Qadimiy Turon, Movarounnahr, Turkiston hududida yashagan ajdodlarimizning asrlar mobaynida yaratib, avaylabasrab kelgan va kelinayotgan miflari, ertak va rivoyatlari, termalar, dostonlar, maqol va matallari, to‘y va sayil-larda, yig‘inlar, bayramlar va safarlarda ijro etgan qo‘shiq va laparlari, madaniyat, ma’naviyat, ma’rifatga oid bo‘lgan jamiki meroslari, urf-odatlari, an’analari ma’naviyatimizning rivojlanishi uchun manba bo‘lib xizmat qilishi shak-shubhasizdir .
Sharqning ko‘plab shoir-mutafakkirlari tasavvuf ta’limotidan kuch-oziq olib ijod qildilar. Natijada ko‘pgina pandnomalar, hikmatlar va boshqa kamolotga hidoyat qiluvchi asarlar paydo bo‘la boshladi. Ko‘p shoirlarda dunyoviylik bilan ilohiy, ya’ni irfon qo‘shilib zuhur etdi. Hofiz Sheroziy, Sa’di Sheroziy, Kamol Xo‘jandiy, Jomiy va Navoiy ijodida dunyo go‘zalligi, ilohiy husn-u jamolning davomi va moddiy ifodasi sifatida olib qaraladi. Navoiy “Hamsa”sida yaxshi odam hushaxloq, odil va oqildir deb talqin qiladi. Yaxshilarning yaxshisi – yer-u ko‘kni bir nazar bilan qamrab olgan Bahouddin Naqshband yoki oriflar orifi Abdurahmon Jomiylarni komillik timsoli deb ko‘rsatadi.
Sharq olamining o‘ziga xos tafakkuri, tarbiyasi va e’tiqodi mavjud bo‘lib, bu asrlar davomida shakllanib, ravnaq topib, mukammal bashariy tarbiyaga aylangani hech kimga sir emas. Bu tarbiya o‘zining teranligi va hayotiyligi bilan ham, bugungi kunda faqat Sharq olami emas, balki G‘arb olami pedagoglarining ham diqqatini o‘ziga jalb etmoqda. Zeroki, Sharqning qaysi bir alloma-faylasufi yoki imom va muhaddislari asarlarini o‘rganmaylik va tadqiq qilmaylik, albatta insonni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiluvchi, sabr-toqatga undovchi, kishi ko‘ngliga taskin va ishonch bag‘ishlovchi teran ma’noli satrlarni topamiz .
Imom Ismoil al-Buxoriy o‘zining “Al-adab al-mufrad” nomli axloq va odob masalalariga doir hadislar to‘plamida:
عن ابي سعيد الخدري عن النبي عليه السلام قال: “خصلتان لا يجتمعان في مؤمن البخل و سوء الخلق
Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki xislat mo‘min kishida jam bo‘lmaydi. Birinchisi baxillik, ikkinchisi badxulqlik ”,-dedilar”.
Bu ikki narsa, juda yomon narsalardan. Bittasi bo‘lishi mumkin ekan, biroq ikkovi ham mo‘min kishida jam bo‘lishi mumkin emas. Demak, mo‘min kishi baxillikdan uzoqlashib, saxiy bo‘lishga, badxulqlikdan uzoqlashib, husni xulq bilan sifatlanishga qattiq kirishmog‘i kerak.
Alisher Navoiy mana shu hadisni shunday talqin qilganlar:
Hirsdin kechgil ul g‘inodurkim,
Hadd-u g‘oyat emas anga paydo.
Tut qanoatki, ul erur mole
Ki, nihoyat emas anga paydo .
Yana bir hadisda:
عن أنس بن مالك قال: كان رسول الله صلى الله عليه وسلم يتعوذ يقول “اللهم إني أعوذ بك من الكسل وأعوذ بك من الجبن وأعوذ بك من الهرم وأعوذ بك من البخل
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohga duo qilib, dangasalik, qo‘rqoqlik, qarilik va baxillikdan panoh berishini so‘rardilar ”.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam hadislari zamirida insonparvarlik, xalqparvarlik, vatanparvarlik g‘oyalari ustuvorlik qiladi. Badxulqlik, baxillik, zolimlik, manmanlik, takabburlik singari salbiy xislatlar qoralanadi. Albatta buning zamirida katta mantiqiy ma’no yotadi.
Alisher Navoiy sabr-qanoat xususida shunday deganlar:
“Kimki sabr-qanoatni o‘ziga kasb qilgan bo‘lsa, balki bu uni boy qiladi.
Oltin-kumush bilan zeb-u ziynatlarni boylik deb bilma, balki haqiqiy boylik sabr-qanoat oltinlaridir.
Qanoat oltini hech qachon yo‘qolmaydi, ana shu oltinni qo‘lga kiritib, shu orqali boyishga harakat qil.
Kulbada qanoat qilib o‘tirgan darvesh tamagir podshohdan afzaldir. Qanoat qilganning joyi izzat taxtidadir ”.
Hazrat Alisher Navoiyning bu fikrlari esa Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning mana bu hadisi shariflarining talqinidir:
عن ابن عمر عن النبي عليه السلام قال: “المؤمن الذي يخالط الناس و يصبر على اذاهم خير من الذي لا يجالط الناس و لا يصبر على اذاهم”.
Ibni Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
“Odamlarga aralashib, ularning ozorlariga sabr qilib yuradigan mo‘min odamlarga aralashmay, ularning ozorlariga sabr qilmaydigan mo‘mindan afzaldir “.
Inson irodasi ko‘p narsaga qodir bo‘lgan kuchli bir quyundir. Undan to‘g‘ri foydalanish va aql bilan boshqara bilish katta ahamiyatga ega bo‘lib, ko‘zlangan maqsadga erishishga ishonch hosil qildiradi. Vaholanki, irodali kishilar hech qachon shoshma-shosharlik va sabrsizlik bilan ish bajarmaydilar. Har qanday g‘am-tashvish va azob-uqubatlarni vazminlik bilan o‘tkazadilar.
Alisher Navoiy “Mahbub-ul qulub”da yozgan: “Nodon eshak, balki eshakdan ham battar. Eshakka nimani yuklasang ko‘taradi.Qayoqqa haydasang o‘sha yoqqa boradi, unda aql-farosat da’vosi yo‘q, bermasang och, bersang to‘q. Bu bir bechoradur, yuk tashuvchi, o‘tin, cho‘p tashuvchi, balki g‘alla tashuvchi. Nodon – yuqoridagi sifatlardan xoli: zoti bilim libosidan mahrum. Nodonning ishi takabburlik, kekkayish, xayolida yuz xil behuda tashvish ”.
Adabiyotimiz tarixida nodonlik deb atalmish ofatdan Ahmad Yassaviychalik ranj chekkan shoir bo‘lmasa kerak. Nodon -xalqning kulfati, nodon – o‘ziga xos yovuzlik. Nodon – aql jallodi, deb biladi. Mana shuning uchun Ahmad Yassaviy:
Duo qiling nodonlarni yuzin ko‘rmay,
Haq Taolo rafiq bo‘lsa birdam turmay.
Bemor bo‘lsa nodonlarni holin so‘rmay,
Nodonlardan yuz ming jafo ko‘rdim mano .
-deb yolvorgan.
Yassaviy bu fikrga to‘g‘ridan to‘g‘ri kelgan emas, u o‘z hayotida bir qancha nodonlarni ko‘rgan. Ular bilan muomala-yu munosabatda bo‘lgan. Yassaviy ana shunday kaltabin va xudparast kimsalarni nodon sanabgina qolmay, o‘zini olimman deb, kitob o‘qib, ma’nosini uqmaganlarni ham fikrsiz nodonlar deb bilgan. Hadislarning barchasida odamlar hayotlarini ilmu ma’rifat asosida olib borsalar doimo yuksaklikka erishishlariga ishora qilingan. Nodon kishi esa o‘ziga bino qo‘yadi, qilgan ishini minnat qiladi, do‘stman deb dushmanning ishini bajaradi. Nodonga oshno bo‘lib, keyin pushaymon qilma. Nodonlar andisha, sukut saqlashni bilmaydi, o‘z tilini tiymaydi, o‘zlarini aqlli bilib, o‘zgalarga so‘z bermaydi, siringni oshkor, o‘zingni badnom qiladi.
Ilm inson qalbini oftobdek yorituvchi harorat manbayi. U insonni qaro tuproqdan zar, buyuk tog‘lar bag‘ridan ma’dan, tubsiz dengizlar qa’ridan javohir olishga qodir etuvchi qudratli vositadir. U insonni yuksaklikka ko‘tarib, o‘zga sayyoralarga qadam qo‘yishiga zamin paydo qiladi.
Abu Lays as-Samarqandiy o‘zining “Bo‘ston ul-Orifin” asarida keltiradi: “Ilm ibodatdan afzaldur, chunki u dinni tutib turuvchidir. Bilim olmoq ikki toifaga bo‘linur, ya’ni biri qalban ilmga tashnalikdur, bu foydali ilmdur. Bunday ilm kishi hayotini toabad nurafshon qiladur. Ikkinchi xildagi ilm esa faqat tildagidir (ya’ni o‘zini bilag‘on qilib ko‘rsatishdir), bu toifadagi toliblar Tangri huzurida banda bo‘lmoqlikka dalildur”. Buyuk mutafakkir va donishmand shoir Ogohiy ilmga katta e’tibor berib, bir o‘rinda:
“Ilm andoq ganji nofe’dur bani odamg‘a kim,
Kimda ul bo‘lsa , ikki olam bo‘lur obod ango”, -deb keltirgan edi.
Insonning eng yuksak fazilati bo‘lgan kamtarlik ham doimo e’zozlanadi, takabburlik, manmanlik pastkash deb hisoblanadi .
عن عمر ابن شعيب عن ابيه عن جده عن النبي عليه السلام: “يحشر المتكبرون يوم الفيامة امثال الذر في صورة الرجال يغشاهم الذل من كل مكان يساقون الى سجن من جهنم يسمى بولس تعلوهم نار الانيار و يسقون من عصارة اهل النار”.
Amr Ibn Shua’ybdan, u otasidan, u bobosidan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mutakabbirlar qiyomat kuni mahshargohga odam suratida qizil chumoliga o‘xshash holda keltiriladi. Ularni har tarafdan xorlik qoplab turadi. Ularni jahannamdagi Bo‘las deb nomlangan qamoqxonaga haydab ketiladi. Ustlaridan olovning shiddatlisi yonib turadi.Ular Do‘zax ahlining yiringidan ichirilurlar”, – dedilar ”.
Bu dunyoda o‘zini katta olib, mutakabbirlik qilib yurganlar u dunyoda buning aksi ila jazolanar ekan. Ularni mahshargohga kichkina qizil chumoli hajmidagi odam sifatida yig‘ilar ekan.
Xalqimizda esa: “Kim nima eksa shuni o‘radi”, degan maqol mavjud. Shu bois Ahmad Donish:
Sen otangga harna qilding yaxshilik,
Kut bolangdan yaxshilikka yaxshilik,
-desa,
Abdulla Avloniy esa:
Tug‘ub tashlov bilan bol’mas bola, bo‘lg‘ay balo sizga,
Vujudi tarbiyat topsa bo‘lur ul rahnamo sizga.
Temurchilar bolasi tarbiyat topsa bo‘lur olim,
Buzulsa xulqi Luqmon o‘g‘li bo‘lsa, bo‘lg‘uchi zolim,
-deb yozadi.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: ” إِنَّ أَكْبَرَ الذَّنْبِ أَنْ يَسُبَّ الرَّجُلُ وَالِدَيْهِ “، قِيلَ لَهُ: يَا رَسُولَ اللهِ، وَكَيْفَ يَسُبُّ الرَّجُلُ وَالِدَيْهِ ؟ قَالَ: ” يَسُبُّ الرَّجُلَ، فَيَسُبُّ أَبَاهُ، وَيَسُبُّ أُمَّه”.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan, Rasululloh sollallohu alayhi vassallam: “Kishi o‘z ota-onasini so‘kishi eng katta gunohdir”,-dedilar. Sahobalar: “Yo Rasululloh, kishi o‘z ota-onasini so‘kadimi?”- deb so‘rashganda, Rasululloh: “U kishi bir odamni so‘kadi, u odam ham avval so‘kkan kishining otasini ham, onasini ham so‘kadi”, – dedilar ”.
Ushbu hadisning mohiyatiga e’tibor bersangiz, quyidagi xulosaga ega bo‘lasiz:
a) o‘z ota-onasini qadrlagan kishi o‘zgalar ota-onasini so‘kmasligi va haqorat so‘zlardan o‘zini saqlashi lozim;
b) insonlar o‘rtasidagi muomala-munosabat qancha chiroyli va odob doirasida bo‘lsa, uning ota-onasi ham shuncha rohat va hurmatda bo‘ladi.
Yana bir hadisda ota-onaga oq bo‘lish gunohi kabira ekani bayon qilingan:
عن عبد الرحمن بن أبى بكرة عن أبيه قال قال رسول الله صلى الله عليه و سلم :” ألا أنبئكم باكبر الكبائر ثلاثا قالوا بلى يا رسول الله قال الإشراك بالله وعقوق الوالدين وجلس وكان متكئا ألا وقول الزور ما زال يكررها حتى قلت ليته سكت”.
Abdurahmon ibn Abu Bakra roziyallohu anhudan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: “Gunohi kabiralarning eng katta 3 tasini aytaymi? – deb so‘radilar. Ayting yo rosululloh, dedik. Atdilarki: Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish, – yon boshlagan edilar, o‘tirib oldilar – ogoh bo‘ling, yolg‘on guvohlik berishlik, deb qaytaraverdilar, to‘xtamadilar, shoyadki sukut qilsalar dedim ”.
Demak islom dinida ota-onaning hurmatini joyiga qo‘yish bu ihtiyoriy ish emas, ko‘pchilik o‘ylaganidek, balki majburiydir va bu uchun Allohning huzurida javobgarlik qattiq bo‘ladi. Islomdan boshqa hech bir jamiyatda ota-onaning martabasi bu darajada ulug‘lanmaydi.
جابر بن عبد الله قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم من كان له ثلاث بنات يؤويهن ويكفيهن ويرحمهن
وجبت له الجنة البتة فقال رجل من بعض القوم وثنتين يا رسول الله قال وثنتين
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu aytdilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimning uchta qizi bo‘lib ularni o‘z qo‘lida tarbiya qilib, katta qilsa va ularga marhamat nazari bilan qarasa jannatga kirishi albatta muqarrardir”, dedilar. Shunda bir kishi: “Yo Rasululloh! Uning qizi ikkita bo‘lsachi?” – deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikkita bo‘lsa ham “, dedilar. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, oilasida ikki va undan ortiq qiz tug‘iladigan kimsalar ba’zan xotini va boshqa oila a’zolariga tazyiq o‘tkazishi noto‘g‘ridir. Aksincha, ko‘p qizlari bor xonadonda odob-axloq me’yorlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, ularga marhamat nazari bilan qarab tarbiya qilinsa, ular ko‘p katta savoblarga ega bo‘ladilar. Boisi, har bir qiz ertangi kunda bir oilaning bekasi bo‘ladi. Odob-axloqli va yaxshi tarbiya ko‘rgan qiz shu xonadonni obod qiladi, oila ahlining maqtov va olqishlariga sazovor bo‘ladi. Bu esa ikki oilaning yaqinligi va do‘stligini oshiradi.
Nafs va uning badkirdorligi haqida So‘fi Olloyor “Sabot ul-ojizin” asarida quyidagilarni keltiradi:
Kel, ey kas, bo‘lma aknun tobiy nafs,
So‘lur axshom safo bu gardani g‘afs .
Hama toatlaring xubi-yu sofi,
Yaqin bilsang erur nafsning xilofi.
Allomalarimizning yuqoridagi fikrlariga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari asos bo‘lgan:
عن ابي هريرة عن النبي علبه السلام قال: ليس الغنى عن كثرة العرض و لكن الغنى غنى النفس
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Boylik matohning ko‘pligida emas, boylik nafsning to‘qligidadir ” dedilar”.
Shuning uchun insonning birinchi vazifasi o‘z nafsini jilovlab olish lozim. Qanoat va saxovat, himmat va botiniy faqr bilan inson o‘zining ulug‘ligini karamli qilib yaratilganligini anglasa, eng ayyor dushmani nafsi ekanligini anglaydi.
“Kishi uchun salomatlik kerak, mol-dunyo esa topiladi,
Qushga hayot kerak, don esa topiladi.
Inson tirik bo‘lsa, uning tilagi ravshandir,
jon va bosh omon bo‘lsa, orzu yaqindir”.
(Yusuf Xos Hojib).
“Xushhayot omili beshga yetadi,
Barcha dono shunga qilur ishorat.
Sog‘lig-u omonlik ham, farovonlik,
Yaxshi suhbatdosh do‘st , dilga farog‘at “.
(Abdurahmon Jomiy)
Bir so‘z bilan aytganda, xalqimizning azaliy odati bolalarni odobli qilib tarbiyalash ekanligini unutmasligimiz lozim. Buning uchun sabr-qanoatli bo‘lib, hayotning achchiq chuchugiga bardosh beradigan, sadoqat bilan oila tutadigan odamlar kerak. Ana shunda farzandlarini aqlli, axloq-odobli qilib tarbiyalaydi. Sabrli kishida mehr-muruvvat, insof-diyonat mavjud bo‘ladi. Boylikka uchmaydi, turli-tuman so‘zlarga bardosh bilan chidaydi.Insonning fazilati ham ana shundadir. Ajdodlarimiz merosidan har bir axloqiy qoida kishilarga ma’naviy komillikka va baxt-saodatga erishish haqida saboq beradi. O‘n go‘zal xislat: hayo, muruvvat, sadoqat, tavoze, mehnat, saxiylik, omonatga vafo, adolat, yumshoq fe’llik, shijoat odamga baxt-saodat keltiradi. Hasad, adovat, baxillik, xiyonat, takabburlik, yomonlik, munofiqlik, chaqimchilik, johillik va yalqovlik esa odamlarni falokatga sudraydi. Hikmatlar, hikoyalar, maqollar va matallar, ertaklar va dostonlarning hammasida inson naqadar ulug‘ zot ekanligi, olamning obod va go‘zalligi, uning aql-idroki, tafakkuri, amaliy faoliyatiga bog‘liqligi ta’kidlanadi. Eng asosiysi esa allomalarimiz asarlaridagi ushbu tushunchalar negizida dinimiz asoslari bo‘lgan Qur’on va hadis yotadi.
Robiya SAIDXONBALOVA
«Xadichai Kubro» o‘rta maxsus islom bilim yurti
talabasi
O‘MI Matbuot xizmati
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi