2018 yil 20 aprel kunining juma mav’izasi tezisi
بسم الله الرحمن الرحيم
QO‘SHNICHILIK HAQLARI
Dinimizda qo‘shnichilik haqlariga rioya qilish muhim ishlardan hisoblanadi. Zero, insonlar o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlanishida qo‘shnilarning o‘rni beqiyosdir. Qo‘shnichilik haq-huquqlari deganda shariatimiz yuzasidan qo‘shnilarning bir-birlariga nisbatan rioya qilishlari lozim bo‘lgan majburiyatlari tushuniladi. Qo‘shnilarning martabalari haqida Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:
عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ قَالَ: اَلْجِيْرَانُ ثَلاَثَةٌ: جَارٌ لَهُ حَقٌّ وَاحِدٌ وَهُوَ أَدْنَى الْجِيْرَانِ حَقًّا، وَجَارٌ لَهُ حَقَّانِ، وَجَارٌ لَهُ ثَلاَثَةُ حُقُوقٍ وَهُوَ أَفْضَلُ الْجِيْرَانِ حَقًّا؛ فَأَمَّا الْجَارُ الَّذِي لَهُ حَقٌّ وَاحِدٌ فَالْجَارُ الْمُشْرِكُ لاَ رَحِمَ لَهُ وَلَهُ حَقُّ الْجِوَارِ، وَأمَّا الَّذِي لَهُ حَقَّانِ فَالْجَارُ الْمُسْلِمُ لاَ رَحِمَ لَهُ وَلَهُ حَقُّ الْإِسْلاَمِ وَحَقُّ الْجِوَارِ، وَأَمَّا الَّذِي لَهُ ثَلاَثَةُ حُقُوقٍ فَجَارٌ مُسْلِمٌ ذُو رَحِمٍ لَهُ حَقُّ الْإسْلاَمِ وَحَقُّ الْجِوَارِ وَحَقُّ الرَّحِمِ، وَأَدْنَى حَقِّ الْجِوَارِ أَلَّا تُؤْذِيَ جَارَكَ بِقُتَارِ قِدْرِكَ إِلَّا أَنْ تَقْدَحَ لَهُ مِنْهَا
(رواه الإمام البزار)
ya’ni: “Qo‘shnilar uch xil bo‘ladi: birinchisi, bitta haqi bo‘lgan qo‘shni bo‘lib, bu qo‘shnilarning haqi eng oz darajada bo‘lgan toifasidir. Keyingisi, ikkita haqi bo‘lgan qo‘shni. Yana biri uchta haqga ega qo‘shni bo‘lib, bu qo‘shnilarning haqi eng ko‘p bo‘lganidir. Bitta haqga ega qo‘shni bu o‘rtada qarindoshchiligi bo‘lmagan mushrik qo‘shnidir. Unda faqatgina qo‘shnichilik haqi bor. Ikkita haqi bo‘lgan qo‘shni bu qarindosh bo‘lmagan musulmon qo‘shnidir. Unda musulmonlik va qo‘shnilik haqlari mavjud. Uchta haqga ega bo‘lgan qo‘shni esa musulmon, qarindosh qo‘shnidir. U musulmonlik haqi, qo‘shnichilik haqi va qarindoshlik haqlariga ega. Qo‘shnichilik haqining eng qo‘yi darajasi qozoningdagi ovqatning hidi bilan ham ozor bermasligingdir. Faqat unga ham ovqatingdan beradigan bo‘lsang hidi chiqsa mayli” (Imom Bazzor rivoyati).
Demak, qo‘shnilar asosan uch xil bo‘ladi:
Bunday qo‘shnida faqat qo‘shnichilik haqi mavjud.
Buning haqlari ikki tomonlama: qo‘shnichilik haqi va musulmonlik haqi.
Bunday qo‘shnilarning haqi uch tomonlama sobit bo‘ladi.
Qo‘shnichilik haqi, musulmonlik haqi va qarindoshlik haqi.
Islomda qo‘shnichilik majburiyatlari juda ham ko‘p, ammo ularning barchasi quyidagi to‘rtta asosga borib taqaladi:
Qo‘shniga ozor yetkazish shariatimizda qattiq qoralanadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "وَاللَّهِ لاَ يُؤْمِنُ، وَاللَّهِ لاَ يُؤْمِنُ، وَاللَّهِ لاَ يُؤْمِنُ،"قِيلَ: مَنْ يَارَسُولَ اللَّهِ؟ قَالَ:"الَّذِي: لاَ يَأْمَنُ جَارُهُ بَوَائِقَهُ،" مُتَّفَقٌ عَلَيهِ وَفِي رِوَايَةٍ لِمُسْلِمٍ: لاَ يَدْخُلُ الْجَنَّةَ مَنْ لاَ يَأْمَنُ جَارُهُ بَوَائِقَهُ "
ya’ni: “Allohga qasamki, mo‘mini komil bo‘lmaydi, Allohga qasamki, mo‘mini komil bo‘lmaydi, Allohga qasamki, mo‘mini komil bo‘lmaydi” (deb uch marta aytdilar). Shunda ey Allohning Rasuli, kim mo‘mini komil bo‘lmaydi? deyildi. Rasululloh (so‘zlarini davom ettirib) “Qo‘shnisi uning ozor va yomonliklaridan omonda bo‘lmaydigan kimsa”, dedilar, (Muttafaqun alayh). Imom Muslim rivoyatida esa “, Qo‘shnisi uning ozor va yomonliklaridan omonda bo‘lmaydigan kimsa jannatga kirmaydi” deyilgandir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan yana bir hadisda quyidagicha aytadilar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ يَقُولُ : " قِيلَ لِلنَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : يَا رَسُولَ اللَّهِ ، إِنَّ فُلاَنَةً تَقُومُ اللَّيْلَ وَتَصُومُ النَّهَارَ ، وَتَفْعَلُ ، وَتَصَّدَّقُ ، وَتُؤْذِي جِيرَانَهَا بِلِسَانِهَا ؟ فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : لاَ خَيْرَ فِيهَا ، هِيَ مِنْ أَهْلِ النَّارِ ، قَالُوا : وَفُلانَةٌ تُصَلِّي الْمَكْتُوبَةَ ، وَتَصَّدَّقُ بِأَثْوَارٍ ، وَلاَ تُؤْذِي أَحَدًا ؟ فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : هِيَ مِنْ أَهْلِ الْجَنَّةِ
(رواه الإمام البخاري).
"ya’ni: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga: “Ey Allohning Rasuli, falon ayol kechasi bilan namozda qoim bo‘ladi, kunduzi nafl ro‘zalarni tutadi. Yana boshqa falon-falon yaxshiliklarni qiladi, sadaqa beradi, lekin tili bilan qo‘shnilarga ozor yetkazadi”, deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U ayolda yaxshilik yo‘q, u do‘zax ahlidandir”, dedilar. Boyagi kishilar: “Falonchi ayol bo‘lsa, farz namozlarini o‘qiydi, kiyimlaridan sadaqa qiladi, ammo biror kishiga ozor bermaydi”, deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ana shu ayol jannat ahlidandir”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Mazkur hadisi shariflarda qo‘ni-qo‘shnilarga ozor bermaslik, ularni hurmatlarini saqlashlik naqadar zarur ish ekanligi ta’kidlanmoqda. Qo‘ni-qo‘shnilarga yomon munosabatda bo‘lib, ularga ozor berish o‘qilgan nafl namozlar, tutilgan nafl ro‘zalarni ham yuvib ketib, ularni foydasiz holga keltirib qo‘yadi. Aksincha, qo‘shnilari bilan tinch-totuv yashagan, ularga ozor bermagan odam katta baxt-saodatga erishadi va ahli jannatdan bo‘ladi.
Qo‘shnini himoya qilish haqida mazhabboshimiz Imom A’zam rahmatullohi alayh davrlaridagi bir voqeani eslashni o‘zi kifoyadir.
Imom Abu Hanifaning ichkilikka mukkasidan ketgan bir qo‘shnisi bo‘lib, u kechasini mastlik, ashula va baqir-chaqir bilan o‘tkazar, uning dastidan Abu Hanifa rahmatullohi alayh kechalari xotirjam mutolaa qilolmasdilar. Lekin u kishi bu holatga sabr qilardi. Bir kecha negadir qo‘shnining ovozi chiqmay qoldi. Bu holatdan hayron bo‘lgan imom tong otgach, uning uyiga chiqsa, yigit uyda yo‘q edi. Odamlardan surishtirib bilsalar, mast holatda ushlanib, qamalib qolganligini aytishdi. Bu xabarni eshitgan zahoti Abu Hanifa rahmatullohi alayh to‘g‘ri shahar hokimi Iso ibn Muso oldiga borib, boyagi kishini ozod etishlarini iltimos qildi. Abu Hanifa rahmatullohi alayhning hurmati va kafolati tufayli mahbus darhol ozod qilindi. Yigit imomni bunday oliyjanobliklarini ko‘rib, tasanno aytib, ichkilikni tashlab Abu Hanifa rahmatullohi alayhga shogird bo‘ldi. Qo‘shniga ko‘rsatilgan birgina oqilona yordam, hakimona muomala tufayli fisqu fujur botqog‘iga botgan kimsa yaxshi odamlar qatoriga kirdi. Imomimizni qo‘shni bilan qilgan muomalalari barchamizga ibrat va namunadir.
3.Qo‘shniga ehson va yaxshilik qilish.
Payg‘ambarmiz sollalohu alayhi vasallam qo‘shniga yaxshilik qilish va uni ikrom qilishga undab shunday deganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "وَمَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ فَلْيُكْرِمْ جَارَهُ
(رواه الإمام البخاري والإمام مسلم).
ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Kimning Allohga va oxirat kuniga imoni bo‘lsa, qo‘shnisini izzat-ikrom qilsin”, (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
عَنْ أَبِي ذَرٍّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: يَا أَبَا ذَرٍّ، إِذَا طَبَخْتَ مَرَقَةً، فَأَكْثِرْ مَاءَهَا وَتَعَاهَدْ جِيْرَانَكَ
(رواه الإمام مسلم).
ya’ni: Abu Zar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ey Abu Zar, agar sho‘rva pishirsang, suvini ko‘proq sol va qo‘shnilaringdan xabar ol” (Imom Muslim rivoyati).
Qo‘shniga aziyat va ozor yetkazmaslik olijanob kishilarning fazlilatidir.
Salafi solihlarimiz buni yaxshi anglaganlar va unga amal qilganlar.
Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadilar:
لَيْسَ حُسْنُ الْجِوَارِ كَفَّ الْأَذَى، وَلَكِنَّ حُسْنَ الْجِوَارِ اَلْصَبْرُ عَلَى الْأَذَى
ya’ni: “Chiroyli qo‘shnichilik aziyat bermaslikni o‘zida emas, balki (uning) aziyatiga sabr qilishdadir”.
Qo‘shnichilik odoblari
Alloh taolo barchamizga qo‘shnilarimiz bilan ahl-inoq va go‘zal muomalada bo‘lishni nasib aylab, ularning haqlarini shariatga muvofiq holda ado etish baxtiga muvaffaq qilsin. Omin!
Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?
Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!
Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.
Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.
Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.
Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.
Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.
Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.
Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.
Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.
Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.
Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:
﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾
“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.
Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.
Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:
﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾
“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).
Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.
Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.
“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.
“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi.
“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.
“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.
“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.
“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.
“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:
“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.
“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.
“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».
Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.
Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.
Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.
“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.
Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.
Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.
Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi