Inson vafot etib, ruhi tanasini tark etganida bu foniy dunyodan boqiy dunyoga ko‘chgan bo‘ladi. Jon olish, bandani savol-javob qilish kabi ishlar farishtalarga topshirilgan.
Inson tanasi qabrga qo‘yilganidan keyin (suvga cho‘kib yoki biron narsa yeb ketgan bo‘lsayam) Munkar va Nakir ismli ikki farishta undan “Robbing kim? Dining nima? Payg‘ambaring kim?” deb so‘raydi. Savolga to‘g‘ri javob berganlar rohatda bo‘ladi, javob bera olmaganlar azobda qoladi.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi va sallam mayyit dafn etilganidan keyin qabr boshida turib: “Birodaringiz haqiga istig‘for ayting, unga sabot tilang! Chunki u hozir so‘roq qilinmoqda”, dedilar” (Abu Dovud, Bazzor rivoyati. Rivoyat sanadi hasan).
Bu hadisdan uch xil xulosa chiqadi:
1. Mayyitga tiriklar duosi foyda beradi. Janozaga kelganlar mayyit dafn etilganidan keyin unga sabot tilab duo qiladilar, “Ey Alloh! Uning savol-javobini oson qil, qabr azobidan saqla!” deb duo qilishadi.
2. Banda qabrda savol-javob qilinadi.
3. Mayyit ko‘milgani zahoti so‘roq qilina boshlaydi. Mayyit hatto ko‘mib, ortidan qaytib ketayotganlar oyoq kiyimi ovozini eshitadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Agar birontangiz yoki bir inson qabrga qo‘yilsa, uning oldiga qora-zangori rangdagi ikki farishta keladi. Ulardan biri “Munkar”, boshqasi “Nakir” deyiladi” (Termiziy rivoyati. Hadis sanadi hasan).
Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Banda qabriga qo‘yilsa, sohiblari (uni dafn qilib) qaytib ketishsa, (mayyit) ularning kavushlari taqillaganini eshitib turganida oldiga ikki farishta kelib, uni o‘tqazishadi. Keyin (Muhammad sallallohu alayhi va sallamni nazarda tutib): “Bu odam haqida nima derding?” deyishadi. (Agar u) mo‘min bo‘lsa: “Guvohlik beramanki, albatta (Muhammad) Allohning bandasi va Rasulidir”, deydi. Shunda unga: “Do‘zaxdagi o‘ringga qara. Albatta, Alloh senga uni jannatdagi o‘ringa almashtirib berdi”, deyiladi. (Banda)ikkovini ham ko‘radi. Kofir yoki munofiqqa: “Bu kishi haqida nima derding?” deyiladi. “Bilmadim. Odamlar aytadigan narsani aytardim”, deydi. Shunda unga: “Bilmading ham, ergashmading ham”, deyiladi. Keyin temir gurzi bilan bir urilganida shunday qichqiradi, (uning ovozini) insu jindan boshqa hamma (mavjudot) eshitadi” (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy rivoyati).
Bu dunyoda imon-e’tiqod bilan o‘tgan, shariat hukmlariga bo‘ysungan, halol-haromning farqiga borgan mo‘min inson qabrdagi savollarga burro, aniq javob beradi. Kofirlar, munofiqlar esa qabrda so‘roq qilinganida juda tang ahvolda qoladi. Tilida musulmonlikni da’vo qilib yurganlar, aslida Allohni, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamni tanimasdan o‘tgan kishilar ham qiyin vaziyatda qoladi. Savolga javob bera olmasa, boshiga temir gurzi bilan uriladi. Qabr azobi degani mana shu bo‘ladi.
Qabrda savollarga tutilmasdan javob berish uchun nima qilish kerak? Imon-e’tiqodli, Allohning aytganini qilgan, ibodatda, solih amallarda bardavom bo‘lgan bandani Alloh qabrda qo‘llaydi, sobitqadam qiladi. Parvardigorimiz azza va jalla shunday marhamat qilgan: “Alloh imon keltirganlarni dunyo hayotida ham, oxiratda ham ustivor so‘z (ya’ni, imon kalimasi) bilan sobitqadam qiladi. Zolimlarni esa Alloh (haq) yo‘ldan adashtiradi. Alloh O‘zi xohlagan ishni qiladi” (“Ibrohim” surasi, 27-oyat).
Alloh taolo pokiza kalima – tavhid kalimasini vasf qilganidan keyin “Laa ilaaha illalloh, muhammadur rosululloh” kalimasini ixlos bilan aytgan, shariat hukmlariga rioya etgan, Alloh roziligi yo‘lida jiddu jahd qilgan bandalar dunyoda, oxiratda erishadigan yutuqni eslatmoqda. Ha, Alloh taolo mo‘minlarni tiriklik chog‘larida shahodat kalimasida sobitqadam qiladi, vafotlaridan keyin qabrda ham ularga sabot beradi, tillariga tavhid kalimasini keltiradi. Bu dunyoda zalolatda, kufr-isyonda yashagan zolimlarni haqdan adashtiradi. Ular hayotda bezovta, behalovat edilar. Endi qabrda ham juda mushkil ahvolda qolishadi.
Ayrimlar: “Menga qabrda qanday savollar berilishini, unga qanaqa javob qaytarishni o‘rgating. Yodlab olaman”, deb so‘raydi. Xo‘p, o‘rgatamiz. Biroq, biz imon-e’tiqodda, solih amallarda bardavom bo‘lsak, Alloh bizni dunyoda, o‘lim chog‘ida, qabrda, qiyomatda yordamsiz qoldirmaydi, sobitqadam qiladi. Din-diyonatdan uzoq yurganlar, Alloh aytganini qilmaganlar qabrdagi savolga “Bilmayman”, deb javob qaytaradi. Keyin qabr azobiga giriftor bo‘ladi.
Oyat mazmunini yaxshiroq tushunish uchun quyidagi rivoyatni ko‘rib chiqamiz. Baro ibn Ozib roziyallohu anhu Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Agar mo‘min qabrida o‘tkazib qo‘yilsa, uning oldiga kelinadi. So‘ng “Ashhadu allaa ilaaha illalloh va anna Muhammadan rosululloh”, deb guvohlik beradi. Ana o‘sha Allohning “Alloh imon keltirganlarni dunyo hayotida ham, oxiratda ham ustivor so‘z bilan sobitqadam qiladi” degan so‘zidir” (Buxoriy, Muslim rivoyati).
Ya’ni, mo‘min banda dafn etilganidan keyin uni savol-javob qilish uchun qabrida o‘tkazib qo‘yiladi. So‘ng uning oldiga qoramtir ko‘k rangdagi ikki farishta keladi. “Munkar” va “Nakir” nomli bu farishtalar mo‘minni so‘roqqa tutganida Alloh uni tavhid kalimasi bilan sobitqadam qiladi. Mo‘min qabrida shahodat kalimasini aytishga muyassar bo‘ladi.
Ziyovuddin RAHIM
O‘MI Matbuot xizmati
Bugungi globallashuv va axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan davrda yoshlar tarbiyasi, ularning sog‘lom va barkamol inson bo‘lib voyaga yetishi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, yoshlar – millatning ertangi kuni, mamlakatning tayanchi va kelajagidir. Shu bois ularni turli yot g‘oyalar, zararli odatlar va jamiyat taraqqiyotiga tahdid soluvchi illatlardan asrash barchamizning muqaddas burchimiz hisoblanadi.
Bugungi kunda yoshlarimiz oldida turgan eng katta xavflardan biri – giyohvandlikdir. Bu illat nafaqat inson salomatligiga, balki uning ma’naviy dunyosiga, oilasiga, jamiyatga va davlat taraqqiyotiga ham jiddiy zarar yetkazadi. Giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan inson o‘zining sog‘lig‘i, obro‘si va kelajagini xavf ostiga qo‘yibgina qolmay, atrofidagi insonlarning hayotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Giyohvand moddalar inson organizmini sekin-asta yemirib boradi. U asab tizimi, yurak-qon tomirlari, jigar va boshqa muhim a’zolar faoliyatiga jiddiy zarar yetkazadi. Eng achinarlisi, insonning aqliy qobiliyati pasayib, fikrlash doirasi torayadi, hayotga qiziqishi so‘nadi. Natijada u ta’limdan, mehnatdan, oiladan va jamiyatdan uzoqlashib, turli huquqbuzarlik va jinoyatlarga qo‘l urishi mumkin.
Islom dini inson salomatligi va hayotini asrashga alohida ahamiyat beradi. Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Ey iymon keltirganlar! Albatta, may ichish, qimor o‘ynash, butlarga sig‘inish va fol ochish – shaytonning nopok ishlaridandir. Ulardan uzoq bo‘linglar, shoyadki najot topsangizlar.” (Moida surasi, 90-oyat)
Ushbu oyatda inson aqlini zaiflashtiruvchi va uni to‘g‘ri yo‘ldan og‘diruvchi barcha narsalardan uzoq bo‘lishga chaqirilgan. Giyohvand moddalar ham inson ongi va irodasini zaiflashtirishi bilan mazkur ogohlantirish mazmuniga kiradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham insonning o‘z tanasi va salomatligi oldida mas’ul ekanini ta’kidlab shunday deganlar:
“Jismingning ham senda haqqi bor, ko‘zingning ham senda haqqi bor, oilangning ham senda haqqi bor”. (Imom Buxoriy, Imom Muslim)
Demak, inson o‘z hayoti va sog‘lig‘ini asrashi, unga zarar yetkazuvchi har qanday omildan uzoq bo‘lishi lozim.
Bugungi kunda giyohvandlikning yangi va xavfli ko‘rinishlari paydo bo‘lmoqda. Xususan, sintetik narkotiklar yoshlar orasida jiddiy tahdidga aylanmoqda. Ular arzonligi, yashirin tarqatilishi va internet orqali sotilishi bilan xavfli hisoblanadi. Ayrim hollarda yoshlar bu moddalarning oqibatlarini anglamasdan, qiziqish yoki tengdoshlar ta’sirida ularni iste’mol qilishga moyil bo‘lib qolmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi salomatligi va millat genofondini muhofaza qilish maqsadida giyohvandlikka qarshi kurashish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mazkur sohada qonunchilikni takomillashtirish, profilaktika ishlarini kuchaytirish va zamonaviy tahdidlarga qarshi samarali mexanizmlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglarining noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun qabul qilindi. Unda aholi salomatligi va genofondiga qarshi qaratilgan jinoyatlar uchun jazo choralarini kuchaytirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, noqonuniy narkolaboratoriya tashkil qilish, narkotik moddalar savdosini boshqarish, bangixona tashkil etish kabi og‘ir jinoyatlar uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda. Bu esa giyohvandlikka qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Yangi qonun loyihalarida aholi, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarda giyohvandlikka qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish, internet orqali sodir etilayotgan narkojinoyatlarga qarshi kurashish, erta profilaktika, tashxis qo‘yish, davolash va reabilitatsiya tizimini takomillashtirish masalalariga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Giyohvandlikning zarari faqat inson salomatligi bilan cheklanib qolmaydi. U mamlakat iqtisodiyotiga ham katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Mehnat qobiliyatining pasayishi natijasida ishlab chiqarish samaradorligi tushib ketadi. Davlat budjeti hisobidan davolash, reabilitatsiya va huquqni muhofaza qilish ishlariga katta mablag‘lar sarflanadi. Shu bilan birga, giyohvandlik jinoyatchilikning ko‘payishiga, oilalar parokandaligiga va ijtimoiy muammolarning ortishiga sabab bo‘ladi.
Bu illatga qarshi kurashda oila, mahalla, ta’lim muassasalari, diniy tashkilotlar va jamoatchilikning hamkorligi juda muhimdir. Farzandlar bilan doimiy muloqot qilish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlik, sport va ijodiy faoliyatga jalb qilish orqali ko‘plab salbiy holatlarning oldini olish mumkin.
Aziz yoshlar! Sizlar mamlakatimizning eng katta boyligi va kelajagisiz. Hayotda katta maqsadlar qo‘ying, ilm oling, kasb egallang, sport bilan shug‘ullaning, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga intiling. Giyohvand moddalar hech qachon baxt va muvaffaqiyat olib kelmaydi. Aksincha, ular insonni halokat sari yetaklaydi.
Pok hayot, sog‘lom turmush tarzi, mustahkam iroda va ezgu maqsadlar har qanday yomon yo‘ldan saqlaydi. Shuning uchun har birimiz giyohvandlikka qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishimiz, yoshlarimizni bu illatdan asrash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur.
Xulosa qilib aytganda, giyohvandlik – jism va ruhni yemiruvchi, oila va jamiyatni izdan chiqaruvchi, iqtisod va ma’naviyatga katta zarar yetkazuvchi illatdir. Undan yoshlarni asrash – nafaqat davlat idoralari, balki har bir ota-ona, ustoz, imom-xatib va fuqaroning muqaddas vazifasidir.
Kelajagimizni asraylik, yoshlarimizni sog‘lom va pok hayot sari chorlaylik! Zero, yoshlarimiz – bizning kelajagimizdir.
Firuz ABDULLAYEV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi matbuot kotibi