Esnalganida nima uchun qo‘l bilan og‘iz berkitilishini bilish zarur. Buning asoslari yetarli.
Bu haqda hatto Imom Buxoriyning “Al-adab val-mufrad” kitoblarida maxsus “Esnaganda qo‘l bilan og‘izni to‘sish haqida” nomli bob bor. Shu bobda kelgan hadislardan birini zikr qilib o‘tamiz: Abu Said Xudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Agar birortangiz esnasangiz, qo‘lingizni og‘zingizga qo‘ying, chunki shayton kiradi”. Esnash kelganida namozdan boshqa hollarda chap qo‘l orqasi bilan og‘iz to‘siladi. Shuningdek, hadislarda esnab turib: “hooh” deyish shaytonning yayrashiga sabab bo‘lishi ham bayon etilgan.
“So‘ragan edingiz” kitobi asosida tayyorlandi
O‘MI Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Farg‘ona viloyatidagi diniy soha vakillari ishtirokida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida “Zakovat” intellektual o‘yini hamda stol tennisi bo‘yicha musobaqaning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad diniy soha xodimlarining intellektual salohiyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashdan iboratdir. Ko‘tarinki ruh va do‘stona muhitda o‘tgan bellashuvlarda ishtirokchilar bilim, tafakkur va chaqqonlik borasida o‘z mahoratlarini namoyon etdi.
Qizg‘in va murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra g‘oliblar aniqlandi.
“Zakovat” intellektual o‘yini natijalari:
1-o‘rin — Marg‘ilon shahri jamoasi;
2-o‘rin — Oltiariq tumani jamoasi;
3-o‘rin — Farg‘ona shahri jamoasi.
Stol tennisi musobaqasi natijalari:
1-o‘rin — Sarvar Rahmonzoda («Eshonbobo» jome masjidi imom noibi);
2-o‘rin — Muhammadyunus Mirzarahimov («Sulaymonbek hoji» jome masjidi imom noibi);
3-o‘rin — Muhammadyusufxo‘ja Saidxo‘jayev («Abu Muso al-Ash’ariy» jome masjidi imom noibi).
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati