Dunyoda farzandi odobli bo‘lishini istamagan ota-ona yo‘q. Xo‘sh, bolani qanday odobli qilamiz? Buning uchun eng oldin ota-onaning o‘zi tarbiyali bo‘lishi kerak. Axir, inson o‘zida yo‘q narsani birovga berolmaydi-ku.
Quyidagi tavsiyalarga e’tibor berish va amal qilish maqsadga muvofiq:
– ota-ona salohiyatli, bolalariga ibrat bo‘lishi kerak. Kitob o‘qimagan kishi farzandining qo‘liga yaxshi kitob tutolmaydi;
– bolani mustaqil fikrlashga o‘rgatish juda muhim. Voqea-hodisalarga qanday munosabat bildirishiga ota-ona qiziqishi, uni tinglashi, savollariga erinmay javob berishi kerak. Bunday yo‘l bolaning mustaqil fikr yuritishiga yordam beradi, unda fikrini ifodalash shijoatini shakllantiradi;
– munosabatlar ikki tomonlama bo‘lsin. Shunday yo‘l tuting, u sizga yaqin do‘stidek ishonsin. Shunda unga nasihat qilsangiz, og‘ir olmaydi. Hazrat Ali : “Farzand bilan yetti yoshgacha o‘yna va unga fikri qabul qilingani hamda inobatga olinganini bildirib qo‘y, bu uslubning yaxshi samarasi ko‘p”, deganlar. Farzand bilan do‘stlarcha munosabatda bo‘lish uni yomonlar bilan do‘stlashishdan, buzg‘unchi axborotlarga ergashishdan saqlaydi;
– farzand oilasida alohida o‘ringa egaligini, qadrli ekanini his etishi zarur;
– bola uy ishlarini bajarishda hamma bilan ahil-inoq bo‘lishi, oila muammolarini berkitishi, jipslikni saqlashni o‘rganishi lozim. Ota-ona farzandiga ish va mas’uliyat yuklab, so‘ngra natijasiga e’tibor qaratsa, bola burchiga sadoqatli bo‘ladi;
– ota-ona uydagi narsa-buyumlarni bir kishiga xoslamasin. Aksincha, ular hammaga tegishli ekanini aytsin. Masalan, uydagi ulov faqat otaniki deb qaralsa, o‘g‘il farzand o‘zini otasiga nisbatan g‘arib sanashi va bu hol unga salbiy ta’sir qilishi mumkin;
– bolaning istagan narsasiga erishaverishi yaxshi emas. Mahrum bo‘lish achchig‘ini totib ko‘rishi, nafsining xohishlarini qaytarishni o‘rganishi kerak;
– ota-ona farzandlarining yoshi, aqli, ziyrakligi, rivojlanishi, ta’sirchanligi hamda dunyoqarashiga e’tibor qilishi zarur;
– bolalar yoshligidan bir-biriga gina-adovatli bo‘lmasligi uchun barchalariga birdek munosabat ko‘rsatish muhim.
Ko‘pincha yo‘l qo‘yiladigan xatolar:
– ota-onaning bolaga: “lapashang”, “ahmoq”, “odobsiz” singari noxush so‘zlar bilan murojaat qilishi. Xato, kamchilik farzandning o‘zida emas, ishidadir;
– urib-so‘kib tarbiyalash. Farzand xato ish qilganida tanbeh berish va tergash uchun uni urish-so‘kishdan ko‘ra, yaxshi ko‘rgan narsalaridan mahrum qilish, gapirmaslik, qovoq uyish, dakki berish samarali bo‘ladi;
– noto‘g‘ri rag‘batlantirish. Ota-ona o‘n yoshga to‘lmagan bolalalarining yaxshi ishlarini mukofotlashda shirinlik yoki pul berish bilan birga savob bo‘lishini, evaziga jannatga erishuvini ham uqtirishsin;
– bolalarni bir-biriga qarama-qarshi o‘stirish. Bir oilada tug‘ilib o‘sgan bolalarning ham shaxsiyati turlicha bo‘ladi. Ularni zehni, qobiliyati va dunyoqarashining pastu balandiga qarab yo‘naltirish lozim. Bir-biriga solishtirish bilan ularning orasi buzilishi mumkin;
– yomon duo qilish. Farzandi jahlini chiqarsa, ayrim onalar darrov qarg‘ashga tushadi. Bu odatning oqibati juda yomon;
– va’da berib bajarmaslik. Ota-ona va’dasida turmasa, ishonchini yo‘qotadi. Masalan, “Kel, urmayman”, deydi. Ammo kelganida uradi. “Bunday qilsang, uni olib beraman”, deydi, lekin so‘zida turmaydi.
– farzandini yomon holatlarga guvoh qilishi. Sha’nini yuksaltirish, botirlikka o‘rgatish o‘rniga tahqirlaydigan manzaralarni ko‘rsatish bola qalbini sindiradi;
– yoqtirmagan narsasini sovg‘a qilish;
– yolg‘on gapirish: odatlarning eng yomoni yolg‘on so‘zlashdir. Bola o‘rnak oladigan kishilar yolg‘on gapirib tursa, u ham shunga odatlanadi.
Toshkent Islom instituti mudarrisi
Imommuhammadxon UBAYDULLAYEV
tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh, onam vafot etdi. Onamning nomidan biror narsa sadaqa qilsam bo‘ladimi? Qaysi sadaqa afzal?” deb so‘radim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “(odamlarga) Suv ulashish”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, "Yo Allohning Rasuli! Onam to‘satdan jon taslim qildi. Vasiyat qila olmadi. O‘ylaymanki, agar gapira olganida, sadaqa qilgan bo‘lar edi. Endi uning nomidan sadaqa qilsam, unga ajr bo‘ladimi?" dedi. U zot alayhissalom: "Ha", dedilar» (Imom Muslim rivoyati).