Iymon sohibi bo‘lish barchamizning eng avvalgi niyatimiz va maqsadimizdir. Bu maqsad bizni bevosita dinni chuqurroq o‘rganishga, sahobalar hayoti bilan tanishishga ro‘baro‘ qiladi. Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning do‘stlari, zamondoshlari diqqatimizni tortadi. Ularning ba’zilarining ismi bizga tanish, qaysi ma’nodaki, hadis va rivoyatlarda ularning nomlarini uchratganmiz.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning do‘stlari deganda, avvalo, yodga olinadigan zot bu hazrat Abu Bakr roziyallohu anhudir. Ular Xotamul anbiyoi val mursalin bo‘lmish payg‘ambarimizning sevimli va eng vafoli birodarlaridir. Bu birodarlik nubuvvat vazifasi topshirilmasdan bir necha yil avval, juda samimiy o‘lchovlar ichida boshlanib, vafo va sevgining eng go‘zal namunalari ila davom etgandir. Bu ikki birodarlardan birining eng mashhur laqabi “al-Amin” (ishonchli inson) dir, ikkinchisiniki esa “as-Siddiq”dir, ya’ni eng to‘g‘ri, rostgo‘y inson… Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuning ishonchli ekanligi shu darajadaki, Muhtaram Rasulimiz sollallohu alayhi vasallam “Men Allohning Payg‘ambariman” deganlarida hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu hech ikkilanmasdan «ishonaman» deya olgan. “Agar payg‘ambar bo‘lsang buni isbotla!” deyish huquqidan foydalanmagan ikki ahamiyatli zotdan biridir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni eng yaxshi bilgan, insonlarga Uni yaxshi tanita olgan buyuk insonlar boshida shu shaxs turadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni eng yaxshi tanigan, boshqalarga nasib qilmagan ko‘pgina xotiralarga ega bu qimmatli insondan ham, afsuski, juda kam xotiraga egamiz. Taqdir bitigi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yonlarida bo‘lgan, hayoti davomida eng yaqin do‘st bo‘lish sharafiga erishgan insonni o‘zlaridan keyin o‘rinbosar qilib tayinlagan. Ammo Alloh taoloning qismati buyuk xalifaga ikki yil uch oy o‘n kun hayot in’om qilib, so‘ng O‘z huzuriga chaqirgan.
Islom tarixi va hadis kitoblari bu ikki yillik davr haqida ham, hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuning shaxsi haqida ham bizni qoniqtiradigan darajada yetarli ma’lumot bermaydi. Bu davrda Musaylama, Tulayha, Sajoh… kabi payg‘ambarlik da’vosini qilgan yolg‘onchilarga qarshi janglar, Bizans va Eron bilan bo‘lgan urushlar, Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuning Madinada qilgan ishlari, insonlarga nisbatan harakatlari ila bog‘liq ma’lumotlar, afsuski, yetarli emas. Masalan, hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuning “Allohim, qiyomat kuni meni jahannamingga qo‘y, vujudimni shu daraja kattalashtirki, toki jahannamda mendan boshqa hech bir kishiga joy qolmasin”, degan rivoyat keltiriladi. Bu so‘zlar hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuning marhamatiga ishoradir, albatta va bu orqali insonlar sevgisiga dalolat qilgan bir iymon sohibi ekanligini ta’kidlaydi. Biroq rivoyatning haqiqat ekanligiga yetarli isbot yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, aytishim lozimki, aziz birodarim, hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuning bu so‘zlari bir majoziy ifodadir. Maqsad o‘zining jahannamga kirishi emas. Insonlarning jahannamdan ozod qilinishini, kechirilishini tilashdir. Bu ehson istagi hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu tarafidan shunday tilga olingan, deyishimiz mumkin. Alloh taoloning kitobidan keltirilgan suralarga esa so‘zsiz ishonamiz. Jumladan, Baqara surasi 201-oyatida shunday deyilgan: “Yana shundaylari ham borki, ular: Ey, Rabbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do‘zax azobidan asragin, – deydilar”.
Abu Bakr roziyallohu anhu Hazrat Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning har kun qilgan bu duosini bila turib o‘zini otashga otadigan inson emas! Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayot ekanliklarida ham, vafotlaridan so‘ng ham qilich ko‘tarib mushriklar bilan jangga kirganlar. Payg‘ambarimiz Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam komil iymon sohibi mo‘minni anglatarkan, “Alloh rizosi uchun sevgan. Alloh rizosi uchun nafratlangan. Alloh rizosi uchun bergan, Alloh rizosi uchun bermagan” deya ta’riflaganlar. Xayolida, harakatida, insonlarga nisbatan muomalasida doimo Alloh taolo rizoligini o‘ylagan inson anglatiladi. Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummati ichida bu xususiyatlarni ayni tarzda ruhiga singdirgan, Yaratganning rizoligi uchun harakat qilgan insondir. Butun maqsad va fikri Alloh taolo rizoligiga qaratilgan, qo‘lga kiritgan narsani Alloh taolo rizoligi uchun sarflagan hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu madh etilganda hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam anglatgan hadis kitoblarda keltirilgan ma’lumotlar nurida ulug‘lanadi. Darhaqiqat, hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu o‘ta marhamatli bir insondir. Ammo bu marhamat tuyg‘usi islomni qabul qilgandan keyin Alloh taoloning va Rasulining rizolari bilan bo‘lgandir. Qur’onda haqiqiy musulmonlar anglatilarkan, “Muhammad Allohning rasulidir. U bilan birga bo‘lgan (mo‘min)lar kofirlarga qahrli, o‘z oralarida (mo‘minlarga nisbatan) esa rahm-shafqatlidirlar” – deyiladi (Fath surasi, 29-oyat). Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlarida bo‘lganlarning eng oldidan joy egallaganidir. Shu darajadaki, payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga undan ham yaxshirog‘i yo‘qdir. Yana boshqa bir oyatda Buyuk Rabbimiz mo‘minlarni: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan kimki dinidan qaytsa, Alloh shunday bir qavmni keltirurki, ularni Alloh sevadigan va ular ham Uni sevadigan, mo‘minlarga (nisbatan) kamtar, kofirlardan esa (o‘zlarini) yuqori tutuvchi, Allohning (toati) yo‘lida jiddu jahd qiluvchi, malomatchining malomatidan qo‘rqmaydigan bo‘lurlar. Bu Allohning fazlidirki, uni O‘zi xohlagan (bandalari)ga berur. Alloh (karami) keng, dono zotdir”, – deya marhamat qilinadi (Moida surasi, 54-oyat).
Qur’onda keltirilgan sabr, tavakkul, yaxshilik, hayr – ehson kabi Yaratgan tomonidan afzal ko‘rilgan sifatlarning barchasiga hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu tom ma’noda ega bo‘lganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning eng yaqin do‘stlari bilan ruhan tanishib, ularning haqqiga qilingan duo, shubhasiz, o‘zimizga ham duo bo‘lib qaytadi.
Zahroxon IMOMNAZAROVA
Xadichai Kubro o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi
O‘MI Matbuot xizmati
Bu oyat taqvodorlarga va’da qilingan jannatni sifatlab berish ma’nosida bo‘lishi mumkin. Oyat “taqvodorlarga va’da qilingan jannat kofirlarga va’da qilingan do‘zaxga o‘xshash bo‘ladimi?” degan ma’noda bo‘lishi ham mumkin. Ya’ni jannat bilan do‘zax birbiriga o‘xshash emas.
Alloh taolo boshqa bir oyatda jannat haqida bunday marhamat qiladi: “Taqvodorlarga va’da qilingan jannatning misoli: ichida aynimagan suvli anhorlari, ta’mi o‘zgarmagan sutli anhorlari, ichuvchilar uchun lazzatbaxsh xamrli anhorlari, musaffo asalli anhorlari bor. Ular uchun unda barcha mevalar va Rabbilaridan mag‘firat bordir. Ular do‘zaxda mangu qoladigan, o‘ta qaynoq suv bilan sug‘orilib, ichaklari titilib ketadigan kimsa (kofirlar)ga o‘xsharmidi?” (Muhammad surasi, 15-oyat).
Alloh taolo bu oyatda bunday demoqda: “Sifati shunday doimiy ne’matlar ichra bo‘lgan kishilar mudom azoblanadigan, sifatlari ana unday bo‘lgan kimsalar kabi bo‘lurmi?” Ya’ni jannatiylar do‘zaxiylar kabi bo‘lmaydi. Shundan oldin kelgan oyat ham ushbu oyatga qiyos qilinadi.
“Uning ostidan anhorlar oqadi, mevalari doimiydir”. Ya’ni jannatning mevalari doimiy bo‘lib, aslo tugab qolmaydi. Ular dunyo mevalari va uning ne’matlariga o‘xshamaydi. Dunyo mevalarining har qanday turi vaqti bilan tugab qoladi. Shuning uchun ham Alloh taolo oxirat jannatining mevalari va undagi jamiki ne’matlar uzluksiz, doimiy ekanini hamda kofirlarga oxiratning azobi ham bardavom ekanini xabar qildi.
“Va soyalari…” Alloh taolo jannatning soyasi ham uzluksiz ekani, unda botishi bilan soyasi ham yo‘qoladigan quyosh bo‘lmasligini bayon etib, undagi barcha ne’matlarning davomiyligi va manfaatli bo‘lishini bildirdi. Soyada manfaat bor, lekin zarar yo‘q, quyoshda esa foyda bilan birga zarar ham bordir. Xuddi shunday, dunyo hayotida barcha narsalarda foydali taraflari bilan birga zararli jihatlar ham bo‘ladi. U ne’matlar kelishi vaqti bilan to‘xtab, zavol topadi. Alloh taolo oxiratdagi soya, jannatdagi barcha ne’matlar zararsiz, uzluksiz, boqiy bo‘lishini va ular dunyodagi soyaga va ne’matlarga o‘xshamasligini xabar qildi.
“Shu taqvo qilganlarning oqibatidir. Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”. Ya’ni kofirlarning jazosi do‘zaxdir. Bu oyat ning zohirini e’tiborga oladigan bo‘lsak, go‘zal oqibat shirkdan saqlanganlarga bo‘lishi aytildi. Chunki Alloh taolo kofirlarning oqibati do‘zax ekanini zikr qildi. Ya’ni ular ning oqibati, jazosi do‘zaxdir. Jannat esa shirkdan saqlanganlarning mukofotidir.
“Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”. Ya’ni kofirlarning jazosi do‘zaxdir. Yoki ushbu iboraning ma’nosi: “Taqvo qilganlar ning oqibati jannatdir, kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”.
Mufassirlardan ba’zilari Alloh taoloning “Bu taqvo qilganlarning oqibatidir” oyatining ma’nosini bunday bayon qiladi: “Ularning amallari, yaxshiliklarining oqibati jannatdir. Alloh taoloning yagonaligiga kufr keltirgan kimsalar amallarining oqibati esa do‘zaxdir”.
Imom Abu Mansur MOTURIDIYning “Ta’vilotul Qur’on” asaridan
Abdulatif ALLOQULOV tarjima qildi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws