“Hijrat” so'zi arab tilida «ajramoq», «tark etmoq» ma'nolarini bildiradi. Hijratning shar'iy istilohdagi ma'nosi esa Alloh taoloning roziligi yo'lida «Kufr diyori»ni tark etib, «Islom diyori»ga ko'chish hisoblanadi.
«Islom diyori» – jamoat namozlari, azon, juma, hayit va boshqa Islom shiorlari va hukmlari amalda bo'lib turgan yurtdir.
«Kufr diyori» – kufr hukmlari ochiq-oydin bo'lgan erlar. Ya'ni, u erda Islom hukmlari va shiorlari zohir emas, balki, kufr hukmlari ustun bo'ladi.
Ulamolar hijratning hukmi borasida quyidagicha aytadilar:
Islomning avvalida hijrat mandub, ya'ni targ'ib qilingan amal edi. Keyin Makkadan Madinaga hijrat qilish farz bo'ldi. Makka fath qilinganda esa hijratning vojiblik hukmi bekor bo'ldi. Ish yana mandublikka qaytdi. Demak, farz hijrat tugatilib, mandub hijrat qolgan. O'z mazmuniga ko'ra hijratning Qiyomat kunigacha davom etishini ifoda etuvchi hadislarda ana shu mandublik nazarda tutilgan. Bu Imom Abu Hanifa rahimahulloh va Shofe'iylardan Hattobiyning qarashlaridir. Bizning hanafiy ulamolari mana shu fikrni ta'kidlaydilar (Al-Hattobiy «Ma'olimus-sunan, Imom Saraxsiy «Mabsut», Kosoniy «Badoi'us-sanoiʼ», Ibn Obidin «Raddul-muhtor», Aliy Qori «Mirqotul-mafotih»).
Bu erda shuni eslatib o'tamizki, hijrat deganda doim «Kufr diyori»dan «Islom diyori»ga ko'chish tushuniladi. Demak, mazkur imomlarimiz «Kufr diyori»dan «Islom diyorlari»ga ko'chishni mandub hukmida qoldi, vojib hukmida emas, deganlar. Albatta, ularning mandub degan gaplari «Islom diyori»dan chiqib ketayotganlarga tegishli emas;
Ba'zi ulamolar hijrat gunohu yomonliklardan chetlanishdir. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deydilar: «Albatta, hijrat ikki xislatdir: gunohlardan chetlanish hamda Alloh va Rasuliga ajralib kelish...» (Imom Ahmad rivoyati, 1671-hadis).
Boshqa hadisi shariflarda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar: «Hijrat qiluvchi xato va gunohlardan uzoqlashgan kishidir» (Imom Ibn Moja rivoyati, 3934-hadis).
Demak, yuqoridagi ulamolarning fikrlaridan ma'lum bo'ldiki, bizning musulmon diyorlarda kishi faqatgina gunoh va ma'siyatlardan hijrat qilishi tasavvur qilinar ekan. Alloh taolo barchalarimizni gunohlarning kattayu kichiklarini tark qiluvchi kishilardan qilsin.
SALIMHON JAMOLIDDINOV
Mir Arab oliy madrasasi 2-bosqich talabasi
Alloh taolo aytadi: "Ularni (Allohning) O‘zi ularga tanitgan jannatga kiritur" (Muhammad surasi, 6-oyat).
Imom Tabariy rahimahulloh: "Jannat ahli jannatdagi uylarini tanib olishadi. Hatto bir kishi jannatda o‘z uyiga dunyodagi uyiga kelgani kabi borib oladi", dedi.
Ibn Kasir rahmatullohi alayhi: "Ya’ni, ular jannatda o‘z manzillarini oson topadilar", dedi.
Imom Qurtubiy rahimahulloh: "Bu oyat mo‘minlarga berilgan ulug‘ bir mujdadir. Chunki dunyoda ular sabr qildilar, iymonlarini mustahkam tutdilar. Endi jannatda o‘z makonlarini Allohning hidoyati bilan osongina topadilar. Bu Allohning ularga lutfidir", dedi.
Alloh taolo mo‘minlar va taqvodorlarni O‘zi ularga tavsiflab, ta’riflab bergan jannatga kiritadi. Bu jannat ular uchun avvaldan tayyorlangan va ular unda o‘z manzillarini xuddi dunyodagi uylarini bilgandek, osongina topadilar.