Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Avgust, 2026   |   8 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:12
Quyosh
05:38
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:18
Xufton
20:39
Bismillah
21 Avgust, 2026, 8 Rabi`ul avval, 1448

Sharq olimlari asarlarida hadislar talqini

03.04.2018   7272   17 min.
Sharq olimlari asarlarida hadislar talqini

Qadimiy Turon, Movarounnahr, Turkiston hududida yashagan ajdodlarimizning asrlar mobaynida yaratib, avaylabasrab kelgan va kelinayotgan miflari, ertak va rivoyatlari, termalar, dostonlar, maqol va matallari, to‘y va sayil-larda, yig‘inlar, bayramlar va safarlarda ijro etgan qo‘shiq va laparlari, madaniyat, ma’naviyat, ma’rifatga oid bo‘lgan jamiki meroslari, urf-odatlari, an’analari ma’naviyatimizning rivojlanishi uchun manba bo‘lib xizmat qilishi shak-shubhasizdir .

Sharqning ko‘plab shoir-mutafakkirlari tasavvuf ta’limotidan kuch-oziq olib ijod qildilar. Natijada ko‘pgina pandnomalar, hikmatlar va boshqa kamolotga hidoyat qiluvchi asarlar paydo bo‘la boshladi. Ko‘p shoirlarda dunyoviylik bilan ilohiy, ya’ni irfon qo‘shilib zuhur etdi. Hofiz Sheroziy, Sa’di Sheroziy, Kamol Xo‘jandiy, Jomiy va Navoiy ijodida dunyo go‘zalligi, ilohiy husn-u jamolning davomi va moddiy ifodasi sifatida olib qaraladi. Navoiy “Hamsa”sida yaxshi odam hushaxloq, odil va oqildir deb talqin qiladi. Yaxshilarning yaxshisi – yer-u ko‘kni bir nazar bilan qamrab olgan Bahouddin Naqshband yoki oriflar orifi Abdurahmon Jomiylarni komillik timsoli deb ko‘rsatadi.

Sharq olamining o‘ziga xos tafakkuri, tarbiyasi va e’tiqodi mavjud bo‘lib, bu asrlar davomida shakllanib, ravnaq topib, mukammal bashariy tarbiyaga aylangani hech kimga sir emas. Bu tarbiya o‘zining teranligi va hayotiyligi bilan ham, bugungi kunda faqat Sharq olami emas, balki G‘arb olami pedagoglarining ham diqqatini o‘ziga jalb etmoqda. Zeroki, Sharqning qaysi bir alloma-faylasufi yoki imom va muhaddislari asarlarini o‘rganmaylik va tadqiq qilmaylik, albatta insonni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiluvchi, sabr-toqatga undovchi, kishi ko‘ngliga taskin va ishonch bag‘ishlovchi teran ma’noli satrlarni topamiz .

     Imom Ismoil al-Buxoriy o‘zining “Al-adab al-mufrad” nomli axloq va odob masalalariga doir hadislar to‘plamida:

عن ابي سعيد الخدري عن النبي عليه السلام قال: “خصلتان لا يجتمعان في مؤمن البخل و سوء الخلق

Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki xislat mo‘min kishida jam bo‘lmaydi. Birinchisi baxillik, ikkinchisi badxulqlik ”,-dedilar”.

Bu ikki narsa, juda yomon narsalardan. Bittasi bo‘lishi mumkin ekan, biroq ikkovi ham mo‘min kishida jam bo‘lishi mumkin emas. Demak, mo‘min kishi baxillikdan uzoqlashib, saxiy bo‘lishga, badxulqlikdan uzoqlashib, husni xulq bilan sifatlanishga qattiq kirishmog‘i kerak.

Alisher Navoiy mana shu hadisni shunday talqin qilganlar:

Hirsdin kechgil ul g‘inodurkim,

Hadd-u g‘oyat emas anga paydo.

Tut qanoatki, ul erur mole

Ki, nihoyat emas anga paydo .

Yana bir hadisda:

عن أنس بن مالك قال: كان رسول الله صلى الله عليه وسلم يتعوذ يقول “اللهم إني أعوذ بك من الكسل وأعوذ بك من الجبن وأعوذ بك من الهرم وأعوذ بك من البخل

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohga duo qilib, dangasalik, qo‘rqoqlik, qarilik va baxillikdan panoh berishini so‘rardilar ”.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam hadislari zamirida insonparvarlik, xalqparvarlik, vatanparvarlik g‘oyalari ustuvorlik qiladi. Badxulqlik, baxillik, zolimlik, manmanlik, takabburlik singari salbiy xislatlar qoralanadi. Albatta buning zamirida katta mantiqiy ma’no yotadi.

Alisher Navoiy sabr-qanoat xususida shunday deganlar:

“Kimki sabr-qanoatni o‘ziga kasb qilgan bo‘lsa, balki bu uni boy qiladi.

Oltin-kumush bilan zeb-u ziynatlarni boylik deb bilma, balki haqiqiy boylik sabr-qanoat oltinlaridir.

 Qanoat oltini hech qachon yo‘qolmaydi, ana shu oltinni qo‘lga kiritib, shu orqali boyishga harakat qil.

 Kulbada qanoat qilib o‘tirgan darvesh tamagir podshohdan afzaldir. Qanoat qilganning joyi izzat taxtidadir ”.

Hazrat Alisher Navoiyning bu fikrlari esa Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning mana bu hadisi shariflarining talqinidir:

عن ابن عمر عن النبي عليه السلام قال: “المؤمن الذي يخالط الناس و يصبر على اذاهم خير من الذي لا يجالط الناس و لا يصبر على اذاهم”.

Ibni Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

“Odamlarga aralashib, ularning ozorlariga sabr qilib yuradigan mo‘min odamlarga aralashmay, ularning ozorlariga sabr qilmaydigan mo‘mindan afzaldir “.

Inson irodasi ko‘p narsaga qodir bo‘lgan kuchli bir quyundir. Undan to‘g‘ri foydalanish va aql bilan boshqara bilish katta ahamiyatga ega bo‘lib, ko‘zlangan maqsadga erishishga ishonch hosil qildiradi. Vaholanki, irodali kishilar hech qachon shoshma-shosharlik va sabrsizlik bilan ish bajarmaydilar. Har qanday g‘am-tashvish va azob-uqubatlarni vazminlik bilan o‘tkazadilar.

Alisher Navoiy “Mahbub-ul qulub”da yozgan: “Nodon eshak, balki eshakdan ham battar. Eshakka nimani yuklasang ko‘taradi.Qayoqqa haydasang o‘sha yoqqa boradi, unda aql-farosat da’vosi yo‘q, bermasang och, bersang to‘q. Bu bir bechoradur, yuk tashuvchi, o‘tin, cho‘p tashuvchi, balki g‘alla tashuvchi. Nodon – yuqoridagi sifatlardan xoli: zoti bilim libosidan mahrum. Nodonning ishi takabburlik, kekkayish, xayolida yuz xil behuda tashvish ”.

Adabiyotimiz tarixida nodonlik deb atalmish ofatdan Ahmad Yassaviychalik ranj chekkan shoir bo‘lmasa kerak. Nodon -xalqning kulfati, nodon – o‘ziga xos yovuzlik. Nodon – aql jallodi, deb biladi. Mana shuning uchun Ahmad Yassaviy:

Duo qiling nodonlarni yuzin ko‘rmay,

Haq Taolo rafiq bo‘lsa birdam turmay.

Bemor bo‘lsa nodonlarni holin so‘rmay,

Nodonlardan yuz ming jafo ko‘rdim mano .

-deb yolvorgan.

Yassaviy bu fikrga to‘g‘ridan to‘g‘ri kelgan emas, u o‘z hayotida bir qancha nodonlarni ko‘rgan. Ular bilan muomala-yu munosabatda bo‘lgan. Yassaviy ana shunday kaltabin va xudparast kimsalarni nodon sanabgina qolmay, o‘zini  olimman deb, kitob o‘qib, ma’nosini uqmaganlarni ham fikrsiz nodonlar deb bilgan. Hadislarning barchasida odamlar hayotlarini ilmu ma’rifat asosida olib borsalar doimo yuksaklikka erishishlariga ishora qilingan. Nodon kishi esa o‘ziga bino qo‘yadi, qilgan ishini minnat qiladi, do‘stman deb dushmanning ishini bajaradi. Nodonga oshno bo‘lib, keyin pushaymon qilma. Nodonlar andisha, sukut saqlashni bilmaydi, o‘z tilini tiymaydi, o‘zlarini aqlli bilib, o‘zgalarga so‘z bermaydi, siringni oshkor, o‘zingni badnom qiladi.

Ilm inson qalbini oftobdek yorituvchi harorat manbayi. U insonni qaro tuproqdan zar, buyuk tog‘lar bag‘ridan ma’dan, tubsiz dengizlar qa’ridan javohir olishga qodir etuvchi qudratli vositadir. U insonni yuksaklikka ko‘tarib, o‘zga sayyoralarga qadam qo‘yishiga zamin paydo qiladi.

Abu Lays as-Samarqandiy o‘zining “Bo‘ston ul-Orifin” asarida keltiradi: “Ilm ibodatdan afzaldur, chunki u dinni tutib turuvchidir. Bilim olmoq ikki toifaga bo‘linur, ya’ni biri qalban ilmga tashnalikdur, bu foydali ilmdur. Bunday ilm kishi hayotini toabad nurafshon qiladur. Ikkinchi xildagi ilm esa faqat tildagidir (ya’ni o‘zini bilag‘on qilib ko‘rsatishdir), bu toifadagi toliblar Tangri huzurida banda  bo‘lmoqlikka dalildur”. Buyuk mutafakkir va donishmand shoir Ogohiy ilmga katta e’tibor berib, bir o‘rinda:

“Ilm andoq ganji nofe’dur bani odamg‘a kim,

 Kimda ul bo‘lsa , ikki olam bo‘lur obod ango”, -deb keltirgan edi.

Insonning eng yuksak fazilati bo‘lgan kamtarlik ham doimo e’zozlanadi, takabburlik, manmanlik pastkash deb hisoblanadi .

عن عمر ابن شعيب عن ابيه عن جده عن النبي عليه السلام: “يحشر المتكبرون يوم الفيامة امثال الذر في صورة الرجال يغشاهم الذل من كل مكان يساقون الى سجن من جهنم يسمى بولس تعلوهم نار الانيار و يسقون من عصارة اهل النار”.

Amr Ibn Shua’ybdan, u otasidan, u bobosidan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mutakabbirlar qiyomat kuni mahshargohga odam suratida qizil chumoliga o‘xshash holda keltiriladi. Ularni har tarafdan xorlik qoplab turadi. Ularni jahannamdagi Bo‘las deb nomlangan qamoqxonaga haydab ketiladi. Ustlaridan olovning shiddatlisi yonib turadi.Ular Do‘zax ahlining yiringidan ichirilurlar”, – dedilar ”.

Bu dunyoda o‘zini katta olib, mutakabbirlik qilib yurganlar u dunyoda buning aksi ila jazolanar ekan. Ularni mahshargohga kichkina qizil chumoli hajmidagi odam sifatida yig‘ilar ekan.

Xalqimizda esa: “Kim nima eksa shuni o‘radi”, degan maqol mavjud. Shu bois Ahmad Donish:

Sen otangga harna qilding yaxshilik,

Kut bolangdan yaxshilikka yaxshilik,

-desa,

 Abdulla Avloniy esa:

Tug‘ub tashlov bilan bol’mas bola, bo‘lg‘ay balo sizga,

Vujudi tarbiyat topsa bo‘lur  ul rahnamo sizga.

Temurchilar bolasi tarbiyat topsa bo‘lur olim,

Buzulsa xulqi  Luqmon o‘g‘li bo‘lsa, bo‘lg‘uchi zolim,

-deb yozadi.

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: ” إِنَّ أَكْبَرَ الذَّنْبِ أَنْ يَسُبَّ الرَّجُلُ وَالِدَيْهِ “، قِيلَ لَهُ: يَا رَسُولَ اللهِ، وَكَيْفَ يَسُبُّ الرَّجُلُ وَالِدَيْهِ ؟ قَالَ: ” يَسُبُّ الرَّجُلَ، فَيَسُبُّ أَبَاهُ، وَيَسُبُّ أُمَّه”.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan, Rasululloh sollallohu alayhi vassallam: “Kishi o‘z ota-onasini so‘kishi eng katta gunohdir”,-dedilar. Sahobalar: “Yo Rasululloh, kishi o‘z ota-onasini so‘kadimi?”- deb so‘rashganda, Rasululloh:  “U kishi bir odamni so‘kadi, u odam ham avval so‘kkan kishining otasini ham, onasini ham so‘kadi”, – dedilar ”.

Ushbu hadisning mohiyatiga e’tibor bersangiz, quyidagi xulosaga ega bo‘lasiz:

a) o‘z ota-onasini qadrlagan kishi o‘zgalar ota-onasini so‘kmasligi va haqorat so‘zlardan o‘zini saqlashi lozim;

b) insonlar o‘rtasidagi muomala-munosabat qancha chiroyli va odob doirasida bo‘lsa, uning ota-onasi ham shuncha rohat va hurmatda bo‘ladi.

Yana bir hadisda ota-onaga oq bo‘lish gunohi kabira ekani bayon qilingan:

عن عبد الرحمن بن أبى بكرة عن أبيه قال قال رسول الله صلى الله عليه و سلم :” ألا أنبئكم باكبر الكبائر ثلاثا قالوا بلى يا رسول الله قال الإشراك بالله وعقوق الوالدين وجلس وكان متكئا ألا وقول الزور ما زال يكررها حتى قلت ليته سكت”.

Abdurahmon ibn Abu Bakra roziyallohu anhudan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: “Gunohi kabiralarning eng katta 3 tasini aytaymi? – deb so‘radilar.  Ayting yo rosululloh, dedik. Atdilarki: Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish, – yon boshlagan edilar, o‘tirib oldilar – ogoh bo‘ling, yolg‘on guvohlik berishlik, deb qaytaraverdilar, to‘xtamadilar, shoyadki sukut qilsalar dedim ”.

Demak islom dinida ota-onaning hurmatini joyiga qo‘yish bu ihtiyoriy ish emas, ko‘pchilik o‘ylaganidek, balki majburiydir va bu uchun Allohning huzurida javobgarlik qattiq bo‘ladi. Islomdan boshqa hech bir jamiyatda ota-onaning martabasi bu darajada ulug‘lanmaydi.

جابر بن عبد الله  قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم من كان له ثلاث بنات يؤويهن ويكفيهن ويرحمهن

وجبت له الجنة البتة فقال رجل من بعض القوم وثنتين يا رسول الله قال وثنتين

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu  aytdilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:  “Kimning uchta qizi bo‘lib ularni o‘z qo‘lida tarbiya qilib, katta qilsa va ularga marhamat nazari bilan qarasa jannatga kirishi albatta muqarrardir”, dedilar. Shunda bir kishi: “Yo Rasululloh!  Uning qizi ikkita bo‘lsachi?” – deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikkita bo‘lsa ham “, dedilar. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, oilasida ikki va undan ortiq qiz tug‘iladigan  kimsalar   ba’zan xotini va boshqa oila a’zolariga tazyiq o‘tkazishi noto‘g‘ridir.   Aksincha, ko‘p qizlari bor xonadonda odob-axloq me’yorlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, ularga marhamat nazari bilan qarab tarbiya qilinsa, ular ko‘p katta savoblarga ega bo‘ladilar.  Boisi, har bir qiz ertangi kunda bir oilaning bekasi bo‘ladi. Odob-axloqli va yaxshi tarbiya ko‘rgan qiz shu xonadonni obod qiladi, oila ahlining maqtov va olqishlariga sazovor bo‘ladi. Bu esa ikki oilaning yaqinligi va do‘stligini oshiradi.

Nafs va uning badkirdorligi haqida So‘fi Olloyor “Sabot ul-ojizin” asarida quyidagilarni keltiradi:

Kel, ey kas, bo‘lma aknun tobiy nafs,

So‘lur axshom safo bu gardani g‘afs .

Hama toatlaring xubi-yu sofi,

Yaqin bilsang erur nafsning xilofi.

Allomalarimizning yuqoridagi fikrlariga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning  quyidagi hadislari asos bo‘lgan:

عن ابي هريرة عن النبي علبه السلام قال: ليس الغنى عن كثرة العرض و لكن الغنى غنى النفس

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Boylik matohning ko‘pligida emas, boylik nafsning to‘qligidadir ” dedilar”.

Shuning uchun insonning birinchi vazifasi o‘z nafsini jilovlab olish lozim. Qanoat va saxovat, himmat va botiniy faqr bilan inson o‘zining ulug‘ligini karamli qilib yaratilganligini anglasa, eng ayyor dushmani nafsi ekanligini anglaydi.

“Kishi uchun salomatlik kerak, mol-dunyo esa topiladi,

Qushga hayot kerak, don esa topiladi.

Inson tirik bo‘lsa, uning tilagi ravshandir,

jon va bosh omon bo‘lsa, orzu yaqindir”.

(Yusuf Xos Hojib).

“Xushhayot omili beshga yetadi,

Barcha dono shunga qilur ishorat.

Sog‘lig-u omonlik ham, farovonlik,

Yaxshi suhbatdosh do‘st , dilga farog‘at “.

(Abdurahmon Jomiy)

Bir so‘z bilan aytganda, xalqimizning azaliy odati bolalarni odobli qilib tarbiyalash ekanligini unutmasligimiz lozim. Buning uchun sabr-qanoatli bo‘lib, hayotning achchiq chuchugiga bardosh beradigan, sadoqat bilan oila tutadigan odamlar kerak. Ana shunda farzandlarini aqlli, axloq-odobli qilib tarbiyalaydi. Sabrli kishida mehr-muruvvat, insof-diyonat mavjud bo‘ladi. Boylikka uchmaydi, turli-tuman so‘zlarga bardosh bilan chidaydi.Insonning fazilati ham ana shundadir.   Ajdodlarimiz merosidan har bir axloqiy qoida kishilarga ma’naviy komillikka va baxt-saodatga erishish haqida saboq beradi. O‘n go‘zal xislat: hayo, muruvvat, sadoqat, tavoze, mehnat, saxiylik, omonatga vafo, adolat, yumshoq fe’llik, shijoat odamga baxt-saodat keltiradi. Hasad, adovat, baxillik, xiyonat, takabburlik, yomonlik, munofiqlik, chaqimchilik, johillik va yalqovlik esa odamlarni falokatga sudraydi. Hikmatlar, hikoyalar, maqollar va matallar, ertaklar va dostonlarning hammasida inson naqadar ulug‘ zot ekanligi, olamning obod va go‘zalligi, uning aql-idroki, tafakkuri, amaliy faoliyatiga bog‘liqligi ta’kidlanadi. Eng asosiysi esa allomalarimiz asarlaridagi ushbu tushunchalar negizida dinimiz asoslari bo‘lgan Qur’on va hadis yotadi.

Robiya SAIDXONBALOVA

«Xadichai Kubro» o‘rta maxsus islom bilim yurti

talabasi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

10.08.2026   22794   8 min.
Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

Bugunning gapi

“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
 

“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
 

 “Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
 

Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.


Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.


Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!


Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).


Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.


Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.


Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.


Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.


Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.


Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.


Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.


Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.


Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.


Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:

  •  Men ham (har bir shaxs) jamiyatning a’zosiman. Uy qurmoqchiman, lekin quruvchilik qo‘limdan kelmaydi. Demak, ustaga ehtiyojim bor. Uning oldiga borib, uy qurmoqchiman, shartnoma tuzaylik, deyman. Ustalar kasbi ortidan rizq topadi. Ular bilan kelishib, bugungi naxr bo‘yicha muayyan summa belgilanadi. Muddati va sifat ko‘rsatkichlari kelishib olinadi. Hozirga kunda, Alloh biluvchiroq, ustaman deganlarning 70 foizi aldamchi, nayrangboz, hiylakor: kelishilgan kunda belgilangan manzilga yetib kelmaydi, ishga kech kelib, erta ketadi, vazifasini puxta bajarmaydi, ishini bitirmasdan oldin pul so‘raydi. Takasaltang, taralla-bedod qilib yuradi. Uyning egasi ham xijolatda qoladi. Aksariyati shunaqa. Bunday ustalarga kim ishonadi? Ularga kim ish beradi? Bunday toifalar o‘ziga o‘zi qiladi, ular omadsizlikni o‘zlariga chorlab oladilar.


O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.


Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.

 

Tolibjon NIZOM

Maqolalar