydi» degan. Biron yegulik yoki ko‘ylak olib berilsa, farzand qanchalik xursand bo‘ladi. Ammo o‘z vaqtida odob va tarbiya olgan farzand bir umr ota-onasidan minnatdor bo‘ladi. Ota-ona ham farzandiga shunday hadya berganidan hech qachon afsuslanmaydi. Bunday hadyaning boshqa hadyalardan afzalligi shunda. Manbalarda kelishicha, farzand ota-onaga berilgan omonat, tengi yo‘q gavharga o‘xshatilgan. Agar farzand yaxshi odob va tarbiya olsa, ota-onasi bu dunyo va oxiratda katta ajr-savob egasiga aylanadi. Agar yomon tarbiya olsa, uning jazosiga ham ikki dunyoda sherik bo‘lishadi. Farzandga omonat va gavhar deb qaralgani uchun u ehtiyot qilinadi. Biroq bolaning omonat va gavharligi ko‘pchilikni qiziqtirsa ham, odobi va tarbiyasiga yetarlicha e’tibor berilmaydi. Chunki hali aqli to‘lib ulgurmagan bola atrof-muhit ta’siriga tez beriladi. Shu bois ota-onalar bolaning yurish-turishi, ovqatlanishi, boshqalar bilan muomalasi uchun ham javobgardir. Agar farzand borasidagi shar’iy haqlar o‘z vaqtida ado etilsa, ota-ona zimmasidan javobgarlik soqit bo‘ladi. Bunday shar’iy haqlar mo‘tabar manbalarda to‘liq va batafsil bayon etib berilgan.

To‘g‘ri, bizda ota-onalarga tarbiya ishida o‘quv dargohlari va mahalla yordamga keladi. Mana shu tarbiya tizimi yaxshi ishlasa, bizda betarbiya bolaning o‘zi qolmasa kerak deb o‘ylayman.

Keng qamrovli tarbiyani bola o‘z hayoti davomida asta-sekin o‘zlashtirib borsa, kelajakda yaxshi samara beradi. Buni faqatgina kitoblardan emas, shu bilan birga hayotning o‘zidan olingan ilm – hayot ilmi desak to‘g‘riroq bo‘ladi.  Hikoya qilishlaricha, Ardasher Bobak yurtini adolat bilan ziynatlagan. Bir kuni u o‘g‘lining nihoyatda ko‘rkam kiyinib olganini ko‘rib: «Ey o‘g‘lim, kishi shunday libos kiysinki, bunday libos hech bir xazinada bo‘lmasin»,  debdi. O‘g‘li: «Ey otajon, u qanday libos, nimadan tikiladi?», deb so‘rabdi. Otasi: «U shunday liboski, matosi yaxshi xulq va yaxshi ishdir, ipi esa murosa va sabrdan bo‘ladi», deb javob beribdi.

Imon-e’tiqod masalasi tarbiyada muhim o‘rin tutadi. Imonli, tafakkurli va pok kishida yot g‘oyalar ta’siriga qarshi immunitet o‘z-o‘zidan shakllanadi. Asrlar davomida islom dini va ta’limoti ruhida yashab kelgan xalqimiz sho‘ro davrida undan mahrum qilindi. Buning ta’siri hozirga qadar seziladi. Maktab, litsey va kollejlarda yoshlarimizga dinimiz mohiyati va ta’limotidan kengroq tushuncha berish vaqti yetmadimikan?

Bu gaplarga to‘la qo‘shilaman. Imon-e’tiqod ta’lim-tarbiyada katta vazifani bajaradi. Allohning o‘zi tavfiq bermasa, imon-e’tiqodi buzuq yoki aynigan kishini tarbiyalab ham, xulqini tuzatib ham bo‘lmaydi. Islom dini kelgandan keyin ma’lum vaqt o‘tishi bilan turli firqa va oqimlar paydo bo‘ldi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: “Yahudiylar yetmish bir yoki yetmish ikki firqaga bo‘lindilar, nasorolar yetmish yoki yetmish ikki firqaga bo‘lindilar, mening ummatim esa yetmish uch firqaga bo‘linadi”, dedilar». Demak, sog‘lom aqida va pok e’tiqod bilan yashash va qalbni toza holda bu dunyodan olib o‘tish oson ish emas.

Shuning uchun bola bu kabi dardi bedavo kasalga chalinmasdan uning oldi olinsa, muolaja qilinsa, bunday bolani hamma yaxshi ko‘radi. Ota-onasi uni alqaydi. E’tiqodi noto‘g‘ri shakllangan yoshlarni fikri sayoz, g‘o‘r, jizzaki, bu dunyoning har bir ishidan hikmat emas, ko‘proq illat qidiradigan toifaga kiritsa bo‘ladi. Ulamolar qalb islohi va e’tiqod to‘g‘ri bo‘lishi uchun ilm, hikmat va ma’rifat kerak deganlar. Juda to‘g‘ri fikr. Ilm va hikmat bo‘lsa-yu, ma’rifat bo‘lmasa, bunday islohdan foyda yo‘q. Ma’rifat deganda u zotlar Alloh taoloni tanishni nazarda tutganlar. Demak, yoshlarimiz ilm va hikmat orqali Alloh taoloni, o‘zlarining kimligi va qanday ishlarga qodirligini ham anglab yetishlari aniq. Bu jarayond kamtarlik va tavoze xislati ham shakllanib, ularga katta foyda keltiradi. Allohni tanish katta ilmdir. Yosh bola turli savollar berib boshni og‘ritadigan paytidan boshlab Allohni tanitish, harom-halolni bildirish, birovning haqiga xiyonat qilish mumkin emasligi, or-nomus, hayo, uyat va andisha kabi xislatlarni shakllantirib borish kerak. Bolalar tarbiyasida yaxshi xulqli, odobli va hayoli bo‘lish katta ahamiyat kasb etadi. Islom dinida xulq va odobga imon bilan bir xil qaraladi. Har qanday zamonda olijanob, odobli, halim va shirinso‘z kishilar jamiyat ko‘rki bo‘lib kelgan.

Farzand dunyoga kelgandan keyin unga qilinajak ishlar shariatimizda to‘liq aytib qo‘yilgan. Bular «Oilada farzand tarbiyasi» kitobida baholi qudrat keltirib o‘tilgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy va boshqa allomalarimizning kitoblarida ham yoshlar tarbiyasiga jiddiy qaralgan. U zotlar inson tarbiyasi deganda dastlab nafsni tanish, nafs riyozati va islohini tushunganlar. Nafsni isloh qilib, uni illatlardan forig‘ qilgan inson har ikki dunyoda baxt-iqbol qozonishini bildirganlar. Aytib o‘tganingizdek, bolalar tarbiyasida muhimligini e’tiborda tutgan holda maktab, litsey va kollejlarda boshlang‘ich diniy ta’lim va odoblar dastur sifatida kiritilsa, yoshlarning to‘g‘ri tarbiya olishida katta foyda berardi. Ma’naviy yetuk va barkamol bola hech qanday yot g‘oyaning ta’siriga tushmaydi.

«Movarounnahr» nashriyotida chop etilgan «Internetdagi tahdidlardan himoya» kitobida internet orqali amalga oshirilayotgan tahdidlar, «ommaviy madaniyat» niqobidagi madaniyatsizlikning salbiy oqibatlari fosh etilib, hamma ko‘ngilsizliklar ta’lim-tarbiyada loqaydlikka yo‘l qo‘yish oqibatida kelib chiqishi to‘g‘ri ta’kidlangan. Darhaqiqat, bugun ota-onalar o‘z uylarida o‘zlari bilan dasturxon boshida o‘tirgan bolasining yonida kimlar bor-u, ongida nimalar bor ekanligini sezmay qolishi hech gapmas. Uyidagi farzandi bilan allaqanday ko‘rinmas odamlar ham yonma-yon o‘tirgan bo‘lishi mumkin. Faqat ular ko‘rinmay ishlarini bitiradilar. Yovuz niyatli kimsalar internet orqali, nafaqat uyingizga, balki bolangizning ongiga sizdan oldinroq kirib ketishga harakat qiladi. Bunday  makkor sharpalar ehtiyotsiz har bir uyda uchrashi mumkin. Bu kabi illatlarga qarshi turishda diniy ta’limning ahamiyati haqidagi tavsiyalaringizni aytib o‘tsangiz.

Yoshlar tarbiyasida bugungi kashfiyotlarning ijobiy tarafi bo‘lganidek, salbiy tomoni ham borligini aslo unutib bo‘lmaydi. Zamonaviy ixtirolar yoshlarning ta’lim olishi, bilimlarni tez o‘zlashtirishi, jahonda yuz berayotgan yangiliklardan vaqtida xabardor bo‘lishida yordamchidir. Bu xabar va ma’lumotlar to‘g‘ri va haqiqatga yaqin bo‘lsa albatta. Lekin chet ellardan ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan xabarlarning yarmidan ko‘pi yolg‘on-yashiq, buzg‘unchi xabarlardir. Shuning uchun ularni aql torozisiga solib, qay biri to‘g‘ri, qay birida biron egri maqsad yashiringaniga e’tibor berish kerak.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyatida Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Oxirzamonda dajjollar (firibgarlar), yolg‘onchilar bo‘ladi. Ular sizlar ham, ota-bobolaringiz ham eshitmagan gaplarni gapiradilar. Bas, sizlar ulardan o‘zlaringizni uzoq qilinglar va o‘zlaringizdan ham ularni uzoq qilinglar. Sizlarni adashtirib va aldab, fitnaga solib qo‘ymasin», — degan (Imom Muslim rivoyati).  Afsuski, hozirgi vaqtda internet orqali oqib kelayotgan insonni yo‘ldan ozdiruvchi yolg‘on-yashiqlar yo‘liga to‘siq qo‘yishning iloji yo‘q. Bunday buzg‘unchi ta’sirlar har bir xonadonning chaqirilmagan «mehmoni» bo‘lib uyiga kirib boradi. Yosh va hali oq-qorani ajrata olmagan yoshlar internetga ruju qo‘yish oqibatida bilib-bilmasdan turli yot oqim va firqalar tarqatayotgan g‘oya va qarashlarning qurboniga aylanmoqda. Shuning uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «O‘z bolangni o‘zing asra» degan shiori bugungi kunda juda zarur deb hisoblayman. Abdurauf Fitrat «Kim badaxloq bolalarni tarbiya etsa, insoniyatga katta dushmanlik qilgan bo‘ladi» degan. Har kim bu to‘g‘rida «Internetdagi tahdidlardan himoya» kitobidan o‘ziga kerakli ma’lumotlarni olishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan behayo filmlar, vileolavhalar, buzg‘unchi g‘oyalar yoshlar ma’naviyatini ko‘tarishga xizmat qiladimi?

Lekin g‘o‘r yoshlarga shahvoniyatni qo‘zg‘aydigan lavha va tasvirlar foydalidek ko‘rinadi va bola qaysidir ma’noda lazzat va zavq olgani uchun ularning ta’siriga berilib ketadi. Abdurauf Fitrat aytganidek, insoniyatga bundan boshqa dushmanning keragi bo‘lmay qoladi. Buni «ommaviy madaniyat», «olomoncha madaniyat» deb atashmoqda. Ammo undan ko‘zlangan maqsad – odamzotni asrlar davomida avaylab-himoya qilib kelgan umuminsoniy qadriyat va odob-axloq mezonlaridan uzoqlashtirish va ularga nisbatan nafrat o‘yg‘otish. Chunki bundan kimlardir foyda ko‘radi yoki foyda ko‘rishni mo‘ljallab turgan bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: «Yer yuzida buzg‘unchilik qilib yuradigan kimsalar ham borki, ular uchun (Allohdan) la’nat bo‘lur va ular uchun noxush diyor (jahannam) bordir» (Ra’d surasi, 25-oyat). Bizning ularga shundan boshqa javobimiz yo‘q. Shunday ekan, insoniyat kelajagi va taqdirini belgilaydigan yoshlar ma’naviyati, tarbiyasi, odob-axloqi va hayotini izdan chiqarishga qaratilgan har qanday buzg‘unchi g‘oya va qarashlardan bolalarimizni o‘zimiz himoya qilaylik. Har bir bolaga javobgarlikni ota-onasi, ta’lim dargohi va mahalla to‘g‘ri his etsa, ahil va hamkor bo‘lsa, yoshlarimiz ko‘zlarni quvontiradigan ulug‘ ishlarni amalga oshiradilar, davlatimiz yanada qudratli bo‘lib, jamiyatimiz gullab-yashnaydi.

Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur!

 

Bobomurod Erali suhbatlashdi.

“Ma’naviy hayot” jurnalidan olindi.

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkent islom instituti magistrlari xatmonasi: Diniy-ma’rifiy sohada yangi va sharafli bosqich

22.07.2026   5019   7 min.
Toshkent islom instituti magistrlari xatmonasi: Diniy-ma’rifiy sohada yangi va sharafli bosqich
 
 

Toshkent islom institutida magistratura bosqichi bitiruvchilarining xatmonasiga bag‘ishlangan tantanali va tarixiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida Muzaffar Kamilov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning xatmona munosabati bilan barcha bitiruvchilar hamda yoshlarga yo‘llagan alohida salomi va samimiy qutlovlarini yetkazdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda davlatimiz va xalqimiz xizmati, millat hamda din rivoji yo‘lida sidqidildan bel bog‘lagan yoshlarga e’tibor qaratish, ularning ilmiy hamda amaliy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

махад4

Muzaffar Kamilov o‘z nutqida institut bitiruvchilarining ko‘rsatkichlari, ularning bir qancha yo‘nalishlarda ijoza va xalqaro til sertifikatlariga ega ekani hamda puxta ilmiy va tizimli yo‘nalish shakllantirganini alohida e’tirof etdi.

Diniy-ma’rifiy sohada uzviy va uzluksiz ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish – madrasalardan boshlab oliy institutlar, bakalavriat, magistratura va kelgusida doktorantura bosqichlarini qamrab olish yo‘lidagi sa’y-harakatlar ulkan natijalar berayotgani ta’kidlandi.

махад3

Toshkent islom instituti ko‘p yillar davomida davlat va jamoat tashkilotlarida, diniy sohaning eng mas’uliyatli va hassos yo‘nalishlarida xizmat qilayotgan yetuk kadrlarni yetishtirib bergan bo‘lsa, bugungi magistratura bosqichi sifat ko‘rsatkichlarini yangi bosqichga olib chiqadi. Bitiruvchilar oldiga faqatgina respublika miqyosida emas, balki xalqaro maydonda ham Imom Buxoriy va Imom Termiziy kvali ulug‘ allomalar yurtining ilmiy salohiyatini namoyon etish vazifasi qo‘yildi.

Tadbirda magistraturani muvaffaqiyatli tamomlagan xotin-qizlar vakillarining ilmiy ishlari va erishgan natijalari alohida e’tirof etildi. Jamiyatda salohiyatli va malakali olimalarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, xotin-qizlarga diniy-ma’rifiy bilim va ta’limni yetkazish borasidagi imkoniyatlarni yanada kengaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, bitiruvchilarning ilmiy izlanishlarini to‘xtatmasliklari uchun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida maqsadli doktorantura o‘rinlarini tashkil etish va keyingi bosqichlarda ularning ilmiy salohiyatini oshirishga ko‘maklashish rejalari bildirildi.

Muzaffar Kamilov ushbu bilim dargohida xizmat qilgan, el-yurt va din rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan marhum muftiylar hamda ulamolar – Eshon Boboxon hazratlari, Ziyovuddinxon qori, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Usmonxon Alimov va boshqa fidoiy ustozlarning xizmatlarini yodga olib, ularning haqlariga duolar qildi. Bugungi kunda ushbu ulug‘vor va mas’uliyatli yo‘lni munosib davom ettirayotgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati hamda ustozlarga kuch-quvvat va muvaffaqiyatlar tilandi. Magistrlarga Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov davlatimiz rahbarining 20 million so‘mdan pul mukofoti sertifikatlarini tantanali ravishda topshirdi.

 O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari so‘zga chiqib quyidagi fikrlarni bildirdi:

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 22 iyun kuni Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda diniy ta’lim muassasalari salohiyatini yanada oshirish maqsadida Toshkent islom institutida 2024 yildan magistratura, 2025 yildan esa doktorantura bosqichlarida oliy malakali kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surgan edi.

Mazkur tashabbus ijrosi doirasida Toshkent islom institutida “Teologiya (Islom ilohiyoti, falsafasi va moturidiylik ta’limoti)” hamda “Teologiya (Hadis ilmlari)” mutaxassisliklari bo‘yicha 1 va 2-bosqichlarda jami 20 nafar magistrant tahsil olmoqda.

2026 yil 11 iyun kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti tarixida ilk bor magistrantlarning magistrlik dissertatsiyalari himoyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur muhim voqea mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohani yangi bosqichga olib chiqish, boy ilmiy-ma’naviy merosimizni chuqur o‘rganish hamda soha uchun yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijasidir.

Toshkent islom instituti magistrlik dissertatsiyalari himoyasi mamlakatimiz diniy ta’lim tizimi rivojidagi muhim bosqich bo‘lib, mazkur jarayon kelgusida yuqori malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi”.

махад5

Institutning ilk 10 nafar magistranti o‘qish davomida ilmiy faoliyatda faol ishtirok etib, dissertatsiya mavzulari doirasida jami 52 ta ilmiy maqola va tezis nashr ettirdilar. Jumladan, 28 tasi ilmiy jurnallarda, 9 tasi ilmiy to‘plamlarda va 12 tasi respublika hamda xalqaro anjuman materiallarida chop etildi.

2-kurs magistrantlarining o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 90%dan yuqori bo‘ldi. Eng yuqori natijani 96+ ball bilan Ismoiljon Ibrohimov, keyingi o‘rinlarni esa 95+ ball bilan Muxlisa Narzullayeva va Muhammad A’lo Madrahimov egalladi.

Magistrantlarning 8 nafari arab tili bo‘yicha xalqaro va milliy sertifikatlarga ega. Jaloliddin Mamasoliyev, Nurmuhammad Shaydullayev va Ismoiljon Ibrohimov At-Tanal C1 darajasini, yana 5 nafar talaba CEFR va At-Tanal tizimida B2 darajasini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, talabalar mutaxassislik fanlari doirasida jami 53 ta “ijoza”"ga ega. Bu bo‘yicha Ismoiljon Ibrohimov mutloq yetakchi bo‘lib, uning shaxsiy ijozalari soni 18 tani tashkil etadi.

махад6

Gulchehra Siddiqova 2006 yilda o‘tkazilgan 16-Respublika qorilar musobaqasida murattab qoriyalar yo‘nalishi bo‘yicha ayol-qizlar o‘rtasida mutlaq 1-o‘rinni, 2009 yildagi 20-Respublika qorilar musobaqasida esa mujavvid qoriyalar yo‘nalishida 2-o‘rinni egallagan. Iqboljon Qambarov va Husniddin Hasanov Fiqh hamda Aqoid fan oyliklarida maqola yozish bo‘yicha sovrindor bo‘lishgan. Jaloliddin Mamasoliyev shariat standartlari bo‘yicha nufuzli CPSS malaka sertifikatiga ega.

Magistrantlar o‘quv rejasiga muvofiq 2026 yil 26 yanvardan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida, 24 fevraldan esa O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ilmiy amaliyot o‘tab, manbashunoslik va noyob qo‘lyozmalar bilan ishlash ko‘nikmalarini mustahkamladilar.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari o‘z nutqlarida Toshkent islom instituti magistratura ta’lim bosqichini ilk bitiruvchilar muvaffaqiyatli tamomlagani ulkan tarixiy voqea bo‘lgani, Yurtboshimizning tashabbusi bilan ulamolarimiz va mo‘min-musulmon xalqimizning ana shunday orzu-umidlari, ixlos bilan qilgan duolari ijobat bo‘lganini alohida ta’kidladilar.

Marosim davomida Muftiy hazratlari har bir bitiruvchini samimiy tabriklash barobarida magistrlik diplomlarini tantanali ravishda topshirdilar.

Shundan so‘ng Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida mehnat faoliyatini boshlayotgan magistrlarning oylik ish haqiga 20 foiz miqdorida ustama haq to‘lab berilishini e’lon qildilar.

Bunday rag‘bat va imtiyozlar diniy-ma’rifiy sohada yuqori malakali, zamonaviy bilimlarga ega ilmiy-pedagog kadrlar avlodini shakllantirishga xizmat qiladi.

    O‘zA

 

O'zbekiston yangiliklari